Ernazarova Iroda
SamDU tayanch doktoranti
ESHQOBIL SHUKUR - ETIMOLOG
ANNOTATSIYA
Maqolada Eshqobil Shukurning “Bobo So’z izidan” asarida keltirilgan tilshunoslik uchun dolzarb etimiologik izlanishlar to’g’risida fikr yuritilgan. Muallifning so’zlar haqidagi munosabatlari chuqur tahlil etilib,
Shuningdek, asardagi ma’lumotlarning tilshunosligimiz uchun muhim bo’lgan jihatlari ochib berilgan. Zero bu kabi asarlarning yaratilishi tilimizdagi so’zlarning jozibasini yanada ochib beradi va so’zlarimizning yashovchanligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Kalit so’zlar: tilning so’z boyligi, so’zning yashovchanligi, etimologiya, shevaga xos so’z, adabiy manbaa,ijobiy ma’no, salbiy ma’no.
В статье рассматриваются работы Эшкобиля Шукура «По следам Бобо Соз», его структура, семантические группы слов, принципы толкования слов и отношение создателя к выживанию слова. Это также раскрывает важные аспекты информации в работе для нашей лингвистики. Потому что создание таких произведений раскрывает очарование слов в нашем языке и служит для обеспечения жизнеспособности наших слов.
Ключевые слова: словарный запас, жизнеспособность слова, этимология, диалект, литературный источник, положительное значение, отрицательное значение
ESHQABIL SHUKUR'S WORKING SPEECH
ANNOTATION
The article discusses Eshqobil Shukur's work "In the Footsteps of Bobo Soz", its structure, semantic groups of words, the principles of interpretation of words and the attitude of the creator to the survival of the word. It also reveals important aspects of the information in the work for our linguistics. Because the creation of such works reveals the charm of words in our language and serves to ensure the viability of our words.
Keywords: language vocabulary, word viability, etymology, dialect, literary source, positive meaning, negative meaning.
O’zbek tilining zahirasida hali ma’no qirralari to’laligicha ochilmagan, o’z o’rnini topib ishlatilmayotgan so’zlarning mavjud ekanligi bu tildan foydalanuvchilarning ko’pchiligiga ma’lum. Shunday so’zlarning taqdiriga befarq qaramay ularning yashovchanligi uchun kurashish aslida hammamizning vazifamiz. Bu borada, ya’ni tilimizning cheksiz imkoniyatlarini ochib berishga doir ko’plab manbalar ham yaratilgan. Tilning boyligini ko’rsatishni maqsad qilgan dastlabki manbaa sifatida “Devonu lug’otit-turk” asarini e’tirof etamiz [1]. Asarda turkiy tillarning, jumladan, o’zbek tilining juda katta so’z boyligi aniq ma’lumotlar asosida izohlangan. Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug’atayn” asari esa tilimizning imkoniyatlarini qiyosiy aspektda juda mukammal aks ettirgan [2]. Shuningdek, Fitrat, Pirimqul Qodirov kabi ijodkorlarning qarashlarida ham tilimizning so’z boyligiga alohida e’tibor qaratilgan. Alibek Rustamovning “So’z xususida so’z” [3], Erkin Vohidovning “So’z latofati” [4] va Nizomiddin Mahmudovning “Tilimizning tilla sandig’i” [5] asarlari esa aynan o’zbek tilining so’z boyligi bilan bog’liq masalalar yuzasidan fikr yuritadi.
O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Eshqobil Shukurning “Bobo So’z izidan” asari ham ana shu dolzarb ahamiyatga ega bo’lgan masala, ya’ni o’zbek tilining so’z boyligi, uning imkoniyatlari va bu imkoniyatlardan foydalanish jarayoni haqida bahs yuritadi [6].
