Dialektika tizimida bu qonunning markaziy o‘rni nima bilan belgilanadi? Birinchidan, bu qonun har qanday harakat va rivojlanish manbaini yoritadi, ya’ni rivojlanish nazariyasining eng muhim savollariga javob beradi. Ikkinchidan, bu qonun dialektikaning qolgan barcha qonunlari va kategoriyalarining asosi hisoblanadi. Ko‘rsatilgan qonunlar va kategoriyalarning har birida biz birlik va kurash munosabati bilan bog‘liq bo‘lgan qarama-qarshiliklarga duch kelamiz. Uchinchidan, dialektik ziddiyatlilik qonuni yagonani tafakkurda ikkilantirish va uning qarama-qarshiliklarini ularning tahlilini sintez bilan birlashtirish orqali o‘rganishni talab qilib, bilish dialektik metodining bosh mazmunini belgilaydi.
Rivojlanish manbaini yorituvchi dialektik ziddiyatlilik qonunidan farqli o‘laroq, miqdor va sifat o‘zgarishlarining bir-biriga o‘tishi qonuni rivojlanish jarayonining mexanizmini yoritadi, u qay tarzda va qanday shakllarda amalga oshirilishini ko‘rsatadi. Bu qonunning xususiyatini, u qanday namoyon bo‘lishi va amal qilishini aniqlash uchun uning asosiy tushunchalari: sifat, miqdor, me’yor, sakrashning mazmunini yoritish talab etiladi.
Sifat – narsaning ichki xususiyati, predmetni mazkur jihatdan farqlash uchun zarur va yetarli bo‘lgan xossalar majmui. Sifat – xossalarning oddiy majmui emas, balki ularning muayyan yaxlitlikdan o‘rin olgan va predmetning alohida mohiyat sifatida mavjudligini belgilovchi tizimidir. Predmetlarning munosabatlari va aloqalarining rang-barangligi ayni bir predmetda qarama-qarshi xossalar va sifatlar mavjudligini izohlaydi. Bir jihatdan yengil narsa boshqa bir jihatdan og‘ir bo‘ladi, bir aloqada oq narsa boshqa bir aloqada qora bo‘ladi va h.k. Masalan, suv va bug‘ bir-biridan sifat jihatidan farq qiladimi yoki miqdor jihatidanmi? Moddaning agregat holatini taqqoslaydigan bo‘lsak, suv va bug‘ sifat jihatidan farq qiladi. Taqqoslash suv va bug‘ning kimyoviy tarkibini aniqlashni nazarda tutsa, ularning o‘rtasida miqdoriy farq mavjud bo‘ladi. Ammo har qanday narsa bir jihatdan bitta sifatga va turli jihatlardan ko‘plab sifatlarga ega bo‘ladi
Xossa – predmetning jihati bo‘lib, uning boshqa predmetlardan farqi yoki ular bilan o‘xshashligini belgilaydi va ular bilan o‘zaro aloqada namoyon bo‘ladi. Xossalar muhim va ikkinchi darajali bo‘lishi mumkin. Muhim xossalar predmetning sifatini belgilaydi. Ularning yo‘qolishi mohiyatini mazkur xossalar tashkil etgan predmetning ham yo‘qolishini anglatadi. Ikkinchi darajali xossalar o‘zlashtirilishi yoki predmetning sifatini o‘zgartirmasdan yo‘qolishi mumkin. Har qanday xossa (temperatura, hajm, energiya va sh.k.) muayyan miqdor va sifatga ega bo‘ladi. Har qanday predmet o‘zining mavjudligini belgilovchi barcha xossalar majmuidir..
Do'stlaringiz bilan baham: |