Falsafaning yangilanishi va mafkuraviy jarayonlar uzviy bog’liq. Falsafiy dunyoqarash ijtimoiy ong va mafkuradan
ajralmasdir. Mafkura jamiyatdagi ma’naviy muhit qanday ekanini ko’rsatib turadigan eng asosiy mezonlardan biri bo’lsa,
falsafa uni shakllantiradigan omillar sirasiga kiradi. Ammo eski qoliplarga o’ralgan falsafiy dunyoqarash asosida yangi
zamonning mafkuraviy talablariga javob berib bo’ladimi? Yo’q, albatta.
Mafkura jamiyatsiz paydo bo’lmaganidek, ijtimoiy-siyosiy tuzum va uning ma’naviy hayotini ham mafkurasiz tasavvur
etib bo’lmaydi. Mafkura o’z mohiyati, maqsadi, harakat yo’nalishlari bilan jamiyatning bosh g’oyasiga xizmat qiladi. U —
jamiyat hayotining tarkibiy qismi, binobarin, uning bag’rida shakllanadi, madaniy meros va qadriyatlar zaminida faoliyat
ko’rsatadi.
Aslida tarixda mafkuradan mutlaqo xoli davrlar kam bo’lgan. Shunday davrlar bo’lgan taqdirda ham, ulardan so’ng
albatta har safar mamlakatning o’ziga xos va o’ziga mos mafkuraviy muhitini qayta tiklash va yangilash jarayoni
boshlangan. Vatanimizda kechayotgan bugungi mafkuraviy yangilanishni sohibqiron Amir Temur davrida mo’g’ullar
imperiyasi istilosiga barham berib, mustaqillik uchun, milliy davlatchilik asoslarini qayta tiklash uchun kurash yillariga
qiyoslash mumkin.
Mamlakatimizda milliy istiqlol mafkurasini shakllantirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun sobiq
mustabid tuzum mafkurasi butunlay o’tmishga aylandi. Diyorimizda milliy davlatchilik an’analarimiz qayta
tiklanmoqda, ma’naviyat, madaniyat va ma’rifat yangi yuksaklikka ko’tarilmoqda. «Ana shu jarayonning asosiy
xususiyatlari nimalardan iborat?», «U hayotimizni qaysi tomonga eltadi?», «Biz bu jarayonda qanday ishtirok etishimiz
lozim?» degan savollarga javob topish zarurati ijtimoiy tafakkurni o’zgartirishni dolzarb vazifaga aylantirmoqda.
Mustaqillik, milliy manfaatlarimizga mos mafkurani shakllantirishni kun tartibiga qo’ydi. U xalqimizning azaliy
an’analari, udumlari, tili, dili va ruhiyatiga asoslanib, ongimizga kelajakka ishonch, mehr-oqibat, insof, sabr-toqat,
adolat, ma’rifat tuyg’ularini singdirishi lozim.
Shu bilan birga, bu «Mafkura xalqimizda, o’zining qudrati va himoyasiga suyangan holda umuminsoniy
qadriyatlarga asoslanib, jahon hamjamiyatidagi mutaraqqiy davlatlar orasida teng huquqli o’laroq munosib o’rin
egallashiga doimiy intilish hissini tarbiyalamog’i kerak»
10
. Davlatimiz rahbarining ushbu fikrlarida milliy istiqlol
mafkurasining dasturiy vazifalari o’z ifodasini topgan. Mafkura dunyoqarashning asosini tashkil etadi, jamiyat va
xalqning taraqqiyot yo’lini belgilab beradi, jamiyat va millat rivojlanishidagi etakchi g’oyalarni ilgari suradi. Shu
g’oyalar asosida insonlar faoliyati, orzu-intilishlari, istiqbol rejalarini aniqlashga yordam beradi.
Mafkura davlat, siyosat yoki muayyan ijtimoiy guruh manfaatlariga xizmat qiluvchi qarashlar, g’oyalar tizimi sifatida
namoyon bo’ladi. U davlat, jamiyat yoki partiyalarning ijtimoiy barqarorligini, yashovchanligini g’oyaviy jihatdan ta’minlashga
ham xizmat qiladi. Shu o’rinda mafkura o’zi mansub bo’lgan jamiyat, millat yoki ijtimoiy guruhning harakat dasturiga g’oyaviy
yo’nalish berishga qaratilgan targ’ibotlar majmuiga ham o’xshab ketadi.
Binobarin, jamiyat, millat yoki biron-bir guruhga tegishli asosiy ijtimoiy qadriyatlar haqidagi tasavvurlar ham
mafkura orqali hosil qilinadi. Mafkura har bir davrning etakchi g’oyalarini o’zida ifoda etgani uchun ham u haqda fikr
bildirish, uni dunyoqarashning shu sohadagi namoyishi deya qabul qilish mumkin. Mafkura — jamiyat va xalqning
taraqqiyot yo’lini uzviy tarzda belgilab beruvchi g’oyalar va muayyan ijtimoiy qatlamlar manfaatlariga qaratilgan
siyosiy, huquqiy, falsafiy, axloqiy, diniy va estetik qarashlar tizimidir. Ayni paytda uni shaxsiy darajadagi hissiy
tasavvur, tushuncha va g’oyalar majmui bilan uyg’un ma’lum bir maslak, ta’limot, dunyoqarashdir, deb talqin qilsa ham
bo’ladi. G’oya va mafkura to’g’risidagi mavzuda bu haqda alohida fikr yuritishimizni nazarda tutib, mafkura
to’g’risidagi fikrni qisqa va muxtasar etishni lozim, deb hisoblaymiz.
Falsafiy dunyoqarashning yangilanishi uchun istibdod va eski mustabid siyosat tufayli ongimizga singib ketgan
mutelik, loqaydlik, boqimandalik, sustkashlik, mas’uliyatdan qochish kabi asoratlardan xalos bo’lish darkor. Bu
asoratlar ham osonlikcha bartaraf etilmaydi. Bunda, avvalo jamiyatning siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy hayotida
yuz beradigan ijobiy o’zgarishlar uni harakatlantiruvchi, taraqqiy ettiruvchi asosiy omil — inson tafakkuri, ruhiyati, his-
tuyg’ulariga samarali ta’sir etadi. Shu bilan bog’liq ravishda, Vatan va xalq tarixi, ma’naviy-madaniy meros, ona tili,
din, milliy turmush tarzi, milliy urf-odatlarni yangi davrning mohiyat-mazmunidan kelib chiqqan holda tiklash, boyitish
va milliy g’urur-iftixorning yuksalishida juda ulkan o’rin tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |