asosida, ularni maqsadga muvofiq tashkil qilishga qaratilgan. Ya’ni, insonning ob’ektiv reallikni nazariy bilishga
asoslangan: tashkillashtirish, boshqarish, nazorat qilish faoliyatlari samaradorligi va maqsadga muvofiqligi turli
kategoriyalardan unumli foydalanishi bilan xarakterlanadi.
Sistema — narsa va hodisalarning bog’lanishlari, aloqadorligi va munosabatining tartibli tadrijiy rivojlanishini
ifodalaydi. Struktura esa, narsa hodisalar bog’lanishi, aloqadorligi va munosabatlari tizimining makon va zamondagi
birligini ta’minlaydigan sistemaning mavjudlik holatidir. Umuman, struktura (lotin tilida tuzilish, tartib degan ma’noni
anglatib), sistemani tashkil qilgan elementlarning nisbatan turg’un bog’lanish, aloqadorligi va munosabatidir. Hozirgi
mavjud falsafiy qarashlarda strukturani sistemaning aspekti sifatida qarash ustuvordir. Sistemani tashkil qilgan
elementlarning strukturaviy tuzilishi uning mavjudlik holatini hamda rivojlanish istiqbollarini belgilab turadi. Masalan,
tabiatdagi atomlarning tarkibiy tuzilishlari xususiyatlariga qarab, moddiy olamning xilma-xil ko’rinishlari, DNK yoki
RNK larning o’zaro ichki munosabatlari, xromosomalar xilma-xilligi, tirik organizmlar turli-tumanligi aniqlangan. Ular
umumlashgan xolda, moddiy olamning ob’ektiv realligi tarzida mavjud bo’lsa ham, moddiylikning konkret
strukturasiga ega bo’lgan sistemalardir. Borliqni tashkil qilgan elementlarning munosabatlariga, makon va zamon
xususiyatlariga qarab, ularni «ichki struktura» va «tashqi struktura» ga ajratish mumkin.
Element sistemani tashkil qilgan strukturaning o’zaro bog’lanish, aloqadorlik, munosabat jihatlarini ta’minlaydigan
nisbatan mustaqil tarkibiy qismidir. Jamiyatda element ijtimoiy munosabatlarning konkret ko’rinishlari tarzida
namoyon bo’ladi. Masalan, jamiyatni yaxlit sistema deb oladigan bo’lsak, undagi element alohida individlar, ijtimoiy
qatlamlar, tabaqalarning ongli munosabatlari tarzida ko’zga tashlanadi. Ya’ni, jamiyatning axloqiy, huquqiy, siyosiy,
iqtisodiy va boshqa munosabatlari strukturaviy tuzilishni tashkil qilgan. O’z navbatida, sistemani to’laligicha bilish,
uning stukturaviy tuzilishidagi har bir elementning funktsional faoliyatini alohida tahlil qilishni taqozo etadi.
Shuni alohida ta’kidlash keraki, insonlarning narsa hamda hodisalarga muayyan manfaatlari va ehtiyojlariga ko’ra
yondashishiga qarab, har bir elementni nisbatan mustaqil sistema sifatida olib qarash mumkin. Masalan, ma’naviyat jamiyat
strukturasida, uni tashkil qiluvchi muhim elementlarning biri hisoblanadi, lekin ma’naviyatni, maxsus ijtimoiy hodisa sifatida
alohida olib tahlil qiladigan bo’lsak, uning ichki elementlardan iborat mustaqil sistemaligini ko’ramiz. Shunga ko’ra, sistema,
struktura va element nisbiy tushunchalar bo’lib, kategoriyalar sifatida, unga bo’lgan munosabat doirasida konkretlashadi.
Shuning uchun «sistema», «struktura», «element» kabi falsafiy kategoriyalar narsa va hodisalarni bilishga sistemali
yondashish, strukturaviy tahlil usullarining umummetodologik asosi bo’lib hisoblanadi.
Elementlarni sistemani tashkil qilishdagi strukturaviy ahamiyatiga ko’ra: muhim va muhim bo’lmagan, asosiy va
asosiy bo’lmagan elementlarga ajratib o’rganish alohida ahamiyatga ega. Chunki har qanday konkret element, muayyan
sistemada makon-zamon xususiyatlariga ko’ra, o’z ahamiyatiga ega bo’ladi. Biroq, ularning ahamiyatini, yuqorida
ko’rsatilganidek, turkumlashtirish mutlaqo nisbiy hamda shartli xarakterga ega bo’lib, muayyan manfaatlar va ehtiyojlar
asosida yondashishdan kelib chiqadi. Shunga ko’ra, konkret makon va zamonda sistemani tashkil qilishdagi
elementlarning ahamiyati strukturaviy funktsiyasida muqobilliklar vujudga kelib turishi bilan izohlanadi. Ya’ni,
sistemadagi uning xarakterini belgilab turgan muhim element, ma’lum vaqtga kelib muhim bo’lmagan elementga
aylanishi yoki aksincha bo’lishi mumkin.
Umuman, falsafaning sistema, struktura, element kategoriyalari narsa va hodisalarning mazmunini, shaklini ochib
berishda metodologik asos bo’ladi.
Falsafa fanidagi an’anaviy tarzda yozilgan darsliklar, o’quv qo’lanmalaridan farqli o’laroq, bu kategoriyalarni
qiyosiy tahlil qilishimizdan maqsad, boshqa juft kategoriyalarning mazmunini ochib berish imkoniyatini yaratishdir.
Chunki, «mohiyat va hodisa», «mazmun va shakl», «sabab» va oqibat», «zaruriyat va tasodif», «imkoniyat va voqelik»
kategoriyalarining mazmuni, yuqorida ko’rsatilgan «alohidalik», «xususiylik» «umumiylik», «butun», «qism»,
«struktura», «element», kategoriyalari mazmuni bilan uzviy bog’liqdir. Shuning uchun biz falsafa kategoriyalarini bir-
birini taqozo qiluvchi, nisbatan mustaqil bilish usullarining yaxlit sistemasi tarzida olib qarashni lozim topdik. Lekin,
buning uchun har bir kategoriyaning mazmunini alohida tahlil qilish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: