Xulosalar. Dialektika rivojlanish falsafasining puxta ishlab chiqilgan konsepsiyasidir. Hodisalar rivojlanishining umumiy nazariyasi sifatida u rivojlanishning mohiyatini anglab yetishga yo‘l ochadi, tabiat, jamiyat va tafakkurdagi real jarayonlarni ular amalda qanday bo‘lsa, shunday aks ettiradi.
Dialektika narsalar va hodisalarni o‘rganishga ularning vujudga kelishi, harakati va rivojlanishi nuqtai nazaridan yondashadi, shu sababli u ob'ektiv jarayonlarni konkret, har tomonlama o‘rganishga yo‘l ko‘rsatadi.
Dialektika bilan bir qatorda rivojlanishning metafizik konsepsiyasi, sofistika, eklektika, ekzistensial dialektika, sinergetika va boshqa konsepsiyalar mavjud. Ayrim falsafiy maktablar dialektikani sxolastika sifatida rad etadi. Bu dialektika yanada chuqurroq o‘rganish va anglab yetishni talab qilishini anglatadi.
Dialektika qonunlari ob'ektiv dunyoning eng muhim aloqalari va munosabatlarini aks ettiradi. Ular birlikda va o‘zaro aloqada amal qilib, murakkab serqirra jarayon – ob'ektiv borliqning rivojlanishini tavsiflaydi.
Dialektika qonunlarining amal qilish mexanizmini chuqur bilish, ulardan mohirona foydalanish yanglishish va xatolardan qutqaradi, kishilarning amaliy faoliyatiga yanada izchilroq va samaraliroq tus beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |