Marketingning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1. Bozorni va marketing faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish.
2. Mahsulot assortimentini (turi va xilini) to‘g‘ri rejalashtirish.
3. Mahsulot savdosi va taqsimot muammolarini hal qilish.
4. Talabni shakllantirish va savdoni kuchaytirish bilan bog‘liq ish turlarini amalga oshirish.
5. Marketing faoliyatini boshqarish va nazorat qilish masalalarini hal qilish.
Demak, marketing asosan bozordagi talab, narx-navo, reklama, mol sotishni rag‘batlantirish masalalarini o‘rganadi, mol xillarini, savdo-sotiqni rejalashtirish, molni saqlash, yetkazib berish, haridorlarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqadi. Marketingning asosiy tamoyillari - bozorni bilish, bozorga moslashish va bozorga ta’sir o‘tkazishdan iborat. Bozorni bilish deganda iste’molchilarni har tomonlama o‘rganish, ularning intilishlarini, didlarini va istaklarini bilish ko‘zda tutiladi. Demak, bozorga moslashish uchun talabni qondiradigan mahsulotlarnigina ishlab chiqarmoq darkordir. Ya’ni, nima ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shuni sotmaslik, balki bozortalab mollarnigina ishlab chiqarmoq zarur. Bozorga ta’sir o‘tkazish talabni shakllantirish, ya’ni tovarni yaratish bilan bir qatorda uning iste’molchisini ham yaratmoq lozim. Ushbu tamoyillardan kelib chiqqan holda, marketingning asosiy vazifasi - bozor konsepsiyasining strategiya va taktikasini ishlab chiqishdan iboratdir, ya’ni marketing strategiyasi korxona imkoniyatlarini bozor talablari darajasiga moslashtirishdir. Marketing faoliyatining quyidagi to‘qqizta asosiy sohasi (vazifasi) mavjud:
- mahsulotni rejalashtirish va mahsulotni yaratish;
- mahsulotning standarti va navlarini belgilash;
- mahsulot haridini o‘rganish va uni tegishli ravishda guruhlashtirish;
- mahsulotni sotish;
- mahsulotni omborlarga joylashtirish;
- transport xizmatini uyushtirish;
- marketing faoliyatini moliyalashtirish;
- xavf-xatarni hisobga olish;
- bozorga oid axborotlarni to‘plash va tahlil qilish.
Demak, har bir korxonaning faoliyatini marketingga asoslangan faoliyat deyish uning quyidagi shartlarni bajarganidagina to‘g‘ri bo‘lishi mumkin:
- talab so‘rovlarini biladi va amalga oshiradi;
- o‘zining bozordagi holatini muttasil ravishda yaxshilashga intiladi;
- rentabellilik darajasini uzoq, davr mobaynida ko‘tarishga harakat qiladi;
- tashqi shart-sharoitlar o‘zgarishiga o‘z raqobatchilariga nisbatan yaxshi va tezroq moslashadi.
«Menejment» so‘zi inglizcha bo‘lib, boshqaruv degan ma’noni anglatadi. Ingliz tilining fundamental Oksford lug‘atida bu so‘zning quyidagi talqinlarini uchratish mumkin:
1) odamlar bilan muomala qilish usuli, tarzi;
2) hokimiyat va boshqaruv san’ati;
3) ishbilarmonlikning o‘ziga xos turi;
4) ma’muriy vazifa.
Shunday qilib, «Menejment» atamasi quyidagi ma’nolarni anglatadi: boshqaruv; inson o‘rganadigan bilimlar sohasi; boshqaruvni amalga oshiradiganlarning ijtimoiy qatlami. Menejment bir ilm sohasi sifatida fanlararo tarmoq bo‘lib, unda iqtisod, sosiologiya, psixologiya, huquq, texnika va boshqa fanlarda erishilgan yutuqlar, shuningdek, boshqaruv san’ati tajribalari o‘z ifodasini topadi. O‘zbekistonda shakllanayotgan zamonaviy menejment - bu kompleks ravishdagi innovasiya fani bo‘lib, u bozor iqtisodiyotining shakllanishi, tadbirkorlikning rivojlanishi, muayyan shart-sharoitlar va raqobatga layoqatlilikning yaratilishi, iqtisodiy erkinlik hamda mas’uliyat asosida jismoniy hamda huquqiy shaxslar faoliyatini jonlantirish uchun qulay zamin yaratilishi bilan bir vaqtda dunyoga kelmoqda. Menejment o‘ziga xos murakkab ijtimoiy-iqtisodiy, axborat beruvchi va tashkiliy-texnik hodisa, ish jarayoni bo‘lib, obyekt holati, sifatlarining turlanishiga qarab o‘zgarib boradi. Menejment, kadrlarni shakllantiradi, odamlar o‘rtasidagi munosabatlar tizimini belgilaydi, ularni jamoa mehnati faoliyati jarayoniga jalb qiladi. Menejmentning eng muhim vazifasi xodimlarning o‘sishiga, ularning o‘qib-o‘rganishiga ko‘maklashish, kamol topishini ta’minlashdir. Har qanday odam ongli va bunyodkor subyekt sifatida ish ko‘rar ekan, shaxs sifatida ko‘p qirrali tuzilishga egadir. Shuning uchun ham har qanday odamning muayyan talab ehtiyoji, maqsadi, orzu- intilishlari bo‘ladi. Modomiki, firmalar tobora rivojlanayotgan ekan, menejer xodimlarni rejalashtirish va xizmat darajasining o‘sishiga qarab martabasini yanada ko‘tarishga doimo e’tibor berishlari kerak. Zamonaviy menejment aslida amaliy ish bo‘lib, u vaziyatni tahlil qilish, uni oldindan ko‘ra bilish, bosh vazifalarni, asosiy qarama-qarshiliklarni, ustuvor tamoyillarni aniqlash, boshqaruv ishlarining turli muqobillarini ko‘tarib chiqish, muqobil holatlarni baholay olish, bugungi kun talablariga javob beradigan eng zarur tadbirlarni aniqlash, mazkur boshqaruv vaziyatini eng maqbul sharoitga ko‘chirishga imkon beradigan aniq yo‘l-yo‘riqlarni (harakat dasturini) ishlab chiqish bilan boqliqdir. Menejer bu birinchi navbatda yollangan boshqaruvchi bo‘lib, u o‘z qo‘l ostidagi xodimlarining muayyan ishlarini tashkil etadi va ayni vaqtda o‘zi ham ma’lum hajmdagi boshqaruv vazifasini bajaradi. Binobarin menejer quyidagi fazilatlarga ega bo‘lishi kerak:
- bilimga tashnalik, professionalizm, novatorlik, ishga ijodiy yondoshish;
- qat’iylik, o‘ziga ishonch va ishga fidoyilik;
- yangicha fikrlash, topqirlik, tashabbuskorlik va g‘oyalarni hayotga tatbiq eta olish qobiliyati;
- odamlarga ruhiy ta’sir ko‘rsata olish salohiyati;
- chiqishimli bo‘lish va yutuqlarni hisob qila olish;
- hissiyotga berilmaslik va ruhiy zarbalarga chidash;
- ochiq ko‘ngillilik, tadbirkorlik va yuz berayotgan o‘zgarishlarga oson moslashish;
- vaziyatni boshqara olish va korporativ tuzilmalarda shaxsga xos g‘ayrat-shijoat ko‘rsatish;
- o‘zini-o‘zi o‘stirishga va o‘zini safarbar etishga ichki ehtiyoj sezish;
- serqayrat va bardoshli bo‘lish;
- o‘zining muvaffaqiyatini himoya qilishga moyillik va samarali xujumga o‘ta olish;
- o‘z ishini va qabul qilingan qarorlar uchun mas’uliyatni his etish;
- jamoada va jamoa bilan ishlashga o‘zida ehtiyoj sezish.
Do'stlaringiz bilan baham: |