Etnomadaniyat va muloqot madaniyati tizimini lingvokulturologik tadqiq qilish muammolari
Reja:
Tilshunoslikning yangi paradigmalari
Milliy va madaniy sema masalasi
Lingvokulturologiya haqida
Lingvokulturologik tadqiq metodologiyasi
Tilda milliy mentalitetning aks etishi tilshunoslik, falsafa kabi fanlarning azaliy va hamisha navqiron mavzusi. Biroq ma’lum vaqt bu muammo tilshunosligimizda chetlab o‘tilganligi sir emas. Shu bois Prezidentimiz Islom Karimov «Fidokor» gazetasi muxbiri savollariga bergan javobida: “Ona tili – millatning ruhidir. Jamiki, ezgu fazilatlar insonga ona allasi, uning betakror jozibasi orqali singadi”, – deya bunga alohida urg‘u bergan edi. Bu esa til va madaniyat muammosini tilshunoslik kontekstida o‘rganishning dolzarbligini belgilaydi.
Tilshunosligimizning shakllanajak lingvokulturologiya yo‘nalishi asosiy diqqatini til madaniyatni o‘z birliklariga qanday singdirishi va ifodalashi, saqlashi va namoyon qilishi muammolariga qaratadi. Lingvokulturologik yo‘nalishning shakllanishi va taraqqiyoti madaniyat tushunchasini til va jamiyat yaxlitligining o‘ziga xos shakli sifatida tushunishga intilish kuchayganligi bilan belgilanadi. Bunda til milliy madaniyat, millat mentallikni talqin etish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘rganilgan ma’lumotlarga ko‘ra aytish mumkinki, bugungi kunda lingvokulturologiya bir necha yo‘nalishga ega: frazeologik, konseptologik, leksikografik, uslubiy, lingvodidaktik kabi. Barcha yo‘nalishlardagi umumiy jihatlarga e’tibor qilinsa, hozirgi zamon lingvokulturologiyasining o‘rganish predmeti ikki har xil kod – til va madaniyatning o‘zaro munosabatidan hosil bo‘luvchi lisoniy birliklarning madaniy semantikasini o‘rganish tashkil etadi, zero, har bir shaxs bir vaqtning o‘zida madaniy shaxs hisoblanadi. Shuning uchun til belgilari til sohiblarining umuminsoniy va madaniy-milliy mentalligini aks ettiruvchi madaniyat “tili” funksiyasini bajarish qobiliyatiga ega. Lingvokulturologiyaning vazifasi til birligining til sohibiga ma’lum yoki maxsus tahlil bilan tiklanadigan madaniyat “kodlari”ga munosabati asosidagi madaniy qiymati, ya’ni “madaniy bilim” ni bayon etishdan iborat. «Madaniy» belgili birlik sifatida tilshunoslikda lingvokulturema tushunchasidan foydalanilmoqda. Lingvokulturema sathlar bo‘yicha yoyilgan majmuaviy birlik bo‘lib, uning shakli [nomema+lisoniy ma’no], mazmunini esa [lisoniy ma’no+madaniy mazmun] ko‘rinishida tasavvur qilinadi. Lingvokulturemani tushunish uchun tadqiqotchi katta e’tiborni, uning mundarija unsuri sifatidagi ma’noda imkoniyat sifatida qatnashuvchi ichki madaniy mazmunga qaratadi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, lingvokulturema sifatida o‘z va o‘zlashma qatlam birliklari, jonivor, o‘simlik, shaxs nomlari, barqaror birliklar, tildagi metaforik va obrazli leksika, tilning uslubiy xazinasi, miflashgan madaniy-lisoniy birliklar, tilda aks etgan urf-odat, ritual va marosim, nutqiy axloq va odob kabilar namoyon bo‘ladi.
Lingvokulturologiyada mohiyati til va madaniyatning uzviy aloqasi bilan belgilanadigan milliy-madaniy aspekt alohida o‘rin tutadi. Milliy-madaniy o‘ziga xoslik shunda namoyon bo‘ladiki, tillar inson ichki olami har xilligini, uning borliq hodisalariga ijobiy va salbiy munosabatini baholashi bilan farqlanadi. Shuni ta’kidlash joizki, lingvistik adabiyotlarda lisoniy birliklarning milliy-madaniy semantikasini ifodalovchi terminologik rang-baranglik mavjud: milliy-madaniy mundarija, milliy xususiyat, milliy o‘ziga xoslik, milliy madaniyat xususiyatlari, semantikaning milliy-madaniy o‘ziga xosligi, milliy mansublik semasi, ma’noning madaniy uzvi, madaniy koeffitsiyent va h.
Lingvokulturologiyada ham lingvokognitologiyada bo‘lgani kabi konsept asosiy termin sifatida qo‘llanadi. Konsept madaniyat nuqtai nazaridan qaralar ekan, uni inson ruhiy-idrokiy olamidagi madaniyatning asosiy uzvi sifatida tushunish lozim. Konsept bamisoli madaniyatning inson ongidagi “mag‘zi”si sifatida qaraladi. Tadqiqotchilar shu asosda “madaniyat inson ruhiy-idrokiy olamiga kiradi” degan konsepsiyaga tayanishadi. Boshqacha aytganda, konsept vositasida inson – oddiy, madaniy qadriyatlar ijodkori bo‘lmagan kishi – madaniyatga daxldor bo‘ladi, ba’zan unga ta’sir ham qiladi.
Konsept o‘ziga xos milliy mental qurilma bo‘lib, uning mazmun jihatini ma’lum obekt haqidagi bilimlar jami tashkil etsa, shakliy tomoni lisoniy (leksik, frazeologik, paremiologik) birliklar majmuidir. Konsept har qanday emas, balki umuminsoniy yoki milliy madaniyatga daxldor bo‘lgan mohiyatni aks ettiruvchi tushuncha. Konsept nazariyasi nafaqat kognitiv lingvistika, balki til nazariyasining barcha aspekti – semantika, grammatika, qiyosiy tipologiya, matn lingvistikasi, tarjima nazariyasi uchun ham birday zarur. Ayniqsa, turli, xususan, o‘zbek tili bilan boshqa qarindosh va qarindosh bo‘lmagan tillarning muqobil konseptlarini chog‘ishtirma-qiyosiy tadqiq qilish muhim ahamiyatga ega.
Xullas, istiqlol natijasi o‘laroq, respublikamizda milliy madaniyatga alohida e’tibor qaratilayotgan, milliy g‘oya va milliy mafkura dolzarb masala va milliy yaxlitlikning negizi sifatida baholanayotgan bir paytda o‘zbek tili va o‘zbek madaniyati mushtarakligini lingvistik muammo sifatida, lingvokulturologik aspektda ilmiy tekshirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.
Oltinchi ma’ruza
Do'stlaringiz bilan baham: |