Sobiq ittifoq davrida qishloq xo‘jaligi siyosatining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi (suvga talabi yuqori “paxta yakkahokimligi”). Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligidan xo‘jasizlarcha foydalanish va ekologik inqirozni yuzaga kelishi Rossiya imperiyasi bosqini bilan bog‘liq bo‘lgan musibatdir. Ma’lumki, Rossiyaning yengil sanoati Markaziy Osiyoni bosib olgunga qadar, asosan Amerikadan keltiriladigan paxta xom-ashyosi hisobidan mahsulot ishlab chiqargan. Fuqarolar urushining xalq xo‘jaligini, xususan paxta yetishtirish agrar sohasini izdan chiqarishi oqibatida 1860 yildan boshlab, Amerikada bir pud paxtaning bahosi sakkiz martaga – 4 rubldan 32 rublga oshgan va urush oxirlarida paxta eksporti umuman to‘xtatilgan.
Jahon bozorida paxta xom-ashyosi narxining keskin ko‘tarilib ketishi rossiyalik yengil sanoat korchalonlarini yangi bozorlar qidirishga majbur qilgan. Natijada ular Rossiya imperiyasi podshosi Aleksandr II ga Markaziy Osiyoni istilo qilib, paxta xom-ashyosi bazasini yaratish uchun sarflanadigan agressiv harbiy harajatlarni o‘z zimmalariga olish taklifi bilan murojaat qilganlar. Natijada, Aleksandr II Kavkaz tog‘liqlarining qarayib yarim asr, xususan Shomil rahbarligida 30 yil davom etgan milliy-ozodlik harakati 1859 yil 25 avgustda mag‘lub bo‘lib, Dog‘istonning Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilishi achchiq tajribalariga; Qirim urushi davom etayotgan davrda harbiy harajatlar oshib ketayotganligiga; polyaklarining Romualda Traugutta boshchiligidagi bosqinchilarga qarshi qo‘zg‘olonlariga; Rossiya imperatorga polyak vatanparvarlari 1866 yil 4 aprelda Karakozov, keyingi yili Parijda Berezovskiylar tomonidan qilingan suyiqasdlarga; 1856 yilda Rossiyaning Qora dengizidagi mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan Parij shartnomasi imzolanganligiga qaramasdan Markaziy Osiyoni, xususan Turkiston o‘lkasini bosib olishga buyruq berdi. Rossiyaning Markaziy Osiyoni bosib olishi natijasida qarayib 1,5 million kilometr kvadrat hududida: Semirechensk, Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand, Kaspiyorti viloyatlari tashkil etilib, Rossiya imperiyasi mustamlakasiga – yirik paxta xom-ashyosi bazasiga aylandi. Bunday agressiv siyosat bugun O‘zbekistonda va Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa davlatlarida Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq global ekologik fojianing dastlabki fatvosiga va amaliy harakat boshlanishiga asosiy sabab bo‘lgan edi.
Keyinchalik 1917 yildagi oktyabr davlat to‘ntarilishi oqibatida fuqarolar urushining kuchayishi aksariyat jahon davlatlarining Rossiyaga munosabatini o‘zgartirib, xalqaro iqtisodiy aloqalariga, xususan manufakturasini paxta xom-ashyosi bilan ta’minlashga ham salbiy ta’sirini o‘tkazdi. Bu holat, o‘z navbatida, Rossiya imperiyasining yirik shaharlarida jiddiy iqtisodiy muammolarni, xususan ommaviy ishsizlikni vujudga keltirib, siyosiy vaziyatni keskinlashtirdi. Natijada, mamlakatdagi chuqur iqtisodiy inqirozga, fuqarolar urushi ketirib chiqargan siyosiy beqarorlikka, ocharchilikka qaramasdan, Rossiya bolsheviklar hukumati boshlig‘i V.I.Lenin tomonidan 1918 yil may oyida qisqa fursatlarda “Mirzacho‘lni o‘zlashtirish uchun 50 mln so‘m ajratish haqida” dekret imzolandi. Shu avantyuristik dekretga asosan XX asrning 30-yillarda amalga oshirilgan mustamlakachilik siyosati Rossiya imperiyasining paxta mustaqilligini ta’minladi va keyinchalik uni eksport qiladigan yirik davlatga aylantirdi. Albatta bu sarf-harajatlar Turkiston o‘lkasidan talon-taroj qilingan boyliklar evaziga bo‘lgan.
Mustabid tizim davrida bu sana tarixiy sana hisoblanib, uning yubileylari o‘tkazilgan, tizimga, kommunistik partiyaga hamdu sanolar o‘qilgan, minglab odamlar orden va medallar olgan. Vaholanki, aynan shu dekret va unga asoslangan davlatning volyuntaristik siyosati Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq ijtimoiy-ekologik halokatni reallashtirgan asosiy sabab bo‘ldi. Majoziy ma’noda aytganda, cho‘l yoki sahroda uning azobini tortib, jaziramasini la’natlab ketayotgan odam hech qachon bu cho‘l-sahro gullagan vodiylarga sababchi ekanligini ham, biosfera ekologik muvozanat qonuniga ko‘ra, Yer yuzining biror qismida sahro, cho‘l o‘zlashtirilsa, biroz fursatdan keyin o‘zlashtirilgan maydonga teng gullab-yashnagan hududda sahro, cho‘l paydo bo‘lishini ham hayoliga keltirmaydi. Majburan quloq qilinganlar, keyinchalik aksariyat holatlarda “ixtiyoriy” ko‘chirib keltirilgan “cho‘lquvarlar” (xorijda ularni “rezervatsiya qilinganlar” deb atashgan!) og‘ir mehnati bilan yangi tashkil etilgan xo‘jaliklarning irrigatsiya tizimini, melioratsiya inshootlarini, aholining yashashi uchun, eng bo‘lmaganda minimal hayot sharoiti infrastrukturasini yaratish nisbatan qimmat turadigan tadbirlar bo‘lishiga qaramasdan, ularning sarf-harajatlari, arzon ishchi kuchi evaziga yetishtirilgan paxta hisobiga, bir yilda to‘liq qoplangan. “Ekin maydonlari tarkibida so‘nggi vaqtlarga (1990 yilga) qadar paxta deyarli 75 foiz maydonni egallagan edi. Dunyoning birorta ham mamlakatida paxta monopoliyasi bu qadar yuqori darajaga ko‘tarilmagandi. Bu hol yerning kuchsizlanishiga, tuproq unumdorligi pasayishiga, uning suv-fizikaviy xossalari yomonlashuviga, tuproqning buzilishi va nurashi jarayonlari ortishiga olib keldi”15.
Lekin shu yillar mobaynida O‘zbekistonda har yili qishloq xo‘jaligi uchun band 100 ming gektar yer maydoni madaniy dehqonchilik uchun yaramaydigan, hatto ba’zi hollarda yaylov sifatida ham foydalanilib bo‘lmaydigan massivlarga aylanishi – ekologik fojianing navbatdagi bosqichi edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |