Dinning asosiy funksiyalari. Mif bilan taqqoslaganda, din funksiyalari murakkabroqdir. Din funksiyalari orasida quyidagilarni farqlash mumkin:
dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi butun borliq qachon va nima uchun paydo bo‘lgan va bunda g‘ayritabiiy kuchning roli qanday namoyon bo‘lgan, degan savollarga javob beradi;
kommunikativ funksiyasi muloqot va shaxslararo aloqalarning muayyan tipini ta’minlaydi, jamiyatning jipslashuvi va yaxlitligiga ko‘maklashadi;
tartibga solish funksiyasi odamlar xulq-atvorini tartibga soluvchi tegishli meyorlar va qoidalarni belgilaydi;
kompensatorlik funksiyasi yetishmayotgan axborot, diqqat-e’tibor, g‘amxo‘rlik o‘rnini to‘ldiradi, hayot ma’nosi, istiqbollar va shu kabilarning yo‘qligini sezdirmaydi, ya’ni insonning kundalik hayotda qondirilmagan ehtiyojlari o‘rnini to‘ldiradi.
Dinning asosiy ildizlari. Din qonuniy hodisa sifatida vujudga kelgan bo‘lib, u insonning g‘ayritabiiy narsalar va hodisalarga bo‘lgan e’tiqodini to‘yintiruvchi chuqur ildizlarga egadir.
Dinning psixologik ildizi avvalo inson tabiatida mavjud bo‘lib, u inson intellektining rivojlanish darajasi va tanqidiy fikrlash qobiliyatidan qat’iy nazar, nafaqat tushunish, anglash, balki e’tiqod qilish istagi va hattoki ehtiyojining hamisha namoyon bo‘lishidir.
Dinning gnoseologik ildizlari oqilona bilim nuqtai nazaridan dunyo o‘z rang-barangligida insonga cheksiz murakkab bo‘lib tuyulishida namoyon bo‘ladi. Forobiy fikricha “Din nazariy va amaliy qonunlar tuzilgan paytdagina odamlar e’tiqodi, ta’limi tarbiyasi yo‘llari ishlab chiqilgandagina paydo bo‘ladi va mustahkamlanadi. Ana shunday din tufayli omma baxt saodat uchun yetarli bilim olishi mumkin”.1[1] Odamzot o‘zini qurshagan borliqni faqat qisman anglab yetadi. Ayni shu sababli olam inson uchun sirlar va mo‘jizalarga to‘ladir. Odamzot o‘zi e’tiqod qiladigan ko‘p narsalarni faqat aqlga tayanib isbotlashga ham, rad etishga ham qodir bo‘lmaganidek, yuqorida zikr etilgan sirlar va mo‘jizalarga javob topishga ham (balki hozircha) qodir emas. Psixologlar qayd etganidek, «o‘ta mushkul vazifa aqlni o‘tmaslashtiradi», inson yechimsiz muammolar qarshisida o‘zini ojiz his qiladi va aql dalillarini uydirma, g‘ayritabiiy narsalar bilan osongina to‘ldiradi.
Dinning ijtimoiy ildizlari jamiyatda doimo mavjud bo‘lgan tengsizlik, qashshoqlik va adolatsizlikni, odamlar qancha urinmasin o‘zgartira yoki yenga olmaganligi bilan bog‘liq. Adolatsizlik va foniy dunyoning nomukammalligi tuyg‘usi chorasizlik va umidsizlikni yuzaga keltiradi, so‘nggi zikr etilgan tuyg‘ular osongina u dunyoda hayotning mavjudligiga bo‘lgan ishonchga aylanadi. Vaholanki, har qanday din haqiqiy hayot u dunyodadir, deb o‘rgatadi. Muammolar, qiyinchiliklarga duch kelgan va real hayotda o‘ziga tayanch topa olmagan inson g‘ayritabiiy kuchlarga umid bog‘lab, narigi dunyoga murojaat etadi. Ularga e’tiqod qilib, odamzot taskin, tasalli topadi va oxir-oqibatda taqdirga tan beradi.
Dinnning siyosiy ildizlari turli siyosiy kuchlarning dindan o‘z mayda-chuyda manfaatlarida foydalanish imkoniyati va shu tariqa uni bevosita yoki bilvosita qo‘llab-quvvatlashi orqali, uning jamiyatdagi roli va ta’sirini kuchaytirishida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda din va siyosat o‘rtasida ham uzviy va doimiy aloqa mavjud.
Dinning yashovchanligi shu darajada mustahkamki, hatto hozirgi zamon fanining muhim yutuqlari ham uning negiziga putur yetkaza olgani yo‘q, ilmiy bilimning o‘sishi esa hatto olimlar orasida ham dindorlar va Xudoga ishonmaydiganlarning foiz nisbatini deyarli o‘zgartirmaydi. Masalan, tabiatshunoslik insoniyatga dunyoni bilish borasida cheksiz imkoniyatlar yaratayotgani keng e’tirof etilgan 1916 yilda Jeyms Lyuba o‘z tadqiqotlarida AQSH olimlarining 40% Xudoga ishonishini asoslagan. 90-yillarning oxirida amerikalik tarixchilar E.Larson va I.Uitxem tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot- larda XX asrda amalga oshirilgan buyuk kashfiyotlar va fan yutuqlari ta’sirida olimlar dunyoqarashi qay darajada o‘zgarganini aniqlashga qaror qildilar. Shu bois ularning AQShda tasodifiy tanlangan ijtimoiy fanlar namoyandalari va tabiatshunoslik vakillari orasida o‘tkazgan so‘rovi olimlarning 40% avvalgidek Xudoga va narigi dunyoda hayot mavjudligiga ishonishini ko‘rsatdi. Bunda Xudoga ishonmaydiganlar va ateistlar (Xudoning borligini inkor etuvchilar) soni ham deyarli o‘zgargan emas va bugungi kunda, avvalgidek, taxminan 45 va 15% ni tashkil etadi.
Davr, mamlakatlar va qit’alardan qat’iy nazar, diniy dunyoqarashning yashovchanligi haqidagi umumiy xulosa O‘zbekistonda ham mavjud. XX asrda qariyb 80 yil dinni «fosh qilish» uchun mavjud barcha dalillardan foydalangan kurashchan ateizm sharoitida yashagan O‘zbekistonliklar orasida mamlakat aholisining uchdan ikki qismi o‘zini dindor deb hisoblagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |