Fanning maqsad va vazifalari
Uol Soyinka BMTning Ijtimoiy tadqiqotlar institutida o‘qigan ma’ruzasida (2002 yil 21 may) insoniy taraqqiyotning, millatlar ijtimoiy - madaniy, iqtisodiy rivojining asosiy vositasi lison ekanligini ta’kidlab, shunday degan edi: «Til - an’analar, tarix, milliy ruh va dunyoqarash hamda milliy falsafaning xazinasi ekanligini barcha e’tirof etgan va bu masala hech qanday muhokamaga muhtoj emas. Hozirgi paytda biz yanada chuqurroq anglayotganimiz boshqa narsa: mahalliy tillarning yo‘qolishi fan taraqqiyotiga to‘sqinlik qilishi mumkin» (Soyinka, 2002: 8).
Darhaqiqat, lison-millat, elat, qabila boyligi. Unda ushbu millat, elatning barcha ruhiy kechinmalari, madaniy qadriyatlari, tarixiy taraqqiyot yo‘li, yashash shart-sharoitlari, atrof-muhiti, yurti tabiati o‘z ifodasini topadi. Bunday boylikni saqlash, undan foydalanish uchun tilni ardoqlash lozim. Nobel mukofoti sovrindori ogohlantirganidek, har bir til o‘z boyligiga ega, uning yo‘qolishi uning sohibi bo‘lmish xalqning inqirozi demakdir. Har qanday inqirozning esa umumbashariy ilmu fan taraqqiyotiga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishi tarixdan ma’lum.
Tillarning go‘zalligi ularning rang-barangligi va har birining o‘ziga xosligidadir. Axir bekorga Xudovandi Karim avval «butun jahonni tili bir, nutqi bir» qilib yaratib, keyin esa Bobilda «butun jahonning tilini aralashtirib, odamlarni yer yuzi bo‘ylab tarqatib yuborgan» (Muqaddas kitob- Injil 1992 : 613+19) bo‘lmasa kerak?! Albatta, insoniy jamiyat tuzishning ilk davrida tilning, uning yagonaligining mavqei alohida bo‘lgan. Lekin davr o‘tishi bilan yakkatillik abadiy bo‘lmasligi, ko‘ptillilik esa ijtimoiy taraqqiyot natijasi ekanligi ayon bo‘ldi. Bunda biz hozirgi kunda dunyoni «ђarblashtirish» ђoyasini ko‘tarib yurgan ayrim faylasuf-sotsiologlarning «madaniyatning globallashuvi» haqidagi chaqiriqlari asossiz ekanligini ko‘ramiz. Jahon madaniyatining boyligi uning turli-tumanligida. Madaniyatning ko‘zgusi, uning poydevori tildir. Tilsiz madaniyatning shakllanishini va dunyoga tarqalishini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun bo‘lsa kerakki, Yohann Volfrang Gyote «Azalda kalomulloh bor edi» oyatini sharhlashda juda qiynalgan. Biz bunga quyidagi misralarni o‘qiganimizda guvoh bo‘lamiz:
«Dastavval mavjud edi so‘z!» - deb bitilgan unda,
Nedir qilar mone’lik, ziddiyat bordek bunda.
So‘zni ko‘kka ko‘tarib madh etolmayman zinhor,
Ruhan yorishib rosa, so‘ngra o‘chirmoq darkor.
«Dastlab fikr bo‘lgandi» deb yozilgan kitobda.
Ilk misraning mazmunin o‘ylab ko‘rmog‘ing darkor,
Shoshilmasin qalaming, ehtiyot bo‘l shu tobda!
Tafakkur-la yaratilgan nahot barcha mavjudot?
Yozilmog‘i shart beshak «Mavjud edi kuch-quvvat!»
Nega endi cheklansam, shunday deya yozaroq,
Nedir qilar bezovta, ajabo, meni shu choq.
Dalda berar dilimga birdan aqlu farosat!
Yozaman shunda dadil: «Mavjud bo‘lgan harakat!»
(Gyote 2007: 51)
Birgina iboraning qudratini qarang! Shoir yunoncha logos kalimasiga das Wort, der Sinn, die Kraft, die Tat tushunchalari vositasida sharh berishga harakat qiladi, ammo ularning birortasini ham ustun qo‘ya olmaydi. Tarjimonlar ham ushbu iboralarni o‘zbekchaga o‘girishda bu «azob»dan qutula olmaganlar (Erkin Vohidov tarjimasida: kalom, idrok, qudrat, amal; Posho Ali Usmonda: so‘z, fikr, kuch-quvvat, harakat). Bu lisonning qudrati. Undagi botiniy imkoniyatlar zahirasi shunchalik boyki, har bir kalima va iboraga yangicha talqin, sharhu izoh berish mumkin. Bunday jilodorliklar, ko‘p ifodalilik, mazmuniy boylik sifatlarini sezish, bilish, anglash uchun tilni mukammal egallamoq darkor. Mukammallikka erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun insonda tafakkur, mushohada qobiliyati yetarli darajada bo‘lmog‘i, fikrni ifodalash imkoniyatining keng bo‘lishi hamda hamda lisoniy faoliyat malaka va ko‘nikmalari bekamu ko‘st o‘zlashtirilishi lozim.