“Bobo So’z izidan” o’ziga xos kirish qismi, 200 dan ortiq so’zlar izohi keltirilgan asosiy bob, “So’zlar guvohligida” nomli 30 ga yaqin etnografik mazmunga ega so’zlar izohi mavjud qism, “Yondaftardagi turli qaydlardan” deb nomlangan 30 dan ortiq so’zlar mazmuniga doir qiziqarli ma’lumotlar berilgan boblardan iborat. Shuningdek asarga muallifning Ona tili haqidagi she’rlari ham kiritilgan bo’lib, bu ijod mahsullari kitobning rangbarangligini ham ta’minlagan. Bizningcha, “Ona til tuyg’usi” nomli xulosa esa “Bobo So’z izidan” kitobining muallifi Eshqobil Shukur o’zbek tilining haqiqiy jonkuyari bo’lgan so’z ijodkori degan xulosa beradi.
Muallif asarni yaratishda juda ko’p manbalarga murojaat qilganini alohida ta’kidlaydi: “Bu kitobni tayyorlash jarayonida garchi ko’p manbalarni ko’rib chiqsam-da, ba’zi so’zlar masalasida xato qilyapmanmi degan xijolatga ham bordim. Lekin faraz fikrni harakatga keltiradi” [6,6]. Darhaqiqat, muallif misollarni izohlash jarayonida “Devonu lug’otit-turk”, “Turkiy tillar etimologik lug’ati”, “Kitob at-tuhfa” , “Oltoy- Olatog’ lugati”, “Farhangi zaboni tojik”, “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”, “O’zbek tilining izohli lug’ati”, “O’zbek tilining etimologik lug’ati”, “Qadimgi turkiy til lug’ati”, “Navoiy asarlari lug’ati”, “Tarixiy harbiy terminlar lug’ati”, “Ruscha-o’zbekcha lug’at” kabi lug’atlardan ma’lumotlar keltirgan.
Asarning ikkinchi nomi “So’zlar bilan so’zlashuv” deb nomlangani ham bejizga emas, chunki muallif har bir so’zning nafaqat ilmiy, etimologik izohiga, balki o’z tafakkurida yuzaga kelgan ma’no mahsuliga ham nazar tashlaydi va bu kashfni kitobxon bilan o’rtoqlashib, kamtarona izoh beradi: “So’zlar haqidagi bu kitobni bir shoirning o’z Ona Tili zaminidagi so’zlarga munosabati, so’zlar haqidagi o’y-fikrlari sifatida qabul qilishsa, ko’nglimdagidek bo’ladi”[6,6].
“Darhaqiqat, so’z o’zi haqida o’zi gapiradi. Faqat unga diqqat bilan quloq solish kerak” [6,7] – deya muallif so’zlarni tinglash uchun turli adabiy manbalardan misollar keltiradi. “Irq bitigi”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asari, Lutfiy g’azallari, Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonlari, “Lison ut-tayr” dostonidan,“Nasoyim ul-muhabbat”, “Muhokamat ul-lug’atayn”, “Boburnoma” asari, Abdulla Qodiriy,Abdulla Qahhor asarlari, Abdulhamid Cho’lpon, G’afur G’ulom, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev, Hamid Olimjon, Oybek, Mirtemir, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Azim Suyun kabi ijodkorlarning ijod namunalari misolida so’zlar ma’nosiga e’tibor qaratadi. Anglashiladiki, muallif o’ziga qadar yaratilgan adabiy manbalardan ham yaxshi xabardor, ularni qunt bilan o’rgangan.
Muallif o’zbek tilining boy xazinasi haqidagi fikrlarni keltirish jarayonida tilshunoslikdagi qarashlarni ham nazardan chetda qoldirmaydi. Jumladan, Herman Vamberi, Gustav Ramsted, M.Resenen, Sevortyan, Radlov, Konnonov, I.G.Dobrodomov, J.Kloson, Behbudiy, G’ani Abdurahmonov, Alibek Rustamov, Solih Mutallibov, Manzar Abulxayrov, T.Begjonov kabi tilshunos, olimlarning qarashlarini ham keltirib, ularga doir turli mulohazalarni o’rtoqlashadi.
“Har bitta so’z o’z tilining fuqarosi. U yashashi uchun ishlashi kerak. So’z esa odamlar tilida ishlaydi. So’zning hayoti uchun hammamiz burchli. Chunki tilimizdagi har bir so’z bizning o’zimiz” [6,11], – deya fikr bildirgan ijodkor, o’z fikriga amal qiladi va ko’plab so’zlarni yashab qolishi uchun o’z she’rlarida ishlatadi ham. Masalan, quyidagi misralarda tilimizda go’zal mazmunga ega “saygul” so’zining yashovchanligini ta’minlaydi:
Ko’nglim suvaydosi, ko’zim sayguli
Zahri ham novvotey, chashmi qiymochim
Kuygan ustixonda o’stirgan gulim,
Olam: “vijir-vijir”, men: - “hajr-hajr” [7,36]
Muallifning ma’lumotlarni berishda qiyosiy tamoyildan foydalangani manbaning qiymatini yanada oshirgan. Xakas, qarachay-malkar, abaqan, qumiq, qirg’iz,qozoq kabi o’zbek tili bilan qardosh tillar, shuningdek, sanskrit,arab,fors, yunon, xitoy, ingliz, rus, mo’g’ul, hind, golland tillarining ham so’zligiga nazar tashlab, ushbu tillardan o’zlashgan so’zlar, shuningdek, tilimizda mavjud so’zlarning shu tillardagi muqobil variantlari haqida ham qiyosiy ma’lumotlar berilgan.
Aytish mumkinki, asar muallifi Mahmud Koshg’ariyning tilshunoslikka doir ma’lumotlarini juda sinchkovlik bilan o’rganib chiqqan va boshqa manbalardagi ma’lumotlar bilan boyitib, to’g’ri deb bilgan ilmiy g’oyalarini ilgari surgan. So’zlarni izohlashda ham muallif Koshg’ariyona uslubdan foydalanganini, ya’ni xalq og’zaki ijodi manbalaridan: doston, rivoyat, afsona, topishmoqlar qatorida xalq maqollariga tez-tez murojaat qilganini ko’rishimiz mumkin: “O’zbekning kichigi – kuchugi” [6,19], “Chigal soqolga temir taroq” [6,43],“Yaxshi so’z – jon ozig’i, yomon so’z – bosh qozig’i[6,44], “Dardsiz kesak, ishqsiz eshak”[6,52], “Erinchak ikki ishlar, oxiri barmog’in tishlar”, “Erinchakning ishi bitmas” [6,60], “Quv quv bilan uchadi, g’oz g’oz bilan ko’chadi” [6,67], “Chumchuq semirsa, botmon bo’lmas”[6,83], “Kenja, topganimni sen je” [6,85], “Daryo toshsa to’pig’iga chiqmaydi” [6,86],”Chakki yursang,dakki yeysan”[6,114] kabi xalq tilida keng qo’llaniladigan maqollar tarkibidagi muallifni qiziqtirgan so’zlarning ma’nosi hammamizni o’ylantirib kelgani asardagi ma’lumotlarning hammabop ekanligini ham isbotlaydi.
Asarda muallif so’zning ma’nosini ochish jarayonida tilshunoslik uchun muhim ma’lumot bo’ladigan til taraqqiyoti davomida so’z ma’nosining o’zgarib, boshqa ma’no ifodalay boshlaganiga ham e’tibor qaratib, misollar keltiradi. Masalan, “tullak”, “olchoq” so’zlari aslida salbiy baho formasi bo’lmagan, ya’ni ijobiy bo’yoqdan salbiy bo’yoq ifodalashga o’tgan. “Yupatdi”, “chapani” kabi so’zlari esa salbiy ma’nodan ijobiy ma’no ifodalashga o’tgan. “Ultontoz”, “zangori”, “mujmal”, “lo’nda”, “go’ng”, “basir” kabi so’zlar esa o’zining asl ma’nosidan boshqa ma’no ifodalay boshlagan.
“Bobo So’zidan izidan” asarida muallif turli mavzuiy guruhlarga mansub so’zlarning etimologiyasi, morfemik tuzilishi, yasalishi va mazmuniy shakllanishini o’rganadi. Jumladan, asarda antroponimlar (Ultontoz, Kimsan,Qo’shoq), toponimlar (Yozyovon, So’qoq, Qapchig’ay, Oqqapchig’ay, Xisor, Boldir)ning ham o’rin olganini ko’rishimiz mumkin.
Muallif til leksik qatlamining ichki manba asosida boyitilishiga muhim va zaruriy jarayon sifatida qaraydi va juda ko’p so’zlarni “dangasalik” tufayli osongina iste’moldan chiqarib, leksik kambag’allashishga yo’l ochayotganimizni kuyunib e’tirof etadi. Masalan, “chalg’ay” so’zi haqida shunday ma’lumot keltiradi: “Xalq tilida chopon yoqasining uch qismi hozir ham “chalg’ay” deb aytiladi. Umuman, bu so’zga bizda ehtiyoj bor. Chunki “chalg’ay” so’zining ma’nosini ifoda etuvchi boshqa ekvivalent so’z bizda yo’q” [6,18].Yana bir so’zning tilimizdagi iste’molini ta’minlash uchun ijodkor quyidagi fikrlarni keltirib o’tadi: “Tog’ cho’qqilari va yonbag’irlarida olachalpoq bo’lib qolgan, tosh ustlari erib, qorayib ko’ringan qor ana shunday qorli joy tilimizda “olaqor” so’zi bilan ifodalanadi. Bu so’z hozir bizda juda kam ishlatiladi. Lekin, muhimi, ifodalanishi bir necha jumlani talab qiladigan shunday manzarani bir so’zda tasvirlab beradigan so’z tilimizda mavjud. Bundan foydalana bilishimiz va uni keng iste’molga olib kirishimiz kerak” [6,143]. Shuningdek muallif kungay, terskay,jig’ovul, shig’ovul, chaltov, do’ngsa, kezanak, chag’ot kabi so’zlarning ham iste’moldan chekinayotganini, ammo ularga ehtiyoj borligini alohida ta’kidlaydi.
Muallif til tarixiga oid ma’lumotlarni o’rganish jarayonida ba’zi birliklarni tilimizga qaytadan olib kirish uni boyitishga xizmat qiladi degan xulosaga keladi. Jumladan, “qaloda” so’zini iste’molga olib kirish haqida shunday fikrlarni bildirib o’tadi: “It bo’yniga osiladigan tasmani ifodalaydigan yaxlit so’zni hozirgi tilimizda uchratmaymiz. Lekin bunday so’z tariximizda bo’lgan. Uni iste’molga olib kirsa ham bo’lar” [6,173].
So’zlik muallifi tilning ajralmas qismi bo’lgan sheva boyligi haqida ham to’xtalib, qimmatli ma’lumotlarni beradi. Ma’lumki, “Dialektal leksikani o’rganish til tarixi va hozirgi zamon o’zbek adabiy tiliga aloqador masalalar, ba’zi so’z, affikslarning tarixi va genezisini belgilashda, leksik me’yorni aniqlashda, terminologiya, orfografiya masalalarini hal qilishda, o’zbek shevalarining atlasini tuzishda hamda o’zbek xalq shevalari lug’atining ko’p tomliligini yaratishda asosiy manbalardan hisoblanadi”. Shu nuqtayi nazardan quyidagi ma’lumotlar tilshunosligimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi: “Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida “tunov kun” so’zining “tunovun” shakli ham bor”[6,84], “Kerosinni “yer moyi” deb aytish hozir ham ba’zi shevalarimizda saqlanib qolgan”[6,102], “Janubiy viloyatlarimiz shevalarida “shirxo’ra” degan so’z ko’p ishlatiladi. Bu so’z ham xuddi “hamshira” kabi “bir onani emgan” masalan,degan ma’noni anglatadi”[6,112], “Hozir ham Jizzaxning Forish tumani aholisi tilida “pichoq” so’zi “bichaq” shaklida qo’llanadi.[6,133], “… Xorazm dialektida yoshi ulug’ ma’nosidagi “yoshullu” so’zida bu shakl aniq saqlangan” [6,147], “ Yurtimizning janubiy hududlarida sovundan qolgan kichik qoldiqni hozir ham olqindi der ekanlar” [6,182], “Hozir ham Surxondaryoda qusish, qayd qilishni “o’g’idi” so’zi bilan aytadilar” [6,254], “Janubiy viloyatlarimizda ko’p qo’llaniladigan “ko’kay”so’zi “ko’ngil, dil” ma’nosini bildiradi [6,311]
Tilimizning leksik jihatiga oid ilmiy xulosalar
Shuningdek biz chet tilidan kirib kelgan deb qaraydigan, ammo asli o’zimizniki bo’lgan neft, yogurt, ayva, kirpich, najdak kabi so’zlarning berilgani ham juda qiziqarli.
Jabbor Eshonqul, Xurshid Davron, Usmon Azim, Abdumajid Azim, To’ra Nafasov,Shomirza Turdimov, Uzoq Jo’raqulov, Sultonmurod Olim, Shodmonqul Salom, Farrux Jabborov, Bayram Aytmurod, Azim Ro’ziyev kabi zamondosh olim va ijodkorlarning ham so’z ma’nosiga doir mulohazalarini e’tiborsiz qoldirmasdan havola qilgan.
“Mast-alast” shaklida bu so’zni ishlatyapmizmi, har xil ma’noga chalg’ib ketmaslik uchun ham uning asl ma’nosini bilib olishimiz kerak. Bu esa aniq dalillarni talab etadi. Bu borada zukko mutaxassislarimiz zarur mulohazalarni bildirsalar yaxshi bo’lardi” [6,132]
“Ayollar boshiga tashlab yuradigan kurtta, yopinchiqni ham ba’zi hududlarimizda jelak deyishgan”[6, 290],
Iboralar ma’nosiga ham alohid e’tibor beradi. Masalan, “Tulumday bo’lib qolibdi” [2;36], “Yomon chil beribdi” [2;46], “Dangal odam” [2;63], “Qo’limning oyasida olib yuraman” [2;75], “Gap so’qib yuradi”[2;142], “Shashvar ham yo’q” [2;155],
Muallif ba’zi so’zlarning izohini berishda sarlavhaga so’roq mazmunidagi fikrni keltiradi. “Yaylov” bilan “chayla” bitta so’zmi?, “O’tinch” qarzmi, tilak?, “Tirik” nimasi bilan tirik?, “Birpas”mi, “ikkipas”? kabi nom ostida keltirilgan fikrlarda muallif xulosalarning aniq emasligiga, bu borada to’xtamga kelish uchun ma’lum manbalarga zarurat borligini bildirib ketadi.
Yuqoridagi fikrlarga asoslanib, “Bobo So’z izidan” asarini qomusiy asar, muallifni qomusiy bilimlar egasi bo’lgan ijodkor deb atasak mubolag’a bo’lmaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Кошғарий Маҳмуд. Девону луғотит турк. Таржимон ва нашрга тайёрловчи С.М.Муталлибов. Уч томлик. I том. – Тошкент: Фан, 1960. – 499 б.
2. Алишер Навоий. Муҳокамат ул-луғатайн. Асарлар.Ўн беш томлик. 14-том. – Тошкент: Ад. ва санъ.нашр., 1967. –272 б.
3. Рустамов А. Сўз хусусида сўз. Т., “Ёш гвардия”, 1987. – 160 б.
4. Эркин Воҳидов. Сўз латофати. 2-нашр – Тошкент: “Ўзбекистон”, 2018. - 216 б.
5. Маҳмудов Н. Тилимизнинг тилла сандиғи. – Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2012. – 115 б.
6. Эшқобил Шукур. Бобо сўз изидан. Сўзлар билан сўзлашув. – Тошкент: “Машҳур-Пресс” нашриёти, 2018. – 336 б.
7. Эшқобил Шукур. Ҳамал айвони. Шеърлар ва достон. – Тошкент: “Шарқ” нашриёт-матбаа аксиядорлик компанияси, 2002. – 318 б.
8.Xolova M. Boysun shevasiga xos so’zlarning leksik-semantik genezisi. Молодой учёный, 2019, №22
Do'stlaringiz bilan baham: |