FAN: TURKIY TILLARNING QIYOSIY-TARIXIY GRAMMATIKASI
1-MA`RUZA: TURKIY TILLARNING UMUMIY TAVSIFI. TURKIY TILLAR TASNIFI
REJA:
Kirish. “Turkiy tillarning qiyosiy-tarixiy grammatikasi” fanining prеdmеti, maqsadi va vazifalari.
Turkiy tillar shakllanishi va taraqqiyoti.
Oltoy tillar oilasi haqida.
Turkiy tillar tasnifi.
Hozirgi turkiy tillarning tarqalishi.
Tayanch tushunchalar: bobo til, til oilasi, oltoy tillar oilasi, turkiy tillar guruhi, genetik qarindoshlik, tillar tasnifi, sharqiy va g`arbiy turkiy tillar.
Keyingi yillarda turkologiya sohasida bir qator yangi tadqiqotlar yuzaga keldi. Eng qadimgi sug`d, ко`k turk (o`rxun-enasoy, turkiy run), eski uyg`ur (turk) yozuvlaridagi yodgorliklarni o`rganishga oid izlanishlar olib borilmoqda. Ko`k turk xoqonligi davrida yaratilgan Bug`ut mangutoshi, uning tiklanish tarixi, yodgorlikda saqlanib qolgan sug`dcha bitig talqini, sug`d tilidagi arablar istilosi bilan bog`liq nazariy qarashlar, ko`k turk bitiglari, ko`k turk yozuvining o`ziga xos jihatlari, imlo xususiyatlari ko`k turk xatida bizgacha yetib kelgan To`nyuquq, O`ngin, Kul tegin, Bilga xoqon, Suji bitiglarining matni talqini, turkiy yozma yodgorliklar asosida rasmiy uslubning yuzaga kelishi, taraqqiyot bosqichlari, hujjat turlari haqida muhim ma`lumotlar qayd etilgan1.
“Turkiy tillarning qiyosiy-tarixiy grammatikasi”ning mazmun va mundarajasi hozirgi mavjud turkiy tillar va lahjalarning shakllanish jarayonlari, tarixiy taraqqiyoti, har bir turkiy tilning o`ziga xos o`suv yo`llari, ularning fonеtik tizimi, lug`at tarkibi ham grammatik qurilishidagi farq va o`xshashliklar haqida ma`lumot bеradi. Shunday bo`lishiga qaramasdan, bu “Grammatika” turkiy tillarning ilmiy qiyosiy-tarixiy grammatikasi emas, balki hozirgi turkiy tillarning tasviriy qiyosiy grammatikasidir. Shuning uchun bu “Grammatika”ning maqsad va vazifasi hozirgi turkiy tillardagi biror til hodisasining qadimturkiy shakllarini rеkonstruktsiya qilish (qayta tiklash), ularning eng qadimgi shakllarni aniqlash emas, balki turkiy tillardagi bir xil til hodisalarini hozirgi holati nuqtai nazaridan qiyoslash, ular o`rtasidagi o`xshashliklar hamda farq va tafovutlarni asosan talabalar ehtiyoji darajasida yoritib bеrishdan iboratdir.
Jahon tillarini qiyosiy o`rganish XVIII asrning birinchi yarmidan boshlandi. Yer yuzidagi qarindosh tillarni fonetik, leksik-grammatik jihatdan qiyoslash, bir tomondan, har bir til oilasi uchun asos bo`lgan bobo tilni aniqlashga urinishni maydonga keltirilgan bo`lsa, ikkinchi tomondan, tilshunoslik fanining ham fan sifatida shakllanishiga sabab bo`ldi.
XVIII asrning II yarmida Hindistondagi Kalkutta madaniyat institutining professori, ingliz tilshunosi Uilyam Jonz qadimgi hind yozma yodgorligi bo`lgan sanskrit (“sanckrta” ishlangan, takomillashgan) tili va yozuvini yangi hind tili bo`lgan prakrit (“prakrta” – oddiy, sodda) tili va yozuviga qiyoslash, qadimgi sanskrit yozuvini yangi hind yozuvi prakrit asosida transliteratsiya qilish (qayta ko`chirish) natijasida qadimgi sanskrit tilining grek, lotin va hatto fors tillari bilan ham faqat o`zak so`zlar jihatidan emas, grammatik shakllariga ko`ra ham bir o`zakdan tarqalgan tillar ekanligiga asos soldi. XIX asr birinchi yarmida esa Uilyam Yonz tomonidan maydonga tashlangan bu fikr butun Ovro`pa olimlarining diqqatini tortib, butun asr davomida o`sha davr mashhur tilshunoslari Frans Bopp, Rasmusk Kristian Rask, Yakob Grimm, A.X.Vostokov va Vilgelm fon Gumboldt tomonidan hind-ovro`pa tillari oilasi tarkibidagi tillarning ma`lum tizim asosida o`rganilishi qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka jahon tillarini qiyosiy o`rganishning bosh yo`nalishi sifatida asos soldi.
Turkiy tillarni qiyosiy-tarixiy o`rganish nisbatan ancha keyin XIX asrning oxiri va asosan XX asrning birinchi yarmida hind-ovro`pa, fin-ugor va boshqa til oilalari qiyosiy grammatikalari manbaida vujudga keldi. Shunga ko`ra ham, turkiy tillarni qiyosiy-tarixiy o`rganish, ularning mukammal ilmiy-qiyosiy grammatikalarini yaratish hozirgi turkiy tillar tilshunosligi oldidagi hali to`la hal qilinmagan, hal qilinishi lozim bo`lgan eng muhim muammolardan biridir. Bu muammolarni qiyosiy-tarixiy tilshunoslik oldiga qo`yilgan asosiy tamoyillar asosida hal qilish hozirgi turkiy tillar qiyosiy grammatikasining maqsad va vazifalari, mazmun va mundarijasini ham belgilab beradi. Bu tamoyillar quyidagilar:
1) qiyoslanayotgan tillarning qarindoshlikka asoslangan umumiyligini aniqlash bu tillarning bir asos tildan tarqalganligini belgilashning zaruriy sharti ekanligi;
2) qiyoslashni induktiv va diduktiv uslub (oddiydan murakkabga, faktlardan ilmiy xulosalarga tamoyili)da olib borish;
3) qiyoslashda qiyoslanayotgan tillarning eng qadimgi leksik qatlamiga (qarindoshlik atamalari, tub sonlar, o`zak fe`llar kabi) tayanish;
4) qiyoslanayotgan tillar leksik qatlamidagi so`zlarning grammatik shakllanishidagi umumiylik, o`xshashliklarni belgilash;
5) qiyoslashda so`z va grammatik shakllarning tovushlar tizimini asosga olish, bunda tarixiylik tamoyiliga tayanish;
6) qiyoslanayotgan so`z va grammatik shakllarning etimologik tahliliga alohida o`rin berish.
Tillarni qiyosiy o`rganish garchi XVIII–XIX asrlarda g`arb mamlakati tilshunoslari tomonidan asoslangan deyilsa-da, aslida bu Sharqda o`rta asrlardan boshlangan bo`lib, turkiy tillarni qiyosiy o`rganishning asoschisi XI asr mutafakkir tilshunosi Mahmud ibn Husayn Muhammad Koshg`ariydir. U Koshg`arda tug`ilgan, Koshg`ar, Samarqand, Buxoro, Marv, Nishopur, so`ngra Bog`dodda ta`lim olgan, mashhur arab tilshunoslari Xalil ibn Ahmad va Sibovayhiyning tilshunoslikka doir asarlari bilan tanish bo`lgan.
Mahmud Koshg`ariydan bizgacha “Javohir un-nahv fil-lug`atit turkiya” (Turkiy tillar sintaksisi javohirlari) va “Devonu lug`atit turk” (Turkiy so`zlar to`plami) asarlari yetib kelgan bo`lib, u bu asarlarida o`zi yashagan davr turkiy urug`, qabila va elatlarning tarixi, etnografiyasi, xalq og`zaki ijodi, xususan til xususiyatlari haqida ulkan meros qoldirgan.
Mahmud Koshg`ariyning “Devonu lug`atit turk” asari taxminan 1071–1073 yillarda yozilgan bo`lib, uning Abu Bakr Damashqiy tomonidan 1265–1266 yillarda Koshg`ariyning asl qo`lyozmasidan ko`chirilgan nusxasi 1914 yilda topildi va shu asosda 1915–1917 yillarda Turkiyada “Devon” ning uch jildi nashr qilindi, 1928 yilda Vengriyada K.Brokkelman tarjimasida nemis tilida, 1939 yilda Turkiyada Basim Atalay tarjimasida turk tilida va nihoyat 1960–1963 yillar orasida Toshkentda o`zbek tilshunosi Solih Mutallibov tarjimasida o`zbek tilida nashr qilindi.
“Devonu lug`otit turk” ikki qism – muqaddima va lug`at qismlaridan iborat bo`lib, uning muqaddima qismida muallif o`sha davrda Shimoliy Xitoydan tortib butun Movarounnahr, Xorazm, Farg`ona, Buxorogacha yoyilgan katta hududlarda yashovchi urug`lar, qabilalar, elatlar va ularning tillari haqida, qabila va qabilalar uyushmalari tillarining fonetik va morfologik xususiyatlari haqida qimmatli ma`lumotlar beradi.
Uningcha, tillarning yengili o`g`iz tili, eng to`g`risi va yaxshisi yag`mo, to`xsi tillaridir. Etil, ertish bo`ylaridan uyg`ur shaharlarigacha bo`lgan hududlardagi tillar ichida Haqoniya o`lkasida yashovchi qabilalar tili (qoraxoniylar davlati tili)ni “Devon”da turkiy tilda so`zlashuvchi urug` va qabilalar ikki guruhga ajratiladi.
1. Faqat turkiy tilda so`zlashuvchi urug` va qabilalar.
2. Turkiy va boshqa tillarda so`zlashuvchi urug` va qabilalar.
Birinchi guruhga arg`u, qirg`iz, qipchoq, o`g`iz, to`xsi, yag`mo, chigil, jaruq qabilalari tillari kiritilib, yamak va boshqird tillarini ham bu tillarga yaqin deb ko`rsatadi.eng ochiq va ravon til deb baholaydi.
Ikkinchi guruhga Balasog`un, Tiroz, Chin, Mochin, Xo`tan, Tibet shaharlari aholisining tili kiritilib, ularning sof turkiy tilda emas, balki boshqa tillardan ham foydalanib so`zlashganliklari qayd qilinadi. Anglashiladiki, ikkinchi guruhga mansub urug` va qabilalar hali ham hududiy, ham siyosiy-iqtisodiy jihatdan Xitoy va mo`g`ullardan u qadar uzoqlashmaganligi sababli o`z muomalalarida ko`plab xitoy va mo`g`ul leksikasidan foydalangan bo`lishlari mumkin.
Mahmud Koshg`ariy qiyoslanayotgan tillarning tovush tizimiga katta e`tibor bergan. Bu sohada u turkiy ifoda uchun nomuvofiq bo`lgan arab harflariga qo`shimcha belgilar kiritib, turkiy talaffuzga moslashtiradi, turkiy tillardagi turli fonetik qonuniyatlar haqida fikr yuritib, hatto turli turkiy qabila va elat tillaridagi tovush almashinish hodisalarini ham aniq tasvirlab beradi:
1) y~j: yil~jыl, yүr~jүr;
2) m~b: mәn~bәn, mүz~bүz;
3) t~d: til~dil, tash~dash;
4) y~z: ayaq~azaq, ayыg`~azыg`;
5) y~n: qanda~qayda;
6) g~y: teg~tiy, ѳgran~uyran kabi.
“Devon”ning lug`at qismida 7500 ta, ba`zi adabiyotlarda aytilishicha, 9 mingga yaqin turkiy so`zlar arabcha izohlanadi.
O`rta asrlarda o`zining 50 dan ortiq asarlari bilan nom qoldirgan zabardast tilshunos olim Mahmud Zamaxshariydir.
U 1075 yilda Xorazm viloyatining Zamaxshar qishlog`ida tug`iladi. Yetuk o`zbek tilshunosi Alibek Rustamovning “Mahmud Zamaxshariy” nomli risolasida tarixiy va ilmiy manbalarga asoslanib yozishicha, Zamaxshariy tug`ilib, yashagan va ijod qilgan X–XII asrlarda Xorazmda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdo ishlari rivojlangan, aholisi ham madaniy va ma`rifiy jihatdan yuksalgan davr bo`lgan. Zamaxshariyning otasi Umar ibn Ahmad ham o`qimishli kishilardan bo`lib, dastlabki ta`limni o`g`liga o`zi beradi va uning ilmga bo`lgan qobiliyati va ishtiyoqini ko`rib, o`qishini davom ettiradi. Zamaxshariy dastlab Urganchda til ilmini tilshunoslikda o`sha davrning yagonai davroni bo`lgan Abumuzar Mahmud Jarir Zabbiy Isfaxoniydan olib, ustozi vafotidan keyin Buxoro, Isfaxon, Bog`dod, Makka, Shom, Damashqda davom ettirib, dastlabki asarlarini Makkada yaratadi va so`ng yurtiga qaytib, qolgan umrini Xorazmda o`tkazadi.
Tilshunoslik sohasidagi Zamaxshariy ilmiy merosining ko`pchiligi arab tili tahliliga bag`ishlangan bo`lsa ham, uning “Muqaddimat ul-adab” asari o`sha davr turkiy qabila va elat tillari haqida ham ma`lum ma`lumotlarga boy asar bo`lgan. Asarda arabcha so`zlarning forscha, turkcha, mo`g`ulcha va hatto xorazm tili asosida ham izohlanishi o`tmish turkiy tillar qiyosini o`rganish uchun ham qimmatlidir.
O`rta asrlarda turkiy tillarning qiyosi haqida asli Afrikadagi Berber qabilasiga mansub bo`lgan, Ispaniyaning Andalusiya viloyatida tug`ilgan, Bog`dodda ta`lim olgan va ijod qilgan arab tilshunosi Asiritdin Abu Hayyon al-Andalusiyning “Kitob al-idrok lison ul-atrok” (turklar tilini tushunish kitobi), arab sayyohi Jamolitdin ibn Muxannaning “Xayvat ul lison xalibatul bayon”, Jamolitdin at-Turkiyning “Bi lug`at al-mushtoq” va muallifi noma`lum bo`lgan “Kitob at-tuhfatuz zakiyati fil lug`atit turkiya” (Turkiy tillar zakovatlari haqida tuhfa) nomli asarlarida qorliq, o`g`iz va qipchoq guruh turkiy tillarning leksikasi, fonetik-grammatik xususiyatlari haqida boy material berilgan.
O`rol, Oltoy, Sibir, qisman O`rta va Markaziy Osiyo xududlarida yashovchi turkiy elat va xalq tillari, etnografiyasini o`rganish, bu davrdagi turkiy tillarni qadimgi yozma manbalar asosida qiyoslash XVIII–XIX asrlarda qizg`in pallasiga kirdi.
XVIII asr boshlarida avval Paltava gubernasi va Sibirda asirlikda yashagan shved zobiti Tabbert-Stralenbergni o`sha hududlarda yashovchi turkiy elatlar tilidagi yaqinlik qiziqtirgan bo`lsa, 1733–1743 yillarda mashhur tarixchi va etnograf olim G.F.Myuller Sibir ekspeditsiyasida ishtirok etib, Sibir tarixi va butun Sibir o`lkasida yashaydigan elatlarning til xususiyatlari haqida boy material to`playdi. F.Myuller to`plagan materiallari asosida uncha katta hajmda bo`lmagan “Tatar tili va boshqa Sibir dialektlari so`zlar to`plami yoki leksikoni” nomli lug`atini tuzib, unda asosan Sibir va boshqa turkiy elat va qabilalarning nomlari, tillari haqida ma`lumot beradi.
F.Myuller lug`at (so`zlik)ida boshqird tili, chulim tatarlari tili, teleut tili, shor tili, Abakandagi xakas, Sibir buxoroliklari va yoqut tiliga mansub so`zlar o`rin olgan. So`zlikda o`zbek. “qor” so`zining 12 turkiy tildagi: qangli. vuran, boshqird. kar, turin. kar, tobol. kar, chat. kar, tomsk. kar, teleut. kar, kuznesk. kar, xakas. xar, buxor. qar, yoqut. charr kabi yuzdan ortiq so`zni o`z ichiga olgan turkiy so`zlarning qiyosiy jadvalini beradi.
XIX asrda turkiy tillarni qiyosiy o`rganuvchi g`arb va rus turkiyshunos tilshunoslarining peshqadami Vasiliy Vasilevich Radlov o`zining hozirgacha butun turkiy tilshunoslikda mashhur bo`lgan lug`ati “Opыt slovarya tyurkskix narechiy” (Turkiy lahjalar lug`ati tajribasidan) asarining so`z boshisida turkiy til va lahjalarni o`rganishga 1859 yildan boshlab kirishganligini yozadi. V.V.Radlov shundan keyingi qariyb yarim asr mobaynida turkiy elat va xalqlarning xalq og`zaki ijodini tadqiq qilish bilan birga ularning til va lahjalari leksikasi bo`yicha ham behad material to`plab, 1888–1911 yillarda Sankt-Peterburg matbaasida o`zining to`rt jild sakkiz qismdan iborat bo`lgan yuqorida qayd qilingan qiyosiy «Lug`at»ini nashr qildiradi. Nashriyot bu “Lug`at”ni “turkiy tillar leksikasi ko`lami va ilmiyligi” jihatidan V.V.Radlovning eng buyuk muvaffaqiyati deb baholaydi. Darhaqiqat, “Lug`at” o`z qiymatini hozirga qadar ham yo`qotgan emas.
Turkiy tillarni qiyosiy o`rganish sohasida V.V.Radlov “Lug`ati”dan oldin 1868–1877 yillarda Sank-Peterburgda L.Budagovning ikki jildlik “Turk-tatar lahjalari qiyosiy lug`ati” nomli yirik asari nashr qilingan.
Lazar Zaxarovich Budagov (1812–1878) Astraxanda tug`ilgan, avval o`sha yerdagi bilim yurtida, so`ng gimnaziyada o`qib, gimnaziyani tugatgach, ikki yildan ortiq vaqt Moskva universitetida erkin tinglovchi, keyinchalik esa Qozon universitetining sharq tillari fakultetiga o`qishga kirgan. Mehnat faoliyatini Tiflis gimnaziyasida o`qituvchilikdan boshlab, so`ng Sankt-Peterburg universitetining ozarbayjon va turk tillari fakultetida dotsentlik vazifasida, shu bilan birga tashqi ishlar vazirligi departamentida umrining oxirigacha tarjimonlik vazifasida ishlagan.
Bu sohada 1903 yilda Qozonda nashr qilingan N.F.Katonovning “Uryanxay tili sohasida izlanishlar tajribasidan” nomli grammatika va lug`ati ham katta ahamiyatga ega.
Turkiy tillarning mukammal qiyosiy grammatikalari asosan XX asrning II yarmida Rossiya fanlari akademiyasi Moskva va Sankt-Peterburg tilshunoslik institutlari olimlari tomonidan yaratildi. N.A.Baskakov, B.A.Serebrennikov, N.Z.Gadjieva, A.M.Shcherbak, E.R.Tenishev, L.S.Leviskaya, L.A.Pokrovskaya kabi rus tilshunos olimlarining ko`p yillik samarali izlanishlari natijasida turkiy tillarning bir necha jildlik ilmiy tarixiy grammatikalari va monografiyalari yaratildi.
Umuman, urug` va qabila tillari taraqqiyotiga ana shu nuqtai-nazardan qaralganda hozirgi turkiy tillar taraqqiyoti jarayonlarini quyidagi davrlarga bo`lib o`rganish mumkin:
1. Turkiy tillar taraqqiyotining Oltoy davri (Eradan oldingi III asrlarga qadar).
2. Qadimgi Xunn davri (eradan oldingi III va yangi eraning V asrlariga qadar).
3. Qadimgi turk davri (V–X asrlar).
4. O`rta turk davri (X–XV asrlar).
5. Yangi turk davri (XV–XX asrlar).
6. Eng yangi turk davri (XX asr).
Turkiy tillar taraqqiyotining Oltoy davri eradan oldingi III asrlargacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladi. Bu davr tili haqida tarixiy manbalar mavjud emas. Bu davr tilini tilshunoslikda turk-mo`g`ul, tungus-manjur tillari uyushmasi deb ham nomlanadi, chunki fanda bu tillar o`tmishda hozirgi turk, mo`g`ul, tungus-manjur tillari uchun bir asos tilni tashkil qilgan degan taxminlar ham yo`q emas.
Eradan oldingi so`nggi asrlarga kelib qadimgi umumoltoy tili tungus-manjur va turk-mo`g`ul tillariga ajraldi. Bu ikki til uyushmasi qisman fonetik jihatdan farqlanib, tungus-manjur tilida so`z oxirida qadimgi s undoshi saqlanib qolgan holda turk-mo`g`ul tillarida bu undosh ch, sh, undoshi bilan almashdi:
tungus-manjur turk-mo`g`ul
Do'stlaringiz bilan baham: |