Majburiyatlarning tasnifi, tavsifi, baholanishi va ular hisobining vazifalari
Korxona majburiyatlari 6000 dan 7900 gacha bo’lgan schyotlarni o’z ichiga oladi. SHundan 6000 dan 6900 gacha bo’lgan buxgalteriya schyotlari joriy (bir yilgacha) majburiyatlar uchun, 7000 dan 7900 gacha bo’lgan buxgalteriya schyotlari esa uzoq muddatli (bir yildan ortiq) majburiyatlarni hisobga olish uchun mo’ljallangan. Majburiyatlar deganda xo’jalik yurituvchi sub’yektning boshqa korxonalar oldidagi to’lashi kerak bo’lgan qarzlari, ya’ni kreditorlik qarzlari tushuniladi.
Tovar-moddiy qiymatliklar, bajarilgan ishlar, ko’rsatilgan xizmatlar, shuningdek tashish bo’yicha olingan xizmatlar uchun mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga bo’lgan joriy majburiyatlar to’g’risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi schyotlarda amalga oshiriladi:
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar”;
6020 “Berilgan veksellar”.
Pudratchi qurilish va montaj, ilmiy-tadqiqot va shu kabi korxonalar bosh pudratchi (bosh korxona) hisoblansa, o’z subpudratchilariga bo’lgan majburiyatlarini ham ushbu schyotda aks ettiradi.
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar” schyoti haqiqatda kelib tushgan TMZ va boshqa aktivlar, qabul qilingan ish va xizmatlarning qiymatiga ushbu qiymatliklarni yoki tegishli xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar bilan bog’langan holda kreditlanadi.
Agar omborga kelib tushgan moddiy qiymatliklarning sifati, miqdori, shuningdek bahosi shartnomada kelishilgan shartlarga mos kelmasa, 6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar” schyoti 4860 “Da’volar bo’yicha olinadigan schyotlar” schyoti bilan bog’langan holda tegishli summaga kreditlanadi.
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar” schyoti bo’yicha analitik hisob har bir mol yetkazib beruvchi va pudratchi bo’yicha alohida yuritiladi.
6020 “Berilgan veksellar” schyotining kreditida sotib olingan TMZ va boshqa aktivlar, qabul qilingan ish va xizmatlar uchun veksellar bilan ta’minlangan joriy majburiyatlar hisobga olinadi va ularni qoplash davrigacha hisobda turadi. Veksellar bo’yicha majburiyatlar qoplanishiga qarab ular pul mablag’larini hisobga oluvchi schyotlarning kreditidan 6020 “Berilgan veksellar” va 6920 “Hisoblangan foizlar” schyotlarining debetiga hisobdan chiqariladi.
6020 “Berilgan veksellar” schyoti bo’yicha analitik hisob berilgan veksellarning har bir turi bo’yicha alohida yuritiladi.
Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar (6000)ning boshqa schyotlar bilan bog’lanishi:
Do'stlaringiz bilan baham: |