Kolxoz va shirkatlar qanday qilib xo'jalikka aylanganini eslab
Smail Ospanov:
“Islohotlar bor deydigan joylari ham yo'q emas. Bunga to'g'ri baho berishimiz kerak. Keyingi etapi nima bo'ldi. Sovxozlarni kolxozlarga aylantirgandan keyin uni ham bo'lmadiga chiqarib, shirkat qilaylik, deyishdi. Shirkat degani nima? Uning kolxozdan farqi nimada? Shirkat bu aksionerlik jamiyati kabi hamma o'z mulki bilan kiradigan joy. Shirkat qilib “shapkasini”, ya'ni nomini o'zgartirdik xolos. Endi kolxozni ham, sovxozni ham shirkat dedik. Ma'no o'zgargani yo'q. Ichidagi bo'layotgan jarayonlar, mulkka bo'lgan munosabat o'zgargani yo'q. Siz shirkatdan o'z ulushingizni olib chiqib ketolmaysiz. Mana shunday bo'lgach, buni ko'rgach, yo'q bu bo'lmas ekan, deb 1995-yillar edi fermer xo'jaliklari ochishga o'tdi. Ana shu haqiqiy reformani o'tkazishning boshlanishi edi. Buni tan olish kerak. Fermerlar to'g'risida qonunlar chiqdi, lekin ular meni uncha qoniqtirmaydi.
Endi shirkat xo'jaliklarini tarqatib yuborganda, qancha mulk bor edi u yerda. Traktorlardan tortib boshqa uskunalargacha. Ularning hammasi talon-taroj bo'lib ketdi. Agarda shirkat bo'lganda, men uning a'zosi ekanman, o'shanda tegishli ulushimni olishim kerak edi. Bunday bo'lmadi. Ularni direktor oldi, buxgalter oldi, hokimning odami oldi va hokazo. Endi shirkatlar bilan fermerlar barobar faoliyat ko'rsatdi. Fermerlarning samaradorligi hammaga ko'rinib qoldi. 2000-yillardan keyin shirkatlarning hammasi tugatilib, hammasi fermerlarga o'tqazildi. Fermerlikka o'tgandan keyin yo'l qo'yilgan xatolardan bittasi - fermer bo'laman degan odamlarning hammasiga yer bera boshlashdi. Bu katta xato edi. Tender qilamiz, tanlab olamiz, mutaxassis olamiz deganlari hammasi gap bo'lib qoldi. Shunda qo'lidan keladigani ham, qo'lidan kelmaydigani ham “men sendan kami”, deb fermer bo'lishga o'tdi. Lekin 15-20 foizi fermerlikni eplolmadi. Uning traktori ham yo'q, o'zi esa mutaxassis emas, odami ham yo'q va hokazo. Bularni ko'rib, fermerlarni “ukrupnyat” qilishimiz, yiriklashtirishimiz kerak ekan, dedi. Ularni yiriklashtirishdi. Shu jarayonlar oralig'ida 10-15 yil o'tdimi. Mavjud texnika eskirdi. Yangisini sotib oladigan kolxoz va sovxozlar yo'q. Oqibatda qishloq xo'jaligi sohasida agrotexnika susayib ketdi. Bundan tashqari paxta davlat buyurtmasi, g'alla davlat buyurtmasi degan gap bu sohani umuman o'ldirdi. Nimaga? Chunki paxtaning xarid narxi uni yetistirish xarajatiga yetmaydi. Umuman qoplamaydi. Buni hech kim so'ramaydi ham, aytmaydi ham.
Fermer paxtakor, ga'llakor bo'ladigan bo'lsa, qancha foyda olyapti, ishlab chiqarishni o'stirish uchun qancha sarflayapti, degan masala turmaydi. Ga'llani bajar, paxtani bajar! Paxtani bajarmasang, ana u yoqdan borib sotib ol. Yoki yetishtirgan g'allasi 50 foizini olib, qolgan qismini o'ziga qoldirishi kerak bo'lsa-da, bir kilogramini qoldirmasdan olib ketyaptilar. Buni biz ko'ryapmiz. Umuman mumkin emas. Qonun bo'yicha olganda, fermer o'z mulkiga 100 foiz xo'jayin. Davlatdan yerni ijaraga olgan, xolos. Boshqa narsasiga hech kimning tegishga haqqi yo'q. Mana shu yerda katta jinoyat ham, qonun buzilishi ham bor. Xoxlaganingizni ishlating. Mumkin emas!”
Do'stlaringiz bilan baham: |