Opsion (lotincha optio so‘zidan olingan bo‘lib, tanlov degan ma’noni anglatadi)
bu bitimda ishtirok etayotgan tomonlarning biriga qimmatli qog‘ozlar ma’lum bir miqdorini muayyan vaqt mobaynida belgilangan narxda sotib olish yoki kontragentga sotish huquqini beruvchi shartnomadir. Kontragent esa, mukofot evaziga ushbu huquqni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
Varrant(nemischa warrant so‘zidan) - bu uning egasi ma’lum muddat davomida yoki ma’lum bir kunda varrantlar emitenti tomonidan dastlabki chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish huquqini olganligi tasdiqlovchi hujjat.
Fyuchers (inglizcha future so‘zidan olingan bo‘lib, kelajak ma’nosini anglatadi) kelishilgan miqdordagi qimmatliklarni ma’lum vaqt mobaynida bitim tuzish vaqtida belgilangan narxda etkazib berish to‘g‘risidagi shartnomalarni o‘zida namoyon qiladi.
Respublikamiz amaliyotida uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni yo‘naltirishning asosiy vositasi aksiyadorlik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlarini xarid qilish hisoblanmoqda.
0610 "Qimmatli qog‘ozlar"schyotida davlat foizli obligatsiyalari va mahalliy qarzlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarga qilingan uzoq muddatli investitsiya (quyilma)larning mavjudligi va harakati hisobga olinadi.
Aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar sotib olish bahosida 0610 "Qimmatli qog‘ozlar" schyotining debetida ushbu qo‘yilmalar hisobiga berilgan qiymatliklar hisobga olinadigan schyotlar bilan bog‘langan holda hisobga olinadi.
Agar korxona tomonidan xarid qilingan obligatsiyalar va shu kabi boshqa qimmatli qog‘ozlarning xarid qiymati ularning nominal qiymatidan yuqori bo‘lsa, u holda xarid qilingan vaqtdan to qoplash vaqtigacha bo‘lgan davrda xarid qiymati va nominal qiymat o‘rtasidagi farq qismi hisobdan chiqariladi. Bunda 9690 "Moliyaviy faoliyat bo‘yicha boshqa xarajatlar" schyotining debeti va 0610 "Qimmatli qog‘ozlar" schyotining krediti bo‘yicha yozuvlar amalga oshiriladi.
Agar korxona tomonidan xarid qilingan obligatsiyalar va shu kabi boshqa qimmatli qog‘ozlarning xarid qiymati ularning nominal qiymatidan past bo‘lsa, u holda xarid qilingan vaqtdan to qoplash vaqtigacha bo‘lgan davrda xarid qiymati va nominal qiymati o‘rtasidagi farq qismi qo‘shimcha hisoblanadi. Bunda 0610 "Qimmatli qog‘ozlar" schyotining debeti va 9590 "Moliyaviy faoliyatning boshqa daromadlari" schyotining krediti bo‘yicha yozuvlar amalga oshiriladi.