Talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarini tashkillashtirish va uning shakllari
O’zbekiston qishloq xo’jalik tarmog’ining oldida turgan hozirgi dolzarb vazifa bu har gektar yerdan olinayotgan hosil salmog’ini oshirish, uning sifatini yaxshilashdir. Bu vazifalarni hal etishda ilg’or tajriba va ilm-fan yutuqlari katta ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, dehqonchilik samaradorligini ortuvi bu etishtirilgan qishloq xo’jalik ekinlarini zararli organizmlardan himoya qilish bilan ham bevosita bog’liqdir. O’simliklarni himoya qilishda yangi va zamonaviy biologik, mikrobiologik va kimyoviy vositalardan, texnologik jarayonlardan va uyg’unlashgan kurash tizimidan unumli foydalanish, uyg’unlashgan kurash asoslarini bilish, shu soxa mutaxassislaridan faqat nazariy bilimni, balkim zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlaridan boxabar bo’lishni ham taqozo etadi. Mamlakatimiz qishloq xo’jaligi oldida turgan vazifalarni yechishda, asosiy o’rinni ilg’or tajribalarni va fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish hisoblanadi. Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko’paytirish va sifatini yaxshilashda o’simliklarni zararkunandalar, kasalliklar va begona o’tlardan himoya qilish muhim o’rinni egallaydi. Zamonaviy kimyoviy, biologik va boshqa o’simliklarni himoya qilish vositalarini qo’llash, yangi navlarni yaratish, qishloq xo’jaligi ekinlarini yetishtirishning yangi texnologiyalaridan foydalanish mutaxassislardan nafaqat nazariy tayyorgarlikni balki tajriba ishlarining yangi zamonaviy usullarini bilishni ham taqozo etadi. O’simliklarni himoya qilish bo’yicha mutaxassisning kasbiy mahoratini oshirishda qo’yidagilarga e'tibor qaratiladi: mutaxassis o’simliklarni uyg’unlashgan himoya qilish bo’yicha rejalar ishlab chiqish va joriy qilishni mukammal egallashi; zararli organizmlarga qarshi kurashda samarali usullardan foydalanishni; zararkunanda, kasallik va begona o’tlarni zarar keltirish darajasini oldindan aniqlashni; qo’llanilayotgan o’simliklarni himoya qilish vositalarini samaradorligini o’rganish bo’yicha dala va laboratoriya tajribalarini o’tkazishni; O’simliklarni zararli organizmlardan himoya qilish tadbirlarini bajarilishida boshqarishning barcha ilmiy usullarini ham qamrab olgan bo’lishi lozim. Xo’jalikning aniq tuproq iqlim sharoitlari va texnik jihozlanganligini e'tiborga olib, eksperimentlarni to’g’ri rejalashtirish bosqichlari va umumiy jarayonlarni o’rganish eksperiment ma'lumotlarini umumlashtirish va natijalarda xatoliklar bo’lishini oldini oladi. Qishloq xo’jaligi ekinlari hosilini zararli organizmlar bilan zararlanishini oldini olish uchun zararkunanda, kasallik va begona o’tlarga qarshi uyg’unlashgan kurash usullarini qo’llash lozim.Ilg’or va sanoatbop texnologiyalar asosida o’stirilayotgan qishloq xo’jaligi ekinlarini himoya qilish alohida e'tiborni talab etadi. O’simliklarni himoya qilishning sifat jihatdan yangi bosqichda rivojlanishining ekologik asoslari, oldindan bashorat qilish, agrotsenoz fitosanitar holatini to’g’ri boshqarish bilan belgilanadi. Hozirgi vaqtda va kelajakda o’simliklarni himoya qilish strategiyasi yuksak agrotexnikaga, agrotsenozning tabiiy kuchlaridan samarali foydalanishga, yetishtirilayotgan ekinlarni zararli organizmlarga chidamliligini oshirishga, kimyoviy vositalardan samarali foydalanishga qaratilgan. ―O’simliklarni himoya qilishda ilmiy tadqiqot ishlari‖ fanining vazifasi - talabalarga tajriba o’tkazishning asosiy usullarini o’rgatish hisoblanadi: talabalar tajribalarni o’tkazish va amaliyotga taqdim qilish, talab va tashkillashtirish bosqichlarini hamda umumiy jarayonlarni o’zlashtirishlari; izlanishlar natijalarini statistik qayta ishlash asoslarini o’rganishlari zarur. Bularning barcha nazariy jihatlari ma'ruza kurslarida yoritib beriladi. Amaliy mashg’ulotlar talabalarni laboratoriya ishlarini bajarishda va qoidalarini o’rganishdayordam beradi. Darslik ―O’simliklarni himoya qilishda ilmiy tadqiqot ishlari kursining rejasi asosida tuzilgan. Asosiy e'tibor tajriba sxemasini rejalashtirishga, tajriba uchastkasida variantlarni joylashtirishning asosiy usullariga, eksperiment natijasida olingan ma'lumotlarni statistik qayta ishlashga, izlanish natijalarini yakuni bo’yicha hujjatlarni to’g’ri rasmiylashtirish va yuritishga qaratilgan. Har bir bo’limning oxirida talabalar alohida bajarishi lozim bo’lgan topshiriqlar berilgan. Ushbu darslikdan talabalar mashg’ulotlarga mustaqil tayyorlanish uchun ham foydalanishlari mumkin.Buning uchun har bir vazifani boshlanishida aniq maqsad, vazifani bajarish bo’yicha uslubiy tavsiyalar va yechiladigan jarayonlarning ketma-ketligi berilgan. Talabalarning alohida ishlash imkoniyatini ta'minlash maqsadida har bir topshiriq uchun bir nechta variantlar ishlab chiqilgan. Har bir mavzuni oxirida bilimini mustaqil tekshirish uchun savollar berilgan.