Masalaning muhimligi atoqli entsiklopedik olimlar — Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, ibn-Sino, al-Farg’oniy kabi
tsivilizatsiyamizning zabardast namoyandalari ijodi va merosi ko’zgusida yanada yaqqolroq namoyon bo’ladi. Zero, ular nafaqat
Markaziy Osiyo,
arab-musulmon tsivilizatsiyasi, balki jahon madaniyati taraqqiyotiga nihoyatda katta hissa qo’shganlar, yurtimiz
qadriyatlari ta’sirini butun olamga yoyilishida xizmat qilganlar.
Shu bilan birga, umuminsoniy madaniyatning bebaho durdonalarini yaratgan Ulug’bek, Lutfiy, Navoiy, Bobur kabi
zotlarning jahon tsivilizatsiyasiga qo’shgan xizmatlarini tilga olmay bo’ladimi?
Afsuski, tsivilizatsiyamizga xos eng yuksak qadrlash mezonlarini yaratgan o’rta asrlardagi ko’tarilish davri
temuriylar saltanatidan so’ng asta-sekin tanazzulga yuz tutdi, markazlashgan davlat parchalanib ketdi. Avval Xiva
xonligi va Buxoro amirligi, so’ngra Qo’qon xonligi vujudga keldi. Uch yuz yildan ortiqroq davrni o’z
ichiga olgan bu
jarayon xonlik, amirlik, turli sulolalar, urug’lar o’rtasidagi urushlar, tinimsiz ziddiyatlar orqali kechdi, yaxlit
tsivilizatsiyamizning hamjihatligini ta’minlaydigan umumiy qadriyatlar tizimi darz ketdi, qadrlash mezonlari ham bir
qadar o’zgara boshladi.
XIX asrning o’rtalariga kelib, amirlik va xonliklarga bo’linganligiga qaramasdan, mustaqil
yashagan Turkiston chor
Rossiyasi tomonidan bosib olindi, yurtimiz imperiyaning mustamlakasi bo’lib qoldi. Mustamlakachilarning qadriyatlari
va qadrlash mezonlari xalqimiz orasiga zo’rlik bilan singdirila boshlandi. XIX asrning oxirlari va XX asr boshlarida
yurtimizda «jadidlar» oqimi vujudga keldi. M. Behbudiy, So’fizoda, Avloniy, Cho’lpon, Fitrat va boshqa jadidlar
merosiga diqqat qilinsa, o’sha davrda yurtimizda ma’naviy tushunchalarning ko’lami qanchalik keng bo’lganligini,
falsafiy tilning naqadar boyligini, uning adabiyot bilan qanchaliy uyg’unligini yaqqol ko’rish mumkin. Ularning
asarlarida gohida biz
allaqachon esimizdan, tilimizdan va balki dilimizdan ham chiqarib yuborgan qadriyatlar,
tushunchalarga duch kelamiz. Jadidlarning merosi xalqimiz madaniyatiga yanada kattaroq ta’sir ko’rsatishi mumkin edi.
Afsuski, bolsheviklar boshlagan siyosiy jarayonlar bu avlodning boy merosini o’z domiga tortdi, uning taqdiri ayanchli
kechdi, ta’qiqlab qo’yildi. O’tmish avlodlar ardoqlagan va buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan sharqona qadrlash
mezonlarini yuz o’ttiz yil sarobga aylantirish uchun qilingan urinishlarning oqibatlari haligacha sezilib turadi. Faqat
mustaqillik yillariga kelibgina ushbu sohada ham ijobiy siljishlar boshlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: