11.04.2015 Navbatdagi mashg‘ulotga 5,075 Views
Maqsadlar.
Tarbiyaviy: bolalarni turli buyumlarning belgilari (kattaligi, shakli, ketma-ketligi, rangi) bo‘yicha guruhlashga, qiyoslashga, namunali va og‘zaki ko‘rsatmalarga asoslanib topshiriqni bajarishga o‘rgatish.
Ta’limiy: mashg‘ulotda pedagogik metodlardan biri – “Zinama-zina” texnologiyasini qo‘llash orqali bolalarning bilimlarini oshirish. Rivojlantiruvchi: ertaklar orqali yangi so‘zlarni faqat tushunibgina qolmasdan, balki ularni talaffuz qilishga undash, so‘zlarni o‘z o‘rnida ishlatish, rasmlarga nisbatan maqsadli munosabatda bo‘lishni o‘rgatish.
Mashg‘ulotning borishi:
Tarbiyachi: – Bolalar, bugun men sizlarga “Sholg‘om” ertagini aytib beraman. Ertakdagi qahramonlarning rasmini “Zinama-zina” texnologiyasidan foydalanib joylashtiramiz. Buning uchun menga yordam berasizlarmi?
Bolalar: – Ha, albatta.
Tarbiyachi: – Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Chol bilan kampir bo‘lgan ekan. Bir kuni chol sholg‘om ekibdi.
Sholg‘om-sholg‘om, katta bo‘l,
Sholg‘om-sholg‘om, qanddak bo‘l.
Sholg‘om qanddek shirin, tog‘dek katta bo‘lib o‘sibdi. Chol sholg‘omni tortibdi-tortibdi, uzolmabdi, yordamga kampirni chaqiribdi…
Shu tariqa bolalar tarbiyachi yordamida ertakni davom ettirishadi va tarbiyachi “Zinama-zina” texnologiyasi asosida ertak qahramonlarining rasmini voqealar ketma-ketligi bo‘yicha joylashtirib chiqadi.
Tarbiyachi: –Bolalar, sholg‘omning shakli qanday ekan?
Bolalar: –Dumaloq.
Tarbiyachi: – Rangi qanaqa ekan?
Bolalar: – Sariq, zangori.
Tarbiyachi: – Choldan keyin kim keladi?
Bolalar: – Kampir.
Tarbiyachi: – Kuchukdan oldin kim keladi?
Bolalar: – Nevarasi.
Tarbiyachi: – Ertagimiz qahramonlari nechta?
Bolalar: – 6 ta.
Tarbiyachi: – Hayvonlar soni ko‘pmi yoki insonlar?
Bolalar: – Ularning soni teng.
Tarbiyachi: – Ularning soni nechta?
Bolalar: – Hayvonlar 3 ta – mushuk, kuchuk va sichqon. Insonlarning soni ham 3 ta – bobo, buvi, nevara.
TarbIyachI: – Sholg‘omni kim ekkan edi?
Bolalar: – Chol.
Tarbiyachi: – Yordamga oxirgi bo‘lib kim keldi?
Bolalar: – Sichqon.
Tarbiyachi: – Mushukdan oldin kim edi?
Bolalar: – Kuchuk.
Tarbiyachi: – Mushukdan keyin kim edi?
Bolalar: – Sichqon.
Tarbiyachi: – Ertagimizdagi kichik hayvon qaysi?
Bolalar: – Sichqon.
Tarbiyachi: – Endi sholg‘om shaklini rangli qog‘ozlardan foydalanib qirqib olamiz va yopishtiramiz. Buning uchun sariq, yashil rangli qog‘ozlar, yelim va qaychidan foydalanamiz.
Mashg‘ulot yakunida bolalar sholg‘om rasmini rangli qog‘ozlardan qirqib yopishtiradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |