Nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarish tartibi va hisobi.
Iqtisodiyotni yuksalish davrida bozor raqobatiga javob beradigan mahsulot (ishlar, xizmatlar)larni ishlab chiqarishda eski mulk o‘rniga yangisini sotib olish, eskisini sotish hisobiga daromadlar olish har bir tadbirkorning muhim vazifasidir.
Nomoddiy aktivlar quyidagi sabablarga ko‘ra hisobdan chiqariladi:
to‘liq amortizatsiyalanganda:
qisman amortizatsiyalanganda:
sotilganda:
tekinga berilganda:
ustav sarmoyasiga qo‘shilganda.
Nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarilishi bilan bog‘liq operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun quyidagi hujjatlar rasmiylashtiriladi:
amal qilish muddati tugatilganligi tufayli hisobdan chiqarilganida - hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi dalolatnoma;
boshqa korxonalarning ustav kapitaliga qo‘yganida - ta’sis hujjatlari, foydalanish huquqini boshqa birovga berish to‘g‘risidagi shartnoma, foydalanish huquqini boshqalarga berish qiymatini baholash to‘g‘risidagi mustaqil baholovchi xulosasi, foydalanish huquqini berish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha qabul qilib olish-topshirish dalolatnomasi, chiqib ketish dalolatnomasi;
tekinga berilgan taqdirda - foydalanish huquqini boshqa birovga berish to‘G‘risidagi shartnoma, foydalanish huquqini berish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha qabul qilib olish-topshirish dalolatnomasi, chiqib ketish dalolatnomasi.
Bu «Nomoddiy aktivlar» buxgalteriya hisobi milliy standartining 47-48 bandlarida va «Nomoddiy aktivlarni baholash, Intellektual mulkni baholash» standartlarida ham o‘z ifodasini topgan. Nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarishning moliyaviy natijalari balansdagi va soliqqa tortiladigan foydaning miqdoriga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Nomoddiy aktivlar hisobdan chiqarilganda hisobdan chiqarish dalolatnomasi (NMA-3 shakl) tuziladi. Bu aktivlar boshqa aktivlardan farqli o‘laroq to‘liq amortizatsiyalangandan so‘ng ulardan qayta foydalanilmaydi va qoldiq qiymati nolga teng bo‘ladi.
Nomoddiy aktivlar to‘liq amortizatsiyalanganda hisobdan chiqarish quyidagi buxgalteriya yozuvlari orqali amalga oshiriladi;
Debet: 9220-«Boshqa aktivlarning sotilishi va turli chiqimi» schyoti Kredit: 0410-0490-«Nomoddiy aktivlar» schyoti.