Geraklit harakatni miqdor jihatidan oddiy joydan-joyga ko‘chish sifatida emas, balki uzlukli va uzluksiz, barqaror va o‘zgaruvchan narsa va jarayonlarning o‘zaro nisbati nuqtai nazaridan tushuntirishga harakat qilgan. Antik davrdayoq Geraklit, undan keyin Epikur har qanday harakat manbaini ichki jarayonlarning qarama-qarshiligidan topgan.
Harakatni o‘rganishning muhimligini barcha faylasuflar teran anglagan. Aristotel harakatni bilmaslik, sabablarni bilmaslikka olib keladi, deb hisoblagan va borliqning turlari qancha bo‘lsa, harakat va o‘zgarishlarning turlari ham shuncha, deb qayd etgan.
Ammo Aristotel jonsiz, passiv materiya konsepsiyasini rivojlantirib, pirovard natijada, muayyan birinchi harakatlantirgich – har qanday faollikning negizi sifatidagi sof shakl harakat manbaidir, degan xulosaga keldi.
O‘rta asr Sharq mutafakkiri Forobiy fikricha, harakat va sukunatning ibtidosi, biron-bir narsaga yoki irodaga borib taqalmasa, uni tabiat deb atash mumkin. Harakat vaqt bilan belgilangan. Harakat ibtido va intiho bilan chegaralanmagan3.
Ibn Sino fikricha harakat vujudi mumkinning ichki mohiyatidan kelib chiqadi va osoyishtalik bilan mavjud bo‘ladi. Harakat bu ashyolar, voqealarda sodir bo‘ladigan o‘zgarishdir4.
Uyg‘onish davri mutafakkirlari har qanday borliq – olamdan tortib mayda zarragacha – unga xos bo‘lgan ruh tomonidan harakatga keltiriladi, degan fikrni ilgari surdilar. Ular – butun olamni ilohiylashtirish ta’limotiga asoslandilar.
Masalan, ingliz faylasufi Jon Toland (1670-1722) dinni tanqid qilar ekan, harakatni materiya atributi, deb hisoblaydi. U «Men harakatni materiyaning muhim xossasi, deb bilaman.
Harakatning atributliligini fransuz faylasufi Deni Didro (1713-1784) ham isbotlashga harakat qilgan. Uning fikriga ko‘ra, «Mutlaq harakatsizlik tabiatda mavjud bo‘lmagan abstrakt tushunchadir», «Harakat materiyaning uzunlik, chuqurlik, kenglik kabi haqiqiy xossasidir». D.Didro mexanitsizmni, ya’ni harakatni makonda ko‘chib yurishgagina bog‘lashni rad qilishga harakat qildi. U tabiat abadiy harakat va rivojlanishda bo‘ladi, deb hisoblagan. Uning fikricha, borliq bir shaklda halok bo‘ladi va boshqa shaklda vujudga keladi, materiyaning faolligini o‘z-o‘zidan harakat g‘oyasi bilan tushuntirish mumkin.
HARAKAT TIPLARI. Fanda ob’ektiv borliq narsalari va hodisalari harakatining ikki asosiy tipi: progress va regress farqlanadi.
Orqaga qaytmaslik va muayyan yo‘nalishga egalik xos bo‘lgan mazkur harakat tipi rivojlanish deb ataladi. Bunda narsa yoki hodisa strukturasining murakkablashuvi, ular tashkil topish darajasining yuksalishi yuz berishi mumkin bo‘lib, bu odatda taraqqiyot (progress) sifatida tavsiflanadi.
Agar harakat teskari yo‘nalishda – barkamolroq va rivojlanganroq shakllardan uncha rivojlanmagan shakllarga, murakkabdan oddiyga qarab yuz berayotgan bo‘lsa, bu holda regress to‘g‘risida so‘z yuritish odat tusini olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |