UCHINCHISI ISTISNO QONUNI
Uchinchisi istisno qonuni ziddiyat qonunining davomi, uning yanada rivojlantirilishi, chuqurlashtirilishidir. Fikrlash davomida vujudga kelgan ikki imkoniyatlardan birini tanlash zaruriyati tug‘ilganda unga amal qilinadi.
Unutmang!
Bu qonun quyidagicha ifoda etiladi: "Bir-biriga zid bo‘lgan ikki hukmdan biri hamisha chin bo‘lib, ikkinchisi xatodir, uchinchisi bo‘lishi mumkin emas". Formulasi A yoki B yoki V emas.
Fikrimizning isboti uchun quyidagi misollarni ko‘rib chiqaylik:
1. "Bu kitob foydali" "Bu kitob foydali emas".
2. "Bu yigit FarDU talabasi", "Bu yigit FarDU talabasi emas".
3. "Hech bir olim arxitektor emas", "Ba’zi olimlar arxitektor".
4. "Agar havo aynisa yomg‘ir yog‘adi", "Agar havo aynimasa, yomg‘ir yog‘maydi".
ETARLI ASOS QONUNI
Qonun shunday ifodalanadi: Muayyan muhokama jarayonida bildirilgan har qanday fikr etarli darajada asoslab berilishi kerak. Bu qonun talabiga ko‘ra to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deb bildirilgan har qanday fikrning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi qonunlar, aksiomalar va dalillar asosida isbotlab berilishi zarur.
Eslab qoling va amal qiling!
To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deb bildirilayotgan har qanday hukm etarli darajada isbotlab berilishi shart.
"O‘zbekiston - kelajagi buyuk davlat" deb aytilishi jarayonida mamlakatimizning tabiiy muhiti (ob-havo, tuprog‘i, tabiiy boyliklari, etishtirilayotgan dehqonchilik, chorvachilik, poliz, sabzavot va boshqa ekinlar), iqtisodiy (O‘zbekiston iqtisodiyoti) va intellektual (vatanimizning boy tarixi, an’ana, urf-odatlari) imkoniyatlari haqida gapirilib o‘tilsa, fikr yanada ishonarli chiqadi.
6-MAVZU: JAMIYAT VA INSON FALSAFASI.
Jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risidagi nazariyalar. Falsafiy tafakkur tarixida jamiyatning mohiyati va rivojlanishiga oid turli nazariyalar mavjud. Xususan, nemis faylasufi Gegel jamiyatning shakllanishi va rivojlanish sabablarini mutlaq ruhning rivojlanishi bilan, L. Feyerbax din bilan bog‘lagan, ijtimoiy taraqqiyot sabablarini diniy ong taraqqiyotidan izlagan. Fransuz mutafakkiri O. Kont jamiyatning rivojlanish sabablarini insoniyat ma’naviy taraqqiyotining uch bosqichi (teologik, metafizik, pozitiv bosqichlar) bilan izohlagan. K. Marks jamiyatning rivojlanish sabablarini sinfiy kurash va inqilobiy o‘zgarishlar bilan bog‘lagan, barcha ijtimoiy hodisa va jarayonlarni sinfiy nuqtai nazardan tushuntirgan. Ijtimoiy ziddiyatlarni sun’iy ravishda mutlaqlashtirgan va ziddiyatlarni hal etishning asosiy usuli sifatida ijtimoiy inqilobni amalga oshirishni, mulkdorlar sinfini tugatishni taklif etgan. Ijtimoiy amaliyot bunday nazariyaning bir yoqlama va xato ekanini ko‘rsatdi.
Jamiyat taraqqiyoti ko‘p bosqichli jarayon ekani to‘g‘risidagi qarashlar AQSH faylasufi O. Toffler tomonidan ilgari surilgan. Bunday qarashga ko‘ra jamiyatlar taraqqiyotiga binoan, agrar jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial jamiyatga ajratilgan. Adabiyotlarda jamiyat taraqqiyoti borasida sivilizatsiyali yondashuv g‘oyasi ilgari surilmoqda. Bunday yondashuvga ko‘ra har bir xalq o‘zining betakror, noyob, o‘ziga xos va o‘ziga mos turmush tarzini saqlab qolgan holda, boshqa xalqlar tajribalaridan ijodiy foydalanish orqali ijtimoiy taraqqiyotning o‘ziga xos modelini yaratadi.
Barqarorlik – jamiyat taraqqiyotining tadrijiy rivojlanishi, ijtimoiy tizimning muayyan darajadagi bir tekis faoliyat ko‘rsatish imkoniyatidir.
U turg‘unlik tushunchasidan keskin farqlanadi. Ijtimoiy-siyosiy turg‘unlik tushunchasi jamiyatdagi mavjud siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy tizimning tanazzuli alomatidir. Beqarorlik ichki va tashqi jarayon va tahdidlar natijasida vujudga keladi. Beqarorlik bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqa bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga o‘tish davrida keskinlashishi mumkin. Jamiyat barqarorligining izdan chiqishi kishilar psixologiyasidagi salbiy o‘zgarishlarda, qonunlarning ishlamasligida, ijtimoiy burchning ado etilmasligida, ijtimoiy ideallarning yo‘qolishida, g‘oya va mafkuraga loqaydlikning kuchayishida, turli jinoiy guruhlarning paydo bo‘lishida, ijtimoiy adolat mezonlarining buzilishida, davlat idoralarining aholini boshqarish qobiliyati kuchsizlanishida, turli ziddiyatlarning keskinlashuvida o‘z ifodasini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |