O‘zbekiston ekologik harakati xususida
Ma’lumki, mustaqillik yillari davomida mamlakatimizda atrof-muhit himoyasi va aholi salomatligini saqlash sohasida ulkan ishlar amalga oshirildi. O‘zbekistonda atrof-muhitni sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini yaxshilash muammolari batartib, bosqichma-bosqich hamda sobitqadamlik bilan hal etilmoqda. Shu bilan birga, hozirgi zamon ekologik muammolarining keskinlashuvi sharoitlarida atrof-muhit himoyasi va ekologik sharoitni sog‘lomlashtirishga qaratilgan qonunchilik hujjatlarining markaz va joylarda qat’iy ijro etilishi, bu ishlarda keng ommaning faol ishtirok etishining ahamiyati behad oshmoqda. Atrof-muhit himoyasi masalalariga oid qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirish, ayniqsa, bu sohadagi qonunchilikning yanada takomillashuvi va rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borish katta ahamiyat kasb etadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Ekologik harakatining Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘z vakillariga ega bo‘lishi tabiat muhofazasi qonunchiligi takomillashuvi, atrof-muhit himoyasi va ekologik sharoitni sog‘lomlashtirishga qaratilgan qonunchilik hujjatlarining markaz va joylarda qat’iy ijro etilishiga bevosita va unumli ta’sir ko‘rsatishiga imkon yaratadi. O‘zbekiston Ekologik harakati siyosiy tashkilot yoki partiya emas. Uning faoliyati siyosiy o‘rnidan qat’iy nazar aholi keng qatlamlarining manfaatlariga daxldor bo‘lgan muayyan ekologiya hamda aholi sog‘ligi himoyasi muammolarini hal etishga qaratilgan. O‘zbekiston ekologik harakati 2008 yil 2 avgustda tashkil topgan bo‘lib, 2008 yil 20 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan. Ekoharakat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida kvotalangan 15 ta deputatlik o‘rniga ega. Ekoharakatning Respublika konferensiyasi, Markaziy Kengash, uning Ijroiya qo‘mitasi, Markaziy nazorat-taftish komissiyasi uning rahbar organlari hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi viloyatlar va Toshkent shahrida O‘zbekiston ekologik harakatining hududiy bo‘linmalari faoliyat olib bormoqda.
Ekoharakat – jamiyatning barcha kuchlari, O‘zbekistonning bugungi fuqarolari va kelajak avlodlari qulay tabiiy atrof-muhitda yashash huquqiga ega bo‘lishlari, aholi salomatligini yaxshilash, muhofaza qilish, tabiiy resurslarning barcha manbalaridan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarni safarbar qilishga intiladi. Zero, “Sog‘lom muhit – inson salomatligi” Ekoharakatning bosh shioridir.
O‘zbekiston Ekologik harakatining yaqinda qabul qilingan qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan mamlakat parlamentida o‘z vakillariga ega bo‘lganligi butun jamiyat va davlat, har birimiz uchun favqulodda ahamiyat kasb etadigan ekologiya himoyasi masalalarini yechishda jamoatchilik o‘rnining yuksalishiga ko‘maklashadi.
Umuman olganda, mamlakatimizda iqtisodiyotni tizimli qayta shakllantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnik va texnologik jihatdan yangilash, ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish uchun ham ichki, ham tashqi investitsiyalarni jalb etish, barqaror atrof-muhitni saqlab qolish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadlariga erishish ustuvor ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |