10-mavzu. Pedagog faoliyatida Estetika
Reja:
“Estetika” fanining obekti va falsafiy mohiyati va“Estetika” haqidagi qarashlar tarixi.
Estetika kategoriyalarining an’anaviy va zamonaviy tasnifi.
Jamiyat rivojida tabiatga estetik munosabatning shakllanishi.
Tabiatning estetik jihatlari. Ekologik estetikaning qadriyatli maqomi.
Texnogen sivilizatsiyaning ishlab chiqarish estetikasi va fan taraqqiyotiga ta’siri.
Estetik tarbiyaning turlari va yo‘nalishlari.
Tayanch tushunchalar: Estetika, «Go‘zallik falsafasi», estetik ehtiyoj, nafosat, san’at, estetika amaliyoti, estetika vazifalari. Zardushtiylik, Pifagor, Geraklit, Suqrot, Aflotun, Arastu, Tit, Lukretsiy Kar, G‘arb O‘rta asrlar estetikasi, Uyg‘onish davri, klassitsizm, nemis klassik falsafasi, O‘rta Osiyo Uyg‘onish davri estetikasi, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, intu-itivizm, ekzistensializm, strukturalizm. Ekoestetika, dizayn, san’at, Xalq amaliy san’ati, Tabiat, Ekologik estetika. Jamiyat rivojida tabiatga estetik munosabatning shakllanishi. Tabiatning estetik jihatlari. Tayanch iboralar: Tarbiya, estetik tarbiya, tarbiya vositalari, estetik tarbiyaga tahdidlar, ommaviy madaniyat, reklama, estetik did, mehnat
Estetika so‘zi yunoncha «estezis» so‘zidan olingan bo‘lib, «sezish», «his qilish qobiliyati» ma’nosini bildiradi. Bu fan - insonning voqelikka estetik munosabatlari va insoniyat badiiy rivojining umumiy qonun- qoidalari haqidagi fan. Uzoq vaqt bu fan «Go‘zallik falsafasi» deb ta’riflab kelingan. Lekin hozirgi davrda „Estetika" fanini bunday ta’riflab bo‘lmaydi, chunki «go‘zallik»ning o‘zi „Estetika"ga tegishli tushunchalardan biriga aylanib qoldi. Birinchi marta estetika so‘zini fanning nomi sifatida olmon faylasufi Aleksandr Baumgarten (1714-1762) “Poetika” asarining ba’zi bir masalalari to‘g‘risida falsafiy mulohazalar” kitobida ishlatgan (1735 yil). Lekin bu bilan Baumgartenni „Estetika" fanining asoschisi deb bo‘lmaydi, chunki estetika nazariyalari qadim zamonlardayoq „Falsafa” fani doirasida o‘rganilgan.
Dastlabki estetik ta’limotlar quldorlik jamiyati davrida - Sharq mamlakatlari (Misr, Bobil, Hindiston, Xitoy, Eron va Turon)da vujudga kelib, qadimgi Yunonistonda, ayniqsa, Aflotun, Arastu, Suqrot asarlarida, qadimgi Rimda Lukretsiy Kar, Goratsiy va boshqalarning tadqiqotlarida rivojlantirildi. XVIII asrning ikkinchi yarmidan mustaqil fan sifatida shakllana boshladi. „Estetika" so‘zi ko‘pincha narsa va hodisalarning rang-tusi va shaklidagi mukammallik, mutanosiblik, latofat ma’nolari majmui sifatida ham qo‘llaniladi. Mazkur tushuncha kishilarning yaxshi fe’l-atvori, muomalasi, nutqi, did bilan kiyinishini anglatadi yoki tabiatdagi go‘zallikni ham bildiradi.
Estetika so‘zi ba’zan «nafosat» tushunchasi bilan baravar ishlatiladi. San’atda ham estetika bir qancha ma’nolarda qo‘llaniladi. Voqelikdagi tabiatan nozik narsalar va hodisalar in’ikosi - badiiy adabiyotda nazm, tasviriy san’atda - manzara, miniatyura va boshqalar fikrimizga yorqin dalildir. Ikkinchidan, san’atda nima in’ikos ettirilishidan qat’i nazar, nihoyatda nozik ifoda usullari qo‘llanilishi, ifoda usulining bag‘oyat nafisligi - nozik raqs va boshqalar diqqatga sazovordir. “Estetika” atamasi o‘rnini bevosita va bilvosita “Nafosat” atamasi bosa oladi. Ko‘pchilik “estetika” atamasiga o‘rgangani uchun “nafosat” atamasini chuqur his qilol-maydi.
Estetika fan sifatida voqelikning go‘zallik asosida in’ikos etishini, inson amaliy faoliyatining hamma sohalarida go‘zallik va xunuklik tuyg‘ularini, ayniqsa, badiiy ijodning umumiy qonunlarini o‘rganadi. Biz voqelikdagi go‘zallik va xunuklikni turlicha tushunamiz. Estetik qarashlarimiz, tasavvurlarimiz, baholarimiz nisbiy bo‘lib, ularni xolis baholash estetikaning vazifasidir. Mazkur fanning asosiy tushunchasi - go‘zallik zohiriy va boti-niy ma’noga ega, voqea-hodisa, buyum zohiran go‘zal, botinan xunuk bo‘lsa, bu erda tom ma’nodagi go‘zallik deb bo‘lmaydi. Shu bois donishmandlar tashqi va ichki go‘zallik mutanosibligiga alohida ahamiyat berganlar.
Go‘zallikka intilish tabiiy ehtiyojdir. Bu ehtiyoj tarbiya vo-sitasida namoyon bo‘ladi. Go‘zallik qurshovida yashagan inson bilan xunuklik muhitida o‘sgan odam o‘rtasida katta farq bor. Go‘zallik tarbiyasi insonni ma’naviy jihatdan kamolotga etaklaydi, estetik his-tuyg‘uni taraqqiy ettiradi. Estetik his-tuyg‘u insonni qurshab turgan muhitdagi go‘zallik va xunuklikni, ulug‘vorlik va tubanlikni, fojiaviylik va kulgililikni idrok etish va baholash qobiliyatidir. Estetik ehtiyoj ezgulikka, go‘zallikka intilishdir. Bu ehtiyoj mehnat, san’at, axloqiy munosabatlardagi go‘zallikni taqozo etadi. Estetika o‘z mohiyatiga ko‘ra, din, fan, axloq, huquq tamoyillaridan farq qiluvchi o‘ziga xos qonunlar asosida rivojlanib, unda o‘tmish madaniy merosi, hozirgi kun tarbiyasi, kelajak bashoratlari uyg‘unlashgan holda namoyon bo‘ladi, fan voqea- hodisalarning qonuniyatlarini voqelikka muvofiq keladigan tushunchalar va qoidalar orqali ochib bersa, estetika voqea-hodisalarni xayol, to‘qima obrazlar vositasida ifodalaydi. Ulardagi timsollar ham o‘z tuzilishiga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Masalan, musavvirlik, haykaltaroshlik, teatr va boshqa san’at turlarida voqea-hodisalar bevosita tasvirla-nadi. Musiqa, raqs, me’morchilikda san’atkorning voqea- hodisalar va narsalardan tug‘ilgan g‘oyaviy-hissiy holati ifodalanadi. Bu jihatdan estetika san’atga yaqin turadi. Estetika fani falsafiy bilimlar majmuida o‘ziga xos alohida ahamiyatga molik bo‘lib, u bir tomondan insonning atrof-muhitga, voqelikka estetik munosabati doirasidagi olamni o‘zgartirish jarayonidagi faoliyatini namoyon etadi. Ikkinchidan, san’atga alohida ahamiyat beradi. Chunki ayni shu erda insonning nafosat olamini o‘zlashtirishi eng yuqori darajaga ko‘tariladi.
Estetika fanining ikki tomoni mutanosibligi nihoyat darajada murakkab tizimga ega bo‘lib, uni soddalashtirib, qolipga solishga urinishlar ko‘p hollarda kulgili vaziyatlarga olib keladi. Uning bir tomonini bo‘rttirib, ikkinchi tomonini unga bo‘ysundirib qo‘yish ham estetika fani mohiyatini buzilishiga olib keladi. Masalan, atrof-muhitni go‘zallik mezoni bilan baholanishini bo‘rttirib yuborish estetikani faqat go‘zallik falsafiy qolipiga zo‘rlab sig‘dirishga, inson badiiy faoliyati sohasini esa faqat san’at falsafasi darajasiga tushirib yuborishga sabab bo‘ladi. Estetikaning fan, keyinchalik esa o‘quv darsi sifatida shakllanish jarayonlarida uni bir qator mustaqil bilim sohalariga bo‘lib yuborishlar, ya’ni estetikani «estetik qadriyatlar nazariyasi», «estetik idrok etish nazariyasi» va «umumiy san’at nazariyasi» sohalariga ajratib o‘rganish hamda o‘qitish maqsadga muvofiq deb ko‘rsatilgan edi. Insonning estetik faoliyati badiiy faoliyati bilan, aksincha uning badiiy faoliyati estetik faoliyati bilan bab-baravar degan aqida tarixiy taraqqiyot tajribasida o‘zini oqlamadi. Aslida bu ikki nisbiy mustaqil maqomga ega bo‘lgan inson faoliyati sohalari o‘zaro shu qadar chirmashib ketganki, ularni bir-birisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Insonning estetik faolligi jarayonida tabiat va jamiyat qad-riyatlari munosabatlari tizimidagi estetik xususiyatlar (go‘zallik va xunuklik, ulug‘vorlik va tubanlik, fojialilik va kulgililik) qonuniyatlari namoyon bo‘ladi. Insonning estetik faoliyati sifati va darajasi esa estetik qadriyatlar bilan estetik baholash qobiliyati, estetik idrok etish bilan estetik amaliyot o‘rtalaridagi uzviy aloqadorlik madaniyatning barcha sohalaridagi badiiy va estetik o‘zaro bog‘liq mezonlari bilan o‘lchanadi.
Estetikaning ikkinchi tarkibiy qismi bo‘lgan san’atni yaxlit birlikda mushohada etib o‘rganish, uning faoliyati boshqa turlari qatorida tizimi va amal qilish xususiyatlarini anglab, badiiy ijod, uning samarasi bo‘lgan san’at asarlari bilan ularni odamlar idrok qilishining uzviy bog‘liqligini ilg‘ab olish, badiiy faoliyat aniq shakllarini yaratuvchi qonunlarini o‘rganish faoliyat badiiy taraqqiyoti qonunlarini san’at ravnaqining istiqbollarini ko‘ra bilish qobiliyatining vujudga kelishi jarayonlarini tadqiq etish estetika fanining eng muhim mavzusi hisoblanadi. Estetika fani hech vaqt faqat atrof-voqelikni estetik va badiiy idrok etish qonuniyatlarini o‘rganish bilan chegaralanib qolmay, u tadqiq va tahlil ishlarini istiqbol maqsad- manfaatlariga yo‘naltirib turgan. Estetikaning istiqbolga mo‘ljallanganligi shu bilan izohlanadiki, u voqelikni nafosat nuqtai nazaridan baholashda, badiiy mezon o‘lchovlarini ilmiy jihatdan ishlab chiqib, amaliy faoliyatga tatbiq etishda o‘z ifodasini topadi. Insonning estetik tafakkuri shakllanib, rivojlanib va takomillashib borgani sari uning ijtimoiy-ruhiy, mafkuraviy-g‘oyaviy, siyosiy-ma’naviy intilishlari ham tobora tiniqlashib boradi. Chunki estetik tafakkur insonning maqsad-manfaatlarini estetik-badiiy vositalarda nazariy asoslab beradi, estetik madaniyat va badiiy amaliyot asoslarini o‘rganish, tahlil qilish bilan boyitadi, estetik nazariyalarning falsafiy asoslarini ochib beradi, voqelikni estetik in’ikos etish jarayonlarini ko‘rsatib beradi. SHunday qilib: estetika fani va o‘quv darsi voqelikni estetik mushohada qilish va badiiy ijod jarayonlarining uzviy mutanosibligini namoyon qiladi va ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, estetika - bu nafosat olami, san’at va badiiy ijod jarayonlari qonuniyatlarini his-tuyg‘u, sezish, idrok qilish vositalari orqali o‘rganadigan va o‘rgatadigan fandir.
Estetika mavzui bilan bevosita aloqador bo‘lgan «estetik mu-nosabatlar», “borliqni estetik o‘zlashtirish”, “estetik bilish”, “estetik tafakkur”, “estetik faoliyat” kabi o‘zaro yaqin, ma’nodosh bir qator tushunchalar bor. Ular orasidagi “borliqni estetik o‘zlashtirish” tushunchasi qolgan «estetik munosabat», «estetik bilish», «estetik tafakkur», «estetik faoliyat» tushunchalarini ham qamrab oladi. Shu bois estetika fani insoniyat tomonidan borliqni estetik o‘zlashtirish mohiyati va qonuniyatlarini o‘rganadi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Borliqni estetik o‘zlashtirish esa san’atning asosiy mazmunini tashkil etadi. Shu bois estetika fani san’atning asosiy uslubiy-metodologik zamini bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |