Eten Bonno de Kondilyak (1714-1780) ishlab chiqqan bilish nazariyasi falsafa tarixida ayniqsa muhim rol o‘ynadi. U o‘zining «Inson bilimlarining kelib chiqishi haqida tajriba», «Sezgilar haqida risola», «Tizimlar haqida risola», «Hayvonlar haqida risola» deb nomlangan asarlarida Lokkni sensualizm va empirizm tamoyilini amalga tatbiq etishda noizchillikda ayblab, bilishning sensualistik nazariyasini asoslashga harakat qiladi. Kondilyak fikriga ko‘ra, inson dunyoga kelganda, u nafaqat hyech narsani bilmaydi, balki sezish qobiliyatiga ham ega bo‘lmaydi. Bularning barchasini u tajriba orqali o‘zlashtiradi. Kondilyak sezgi azaldan biron-bir mazmunga ega emas, lekin u lazzatlanish va azob-uqubatni aks ettirishga qodir, shu bois, u yoqimli va ko‘ngilsiz bo‘ladi va xotirada saqlanib qoladi, deb hisoblaydi.
Hissiyotdan mavxum fikrlashga o‘tish, Kondilyak fikriga ko‘ra, uzluksiz jarayon sifatida yuz beradi: mayl, xotira izidan taqqoslash va mulohaza yuritish keladi. Kondilyak g‘oyalarga borliqqa bog‘liq bo‘lmagan holda mavjudlik xossasini yuklashga bo‘lgan har qanday urinishlarga qarshi chiqadi. Borliqni u g‘oyalardan qat'iy nazar mavjud bo‘lgan hodisalar sifatida tasavvur qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |