Kalit so‘zlar
Jamiyatning taraqqiyot darajasi, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish, ustuvor sohalar, yechimini kutayotgan muammolar, fan, muammolar tizimi, maqsad, vazifa, ilmiy-texnologik salohiyat, metodologik asos, tadqiq usuli, о‘zbek tilshunosligining ilk davri, o‘rta davr o‘zbek tilshunosligi, ijtimoiy buyurtma, jadid davri o‘zbek tilshunosligi, о‘zbek formal tilshunosligi, o‘zbek substansial tilshunosligi, yangi davr o‘zbek amaliy tilshunosligi
.
Atrofdagi tabiatni, inson hayot kechirayotgan jamiyatni va insonning o’zini, uning faoliyat ko’rinishlarini ilmiy tahlil etish va bilish intellektual faoliyatning eng oliy shaklidir. Bu faoliyat oddiy bilishdan, ya’ni kundalik hayot ehtiyojlarini qondirishga yo’naltirilgan bilish istagidan, birinchi navbatda, o’z maqsadi va tizimli ravishda amalga oshirilishi bilan tubdan farq qiladi. Ikkinchidan esa, ilmiy bilish jarayonida maxsus vosita va usullarga murojaat qilinadi.
Fan sohasida qo’llaniladigan bilishning vosita va amallari umumlashmasi ilmiy tadqiqotlar metodini tashkil qiladi. Tadqiqot metodi, albatta, o’rganish uchun tanlangan ob’ektga monand tarzda turli xil bo’lishi mumkin. SHuning bilan birgalikda, tadqiq metodining tanlanishi tadqiqotchining borliqqa (ob’ektga) bo’lgan munosabati bilan ham belgilanadi. Keyingisi alohida e’tiborga loyiq, chunki ilmiy tadqiqot yoki ilmiy tafakkur metodologiyasini belgilaydi
Metodologiya inson bilish faoliyatining vositalari,
maqsadi va nazariy asosini aniqlab beradi. Metodologiya
doirasida tadqiqotchi voqelikdagi turli hodisalarni tahlil qilish tamoyillarini tanlaydi, tadqiqot jarayonida erishilgan natijalarni o’rganish va baholash usullaridan foydalanadi. «Falsafa» qomusiy lug’atida metodologiya tushunchasi ikki yo’nalishda ta’riflanadi: 1) biror fanda tadbiq etiladigan tadqiqot usullarining majmui; 2) ilmiy bilish va dunyoni o’zgartirish metodi haqidagi ta’limot (Falsafa qomusiy lug’ati. T. 2004:258). N.SHermuhamedova aytganidek, «Fan metologiyasi samarali bilish faoliyatining umumiy tamoyillarinigina belgilab berishga qodir, ammo u tadqiq qilinayotgan ob’ektni bilishning muayyan yo’llarini belgilab bera olmaydi» (SHermuhammedova 2005: 213). Har bir ob’ekt tadqiqi alohida yondashuvni, maxsus usul va vositalar majmuasidan foydalanishni talab qiladi. SHu sababli metodologiyani tahlil tamoyillari va metodlari tizimi haqidagi ta’limot sifatida ta’riflash ma’qulroq. Uning doirasida ilmiy izlanish va bilim olishning nazariy asosi, umumiy yondashuv tamoyillari belgilanadi.
Metodologiyaning muhim vazifalaridan biri bilim manbaini aniqlashdir. Ushbu masalaning yechimini falsafadan izlamoq darkor, zero, falsafiy nuqtai nazaridan har qanday bilim manbai ob’ektiv voqelik va uning inson ongidagi aksidir
Borliqning inson ongidagi aksi
to’g’ridan-to’g’ri bevosita («ko’zgudek toza»)
bo’lishi mumkin emas. Bu aks bilish sub’ektining ob’ektga munosabati ta’sirida bo’ladi, ammo ushbu ta’sir doirasi inson imkoniyatlariga bog’liq, ma’lum chegarada kechadi.
Gnoseologiyada hissiy bilish jarayonida yuzaga keladigan obraz va bilish ob’ekti o’rtasidagi munosabat masalasiga alohida e’tibor qaratiladi: «Hissiy bilish shakllari to’g’risida tashqi dunyo obrazlari sifatida gapirilganda, «obraz»ga ob’ektga moslik xos emas, balki ob’ektga uning muvofiqligi xos ekanligini e’tibordan chetda qoldirmasligimiz lozim. «Obraz» - oynadagi nusxa emas, lekin «belgi» ham emas, balki narsaga xos in’ikosdir» (Bilish falsafasi 2005: 121).
Borliqning inson tomonidan idrok etilishi, bu idrok sezgi organlari yoki biror bir asbob vositasida bo’lishidan qat’iy nazar, doimo sub’ektivdir. Lekin bu bilan voqelik to’g’risida ob’ektiv ma’lumotga ega bo’lish mumkin emas, biz bilayotganimiz voqelik bo’lmasdan, faqatgina his-tuyg’u, sezish natijasidir degan xulosaga kelish noto’g’ridir.
Voqelikni sub’ektiv bilish jarayoni tajriba nazoratidadir va ushbu jarayon natijasida biz voqelik haqidagi ob’ektiv bilimga, aniq ma’lumotga ega bo’lamiz, ob’ektiv haqiqatni bilib olamiz. Ob’ektiv haqiqat dunyo haqidagi bilim mazmunidir va bu bilim sub’ekt bilan bog’liq emas. Lekin ushbu bilimni to’plash jarayoni bevosita sub’ekt faoliyati, uning dunyoqarashi va qanday vositalardan foydalanilayotganligiga bog’liq. Ushbu faktorlarning barchasi ilmiy tadqiqot natijalarida o’z aksini topadi va bizning voqelik haqidagi bilimimiz qay yo’sinda shakllanishini belgilaydi. SHu sababli bilish faoliyatining har bir bosqichi ob’ektiv haqiqatga malum darajada yaqinlashish va unga intilishning kuchayishiga imkon beradi.
Voqelikning tadqiqotchi tomonidan qanday tasavvur va idrok qilinishi ilmiy tadqiqot natijalari uchun muhimdir (Askolьdev 1977: 4-5). Ma’lumki, voqelik real mavjudlikdan iborat, undagi hodisa va predmetlar o’zaro bog’liq va bir-birini taqozo etadi. Bu bog’liqlik ularning miqdoriy va sifat ko’rsatkichlarida, alohida qismlar o’rtasidagi yaxlitlik va xususiylik munosabatlarida namoyon bo’ladi. Dunyodagi barcha hodisalar doimiy o’zgarishda, taraqqiyotdadir va bu taraqqiyot bosqichma-bosqich amalga oshadi hamda sifat o’zgarishlariga sabab bo’ladi. Bundan tashqari, voqelik hodisalari sinergetika qonuniyatlariga amal qilgan, o’z-o’zini tashkil etish tamoyillariga tayangan holda rivojlanadi (Xaken 1970).
Xullas, zamonaviy falsafa fani voqelikni ilmiy bilishning asosiy yo’nalishlarini aniq belgilab berish qudratiga ega. Ilmiy bilish jarayonining samarasi voqelik hodisalarining dialektik munosabatlari va ularning sinergetik taraqqiyot omillarining e’tiborga olinishi bilan bog’liq. Aynan shu falsafiy qarashlar asosida ilmiy tadqiqot jarayonida qo’llaniladigan vositalar ham haqiqiy bahosini topadi.
Bilishning eng oddiy vositasi – kuzatishdir. Tabiiy shart-sharoitda o’rganilayotgan ob’ektning alohida holat va xususiyatlarini his-tuyg’u vositasida idrok etish yo’li bilan bajariladigan kuzatish harakatining fandagi o’rni alohidadir. Kuzatish tadqiq etilayotgan ob’ekt haqidagi dastlabki ma’lumotlarni olish imkonini beradi. Ammo kuzatish yo’li bilan biz hodisalarning faqatgina tashqi ko’rinishi haqidagi ma’lumotga ega bo’lamiz va bu natijaning tasodifiy bo’lishiga, xulosaning ishonchsiz chiqishiga sabab bo’ladi. Fan esa voqelikni yuzaki va tasodifiy faktlar asosida emas, balki botiniy, qonuniy va zaruriy bog’liqliklar asosida bilishni talab qiladi .
Bunday intilishga bilish faoliyatining asosiy vositalaridan biri bo’lgan tajriba-sinov harakati javob beradi. Bu vosita kuzatish jarayonida yig’ilgan ma’lumotni rejali asosda qayta nazorat qilishni ta’minlaydi. Tajriba-sinovining oddiy kuzatishdan ustunligi uning kuzatish natijalarini qayta tekshirish, sinash vositasiga, ya’ni tajriba amallariga ega bo’lishidadir. SHunday bo’lsa-da, tajriba jarayonida tadqiq etiladigan natija va xulosalar ham birlamchi, dastlabki ma’lumotlardan iborat bo’lib, ular batafsil ilmiy tahlilga muhtojdirlar.
Barcha fan sohalarida tadbiq etiladigan bilishning intellektual vositalari qatoriga induktsiya va deduktsiya amallari kiradi.
Induktsiya alohida kuzatuvlar natijalarini umumlashtirishdir.
Ushbu bilish faoliyati aniqlikdan (reallikdan)
mavhumlikka yo’naltiriladi. Induktiv tahlil tajribadan tizimlashtirishga, tizimlashtirilgan dalillardan empirik qonunlar kashfiga, ilmiy xulosalarga intiladi. Aynan xuddi shu yo’sinda fizikaning massaning saqlanishi va energiyaning o’zgarishi, umumiy tortilish qonuni kabi qonuniyatlari shakllangan.
Tilshunoslikda induktiv tahlil asosida qator savollarga javob izlanib kelinmoqda: So’z qanday xususiyatlarga ega? So’z turkumlari tasnifi nimaga asoslanadi? Turli so’z turkumlari birliklarining o’zaro munosabati nimadan iborat? Gap tarkibida so’zlarning o’zaro birikish qoidalari qanday shakllanadi? kabilar.
Deduktsiya induktsiyadan farqli o’laroq, umumiylikdan xususiylikka, qarab yo’naltirilgan bilish usulidir. «Deduktsiya vositasida tadqiqotchi bir sinf, bir jins, bir guruh narsa yoki hodisa to’g’risidagi umumiy bilimlardan ularning har biri haqida alohida bilimlarni hosil qiladi» (Falsafa. Qomusiy lug’at: 103). Qator hollarda deduktsiya bevosita tajribaning ayrim nuqsonlarini bartaraf qilish imkonini yaratadi. Masalan, deduktiv tahlil asosida (umumiy tortishish qonuniga tayangan holda) quyosh tizimidagi barcha planetalar va ularning yo’ldoshlarining massasi, ular o’rtasidagi masofa, ust qismlari issiqlik darajasi kabilar aniqlangan. Bu turdagi o’lchovlarni tajriba va kuzatish yo’li bilan bajarishning imkoni yo’q.
Har bir jamiyat fan oldiga o‘ziga xos va muayyan talablarni qo‘yadi. Bu jamiyatning taraqqiyot darajasi, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlaydigan ustuvor sohalarda yetilgan va yechimini kutayotgan muammolar asosida vujudga keladi. Fanning har bir sohasi esa bu muammolar tizimida o‘ziga tegishli masalalarni, undan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarini aniqlab, mavjud ilmiy-texnologik salohiyatni unga yo‘naltiradi, muammoning yechimiga olib keladigan samarador va qulay metodologik asoslarni hamda tadqiq usullarini tanlaydi.
Tarix silsilasida o‘ziga xos o‘rin va ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zbek tilshunosligi fani ham turli davrda har xil muammolar bilan shug‘ullanib, tarixiy taraqqiyotga o‘zining munosib hissasini qo‘shib keldi. Qimmatli ilmiy tadqiqotlari bilan har bir davrning ijtimoiy ehtiyojlari qondirilishida faol qatnashdi.
Har qanday fan taraqqiyoti muayyan bosqichlardan iborat bo’lib, keyingi bosqich oldingi bosqich bag’rida uning vorisi sifatida dunyoga keladi. Oldingi bosqich yo’l qo’ygan kamchiliklarga tanqidiy baho bergan holda, bunday kamchiliklarni bartaraf qilishga yordam beradigan tadqiqot metodologiyasi va metodlarini qidirishga harakat qiladi.
XX asrning oxirgi choragi va XXI asr boshlaridagi o’zbek tilshunosligi ham ana shunday jarayonni o’z boshidan kechira boshladi, Ayyub G’ulom asos solgan o’zbek ilmiy tilshunosligi yutuqlarini e’tirof etgan va unga tayangan holda, o’zbek tilining ichki struktur belgilarini yoritishga yordam beradigan yangi tadqiqot metodlarini qo’llashga intilish kuchaydi. Bunga shu davrda ro’y bergan sotsiolingvistik jarayon qulay imkoniyat yaratdi.
Sobiq sovet imperiyasining kuchsizlanishi va bu imperiya tarkibiga zo’rlik bilan birlashtirilgan milliy respublikalarda milliy o’z-o’zini anglash hissining kuchayishi har bir respublikada davlat tili uchun kurashish harakatining boshlanishiga, ayni paytda, tilshunoslik fanida ham shu kungacha amalda bo’lgan tadqiqot metodlariga shubha bilan qarash kayfiyatining tug’ilishiga sababchi bo’ldi.
Xususan, sho’rolar davrining 50-60-yillarida dunyo tillarining o’zaro yaqinlashib, oxir oqibat yagona bir tilga aylanishi haqidagi stalincha til siyosatining hukm surishi, bunday siyosatning Stalindan keyin ham davom ettirilishi, shuning uchun SSSR tarkibidagi barcha tillarda umumiy leksik fondni kengaytirib borish tillarning asosiy taraqqiyot qonuni bo’lishi kerakligi haqidagi qarashlar hukm surdi.
O’tish davrida milliy o’zlikni anglagan ziyolilar o’rtasida ana shunday til siyosatiga katta e’tiroz uyg’ondi.
Ikkinchi tomondan, yuqoridagi til falsafasi tamoyillariga sig’magan lingvistik yo’nalishlarning barchasini 60-yillarga qadar burjua lingvistikasi deb e’lon qilindi va dunyo tilshunosligi qo’lga kiritgan yutuqlarining, yangi-yangi tekshirish metodlarining kirib kelishiga yo’l qo’yilmadi.
Mashhur tilshunos A.Martine 1953 yil yozgan maqolasida shu davr tilshunoslari va tilshunosligi haqida fikr yuritar ekan, “ko’pchilik buyuk tilshunoslarning e’tiqodli va faol strukturalistlar” ekanligini bayon qiladi. M.Koen esa tilshunoslikda strukturalizm erasi boshlanganligini ta’kidlaydi.
1953 yilda dunyo tilshunosligida tobora obro’-e’tibor qozonayotgan struktur tilshunoslikning sho’rolar tilshunosligiga ta’sir etishining oldini olish maqsadida bu yo’nalishga tanqidiy baho beruvchi qator maqolalar e’lon qilindi.
O.Leshka tomonidan struktur tilshunoslik burjua tilshunosligi deb baholandi. Praga lingvistik maktabining maydonga kelishi ideallashtirilgan holda, ishchilar sinfi ustidan burjuaziyaning g’alaba qilish davri bilan bog’landi va u burjuaziyaning g’oyaviy quroli ekanligi ta’kidlandi.
