Ko’p komponentli. Obstruktsiya sababi — konusli to’siqning ahamiyatli darajada uzayishi yoki moderator kamari to’siq-chekka trabekulasining (trabecula septomarginalis) yuqori boshlanishi.
KLINIKASI
Sianoz — Fallo tetradasining asosiy alomati. Sianoz darajasi va uning yuzaga kelish vaqti o’pka arteriyasining stenozi jiddiyligiga bog’liq. Sianoz bosqichma-bosqich rivojlanishi xarakterlidir: avval lab sianozi kuzatiladi, so’ng shilliq qavatlar, barmoq uchlari, yuz, qo’l-oyoq, tana terisi sianozi.
Kasallikning dastlabki alomatlari bola tug‘ilgandan keyingi dastlabki soatlarda uning qichqirishi va emishi vaqtida yengil sianoz ko‘rinishida yuzaga keladi. Keyinchalik, sianoz va nafas qisishi (hansirash) birmuncha yaqqol namoyon bo‘ladi va 1-2 yoshga kelib doimiy tusga kirib, hatto bola tinch turganida ham yo‘qolmaydi. Katta yoshdagi bemorlar nafas qisishi, tez charchash, bosh og‘rig‘i, jismoniy ishga layoqatsizlikdan shikoyat qiladilar.
Hansirash xuruji yuzaga kelishining patogenezi o’ng qorincha infundibulyar bo’limining keskin spazmi bilan bog’liq, natijada venoz qonning barchasi aortaga o’ta boshlaydi, bu markaziy asab tizimining o’ta keskin gipoksiyasiga olib keladi. Xuruj vaqtida qonning kislorod bilan to’yinganligi 35% ga kamayib ketadi. Bunda shovqinning intensivligi keskin kamayadi, hatto to’liq yo’qolishi ham mumkin. Bola bezovtalanadi, yuz mimikasi qo’rqqan ko’rinishda, ko’z qorachig’i kengaygan, hansirash va sianoz ortib boradi, qo’l-oyoqlari yaxlaydi; bundan so’ng hushdan ketish, tutqanoq kuzatiladi, shuningdek gipoksiyali koma va o’lim ehtimoli ham mavjud. Xurujlar og’irligi va davomiyligi (10-15 soniyadan 2-3 daqiqagacha) o’zgaruvchan.
4-6 yoshga kelib xurujlarning yuzaga kelish tezligi va intensivligi sezilarli darajada kamayadi yoki to’liq yo’qolib ketadi. Bu kollaterallar rivojlanishi bilan bog’liq, vaqt o’tishi bilan o’pkalar qon bilan ozmi-ko’pmi adekvat ta’minlana boshlaydi.
Aksariyat bemorlar o‘rindan turolmay yotadilar. Ahvol tobora yomonlashadi. Bemorlarning teri qoplamlari ko‘kimtir tusga kiradi, barmoq bilan bosib ko‘rilganda, shu joyda asta-sekin yo‘qoladigan oqimtir dog‘ qoladi. Ko‘pincha bemor badanida, o‘rta darajada kengaygan venalar ko‘rinib turadi, ular ko‘krak qafasi sohasida va bosh suyagi ustida ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Tirnoq falangalari «baraban tayoqchalari» ko‘rinishiga kiradi. Mushak sistemasi sust rivojlanadi. Ko‘zdan kechirilganda aksariyat hollarda «yurak bukrisi» ko‘rinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |