Falsafa tarixida haqiqat (bilimlarning haqiqiyligi) muammosi qadimgi davrlardayoq ta’riflangan. “Avesto”da haqiqat oliy sharofatdir deyiladi. Darhaqiqat insoniyat doimo haqiqatga intilgan. Zero haqiqat adolatga, sharofatga eltadigan buyuk qudrat. Aristotel fikricha haqiqat – mulohazalar va amaldagi holat o‘rtasidagi muvofiqlikdir.
Platon haqiqatni g‘oyalar dunyosiga mos keluvchi g‘ayritabiiy mustaqil ideal mohiyat sifatida tushungan, inson bilimi jonning shu g‘oyalar dunyosi bilan mushtarakligi darajasidagina haqiqiydir, deb hisoblagan.
Foma Akvinskiy haqiqat yolg‘on narsalarda emas, balki aqlda mavjud bo‘ladi, har bir narsa o‘zi bog‘liq bo‘lgan aqlga munosabati darajasidagina haqiqiy deb nomlanishi mumkin, deb qayd etgan.
Beruniy fikricha, haqiqat bilimning voqelikka muvofiqligidir. Forobiy fikricha, haqiqatni bilish aqlning kamolotiga bog‘liq. Bu aql inson qalbidadir, uning kamolotiga esa faol aqlga qo‘shilish orqali erishiladi. Faol aqlda borliqning eng oliy darajasi bo‘lgan. Birinchi sababdan boshlab to oxirgi haqiqatning barcha sura shakllari mavjud. Shuningdek Forobiy va uning izdoshlari fikricha, haqiqat bir nechta bo‘lishi mumkin emas, haqiqat bitta, Shu bois falsafa ham bir nechta bo‘lishi mumkin emas. Forobiy haqiqatning o‘zgarmasligiga ishongan va falsafani haqiqatning birdan bir ifodasi deb hisoblagan6.
Nisbiy haqiqat – bu bizning borliqdagi predmet va hodisalar to‘g‘risidagi taxminan to‘g‘ri, lekin to‘liq bo‘lmagan bilish jarayonida tuzatilib, to‘ldirilib borilishi lozim bo‘lgan bilimlarimizdir.
Mutlaq haqiqat esa – bu borliqdagi predmet va hodisalar haqidagi har tomonlama to‘liq, aniq, mukammal, kelgusida tuzatilmaydigan, to‘ldirilmaydigan bilimlardir.
Yolg‘on haqiqatning qarama-qarshisi. Yolg‘on odatda noto‘g‘riligi ayon bo‘lgan tasavvurlarni bila turib haqiqat darajasiga ko‘tarish sifatida tushuniladi.
Yanglishish – o‘z predmeti bilan mushtarak bo‘lmagan, unga mos kelmaydigan bilim. Haqiqat yoyilishi va teranlashuvining barcha bosqichlarida uning doimiy va zaruriy hamrohi yanglishishdir.
AMALIYOT. Bilishning negizini amaliyot tashkil etadi. Bu insonning butun bilish jarayoni sezgilardan boshlab ilmiy mavhumliklarga qadar ijtimoiy-amaliy faoliyat asosida rivojlanishi, uning ehtiyojlari va muvaffaqiyatlari bilan belgilanishi va yo‘lga solinishini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |