Qadriyatlar ierarxiyasi. Qadriyatlar shaxs va jamiyat ehtiyojlari, manfaatlari bilan belgilangani bois, ular murakkab tuzilishga va alohida ierarxiyaga ega bo‘ladi. Qadriyatlar ierarxiyasi zamirida tirik mavjudot sifatidagi inson hayoti uchun zarur bo‘lgan fundamental qadriyatlar (tabiiy boyliklar, moddiy yashash sharoitlari – turar joy, oziq-ovqat mahsulotlari, sog‘liqni saqlash va sh.k.) va insonning ijtimoiy mohiyatiga, uning ma'naviy tabiatiga bog‘liq bo‘lgan oliy qadriyatlar yotadi. Birinchi guruhga moddiy (utilitar) qadriyatlar, ikkinchi guruhga esa ma'naviy qadriyatlar kiradi. qadriyatlarning birinchi guruhi insondan tashqarida yotuvchi maqsad bilan belgilanadi, ikkinchi guruh ichki asosga ega. Moddiy, utilitar qadriyat vositaning qimmatidir, zero narsaning foydaliligi u nimaga xizmat qilishga mo‘ljallangan bo‘lsa, shu vazifa bilan belgilanadi. O‘z vazifasini bajargach, bu narsa qadriyat sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Moddiy, utilitar qadriyatdan farqli o‘laroq, ma'naviy qadriyat o‘ziga to‘q xususiyat kasb etadi va o‘zidan tashqarida yotuvchi motivlarga muhtoj bo‘lmaydi. Utilitar pragmatik qadriyatlar faoliyat maqsadini belgilasa, ma'naviy qadriyatlar inson faoliyatining mazmunini belgilaydi.
Shunga mos ravishda shaxsning ma'naviy dunyosi ham o‘z ierarxiyasiga ega bo‘ladi. Inson ma'naviyati uchta: ma'rifiy, axloqiy va estetik asoslarni o‘z ichiga oladi. Ularga ma'naviy ijodkorlarning uch tipi: donishmand (biluvchi), taqvodor (avliyo) va san'atkor mos keladi. Bu asoslarning o‘zagi ma'naviyatdir. Bilim bizga haqiqatning tagiga yetish uchun imkoniyat yaratib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsa, axloqiy va estetik asos insonning o‘z egoistik «Meni» chegarasidan chetga chiqib, ezgulik urug‘ini sochish qobiliyati va ehtiyojini nazarda tutadi.
Ma'naviy qadriyatlarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular noutilitar va noinstrumental xususiyat kasb etadi: ular boshqa biror narsaga xizmat qilmaydi, aksincha, boshqa barcha narsalar ularga bo‘ysunadi va oliy qadriyatlar bilan bog‘liq holdagina muayyan mazmun kasb etadi. Oliy qadriyatlarning yana bir xususiyati shundan iboratki, ular muayyan xalq madaniyatining o‘zagi hisoblanadi. Madaniyatda odamlarning fundamental umuminsoniy qadriyatlari: tinchlik, salomatlik va insoniyat hayoti mujassamlashadi. Madaniyatda muloqot qadriyatlari (do‘stlik, mehribonlik, ishonch, oila), turmush tarzi qadriyatlari (ijtimoiy adolat, erkinlik, inson huquqlari va shu kabilar haqidagi tasavvurlar) o‘z ifodasini topadi. Oliy qadriyatlar yo‘l tanlash vaziyatlarining cheksiz to‘plamida ro‘yobga chiqadi.
Shunday qilib, qadriyatlar tushunchasi shaxsning ma'naviy dunyosi bilan uzviy bog‘liq. Aql-idrok, oqilonalik, bilimlar insonning maqsadga muvofiq faoliyatini belgilovchi ongning eng muhim elementlari hisoblansa, ular negizida shakllanuvchi ma'naviyat o‘z hayot yo‘lini, o‘z faoliyatining maqsadlari va mazmuni hamda ularga erishish vositalarini tanlash to‘g‘risidagi masalani u yoki bu tarzda yechayotgan inson hayotining mazmuni bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlar qatoriga kiradi.
Xulosalar. Qadriyatlar inson va jamiyat hayotida o‘z holicha emas, balki vujudga kelgan qadriyatlarga munosabatlar tizimi zaminida muhim o‘rin egallaydi,
Qadriyatlarning butun rang-barangligini uch asos: ijtimoiy hayot sohalariga, sub'ektlarga, qadriyatlarning jamiyat hayotidagi roliga ko‘ra tasniflash mumkin.
Quyidagilar inson uchun eng oliy qadriyat hisoblanadi: qadriyat sifatidagi hayot, qadriyat sifatidagi sog‘liq va qadriyat sifatidagi erkinlik.
Do'stlaringiz bilan baham: |