Ahmad Donish (1827-1897) bo’lib, u falsafa, falakiyot, riyoziyot, adabiyot, tarix sohasida asarlar yozgan.
U mamlakatni odilona boshqarish uchun islohot zarurligini uqtiradi. Davlat, olimning nuqtai nazaricha, xalqning
manfaatini himoya qilishi, hukmdor esa, bilimdon, aqlli bo’lib o’z atrofidagilar bilan kengashib davlatni idora qilishi
lozim. Bunday fikrlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar olimning «Navodirul-vaqoe» va boshqa risolalarida o’z ifodasini
topgan. Olimning asarlari o’z tadqiqotchilarini kutmoqda.
XIX asrning ikkinchi yarmida ijod etgan qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Berdaq (1827-1900) «Omongeldi»,
«Xalq uchun», «Ahmoq podsho», «Yaxshiroq», «Bo’lgan emas», «Ernazarbiy» kabi asarlarning muallifidir. Ushbu
asarlarda mutafakkir qoraqalpoq xalqining turmush tarzini, o’sha zamondagi hayotini mohirona tasvirlaydi. Berdaq
asarlarida axloq va xulq-odob, nafosat va go’zallik, vatanparvarlik, insonparvarlik, tenglik, qahramonlik va mardlik,
mustaqillik, haqiqat uchun kurash kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlar keng o’rin olgan.
Uning ijtimoiy-falsafiy va axloqiy qarashlari yoshlar ongida ma’naviyat va milliy mafkurani shakllantirishda
muhim tarbiyaviy kuchga ega.
Ma’rifatparvarlik harakatining yirik namoyandalaridan biri Furqatdir (1859-1909). Zokirjon Holmuhammad o’g’li Furqat
Qo’qonda dunyoga keladi. U «Ilm xosiyati», «Akt majlisi xususida», Toshkent shahrida bo’lg’on nag’ma bazmi xususida»,
«Vistavka xususida», «Shoir ahvoli va she’r mubolag’asi xususida» va boshqa ko’plab asarlarida ma’rifatparvarlik g’oyalarini
ilgari suradi.
Furqat o’ta murakkab davrning ziddiyatli tomonlarini, mamlakat qoloqligining tub sabablarini haqqoniy idrok qiladi. Bu
qoloqlikning asl sababi jaholatda, urush-janjallarda deb bildi. Xon va beklarning o’zaro nizolari, ularning savodsizligi va
johilligi, ochko’z va tamagirligi, tekinxo’rligi mamlakat va xalqqa ofat va kulfat keltirayotganini u ko’ra bildi.
Furqat jamiyatdagi salbiy illatlar va adolatsizliklarni bartaraf etishda, ma’rifat, ilm-fan, ta’lim-tarbiya muhim
ahamiyatga ega ekanligini chuqur tushunib etdi.
O’sha davr ma’rifatparvarlik harakatining yirik namoyandalari Muqimiy (1850-1903), Zavqiy (1853-1921), Anbar
Otin (1870-1914), Hamza (1889-1929) ijtimoiy ziddiyatlar kuchaygan davrda yashadilar. Ular jamiyatdagi illatlarni
tanqid qilish bilan ajralib turadilar.
Muqimiy o’z dunyoqarashida erkin jamiyat, insof va adolat, insoniylik, iymon-e’tiqod, erk, barkamol inson haqida fikr yuritdi,
adolatsizlik, zo’ravonlikka asoslangan jamiyatni qoraladi.
U «Veksel», «Urug’», «Asrorqul», «Dodxohim», «To’y», «Tanobchilar», «Moskovchi boy» va boshqa xajviy
asarlarida ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik, o’zboshimchalik va zo’ravonlik, og’ir soliqlarni haqqoniy ravishda
tasvirlaydi.
O’zbek adabiyoti va madaniyatining yirik vakili Hamza Hakimzoda Niyoziy dunyoqarashining shakllanishida
Fuzuliy, Navoiy, Hofiz, Furqat va Muqimiylarning adabiy merosi muhim rol o’ynadi. Hamza «Maysaraning ishi»,
«Istibdod qurbonlari», «Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari» va boshqa ko’plab asarlarning muallifidir. U ma’rifat,
bilim egallash, baxtli va farovon hayotga intilish g’oyalarini ilgari suradi. Hamza jaholat, bilimsizlik, firibgarlikni
qoraladi, rus amaldorlarining yaramas xatti-harakatlarini fosh etdi.
Hamza maktab va maorif ishlarida faol qatnashib, bolalarni bilim egallashi uchun jonbozlik ko’rsatdi, doimo haqiqat uchun
kurash olib bordi. Uning ma’rifatchilik g’oyalari ijtimoiy-falsafiy fikr va ma’naviyat rivojiga muhim hissa bo’lib qo’shildi.
Turkistonda ma’rifatchilik harakatining avj olishi jadidchilik g’oyalarining vujudga kelishida muhim o’rin egalladi.
Lekin Sho’rolar davrida jadidchilik ko’pincha bir tomonlama talqin qilindi, uning g’oya va maqsadlarini soxtalashtirish
va hatto uni millatchilik harakati deb baholash hollari ham bo’ldi. Mustaqillikka erishilgandan so’ng bu harakatni
xolisona va ilmiy nuqtai nazardan tadqiq qilish imkoniyati tug’ildi. Jadidchilik harakatining yirik namoyandalari
Turkistonda mustaqillik, milliy taraqqiyot uchun, xalqning manfaatlari uchun kurash olib bordilar. Jadidchilik
harakatining muhim xususiyati uni milliy-ozodlik harakati va Turkistonda milliy burjuaziyani vujudga kelishi bilan
chambarchas bog’liqligi edi.
O’sha davrda jadidchilik harakatining qator vakillari etishib chiqdi. Bular Munavvar Qori, Avloniy, Behbudiy,
Fitrat, Cho’lpon va boshqalardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |