3. Materialistik dialektika. Gegel dialektikasi materialistik dialektikaning shakllanishiga zamin hozirlagan. Materializm dialektik mantiq bilan bog‘langan. Buning natijasi o‘laroq dialektikaning uchinchi tarixiy shakli yaratilgan (XIX asrning ikkinchi yarmi). Unga amalda ilmiy bilishning rivojlanishi yo‘l ochib bergan. XIX asrning 40-yillarigacha fanning turli sohalarida yangi kashfiyotlar paydo bo‘lgan va ular tabiatni tushuntirishga nisbatan dialektik-materialistik yondashuvni tabiatshunoslik nuqtai nazaridan asoslagan.
Qonun – tizimning elementlari o‘rtasidagi umumiy aloqa. Ularning uchta turi mavjud.
VOQELIK QONUNLARI bizning ongimizdan, biz ularni bilish-bilmasligimizdan qat’i nazar mavjud va amal qiladi.
FAN QONUNLARI odamlar tomonidan anglab etilgan voqelik qonunlarining ongimizdagi in’ikosi hisoblanadi.
FALSAFA QONUNLARI tabiat va jamiyatda insonning ongiga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan biri ikkinchisini taqoza qiluvchi qonunlardir. Falsafada qarama-qarshiliklar birligi qonuni markaziy o‘rinni egallaydi.
Ziddiyatlar – narsa yoki hodisa qarama-qarshi tomonlarining bir-birini istisno etish va bir-biriga o‘tish munosabatlaridir. Ziddiyatlar borliqning barcha hodisalari va jarayonlariga xos bo‘lib, o‘zgarish va rivojlanishning manbai, harakatlantiruvchi kuchi sifatida amal qiladi. Ayni shu sababli ziddiyat dialektik ziddiyatlilik qonunining mohiyatini yoritib beruvchi bosh kategoriya hisoblanadi.
Ziddiyat – bu qarama-qarshiliklar munosabatigina emas, balki ularning tarqalish jarayoni hamdir. Shu tufayli ham, Gegel g‘oyalariga asoslanib, ziddiyat tarqalishining quyidagi bosqichlari (fazalari) farqlanadi: ayniyat, tafovut, qarama-qarshilik, ziddiyat va asos (ya’ni ziddiyatning echilishi).
AYNIYAT VA TAFOVUT. Predmetning rivojlanishi va ziddiyatlarning echilishi bir necha bosqichdan o‘tadi. Dastlabki bosqich – predmetning o‘z-o‘zi bilan nisbiy ayniylik holati. Tabiatda mutlaq ayniyat mavjud emas. Masalan, har bir organizm hatto oqsil molekulasining tuzilishi darajasida ham o‘ziga xos belgilarga egadir. Har qanday predmet hech qachon o‘z-o‘zi bilan ayniy bo‘lmaydi. Masalan, ko‘zguga kelar ekansiz, siz o‘z qiyofangizda hech qanday farq ko‘rmaysiz. O‘z do‘stingiz bilan oradan besh yil o‘tib uchrashgach, ikkalangiz ham: «U juda o‘zgarib ketibdi!», deb o‘ylasangiz kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |