Moddiylashtirish va moddiylikdan chiqarish. Moddiylik faoliyat jarayoni va natijasining materialga bog‘liqligini belgilaydi. Faoliyat natijasi inson oqilona o‘zgartirgan materialda o‘z aksini topadi, moddiylashadi (predmetga aylanadi). Faoliyat natijasi inson kuchlari va qobiliyatlarining o‘ziga xos in'ikosi hisoblanadi. Nemis klassik falsafasining taniqli namoyandasi I.G.Fixte fikricha, “Amaliyot o‘zgartirilgan tabiat predmetlarini insonning ko‘zgudagi aksiga o‘xshaydi”202[202]
Moddiylashuv nima ekanligi haqida amalda tasavvur hosil qilish uchun chevar, g‘isht teruvchi, ma'ruzachi va shu kabilarning ishini kuzatadigan bo‘lsak, inson qanday ishlashi, uning faoliyati natijasida nima vujudga kelganiga qarab insonning o‘zi haqida xulosa chiqarish, uning aql-zakovat darajasi, irodasi, kasbiy mahorati, estetik didi, mehnatga munosabati, axloqiy mo‘ljallari va hokazolarni aniqlash mumkinligini ko‘ramiz. Shu ma'noda faoliyat doim individ va umuman insoniyatning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi demakdir. Individning ijtimoiyligi aynan faoliyatda namoyon bo‘ladi. Faoliyat orqali u ijtimoiy jarayon ishtirokchisiga aylanadi.
Inson faoliyati mehnat qurollari yordamida amalga oshiriladi. Uning hayvonlar faolligidan asosiy farqlaridan biri qurollilik hisoblanadi. «quruq qo‘l ham, o‘z ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan aql ham katta kuchga ega emas, - degan edi F.Bekon. – Ish qo‘lga ham, aqlga ham kerak bo‘lgan qurollar va vositalar yordamida bajariladi»203[203].
Mehnat qurollari inson va u o‘zgartiruvchi narsalar dunyosi o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi. Mehnat qurollarida insonning tajribasi mujassamlashadi. Odamlar yaratgan mehnat qurollari va iste'mol predmetlarida ularning ma'naviy kuchlari (aql-zakovati va ko‘nikmalari, bilim va qobiliyatlari, maqsad va mayllari va sh.k.) o‘zining moddiy ifodasini topadi. Bundan tashqari mehnat qurollari faoliyat texnologiyasi haqida axborot beradi va shu tariqa insonni boshqa odamlar bilan bog‘laydi. Boshqa odamlar yaratgan narsalardan foydalanish uchun inson ularning mohiyatini, vazifasini aniqlashi, boshqacha aytganda, ularning ma'naviy mazmunini anglab yetishi lozim. Bu jarayon falsafada moddiylikdan chiqarish, ya'ni inson mehnati bilan yaratilgan mahsulotning ma'naviy mazmunini fikrlash yo‘li bilan uning moddiy qobig‘idan ajratish deb ataladi. Pirovardida inson faoliyati uning ma'naviy va jismoniy kuchlari va qobiliyatlarining moddiylashuvi va mehnat mahsullarida mujassamlashgan ularning yaratuvchilari ma'naviy dunyosining birligidan tashkil topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |