3-mavzu. Tarixiy jarayonda jamiyatning madaniy va mahnaviy qadriyatlari. Jamiyat va tarix falsafasi.
Reja:
1. Jamiyat haqidagi falsafiy ta’limotlar taxlilii.
2. Madaniyat, uning tuzilishi va funktsiyalari.
3. Falsafiy antropologiyaning vujudga kelishi va rivojlanishi.
4. Inson falsafiy muammo sifatida va fan nuqtai nazaridan yondashuv.
5.Qadimgi Sharq va Garb falsafasida inson. Falsafiy antropologiyaning vujudga
kelishi va rivojlanishi
6.Globallashuvning falsafiy muammolari
Jamiyat tushunchasi. Jamiyat fanga ma’lum tizimlar orasida eng murakkabi bo’lib, uni o’rganish jiddiy qiyinchiliklar tug’diradi. Jamiyat hayoti juda faol bo’lib, har bir xalq o’zining alohida, betakror tarixiga ega. Jamiyat hayotining barcha jarayonlari bir-biri bilan shu darajada uzviy bog’liqki, ba’zan turli vaziyatlarda belgilovchi va belgilanuvchi jarayonlar o’rin almashadi. Tarixiy jarayonda tasodiflar va sub’ektiv omil ayniqsa muhim rol o’ynaydi.
Jamiyat hayoti asrlar osha olimlar va faylasuflarning tadqiqot ob’ekti bo’lib kelmoqda. U turli fanlar, chunonchi: sotsiologiya, tarix, siyosatshunoslik, huquqshunoslik, etnografiya, iqtisodiy nazariya va hokazolar doirasida o’rganiladi. Fanning vazifasi – jamiyat tuzilishini o’rganish, tarixiy jarayonda takrorlanuvchi, umumiy xossalar, jihatlar, omillar va qonuniyatlarni aniqlashdan iborat. Ilmiy bilim tarixiy jarayondan taqqoslab bo’lmaydigan darajada qashshoqroq bo’lsa-da, u jamiyatga zarur, chunki uning haqiqiy tarixini o’rganish, uning o’tmishda va hozirgi davrda rivojlanishining muqobil imkoniyatlarini aniqlash, bugungi kunning muhim vazifalarini hamda hozirgi zamon va kelajakka ta’sir ko’rsatish yo’llarini belgilash imkonini beradi.
Muayyan fanlardan farqli o’laroq, falsafaning vazifasi tarixiy jarayonning umumiy jihatlarini o’rganishdan iborat. Falsafa muayyan hodisalarning sabablari nimada degan savolga javob topish vazifasini o’z oldiga qo’ymasada, tarix fanining metodologik asoslarini yaratadi, mazkur sabablarni aniqlashga nisbatan qanday yondashish kerak, degan savolga javob beradi. U dunyoqarashga doir o’z mo’ljallariga tayanadi, ijtimoiy va gumanitar fanlarning kategoriyalar apparatini ishlab chiqishda ishtirok etadi. O’z kategoriyalarining ijtimoiy mazmunini yoritar ekan, falsafa shunga asoslanib muayyan-tarixiy jarayonlarni tahlil qilishni amalga oshiradi. Tarix falsafasining muammolaridan biri bu tarixiy jarayonning birligi muammosi va tarixni davriylashtirish tamoyillarini belgilashdir. Falsafaning vazifasi jamiyat hayotining asosiy negizlarini, uning tizim tashkil etadigan omillarini aniqlashdan iborat. Tarix falsafasida dunyoqarashga doir mo’ljallarining rang-barangligi bilan ajralib turadigan ko’plab oqimlar va yo’nalishlar mavjud bo’lgan. SHu sababli har bir faylasuf, odatda, o’z mo’ljallariga amal qiladi, nafaqat dunyoni, balki jamiyatni ham o’ziga xos tarzda tushuntiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |