Eroziv gastrit: shifokor nazorati juda muhim
Gastrit yoshlarning deyarli 40 foizida uchraydi, shular orasida eroziv gastrit bilan og‘rigan o‘g‘il bolalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Kasallikning bu turi oshqozonda kislotali muhitning ortib ketishi tufayli paydo bo‘ladi.
Eroziv gastritning kelib chiqishiga quyidagi omillar ham sababchidir. Masalan:
doimiy ravishda yo‘l-yo‘lakay quruq holda ovqatlanish;
qattiq ruhiy iztirob chekish (asabiylashishi);
o‘ta achchiq, nordon va juda sho‘r narsalarni ko‘p iste’mol qilish;
infeksion kasalliklar bilan tez-tez og‘rib turish;
organizmda intoksikatsiya (zaharlanish) tez-tez ro‘y berishi;
turli xil dori-darmonlarni o‘zbilarmonlik bilan ichib yurish;
gepatit, zotiljam, buyrak va yurak kasalligi revmatizmning surunkali turlariga va boshqa kasalliklarga chalinish singarilar eroziv gastritni yuzaga keltiruvchi omillardan hisoblanadi.
Eroziv gastrit paydo bo‘lishida nos, tamaki chekish va spirtli ichimliklar ichish asosiy rol o‘ynaydigan omillardan hisoblanadi. Aslida bu kasallik o‘g‘il bolalar o‘rtasida ko‘p uchrayotganining sababi ham shunda. Chunki tamaki tutuni ta’siri natijasida me’da shilliq qavati avvaliga birmuncha qalin tortadi, ya’ni ko‘p miqdorda shira ishlab chiqaradi, so‘ng esa atrofiyaga uchrab zaiflashadi. Bu holat eroziv gastrit uchun qulaylik tug‘diradi.
O‘z nomiga ko‘ra eroziv gastrit me’da shilliq qavati yuza qavatida eroziyalar (shilinish, yorilishlar) paydo bo‘lishi bilan kechadi. Agar davo kechiktirilsa kasallik asorat beradi, ya’ni eroziyalar yaraga aylanadi va ular qon tomirlari teshilib ichaklardan qon oqishi mumkin va bu bemorlarning axlati qora bo‘lib kelishi bilan namoyon bo‘ladi.
Bemorlarni dastlab doimiy og‘riqlar bezovta qiladi. Agar eroziya me’da shilliq qavatida bo‘lsa og‘riq ovqatlangandan keyin 20-25 daqiqa o‘tgach boshlanadi. O‘n ikki barmoqli ichak sohasidagi eroziyada esa bemor ovqatlangandan 1,5-2 soat o‘tib og‘riq turadi.
Eroziyalar yaraga aylanib ketmasligi uchun bemor muolajani tezroq boshlashi lozim. Aks holda shilliq qavatda yaralar ko‘paya boradi, ular teshilib qonagan joylardan keyinchalik o‘smalar paydo bo‘lishi mumkin. Kasallik shifokor nazorati ostida dori-darmonlar bilan davolanishi kerak. Bemorlar parhezga qat’iy amal qilishlari zarur. Kundalik ovqatlar yumshoq, mayin, asosan bo‘tqa va suyuq sho‘rvalardan iborat bo‘lgani ma’qul. Muolajalar qunt bilan oxiriga yetkazilsa bemor qisqa vaqt mobaynida batamom sog‘ayib ketadi.
To‘sh sohasidagi og‘riqlar
Bemorlar qorin yoki to‘sh osti sohasida doimiy vaqti-vaqti bilan og‘riqlardan shikoyat qiladilar. So‘rab-surishtirilganda ular ishtaha pasaygani, og‘izda yoqimsiz ta’m bo‘lishi, kekirganda achchiq-nordon suyuqlik chiqishi, ba’zan qusish bezovta qilayotganini aytishadi. Ta’kidlash joizki, gastritning hamma turlari ovqatlangandan keyin jig‘ildon qaynashi bilan boshlanadi. Buning sababi shundaki, gastritga chalingan bemorning me’da mushaklari tez-tez qisqaradigan bo‘ladi, ular qisqarganda oshqozon shirasi, xususan xlorid kislota qizilo‘ngachning pastki qismiga otilib chiqadi va qizilo‘ngachning shilliq pardasini ta’sirlantiradi. Bunday vaqtda jig‘ildon qaynashidan tashqari achchiq kekirish va shundan so‘ng qayt qilish kuzatiladi. Ko‘pincha to‘sh osti sohasida og‘irlik sezgisi bo‘ladi, bemor kekirganda og‘zida palag‘da tuxum ta’mi seziladi. Bemorning umumiy ahvoli unchalik yaxshi bo‘lmaydi, ishtahasi yomonlashadi, ish qobiliyati pasayadi.
Gastritda bemor qusishga moyil bo‘lib qoladi. Ya’ni, yeyilgan ovqat yo ichilgan suyuqlik me’daning harakat vazifasi susaygani sababli oshqozonda turib qoladi. Ayniqsa ko‘p ovqat yeyilib oshqozon to‘lib ketganda uning mushaklari siqilishga uchraydi va antiperistaltika (teskari harakat) paydo bo‘ladi. Shunda ovqat qizilo‘ngachning pastki qismiga o‘tib tashqariga otilishga shay turadi.
Kasallik surunkali kechganda to‘sh osti sohasida og‘riq bo‘lishi bilan til usti qavati oqimtir karash bilan qoplanadi. Bemorni davolashda shifokor mehnat va turmush tarzini me’yorga keltirishdan boshlaydi. Har bir bemor uchun shaxsiy davo choralarini shifokor belgilaydi. Bemor kuniga 6-5 marta oz-ozdan ovqatlanishi kerak. Jismoniy va ruhiy zo‘riqishlardan saqlangani ma’qul. Og‘riq bezovta qilganda qorniga iliq suvli grelka qo‘yib yotishi va dam olishi lozim. Kasallikning remissiya (tinch) davrida bemor ambulatoriyada oilaviy shifokor nazoratida davo olishi kerak.
Ayrim hollarda shifokor me’dani uy sharoitida, zondsiz yuvishni tavsiya qiladi. Ya’ni to‘sh ostida og‘irlik sezilsa, ko‘ngil aynab so‘lak oqsa me’dada ko‘p miqdorda to‘plangan shilimshiqni qayt qilib chiqarib yuborishi ham mumkin. Ba’zi hollarda me’dani xona haroratidagi gazsiz ma’danli suv bilan ertalab va kechqurun uyqudan oldin yuvish ham mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |