Budjet tizimi budjetlarining balansliligi va o’zaro bog’liqligi prinsipi. Budjet tizimi budjetlarida nazarda tutilgan xarajatlar hajmi ularning daromadlari va taqchillikni qoplash manbalari yig’indisining hajmiga muvofiq bo’lishi kerak.
Budjet tizimi budjetlarini tuzish va ijro etishda budjetlarning mablag’lari mazkur budjetlarning balansliligini ta’minlash uchun ular o’rtasida qayta taqsimlanishi mumkin.
Budjet tizimi budjetlari daromadlarini prognoz qilish va xarajatlarini rejalashtirish prinsipi.Budjet tizimi budjetlarini tuzishda budjet tasnifiga muvofiq, daromadlar ularning aniq manbalari bo’yicha prognoz qilinadi, xarajatlar esa yo’nalishlar bo’yicha rejalashtiriladi.
Budjet tizimi budjetlari mablag’laridan foydalanishning aniq yo’naltirilganligi va maqsadlilik xususiyati prinsipi. Budjet tizimi budjetlarining mablag’lari muayan budjet tashkilotlari va budjet mablag’lari oluvchilarga ushbu mablag’lardan belgilangan maqsadlarni moliyalashtirishda foydalanish uchun ajratiladi.
Budjet tizimi budjetlarining mustaqilligi prinsipi.Budjet tizimi budjetlari mustaqildir.
Budjet tizimi budjetlari mablag’laridan foydalanishning natijadorligi prinsipi. Budjet jarayoni ishtirokchilari budjet tizimi budjetlarini tuzish va ijro etishda o’zlariga berilgan vakolatlar doirasida budjet tizimi budjetlarining belgilangan hajmdagi mablag’laridan foydalangan holda natijaga erishish zaruriyatidan kelib chiqadi.
Kassaning yagonaligi prinsipi.Budjet tizimi budjetlarining barcha daromadlari Yagona g’azna hisobvarag’iga kiritiladi va ularning xarajatlarini to’lash ushbu hisobvaraqdan amalga oshiriladi.
Budjet jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi prinsipi. Budjet jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi prinsipi budjet jarayonining har bir ishtirokchisi budjet jarayonining har bir bosqichida o’z harakatlari uchun javobgar bo’lishidan iboratdir.
Ochiqlik prinsipi. Ochiqlik prinsipi:
Davlat budjetini va davlat maqsadli jamg’armalari budjetlarini ko’rib chiqish hamda qabul qilish tartib-taomillarining jamiyat va ommaviy axborot vositalari uchun ochiqligini;
tasdiqlangan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg’armalari budjetlari to’g’risidagi axborotning ommaviy axborot vositalarida va O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishini (chop etilishini);
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg’armalari budjetlari ijrosining borishi to’g’risidagi axborot ommaviy axborot vositalarida chop etilishini, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtirilishi va yangilab borilishini anglatadi.