Qur’oni Karimda «Xalaqal insona allamahul bayon » , ya’ni «Insonni yaratdi va bayonni o‘rgatdi» oyati mavjud (55-sura). Nozil qilinayotganidek, insonni yaratgan va unga kalomni taqdim etgan Ollohning o‘zi unga fikrlash va ushbu fikrni ifodalash qobiliyatini ham ato etgan. Shuning uchun bo‘lsa kerakki, odamzot nafaqat fikrni ifodalashda lisoniy qobiliyatga murojaat qiladi, balki ushbu qobiliyatni shakllantiruvchi vosita – til haqida fikr yuritishni ham unutmaydi.
Bobil voqeasi, ya’ni tillar aralashtirib va ajratilib yuborilganidan buyon tillarni qiyoslash, ularning o‘xshash va noo‘xshash xususiyatlarini aniqlash ehtiyoji mavjud. Johanna Nikolsning fikricha (Nichols 1996), tillarni qiyosiy-tarixiy o‘rganish metodi bundan 8 ming yil oldingi lisoniy muhit haqida ma’lumot berish kuchiga ega. Ammo lisoniy tahlilga qiziqish, tahlil uslublari yaratilishining tarixiy ildizlari anchagina chuqur. Bu ildizlar jamlanib yagona daraxt hosil qilishi uchun zamonlar o‘tdi. Asrlar davomida yaratilgan fan – tilshunoslik insoniy («insoniylik» desak ham bo‘laveradi) fanlar orasida o‘z o‘rnini topgunicha ko‘p bosqichlarni bosib o‘tdi, taraqqiyot yo‘lidagi ko‘plab to‘siqlardan hatlashga to‘g‘ri keldi. Albatta, bu har qanday fan sohasining qismatidir. Zero, ilmiy tadqiqotning maqsadi tabiat va jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlarini aniqlash va bilishdir. Ushbu qonuniyatlar aniqlanguniga qadar inson voqelik haqidagi faktlarni to‘playdi, tizimlashtiradi va tavsiflaydi. Bunday faoliyat va kechayotgan hodisalar mohiyatini bilish, boshqalarga tushuntirish harakati doimiydir.
Ilmiy mushohadaning uzluksiz faollik namunasi ekanligini «fan» tushunchasiga berilgan ta’rifdan ham ko‘rish mumkin: «Fan – tabiat, jamiyat va tafakkurning ob’ektiv qonuniyatlari haqidagi bilimning to‘xtovsiz rivojlanadigan tizimidir; bu – insoniyatning dunyoqarashi, ijtimoiy ongi, tajriba jamg‘armasidir, u insonlar faoliyatining tizimiy shaklidir va bunday faoliyat natijasida ob’ektiv borliq qonuniyatlari hamda uni qayta o‘zgartirishga oid bilimlar tizimi yaratiladi» (Alefirenko 2005: 314).
Demak, fan-bilimlar to‘plami va u uzluksiz boyib, kengayib, taraqqiy etib boradi. Biror bir fan sohasi mustaqil yo‘nalish olishi uchun o‘z tadqiq metodlari majmuasiga ega bo‘lmog‘i lozim. Tilshunoslik fani ham bundan mustasno emas. Til tizimiga oid hodisalarning u yoki bu tomoni, ma’lum xususiyatlarini o‘rganish imkoniyatlarini beradigan usullar (metodlar) majmuasi lisoniy tahlilning asosi, tilshunoslikning fan sifatida shakllanishi uchun xizmat qilgan vositalar to‘plamidir. Biroq metodlar turli-tumanligi sababli ularni qo‘llashda ma’lum tamoyillarga tayanmoq darkor. Aksincha, tahlil ob’ektiga qanday nuqtai nazardan, qaysi dunyoqarash asosida va qay yo‘sinda yondashish aniq bo‘lmagan holda tadqiqot natijasi noaniq, samarasiz bo‘lishi tabiiy.
«Metod» va «metodologiya» tushunchalari umumiy o‘zakka ega: yunoncha methodos «biror narsaga yo‘l». Darhaqiqat, biror harakat, amaliy va aqliy faoliyat ma’lum usulda bajariladi. Ammo bunday harakat vositasida biror narsa, hodisaning tub mohiyatini bilish uchun avval nimani izlash va qanday izlashni belgilab olish talab qilinadi. Shu sababli methods «biror narsaga yo‘l» logos «ta’limot, nazariya» so‘zi bilan boyitilgan. Lingvistik tahlil metodologiyasi – lisoniy voqelikni bilishning asosiy yo‘llari, usullarini belgilab beruvchi ta’limot, nazariyadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |