qilmasdan uning predmeti va o‘ziga xos jihatlarini to‘la anglab yetish mumkin emas. Tarix
falsafasi falsafaning tarkibiy qismi ekanligiga asoslanib, tarix falsafasining funksiyalari umuman
falsafaning funksiyalari bilan asosan bir xil, deb taxmin qilish mumkin. Ayni vaqtda shuni ham
unutmaslik kerakki, tarix falsafasi o‘z alohida ob'ekti, predmeti, metodlari, tadqiqot maqsadlari
va vazifalariga ega va bu uning muayyan xususiyatlari mavjudligidan dalolat beradi. Quyida
ularni ko‘rib chiqamiz
Tarix falsafasining dunyoqarashga doir funksiyasi shundan iboratki, u insonda tarixga, ya'ni
jamiyatning mavjudligi va rivojlanishi, tarixiy jarayonning yagonaligi va rang-barangligiga,
uning mazmuni va yo‘nalishiga, insonning undagi o‘rni va roliga va hokazolarga nisbatan
umumiy munosabatni shakllantiradi.
Tarix falsafasining nazariy funksiyasi shundan iboratki, u tarixiy jarayonni teran anglab yetish va
u haqda nazariya, ya'ni tarixiy jarayonning mavjudligi, mazmuni, rivojlanish yo‘nalishi haqidagi
qarashlar tizimi darajasida xulosa chiqarish imkonini beradi. Tarix falsafasining mazkur
funksiyasi tarixiy o‘tmishni nazariy darajada rekonstruksiya qilishni amalga oshirish, tarixiy
dalillar va voqyealarning haqqoniylik darajasini aniqlash uchun imkoniyat yaratadi.
Tarix falsafasining metodologik funksiyasi uning qoidalarini tarixiy o‘tmishning u yoki bu
ijtimoiy fanlar doirasida o‘rganiluvchi ayrim hodisalari va voqyealarini o‘rganish jarayonida
amalga tatbiq etish imkoniyatidan iborat. Bu holda tarix falsafasining qoidalari va xulosalari
tarix, sotsiologiya, iqtisod, siyosatshunoslik, huquq falsafasi, psixologiya va boshqa fanlar
sohasida amalga oshiriluvchi tadqiqotlarda qudratli metodologik vosita rolini o‘ynaydi.
Tarix falsafasining prognostik funksiyasi shundan iboratki, tarixiy jarayon qonuniyatlarini bilish
jamiyat, uning ayrim kichik tizimlarining rivojlanish tendensiyalarini, tarix voqyealari, kishilar
faoliyatining yaqin va uzoq kelajakdagi oqibatlarini bashorat qilishga yordam beradi. Bunday
bashorat negizida u yoki bu ijtimoiy hodisalar va umuman jamiyatning rivojlanishini prognoz
qilish mumkin.
Shuni qayd etish lozimki, tarix falsafasining ko‘rib chiqilgan funksiyalari bir-biri bilan uzviy
bog‘liq va bir-biriga o‘tadi. Ularning har biri qolganlarini nazarda tutadi va ularni o‘z tarkibiga u
yoki bu tarzda kiritadi.