Uning fikricha, “til haqidagi yangi ta’limot” marksistik tilshunoslikning shakllanishiga to’sqinlik qilibgina qolmasdan, tilshunoslikdagi reaktsion burjua yo’nalishni tanqid qilishga ham halaqit berdi. Natijada sho’rolar davrida faqat marksistik falsafagina fan metodologiyasiga aylandi. Bu metodologiyadan tashqaridagi barcha fan yo’nalishlari burjuaziya fan yo’nalishlari deb baholandi.
Milliy respublikalardagi milliy tillarni o’rganuvchi xususiy tilshunoslik uchun ham ana shu yo’nalish metodologik asos qilib olindi.
80-yillardan boshlab milliy o’z-o’zini anglash hissining kuchayishi esa yangi tadqiqot metodologiyasi va metodlarining kirib kelishiga imkoniyat tug’dirdi. Xususan, o’zbek tilshunosligiga sistemaviy (struktur) tadqiqot metodlari kirib kela boshladi. Bu esa sistemaviy (struktur) tilshunoslikka oid terminologik apparatning kirib kelishiga olib keldi. Natijada o’zbek lingvistik atamalari sistemasi yangi atamalar qatlami bilan boyidi.
Ilk asos. Ma’lumki, dastlab o‘zbek tili boshqa turkiy tillar bilan umumiy ildizga ega bo‘lgan. So‘ngra qarluq qavmlari lahjalari turli davrlarda o‘g‘uz, uyg‘ur, qipchoq kabi turkiy, shuningdek, eroniy, arabiy, mo‘g‘ul kabi noturkiy qavm vakillari lahjalarini o‘ziga singdirib, IX-X asrdan e’tiboran boshqa turkiy tillardan fonetik, leksik-grammatik jihatdan farqlanuvchi bir til ajralib chiqa boshlaydi. Bu til o‘ziga xos shakl-shamoyildagi turkiy (o‘zbek) til bo‘lib, u shu davrdan mustaqil milliy til sifatida shakllanish va taraqqiyot pillapoyasiga qadam qo‘ygan. Bunga asosiy negizini O‘zbekiston hududida yashovchi, hozirgi o‘zbek millatining bobokaloni, turkiy xalqlarning qarluq toifasiga mansub aholisi tashkil etgan Qoraxoniylar davlatining o‘rnatilishi va bu davlatda rasmiy saroy tili sifatida, Mahmud Koshg‘ariy ta’biricha, «turkiy xoqoniy”ning e’tirof etilganliligi asosida amin bo‘lish mumkin.
Manbalarda eski turkiy til atamasi bilan nomlanuvchi bu til turkiy, sharqiy turkiy, chig‘atoy tili kabi nomlar bilan ham yuritilgan. Ammo uning umumturkiy tildan ajralib, alohida yaxlitlik maqomiga ko‘tarilganligini, boshqa turkiy tillardan farqli xususiyatlarini asoslash, kelgusida milliy til sifatida e’tirof etiladigan bu tilning ontologik mohiyatini, fonetik, leksik-grammatik qurilishini tavsiflash ijtimoiy, qolaversa, ulkan ma’naviy-mafkuraviy ahamiyatga ega edi va u davr talabi, o‘ziga xos ijtimoiy buyurtma sifatida namoyon bo‘ldi. Bu buyurtmani qabul qilish va ado etish turkiylardan yetishib chiqqan,XI asrda yashab o‘tgan qomusiy bilim sohibi, to‘ng‘ich turkiy tilshunos, adabiyotshunos, geograf, kartogaf, etnograf, tarixchi, sayyoh Mahmud Ibn Husayn ibn Muhammad Koshg‘ariy zimmasiga tushdi. Bejiz u “turkiyshunoslikning otasi”, “turkiyshunoslik bahodiri” (A.Samoylovich) sifatlari bilan ulug‘lanmagan
Mahmud Koshg‘ariy Qoraxoniylar davlati xalqini
turk (turklar) atamasi bilan qayd qildi, ularni va ularning tilini, avvalo, shu mintaqada yashayotgan o‘g‘uz, turkman va uyg‘ur qavmlari hamda ularning tilidan farqladi.
Tarixiy manbalar Koshg‘ariyning ikki kitobi haqida guvohlik beradi. «Devonu lug‘otit turk»da asosan, turkiy tilning leksik xususiyatlari fonetik asoslarda bayon etilgan. Bunda olim tilning grammatik tavsifini berishni asosiy maqsad qilib qo‘ymaydi. Chunki bu masala uning bizgacha yetib kelmagan «Javohirun-nahv» kitobida mufassal bayon etilganligiga ishonchimiz komil. Ammo «Devonu lug‘otit turk»da so‘zlarni u yoki bu qurilish turiga bo‘lib lug‘atda berar ekan, ularning morfologik va yasalish xususiyatlari haqida ham qimmatli ma’lumotlarni bayon etadi. Mahmud Koshg‘ariy bergan, avvalo, leksik, derivatsion, qolaversa, grammatik tavsiflar bugungi zamonaviy lingvistik qarashlarning mag‘zidir.
Umuman olganda, olim davr talabi va ijtimoiy
zaruratni chin dildan his qilgan holda ijtimoiy buyurtmani mukammal darajada ado etdi.
Til kaliti – dil kaliti. O‘zbek madaniyatining uyg‘onish davri bo‘lgan XIV-XV asrda shakllanib bo‘lgan tilimiz takomillashish pillapoyasiga qadam qo‘ydi. Bu davrda badiiy o‘zbek badiiy adabiyotining go‘zal va yuksak namunalari yaratildi. Adabiy va jonli so‘zlashuv tili orasida farq yanada kuchaydi. Bu esa badiiy adabiyotning erkin ommalashuviga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Shuningdek, turkiy til tarixida turkiy bilan o‘zbek qipchoq lahjasi aralashuvidan iborat “qarluq-qipchoq qorishuvi” yuz berdi. Natijada davr lug‘atchilik amaliyotini yo‘lga qo‘yishni taqozo qildi.
Turli lug‘atlar yaratish davr talabiga aylandi. Xususan, Alisher Navoiyning ulkan ilmiy va adabiy merosini o‘rganish, tahlil qilish – so‘z ma’nolariga, ularning qo‘llanishiga e’tibor berish, izohlash, lisoniy, ma’rifiy qiymatini ochish, asarlarning tarjimasi kabi masalalar bilan shug‘ullanish bu davr leksikografiyasining maqsad va vazifasi bo‘ldi. Ayniqsa, yaratilgan lug‘atlar sirasida Eron shohi Nodirshohning kotibi astrobodlik Nizomiddin Muhammad Hodi al- Husayni as-Safaviy (Mirzo Mehdixon)ning «Sangloh» (1760) lug‘ati alohida ahamiyat kasb etdi. An’anadagidek, bu lug‘atdan «Maboni ul – lug‘at, ya’ni sarfi va nahvi lug‘ati chig‘atoy» nomi bilan eski o‘zbek tilining grammatikasiga oid tavsiflar ham o‘rin oldi. Lug‘atda, asosan, she’riy matnlardagi, shuningdek, Lutfiy, Bobur asarlaridagi tushunilishi qiyin bo‘lgan so‘zlar izohiga, ularni fors tiliga tarjima qilish muammolariga e’tibor qaratilgan.
Jamoliddin Muhammad Abdulloh Turkiyning taxminan XIV asrlarda yozilgan «Kitobu-l-lug‘at al-mushtoq fi lug‘ati-t-turk vo-l-qafchoq» («Turk va qipchoq tillariga mushtoqlarni qiziqtiruvchi kitob»), o‘rta asr tilshunos-turkiyshunoslaridan bo‘lgan Asiruddin Abu Hayyon al-Andalusiy (1256–1345) ning «Kitobu-l-idrok li-l-lisonil atrok», undan foydalanilib XIV–XV asrlarda yozilgan va muallifi noma’lum «Attuhfatuz zakiyatu fil lug‘atit turkiya» asarlari ushbu davr talablari darajasida ado etilgan ishlardan hisoblanadi. Mazkur va yuqorida qayd etilmagan boshqa lug‘atlar badiiy matnlar persepsiyasi samaradorligini oshirish maqsadiga xizmat qildi
Tilshunoslikning bu bosqichlari avval arab, so‘ngra fors tilshunosligi an’analari va tamoyillari asosida ish ko‘rdi.
G‘ayrimilliy “buyurtma”. Chorizm istilosi natijasida tilshunosligimiz o‘zga yo‘nalishga yuz burdi. Bu chor istilochilarining mahalliy xalqlar tilini o‘rganish, shuningdek, o‘z madaniyatini yerli xalq hayotiga singdirish talabi asosida kechdi. Bu davrda yaratilgan lingvistik tadqiqotlar asosan rus tilshunosligi an’analari va tamoyillari asosida amalga oshirildi. Bu borada yevropa tadqiq tamoyillari asosidagi ilk qo‘llanma sifatida Herman Vamberining nemis tilida e’lon qilgan «Chig‘atoy tili darsligi» yaratilgan bo‘lsa-da, u hozirgi O‘zbekistonda mustamlakachilar ta’siri va tazyiqi natijasida (aynan ularning maqsad va vazifalariga muvofiq bo‘lmaganligi bois) ommalashmasdan qoldi. Rus tadqiqotchilari esa “sort” dunyosiga kirish maqsadida turli qo‘llanmalar, ma’lumotnomalar, lug‘atlar tuzish ishiga jadal kirishdi.
Bunga misol sifatida unter-ofitser Yefremov, tadqiqotchilar M.A.Terentyev, V.Nalivkin, M.Nalivkina, A.Alekseyev, N.Ostroumov, M.Andreyev, F.Mashkovsev, V.Vishnegorskiy, N.Budzinskiy, P.YE.Kuznetsov, A.Starlevskiy, N.N.Pantusov kabilarning sof amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan, o‘zbek tili va uning shevalari xususiyatlari bilan mustamlakachi mutaxassis va harbiylarni tanishtirishni maqsad qilib qo‘ygan qator ishlarini keltirish mumkin. Masalan, M.A.Terentyevning «Turk, fors, qirg‘iz va o‘zbek tili grammatikasi» (1875), A.Starlevskiyning «Rus kishisining O‘rta Osiyodagi yo‘ldoshi» (1878), Z.A.Alekseyev va V.Vishnegorskiyning «Sort tili samouchiteli» (1884), M.Andreyevning «Sort tilini birinchi bor o‘rganuvchilar uchun qo‘llanma»si (1896), F.Mashkovsevning «Sort tili darslari» (1899), V.P.Nalivkinning «Sort tilini amaliy o‘rganish uchun qo‘llanma»si (1898), N.Budzinskiyning «Sort tili darsligi» (1910) va boshqalar fikrimizning dalilidir
Ko‘rinadiki, bu davr tilshunosligi g‘ayrimilliy maqsadlar ro‘yobiga xizmat qiladigan “buyurtma”ni ado etishga xizmat qildi. Shunday bo‘lsa-da, tilshunoslikning yevropaga yuz burganligi fan kelajagi uchun besamar bo‘lmadi.
Milliy taraqqiyot yo‘lida. O‘zbek tilshunosligi tom ma’nodagi fan sifatida XX asrning 20-30- yillarida shakllana boshladi. O‘z oldiga davr talablaridan kelib chiqib, muayyan maqsadlarni qo‘ygan o‘zbek tilshunosligi 50-60 yil mobaynida o‘zbek adabiy tili meyorlarini ishlab chiqish va ommalashtirishdan iborat ulkan vazifani sharaf bilan ado etdi.
E’TIBORINGIZ
UCHUN
RAHMAT!!!
Do'stlaringiz bilan baham: |