Axloqshunoslik ilmi falsafa fani bilan o‘zaro aloqadorlikda bo‘ladi. Axloqshunoslik qadimda fizika va metafizika bilan birgalikda falsafaning uzviy (uchinchi) qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so‘ng) alohida falsafiy yo‘nalishdagi fan maqomini oldi. Bu fikrni keng ma’noda quyidagicha talqin etish mumkin. Ma’lumki, falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni haqiqatga olib borishdir. Shundan kelib chiqkan holda falsafaning tadqiqot ob’ektini tafakkur taraqqiyoti tashkil etadi va u amaliyotda insonni ezgulik orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois, uni «axloq falsafasi» yoxud «ezgulik falsafasi» deb atash mumkin.
Hozir u falsafiy fan sifatida uch yo‘nalishda ish olib boradi, ya’ni axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etar ekan, u axloqni: birinchidan, bayon qiladi; ikkinchidan, tushuntiradi; uchinchidan, o‘rgatadi. Shunga ko‘ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va rasmona-me’yoriy tabiatga ega. qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar. Zero, sof nazariy axloqshunoslikning bo‘lishi mumkin emas. U insoniyat o‘z tajribasi orqali erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etib, axloqning mohiyatini tushuntiradi va falsafiy xulosalar chiqaradi.
Axloqshunoslik boshqa ijtimoiy-falsafiy fanlar bilan o‘zaro aloqadorlikda rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, uning nafosatshunoslik (estetika) bilan aloqasi qadimiy va o‘ziga xos. Avvalo, insonning har bir hatti-harakati va niyati ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli bo‘ladi, ya’ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik (ichki go‘zallik), ham nafosat (tashqi go‘zallik) xususiyatlarini mujassam qiladi. Shu bois Suqrot, Aflotun, Forobiy singari qadimgi faylasuflar ko‘p hollarda axloqiylikni ichki go‘zallik, nafosatni tashqi go‘zallik tarzida talqin etganlar. Bundan tashqari, ma’lumki, san’at nafosatshunos-likning asosiy tadqiqot ob’ekti hisoblanadi. Har bir san’at asarida esa axloqning dolzarb muammolari ko‘tariladi va san’atkor doimo o‘zi yashayotgan zamonda erishilgan eng yuksak axloqiy darajani badiiy qiyofalar orqali bevosita yoxud bilvosita aks ettiradi. Demak, nafosatshunoslik axloqshunoslik nuqtai nazaridan ham tadqiq etilayotgan bo‘ladi.
Axloqshunoslikning dinshunoslikbilan aloqasi shundaki, Har ikkala fan ham bir xil muammo-axloqiy mezon muammosini hal etishga qaratilgan. Chunki umumjahoniy dinlar vujudga kelguniga qadar mavjud bo‘lgan ma’lum urf-odatlar va qadriyatlar muayyan diniy qonun-qoidalarga, muqaddas diniy kitoblarga katta ta’sir ko‘rsatgan. Ayni paytda, dinlar ham axloqka ana shunday ta’sir o‘tkazganlar. Chunonchi, islom dinini oladigan bo‘lsak, qur’oni Karim, Hadisi Sharif, Ijmo’ va muayyan fatvolardagi mezonlar hamda talablar musulmon Sharqi millatlari axloqiy darajasining shakllanishida katta ahamiyat kasb etgan. Shuningdek, komil inson muammosi har ikkala fan uchun umumiy hisoblanadi. Farq shundaki, axloqshunoslik bu muammoga zamonaviy tarbiya nuqtai nazaridan yondashadi.
Axloqshunoslikning huquqshunoslik bilan aloqasi uzoq tarixga ega. Ma’lumki, juda ko‘p hollarda axloq me’yorlari bilan huquq me’yorlari mohiyatan va mazmunan bir xil bo‘ladi. Shunga ko‘ra, axloqni jamoatchilik asosdagi huquq, huquqni esa qonunlashtirgan axloq deb atash mumkin. Zero, axloqshunoslik bilan huquqshunoslikning tadqiqot ob’ektlari ko‘p jihatdan o‘xshash, ular faqat yondashuv usuli nuqtai nazaridan farq qiladi. Huquq me’yorlarining bajarilishi odatda maxsus adliya idoralaridagi lavozimli kishilar orqali majburiy sankstiyalar asosida yo‘lga qo‘yiladi: axloq me’yorlari esa umumiy qabul qilingan milliy urf-odatlar, jamoatchilik fikri yordamida, alohida belgilangan kishilar yordamida emas, balki muayyan ijtimoiy guruh, jamiyat tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, huquqshunoslik kasbi uchun muhim bo‘lgan amaliy axloq jihatlarini axloqshunoslikning huquqshunos odobi deb ataladigan maxsus sohasi tadqiq qiladi va tavsiya etadi.
Axloqshunoslik pedagogika bilan ham chambarchas bog‘liq. Pedagogikadagi shaxsni shakllantirish, tarbiyalash, ta’lim berish jarayonlarini, pand-nasihatlarsiz, odobnoma darslarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois axloqshunoslik o‘zining nazariy ayniqsa, amaliy jihatlari bilan pedagogikaning asosi hisoblanadi. Zero, maorif tizimidagi ta’lim-tarbiya o‘zini har bir kadamida axloqiy tarbiya sifatida namoyon qiladi.
qadimdayoq axloqshunoslikning ruhshunoslik bilan aloqasi alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Zotan, bu ikkala fan kishilar hatti-harakati, fe’l-atvori va mayl-istaklarini o‘rganadi. Lekin bu o‘rganish ikki xil nuqtai nazardan olib boriladi: ruhshunoslik u yoki bu hatti-harakat, fe’l-atvor, sababiy asos (motiv)larning va shakllanish shart-sharoitlarini ochib beradi. Axloqshunoslik ruhshunoslik tadqiq etgan hodisalarning axloqiy ahamiyatini tushuntiradi. Axloqshunoslikning sotsiologiya bilan aloqasi o‘ziga xos. Bu ikkala fan inson faoliyatini boshqarishning ijtimoiy muruvvatlaridan bo‘lmish axloqni o‘rganadi. Lekin axloqshunoslikning miqiyosi bu borada keng. Ma’lumki, sostiologiya insonlarning ommaviy hatti-harakati va ularning qonuniyatlarini faqat muayyan ijtimoiy tuzum doirasidagina tadqiq etadi. Axloqshunoslik esa, o‘z mohiyatiga ko‘ra, lozim bo‘lganda, muayyan ijtimoiy tuzum davr doirasidan chiqib, inson axloqining yuksak yutug‘i sifatida kelgusi davrlar uchun ham tarixiy va axloqiy ahamiyat kasb etgan shaxsiy, istisnoli hatti-harakatlarni hamda ularning sababiy asoslarini o‘rganadi.
Axloqshunoslikning siyosatshunoslik bilan aloqasi, ayniqsa, o‘ziga xos va murakkab. Chunki siyosiy kurash qarama-qarshi axloqiy qoidalar va talablar kurashini taqozo etadi. Shaxsiy intilishlar bilan davlat va jamiyat manfaatlarning mosligi, maqsadlar va vositalarning pok yoki nopokligi muammolari o‘rtaga chiqadi. Lekin, aslida siyosat qay darajaga axloqiylik kasb etsa, shunchalik u oqilona bo‘ladi. Bu hozirgi kunda axloqshunoslik ham, siyosatshunoslik ham jiddiy tadqiq etadigan eng muhim umumiy muammolardan biridir. Shuningdek, rahbarlik odobi, partiyaviy odob, etiket singari axloqshunoslikning muomala madaniyati doirasiga kiruvchi maxsus sohalari ham, siyosatshunoslik bilan chambarchas bog‘liq.
Bundan tashqari, keyingi paytlarda axloqshunoslikning ekologiya bilan aloqasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Tarixan axloqshunoslik ko‘prok insonning o‘zi, o‘zgalar va jamiyat oldidagi majburiyatlarni tahlil etish bilan shug‘ullangan, uning tabiatiga bo‘lgan munosabati diqqat markazidan chetga qolib ketgan. Lekin, keyingi davrlarda, ayniqsa, XX asrda tabiatga nisbatan tor manfaatparastlik doirasidagi yondashuvlar oqibatida paydo bo‘lgan ekologik muammolar ko‘proq bu manzarani o‘zgartirdi. endilikda global ekologik muammolar ko‘proq odamlarning ijtimoiy axloqiy nuqtai nazarlari bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘lib qoldi. Shunday qilib, hozirgi kundagi ekologik muammolarni hal etish axloqshunoslikka borib taqalmoqda. XX asrda ekologik axloqshunoslik degan maxsus soha ham yuzaga keldi. Lekin, bu - axloqshunoslik ekologiyani to‘lik o‘z ichiga oladi, degan so‘z emas. Chunki bunda axloqiy baholash va boshqarish ob’ekti sifatida tabiatning o‘zi emas, balki odamning tabiatga bo‘lgan munosabati maydonga chiqadi.
Axloqshunoslik hamma davrlarda ham yuksak ahamiyat kasb etib kelgan fan. Faqat zulm-zo‘ravonlikka, adolatsizlik va huquqsizlikka asoslangan totalitar tuzumlardagina yolg‘onga bo‘ysundirilgan, soxtalashtirilgan hamda shu yo‘l bilan uning ahamiyati pasaytirilgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishishi bilan yana axloqshunoslik yangi jamiyatda tobora o‘z yuksak mavqeini egallab bormoqda.
Shu o‘rinda Respublikamiz Prezidenti Islom Karimovning quyidagi qimmatli fikrlarini keltirish joiz: «Aslini olganda, axloq-ma’naviyatning o‘zagi»,«Inson axloqi shunchaki salom-alik, xushmuomalalikdangina iborat emas. Axloq - bu, avvalo, insof va adolat tuyg‘usi, iymon, halollik degani». Bu fikrlar, bir tomondan, eski tuzumdan qolgan axloqsizlik ko‘rinishlariga loqayd qarovchilarga va axloqshunoslikni yengil-elpi, ikkinchi darajali fan sifatida tushunuvchilarga adolatli zarba bo‘lsa, ikkinchi tomondan axloqning yangi jamiyatimizdagi ulkan mavqeini hamda axloqshunoslikning jiddiy nazariy tadqiqotlariga suyanishi kerakligini ta’kidlaydi. Zero, hozirgi sharoitda totalitar tuzum ta’qiqi yoxud ta’qibiga uchragan milliy va umuminsoniy axloqiy qadriyatlar hamda qadimiy urf-odatlarimiz, an’analarimiz yangi zamon ma’naviy qadriyatlarini yaratishga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ana shu yangilanish jarayonida axloqshunoslikning o‘z o‘rni bor. Uning oldida yangi demokratik va huquqiy davlat barpo etishga kirishgan mamlakatimiz fuqarolarining, ayniqsa, yoshlarning axloqiy darajasiga mas’ullik va har tomonlama kamol topgan zamon kishisi tarbiyasini nazariy asoslashdek ulkan vazifalar turibdi. Ularni faqat qadimiy va har doim zamonaviy bo‘lib kelgan axloqka yangicha yondashuvlar asosidagina amalga oshirsa bo‘ladi. Ayni paytda, ularni axloqshunoslik fani oldida turgan vazifalarning bir qismi, ta’bir joiz bo‘lsa, milliy axloqshunoslik vazifalari deb atash mumkin. Zero, fanimizning hozirgi kunda umumjahoniy global muammolarini hal qilishdek muhim vazifasi ham borki, u haqida alohida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Ulardan biri, eng muhimi sayyoramizda «etosfera - axloqiy muhit davr»ni yaratish bilan bog‘liq.
Ma’lumki, yuzlab asrlar mobaynida inson kichik biologik olam sifatida katta biologik olam ichida, uning bir parchasi, jonli organizmlar podshosi, oqil va hukmron qismi sifatida yashab keldi. XIX asrning oxiridan boshlab, ayniqsa XX asrda u o‘z tafakkur quvvati bilan, ilmiy-texnikaviy inqiloblar tufayli ana shu biosfera ichida noosferani - texnikaviy muhitni yaratdi. Mana, hozirgi kunda, qarang, ertalabdan kechgacha biz o‘z texnikaviy kashfiyotlarimiz ichida yashaymiz, yeymiz, ichamiz, yuramiz, uxlaymiz. Ularsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Bular metro, avtobus, televizor, radio, telefon, eskalator, lift, kompyuter, poezd, gaz plitalari, elektr asboblari, zavodlar, kimyoviy dori-darmonlar va h.k. Bugun video telefonda gaplashar ekanmiz, yuzlab chaqirim naridagi suhbatdoshimizni ko‘rish va u bilan gaplashish uchun ot-ulovda yoki piyoda boradigan bo‘lsak, necha kunlab yo‘l bosish kerakligi haqida o‘ylab o‘tirmaymiz, to‘g‘rirog‘i bu esimizga ham kelmaydi. Chunki, texnika bizning yashash muhitimizga aylanib qolgan.
Faqat bugungina emas, inson endilikda o‘zi yashayotgan butun boshli sayyoraga ta’sir ko‘rsata boshladi. Yer tarixida inson birinchi marta ulkan geologik kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Insoniy tafakkur biosferadagi o‘zgarishlarning asosiy sababiga aylandi. Bu haqda noosfera ta’limoti asoschilaridan biri buyuk rus olimi V.I.Vernadskiy shunday degan edi: «Bugun geologik davr mobaynida yaratilgan, o‘z muvozanatlarida barqarorlashgan biosfera inson ilmiy tafakkuri bosimi ostida tobora kuchliroq va teranroq o‘zgarishga kirishdi. Aftidan, inson ilmiy tafakkuri harakatining bu tomoni tabiiy hodisa bo‘lsa kerak.
Hozir biz biosferadagi yangi geologik zvolyustion o‘zgarishlarni boshdan kechiryapmiz. Biz noosferaga kirib boryapmiz. Ammo noosfera faqat ijobiy emas, balki salbiy hodisa sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Atom, vodorod, neytron bombalarining kashf etilishi, yadro kalliballistik raketalarning yaratilishi ana shunday salbiy hodisalardandir. Bundan tashqari noosferaning vujudga kelishi atmosferaning olamiy okeani, yer osti va yer usti suvlarini, nabototni, hayvonotni, hatto insonni ich-ichidan kimyoviy zaharlanishga olib keldi. Hozirgi kunda tirik organizmlarning, o‘simliklarning, hayvonlarning ko‘pgina turlari jisman yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi. Ayniqsa, joy topolmay okeanda kemalarda suzib yurgan radioaktiv chiqindilar yoki ularning kimsasiz go‘zal orollarga ko‘mib tashlanishi, kislota yomg‘irlarining ko‘payib borishi singari hodisalar bag‘oyat xatarli. Afsuski, inson ko‘ra-bila turib, o‘zi o‘tirgan shoxga bolta urishni to‘xtatmayotir. Bu muammolarning hal etilishi faqat atrof-muhitni kimyoviy zahardan ekologik tozalashnigina emas, eng avvalo global ma’noda, XXI asr kishisi ongini texnokratiya zaharidan forig‘lantirishni taqozo etadi. Ya’ni, ular insoniyat oldida endilikda ekologik hodisa emas, balki tom ma’nodagi axloqiy muammolar sifatida ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Mashhur avstriyalik etolog olim, Nobel mukofoti laureati Konrad Lorenst: «Yoppasiga va tez yoyilib borayotgan jonli tabiatga begonalashish hodisasining asosiy sababi sivilizastiyamiz kishisidagi estetik va axloqiy tuposlikdir», degan so‘zlari shu nuqtai nazardan ayni haqiqat. Shuningdek, yana bir muhim muammo bu - biologik axloqshunoslik. Mazkur hodisa so‘nggi bir necha o‘n yillik ichida sof tabobat muammosidan to‘laqonli axloqiy muammoga aylandi: endilikda, birovning muayyan a’zosini boshqa bemorga jarrohlik operastiyasi yo‘li bilan o‘tkazish orqali kishi hayotini saqlab qolish axloqiy nuqtai nazardan qanday baholanadi, degan savol kun tartibida dolzarb bo‘lib turibdi.
Chunki, tabobat borasidagi so‘nggi tadqiqotlar inson o‘limi bir lahzada ro‘y bermasligini, yurak urishi va nafas olish to‘xtaganda isbotlab berdi. Dastlab miya qobig‘i, undan keyin miya tanasi halok bo‘ladi. Shundan keyingina insonni o‘lgan deb isbotlash mumkin. Zero, hozir toki miya o‘lmas ekan, ko‘pgina ichki a’zolarning yangi tabobat texnikasi vositasida ishlashda davom ettirishini ta’minlash va shu orqali ancha muddatgacha insonda tiriklikning minimal darajasini saqlab turish mumkin. Demak, yurakning yoki buyrakning ko‘chirib o‘tkazilishi hali o‘lmagan odamning minimal tiriklikka bo‘lgan huquqini poymol qilishdir. Buning ustiga, amerikalik kardioxirurg Pol Person o‘z tajribalariga asoslanib, yurak ko‘chirib o‘tkazilganda ruh ham ko‘chib o‘tadi, degan fikrni bildiradi. Chunonchi, 19 yashar qizning yuragi 40 yashar erkakka o‘tkazilganida, yoki 20 yashar qizning yuragi va o‘pkasi 36 yashar ayolga o‘tkazilganda ham shunga o‘xshash o‘zgarishlar yuzaga kelgan, hatto, kulishigacha o‘zgarib ketgan. Axloqiy nuqtai nazardan buni qanday izohlash mumkin?
Biologik axloqshunoslikning anchadan buyon ko‘pchilikka ma’lum muammosi, bu - abort. Ma’lumki, to‘rtinchi haftaning oxirida homilada dastlabki yurak urishi paydo bo‘ladi. Sakkizinchi haftaning oxirida esa miya tanasining elektrofiziologik faolligini kuzatish mumkin. Demak, har qanday abort xalq ta’biri bilan aytganda, jonlini jonsiz qilish, tirik organizmni tiriklikka bo‘lgan huquqdan mahrum etishdir. Xo‘sh, abortni axloqsizlik tarzida baholash kerakmi yo yo‘qmi? Bu savollarga ham axloqshunoslik javob topmog‘i lozim. Bizning fanimiz oldida ana shunday global vazifalar turibdi. Aynan shu vazifalarni bugungi kunda axloqshunoslikning ahamiyatini belgilab beruvchi barometrlar, deyishimiz mumkin.
Axloqshunoslik boshqa ijtimoiy fanlar singari o‘zining boy tushunchalari sistemasiga ega bo‘lib, ular vositasida o‘z xulosalarini shakllantiradi, to‘plagan bilimlarini ifodalaydi va umumiy axloqshunoslik nazariyasi, tarixiy axloqshunoslik, normativ axloqshunoslik, professional axloqshunoslik, axloqiy tarbiyaning axloqshunoslikviy nazariyasiga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |