Erkin Rabbimovich Musurmanov. Rahimbobo Mashrab faoliyati va ruhiyati talqini. Monografiya. – Samarqand: SamDU, 2015. –160 b.
El ardoqlagan shoir Rahimbobo Mashrab Xitoy, shuningdek, Ozarbayjon, Afg’oniston, Hindiston, Rum va arab o’lkalarida ham faoliyat olib borib, Osiyo xalqlari adabiy aloqalari rivojiga munosib hissa qo’shgan. Shoirning afsonaga aylangan, sarguzashtlarga boy hayoti va serqirra ijodi xorijda ham diqqat bilan o’rganilmoqda.
Kitobda mashrabshunoslik tarixi va muammolari, shoir tug’ilgan yili, joyi, shaxsiyati va ruhiyati to’g’risida O’zbekistonda va chet ellarda qo’lga kiritilgan yangi manbalar asosida so’z yuritilgan.
Ushbu monografiya Rahimbobo Mashrabning hayoti va faoliyatini o’rganishga bag’ishlangan umumiy ishning birinchi qismi bo’lib, uning mantiqiy davomi “Rahimbobo Mashrab haqidagi yangi ma’lumotlar” deb nomlanuvchi monografiyada keltiriladi.
Kitob ilmiy xodimlar, oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlari o’qituvchi va studentlari hamda Mashrab ijodi bilan qiziqadigan kitobsevarlarga mo’ljallangan.
Erkin Musurmonov
RAHIMBOBO MASHRAB FAOLIYATI
VA RUHIYATI TALQINI
M o n o g r a f i ya
045Erkin Musurmonov (Erkin Rabbimovich Musurmanov) — Samarqand Davlat chet tillar instituti Osiyo mamlakatlari tillari kafedrasi dotsent v.b. katta o’qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi. 2016 yilda «Xitoy adabiyoti tarixi» o’quv-uslubiy qo’llanmasi nashr etilgan. Mazkur o’quv-uslubiy qo’llanma Respublikamiz universitetlari va Konfutsiy institutlarida xitoy adabiyoti tarixidan o’tiladigan nazariy va amaliy darslarga mo’ljallangan. Qo’llanmada xitoy xalq og’zaki ijodi, qadimgi xitoy adabiyoti ildizlari, ilk shoirlar va yozma adabiy yodgorliklar, o’rta asrlar xitoy adabiyoti, XVII-XVIII asrlar prozasi, XX asr va eng yangi XXR adabiyoti to’g’risida ma’lumot beriladi (Qo’llanma bilan sahifa oxirida onlayn formatda tanishing).
Erkin Musurmonov zamonaviy xitoy adabiyoti va uning o’rganilish tarixi bo’yicha ham bir qator maqolalar muallifi.
MUNDARIJA
Shuhrat Sirojiddinov. So’z boshi…………………………………………3
Kirish……………………………………………………………………………………………..5
Birinchi bob. Rahimbobo Mashrab faoliyatining o’rganilish tarixi va muammolari
Manba sifatidagi tazkiralar………………………………………….10
Yorkent adabiy muhiti……………………………………………………….14
Ilmiy risola va maqolalar…………………………………………….26
Hozirgi davr adabiyotida shoir timsoli…………………..43
Mashrab taxallusli shoirlar…………………………………………48
Mashrabning umrini qisqartirishga hojat yo’q………………51
Mashrabning tug’ilgan joyi masalasiga doir…………………59
«Devonai Mashrab» asari haqida……………………………………63
Ikkinchi bob. Shoir badiiyati va ruhiyati talqini
Tasavvuf ta’limoti va Mashrab……………………………………..71
Malomatiylar……………………………………………………………………..85
Qalandarlar………………………………………………………………………….88
Qissalarda Mashrab qiyofasi…………………………………………..95
Ruhiyat va badiiyat masalasi…………………………………………..98
Mashrab, xo’ja Nuriddin va la’in…………………………….112
Sayidsan, xojasan, zinhor mag’ruri nasab bo’lma……………118
Mashrab va mahbuba…………………………………………………………..124
Mansur Halloj………………………………………………………………….127
Mashrab va qalmoq qizi…………………………………………………..132
Sadoqat timsoli……………………………………………………………….136
So’nggi manzil……………………………………………………………………141
Sayid Imodiddin Nasimiy………………………………………….145
Foydalanilgan adabiyotlar…………………………………………………….150
SO’Z BOSHI
Filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat SIROJIDDINOV
Mazkur monografiyaning ahamiyatini belgilovchi muhim omil avvalo, qadriyatlarga munosabatda halol ilmiy mezon asosida qurilganligi, mustaqil respublikamizning milliy mafkurasi ruhi tadqiqotning boshidan to so’ngigacha hukmronligidadir. Erkin Musurmanov bevosita eski qo’l-yozmalarni o’qib matnlar nusxalariga oid fikr bildirishi, dastlabki manbalardan o’rni bilan foydalana olishi va natijada muhim va yangi ma’lumotlarni jamoatchilikka e’lon qilishi tadqiqotning ilmiy salohiyatini belgilaydi.
Monografiyaning deyarli har bir bo’limi muhim ilmiy ahamiyatga ega. Jumladan, Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari adabiy aloqalari tarixi, Mashrabning Hindiston, arab mamlakatlari, Afg’oniston kabi chet ellardagi faoliyati, tug’ilgan yili va manzili, shoirning ruhiy dunyosini tahlil qilish jarayonida tasavvuf ta’limoti, malomatiya, qalan¬dariya tariqatlari va ularning ulug’ vakillariga oid o’rni bilan keltirilgan ma’lumotlar shular jumlasidandir.
Monografiyadagi Mashrabning yashagan davri sanalariga oid qismi shoirning tavallud yili bilan bog’liq chalkash fikrlarga qat’iy dalillar asosida barham berdi desak, mubolag’a bo’lmaydi. Mazkur qismdagi ilmiy mulohazalar “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligining 2011 yil 14 yanvarь sonida (№3) “Mashrabning umrini qisqartirishga hojat yo’q” nomli maqolada keng jamoatchilikka e’lon qilindi. Undagi fikrlar turli adabiyotshunoslar tomonidan e’tirof etildi. Jumladan, adabiyotshunos olim Abdulla Jabborning “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” hafta¬ligining 2011 yil 27 may sonida “Bir bahore top hazoni bo’lmasun” sarlavhali maqolasidagi fikrlari e’tiborga loyiq: “ Matnshunos A. Jumanazarning galdagi maqolasi “Matn va … butun savolga yarimta javob” (2010 y. 22 okt. soni), mashrabshunos olim Erkin Musurmanovning “Mashrabning umrini qisqartirishga hojat yo’q” maqolalari muxlislarni befarq qoldirmadi, deb o’ylayman. Ular, jumladan, Mashrab tarjimai holiga oid ma’lumotlarni istifoda etishda tadqiqotchilarni boshi berk ko’chaga kiritib qo’ygan eski muammolar haqida fikr yuritishgan. Natijada mashrabshunos Muhsin Zokirov “kashf” etgan tazkirachi Ishoq Bog’is¬toniyning Shoh Mashrab haqidagi xotiralari va uning “Tazkirai qalandaron” asarini ilmiy iste’molga yaroq¬sizligi isbotlab berildi.
Mashrabshunoslar nazarida eng chalkash hisoblangan shoir tavalludi (1640 yil)dan to Ofoq Xoja huzuriga jo’nashigacha bo’lgan davrni yilma – yil bosqichlarga ajratib ko’rsatib bergan E. Musurmanov maqolasi, nazarimda, bu mavzudagi munozaralarga endi chek qo’ydi… Hozircha bu nuqtai nazarni ishonchli tarzda rad etuvchi boshqa dalilga ega emasmiz”.
Monografiya muallifining yana bir diqqatga sazovor hizmati shundaki, u Mashrab hayoti va adabiy faoliyatini bekamu ko’st o’rganish maqsadida bir necha marta Xitoy Xalq Respublikasi, Sintszyan Uyg’ur avtonom tumanida, Mashrabning qariyb o’n besh yil umri o’tgan Qashqar va uning atrofidagi hududlarda ilmiy faoliyat olib borib, shoir va uning zamondoshlari haqida o’zbek adabiyotshunosligi uchun qimmat¬li ma’lumotlar to’pladi. Rossiya va O’zbekiston kutub-xonalari fondidagi manbalar ustida ishladi, Sankt–Peter¬burg universiteti va shahar ommaviy kutubxonasida rus sharqshunoslarining Mashrab faoliyati, zamoni va makoni bilan bog’liq monumental adabiyotlarini jiddiy o’rgandi. Ularning ayrimlari haqida monografiyada so’z yuritilganki, bu ma’lumotlar ham o’z mohiyati bilan tadqiqotning ahamiyatga molik jihatlaridandir.
Ustozim akademik Botirxon VALIXO’JAEVning porloq xotirasiga bag’ishlayman
KIRISH
Jamiyatimizda sodir bo’layotgan ijobiy o’zgarishlar, o’tmish madaniyatining barcha sohalarini yangicha mazmunda talqin etish, mumtoz adabiyotimizga, uning vakillari faoliyati va asarlariga bo’lgan munosabatni haqqoniy qayta ko’rib chiqishni davr taqozosiga aylantirmoqda. Chalkash, ilmiy fikrlardan uzoq, noo’rin takrorlanuvchi muammolarga asl manba va ma’lumotlar asosida oydinlik kiritish, ularga xolisona ilmiy baho berish bugungi adabiyotshunoslikning muhim vazifalaridan bo’lib qoldi. Zotan, Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlanidek: “Biz ma’naviy qadriyatlarni tiklashni milliy o’zlikni anglashning o’sishidan, xalqning ma’naviy sarchashmalariga, uning ildizlariga qaytishdan iborat uzviy, tabiiy jarayon deb hisoblaymiz”. Davr talabi nuqtai nazaridan kelib chiqilgani holda elimizning sevimli farzandi, otashqalb shoir Valibobo o’g’li Rahimbobo (Asosan sho’rolar davridan boshlab Mashrabni Boborahim deb atash odat tusiga kirdi, bunday nomlanishda 1926 yilda nashr bo’lgan Sadriddin Ayniyning «Namunai adabiyoti tojik» asari muhim o’rin tutdi. Asar muallifi Mashrabning tojik tilidagi asarlarini keltiradi va shoirni «Mashrab Namangoniy – ismash Boborahim ast.” deb ataydi. Biroq shoir haqida ma’lumot beruvchi asosiy asar «Devonai Mashrab»ning barcha ma’lum nusxalarida unga Rahimbobo ismini berishgani aytilgan: «…bu go’dakni yetti kunlik bo’lganda beshikka soldilar. Otlarini Rahimbobo qo’ydilar.» Maleho Samarqandiyning “Muzakkir-ul ashob” tazkirasida ham shoir nomi Rahimbobo deb keltiriladi. Qolaversa, shoir “Chinu Namangon ichida yurdi Rahimbobo so’rab” kabi she’rlarida ham o’z ismini aniq keltirib o’tganki, biz Mashrabni shu nom bilan atashni lozim topdik.) Mashrab hayoti va ijodi haqidagi ikki qismlik tadqiqot ishi maydonga kelib, uning birinchi bo’limi mazkur monografiya ko’rinishida taqdim etilmoqda.
Rahimbobo Mashrab hayoti va faoliyati o’ziga xos, murakkab bir holatda kechgan. U bolaligidan yoshi ulug’ kishilarni shoshirib qo’yuvchi zukkoligi, o’tkir aqli va iste’dodi bilan tengdoshlaridan keskin ajralib turgan. Ma’naviy poklikni o’ziga shior qilib olgan Mashrab nafsoniy istaklardan to’la voz kechgan, oila va mol–dunyo qilmagan. Nohaqlikka murosasiz bo’lganligi, zolim amir–amaldorlar va riyokor zohidlarni tanqid qilganligi uchun qatl etilgan.
Sho’rolar davridagi hukmron mafkura ta’sirida shoir shaxsiyatiga, dunyoqarashi va ijodiy faoliyatiga bir tomonlama yondashildi, uni isyonkor, dahriy shoir sifatida ko’rsatishga, hayoti va faoliyatidan sun’iy ravishda ateistik mazmun-mohiyat qidirishga harakat qilindi. Faqatgina mustaqillik sharofati tufayligina bu kabi g’ayriilmiy munosabatlarga chek qo’yildi. Oqsoqol allomalar Vohid Abdullayev, Abdurashid Abdug’afurov, Abduqodir Hayitmetov, shuningdek, Ibrohim Haqqulov, Jaloliddin Yusupov, Sayfiddin Raf’iddin, Isomiddin Salohiddinov, Ismatilla Abdullayev kabi taniqli adabiyotshunoslar Mashrab adabiy faoliyatiga oid muhim, diqqatga molik tadqiqotlarni amalga oshirdilar-ki, mazkur izlanishlarni bugungi kun mashrabshu-nosligining eng muhim ishlari sifatida qayd qilish mumkin. Matnshunos Abdusattor Jumanazarning, adabiyotshunos olim Abdulla Jabborning keyingi yillarda Mashrab hayoti va faoliyatining turli qirralarini yorituvchi muhim izlanish-lari mashrabshunoslik ilmiga o’zgacha munosabat, yangicha ruh olib kirganini zo’r mamnuniyat bilan qayd qilamiz. Tarix, musiqa, falsafa, pedagogika sohalari vakillari ham Mashrab yashagan davr, uning maqom janri taraqqiyotida tutgan o’rni, ijtimoiy va pedagogik qarashlariga oid ma’lum tadqiqotlar yaratishmoqda.
Chet ellarda Mashrab hayoti va ijodiga bo’lgan qiziqish kun sayin ortib bormoqda. Xitoy Xalq Respublikasidagi Sintszyan universiteti professor-o’qituvchilari, taniqli shoir Bug’da Abdulla bilan bo’lgan suhbat asnosida Taklimakon degan joyda Mashrabning yashagan joyi, ovqat tayyorlagan o’chog’i hali ham borligi, o’sha yerda shoirning ko’plab muxlislarining mavjudligi va eng qiziq tomoni – Mashrabning Temurbek ismli o’g’li bo’lganligi, u o’z vaqtida mohir sarkarda sifatida tanilganligi, haq yo’lida ko’plab jangu jadallar olib borganligi, uning avlodlari hozirga qadar o’sha joyda yashayotganligi haqidagi ma’lumotga ega bo’ldik. Biroq keyingi fikrni tasdiqlovchi aniq manba bo’lmaganligi sababli uni bir rivoyat deb qabul qildik. Umuman olganda, Sintszyandagi ellar orasida shoirga bo’lgan qiziqish katta ekan. Rahimbobo Mashrabning she’rlari bilan aytiladigan maqomlar (Uyg’urlar muqom deyishadi). o’sha yerdagi mahalliy xalq orasida shuhrat qozongan bo’lib, o’zbekcha she’rlar uyg’urcha ohangda xirgoyi qilinadi. Mashhur “Uyg’ur o’n ikki muqomi” ( ئۇيغۇر ئون ئىككى مۇقامى) da ham shu shoirimizning g’azallari asosida yaratilgan qo’shiq (naxsha)lar bor. Jumladan, Mashrabning:
Setorim toriga jon rishtasidan tor eshib cholsam,
Ani xush nolasidin bevafoni ko’nglini olsam.
Maqom olib maqom uzra maqomin dilg’a jo qilsam,
Muhabbat sozig’a sozlab man oning oldida cholsam.
Maqomlarning atosini “Xusayniy”u “Ajam” derlar,
Bulardin ham yuqori pardayida “Chorgoh” cholsam.
“Bayod”i dilbarimni yodida cholsam payo–paykim,
Ki, ko’ngul benavo bo’lg’onidin aylab “Navo” cholsam…
g’azali “Uyg’ur o’n ikki muqomi” tarkibiga kirgan “Roq muqomi” matni misolida Rahimbobo Mashrabning uyg’ur musi-qasiga ko’rsatgan ta’sirini bilib olish mumkin:
Satarim tarig’a җan rishtisidin tar yeship salsam,
Aniңkim nalisidin benәvaniң kөңlini alsam.
Muqom ichrә muqom chalsam, muqomni dilg’a җa qilsam,
Ki ul mәһbub nәzәr qilsa aniң aldida mәn chalsam.
Muqomlarniң atasini “Һүsәyn”u һәm “Әҗәm” dәrlәr,
Ulardin yuqari pәrdәki – “Bayat”ini mәn chalsam.
Bayati ashnaniң yazida yeyitsam bayatiңni,
Kөңulүm, benәva bolg’anda bilsәm mәn “Nava” chalsam…
Mashrab adabiy faoliyatiga bo’lgan qiziqish nafaqat Markaziy Osiyo yoki Xitoy, balki Rossiya va Yevropa xalqlari orasida ham mavjud bo’lgan. Mojor sharqshunosi Herman Vamberi (1832 – 1913) va Germaniyalik arabshunos “Welt des Islams” (1912 – 1918) jurnalining asoschilaridan biri Martin Xartmann (1851 – 1918) tomonidan Mashrabning bir qancha she’rlari nemis tiliga tarjima kilingan. Olimning Yorkent xonligidagi ijtimoiy hayotga oid izlanishlari ham diqqatga molik. 2008 yili Frantsiyada Temuriylar davri tarixi va madaniyatini o’rganish Assotsiatsiyasining 20 yillik tantanalarida aktyor Dijon Fransua Shatto Alisher Navoiy, Nodirabegim va Rahimbobo Mashrab she’rlarini ham asliyatda, ham frantsuz tillaridagi tarjimalarda o’qigan.
Mazkur monografiyada Mashrab va u yashagan Yorkent xonligidagi adabiy muhit, mashrabshunoslik tarixi, Rahimbobo Mashrabning tug’ilgan yili va joyi, o’tmish qissalaridagi badiiy talqini bilan bog’liq muammolar, qalandariya tariqati va o’tmish ijodkorlarning shoir kamolotiga ko’rsatgan ta’siri xususida so’z boradi.
Birinchi bob
RAHIMBOBO MAShRAB FAOLIYaTINING O’RGANILISh TARIXI VA MUAMMOLARI
Rahimbobo Mashrab faoliyati va adabiy merosini o’rga-nish manbalarini mazmuni va mohiyatiga ko’ra quyidagicha tasnif qilish mumkin:
1. XVII – XIX asrlarda yaratilgan asarlar;
2. Ilmiy risola va maqolalar.
Manba sifatidagi tazkiralar
07Rahimbobo Mashrab haqidagi ilk ma’lumotlar shoirga zamondosh bo’lgan adiblar asarlarida o’z aksini topgan. XVII – XIX asrlarda yaratilgan ayrim tazkiralarda Rahimbobo Mashrab hayoti va faoliyati haqida katta-kichik ma’lumotlar keltiriladi. Dastlabki xabarlar Muhammad Bade’ Malehoning 1689 – 1692 yillarda yozilgan “Muzakkir-ul ashob” nomli tazkirasida uchraydi. (Borligi noma’lum bo’lgan Ziyovuddin Bog’istoniyning “Tazkirai qalandaron” asarini bu ro’yxatga kiritmadik.)
Abdul Mutallibxo’ja Fahmiyning 1763 yilda yaratilgan “Tazkirai Fahmiy”, Majzub Namangoniyning “Tazkirat ul-avliyo”, Abdushukur Ziyoning “Musavvadai Abdushukur Ziyo” tazkiralarida, 1842 yilda qo’qonlik Muhammad Hakimxon To’ra tomonidan yozilgan “Muntahab ut-tavorix” , Ko’qon xoni Xudoyorxonning munshisi bo’lgan Mirza Olim Mushrifning “Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin” , kabi tarixiy asarlarida hamda Mir Xaladdin Kotib Yorkendiyning 1730-1731 yillarda yaratilgan “ Hidoyatnoma” va “Manoqibi xo’jai Poshsho” singari holot va manoqiblarda Mashrab va uning zamondoshlari haqidagi ma’lumotlar mavjud.
Akademik Vohid Abdullayev Mashrab to’g’risida ma’lumot bergan yana bir guruh shoirlarning nomlarini keltirib o’tadi: Balx shoiri Surat, Hind shoiri Behud, Nozim Xiraviy, Shavkat Buxoriy, Rafi Shohid, afg’on shoiri Zuhur .
Fikrimizcha, yaqin kelajakda Mashrab faoliyati va adabiy merosini o’rganish uchun kuyidagi ishlarni amalga oshirish lozim:
I. Mashrab ijodi va faoliyati haqidagi muhim asarlarni nashr qildirish
Respublikamiz kutubxonalarida va kishilar qo’lida mavjud “Devonai Mashrab” kitobining, shuningdek, “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlarining eng qadimgi, salmoqli nusxalarini aniqlash, ular asosida shoir ijodi va faoliya-tiga aniqlik kiritish navbatdagi vazifalar hisoblanadi. “Devonai Mashrab” kitobi nusxalari yurtimizning turli shahar va qishloqlarida yashovchi aholi qo’lida hali ham uchrab turadi. Turli oliygohlar kutubxona va muzeylarida “Devonai Mashrab”ning bir qancha nusxalari saqlanmoqda. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti kutubxonasi sharq qo’lyozmalari va nodir kitoblar bo’limida ham “Devonai Mashrab” kitobining 9 qo’lyozma, 5 toshbosma va “Mabdai nur” asarining 4 qo’lyozma, 4 toshbosma nusxalari mavjud (foydalanilgan adabiyotlar bo’limida ularning ro’yxati ketirilgan).
II. Xitoy Xalq Respublikasi Sintszyan Uyg’ur avtonom rayoni (SUAR) hududida Mashrab va u yashagan adabiy muhit haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish
Xitoy Xalq Respublikasi Sintszyan Uyg’ur avtonom rayoni (o’tmishda Sharqiy Turkiston deb ham atalgan) adabiy muhitiga Alisher Navoiy, Rahimbobo Mashrab kabi o’zbek alloma adiblarining ta’siri katta bo’lgan.
Mashrab hayotining ma’lum bir davri Qashqar, Yorkentda ham o’tgan. Shoir haqida nafaqat bizning hududda, balki u yerdagi adabiy-ilmiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlarni qiyosiy o’rganish muhimdir.
O’tmishda bu hududda yashagan qator adiblar bo’lganki, ular Turkiston adabiy muhitidan to’liq xabardor holda Qo’qon, Buxoro, Hirot, Xorazm adabiy maktablari ta’sirida kamol topganlar. Ulardan ko’plari to’g’ridan-to’g’ri Alisher Navoiy va Rahimbobo Mashrab adabiy an’analarini davom ettirganlar.
Yorkent adabiy muhiti
Sintszyan tarixidagi muhim jarayonlarni boshidan kechirgan Yorkent xonligida adabiy muhit yuksak darajada rivojlangan. Mashrabning Xitoy hududidagi faoliyati ham shu xonlikning so’nggi davrlari bilan bog’liq holda kechgan. Qashqarda 2007 – 2009 yillar davomida olib borgan ilmiy izlanishlarimiz natijasida xalqlararo adabiy va madaniy aloqalarga, Alisher Navoiy, Rahimbobo Mashrab va uning zamondoshlariga oid ayrim manba va ma’lumotlarga ega bo’ldik. Ular asosida Mashrabning Yorkent xonligi hududida yashagan davrida nomlari xalq orasida keng tarqalgan ijodkorlar haqida ma’lum xulosalarga kelish, badiiy asarlarning qiyosiy tahlillari asosida qo’shni xalqlarning adabiy qarashlari va aloqalariga doir tadqiqot ishlarini maydonga keltirish mumkin. Mazkur makon va zamonga oid zarur ma’lumotlar quyidagi manbalarda mavjud:
Muhammad Sodiq Qashqariyning 1182/ 1768 yillarda yozilgan “Tazkirai xo’jagon” tazkirasida, Mir Xaladdin Kotib Yorkendiyning 1143/1730 yillarda yaratilgan Hidoyatnoma” , muallifi noma’lum bo’lgan va taxminan 1696 yildan keyin yozilgan “Tarixi Qashqar”, Zayniddin Muhammad Emin Sadr Qashqariyning “Asar ul-Futux” , 1842 yilda Muhammad Hakimxon To’ra tomonidan yozilgan “Muntahab ut-tavorix” , Mirza Olim Mushrifiyning “Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin” , Muhammad Aziz Marg’iloniyning «Tarixi Aziziy» , Muhammad Haydar Mirzo (1499 – 1533)ning 1541 – 46 yillarda yaratilgan “Tarixi Rashidiy” , Shoh Mahmud mirzo Fozil Cho’rasning 1107/1696 yillarda yozilgan «Anis at-tolibin” va “Tarixi Rashidiy –Zayil”, Mulla Musa Sayramiy (1836 – 1917)ning “Tarixi aminiya” va “Tarixi Hamidiy” kabi asarlarda.
Quyida Mashrab she’riyatiga o’z ta’sirini o’tkazgan ijodkorlar haqida ayrim ma’lumotlarni keltirib o’tamiz:
1. Ayazbek-qo’shchi . Yorkent xonligining dastlabki yillarida sarkardalik qilgan. U g’azal ijod qilishdan tashqari «Mahmudnoma», «Jahonnoma» dostonlarining muallifi hisoblanadi. Uning quyidagi she’ri Ayazbekning shoirlik salohiyatidan dalolatdir:
Soqiy mayi farahbaxsh tutkim bahor keldi,
Ishrat zamoni yetdi ul gul’uzor keldi…
Davron ayru-ishrat besh kun erur g’animat,
Chun charxi bemuruvvat napaydarpay keldi.
Iydu bahor ayyomidur, soqiy labbo-lab jom tut,
Ayshu tarab davronidur jomi mayi gulgun tut…
Gohi Ayoziy sorig’a boqqil sorig’ ruxsorig’a,
Yaxshi-yomonning borig’a lutfu karamni ham tut.
2. Sulton Saidxon (1487 – 09.07.1533 y.y.). Yorkent xonligining asoschisi (1514 y.) va xoni (1514 – 1533 y.y.). Iqtidorli shoir, adabiy taxallusi Saidiydir.
Muhammad Haydar Mirzo ko’ragon ibni Muhammad Husayn ko’ragon Do’g’lot (1499/1500 – 1533 y.y.) ning 1541 – 1546 yillarda yozilgan «Tarixiy Rashidiy» asarida tug’luqtemuriylar va temuriylar avlodidan yetishib chiqqan va xonlik ijtimoiy hayotida faol qatnashgan ijodkorlar xususida so’z yuritadi.
«Tarixiy Rashidiy»da Saidxonning badiiy salohiyati haqida shunday deyiladi: «Nasta’liq xatida chiroyli yozardi. Imlosi forsiyda ham, turkiyda ham, arabiyda ham to’g’ri va bekamu ko’st edi. U turkiyda chiroyli qilib insho tuzishda benazir edi. Bunaqasi ko’plab bilimdonlarning qo’lidan kelmasdi. U o’ylab o’tirmasdan she’r tuzardi. Yig’inlar va suhbatlar paytida oldida qanday devonni ochishmasin, o’sha she’rlarning istalgan vazni va qofiyasiga moslab, badiha she’r to’qib tashlardi…
Xon yig’inlar paytida to’qigan badihalardan ayrimlarini men eslab qolganman…
Qaysi gulshanning yuzingdek bir guli ra’nosi bor?
Qaysi gulning bir maningdek bulbuli shaydosi bor?..
(Mashrab bu she’rga nazira tarzida:
Qaysi parining san kabi dilbari guluzori bor?
Qaysi chamanning gullarin tiyri mijangcha xori bor?
bayti bilan boshlanuvchi g’azal yozgan. – E. M. )
Bir kuni men xondan forsiyda badiha aytishini iltimos qildim. Qattiq so’raganimdan keyin xon Xoja Hasanning shu yerda turgan devonini ochishni buyurdi. Ochgan edim, bir g’azal chiqdi. Matlaidagi birinchi misra budir:
Ey zi sar to ba qadam joni kasi,
(Ey sen, boshdan-oyoq birovga jonsan).
Yig’inda hozir bo’lgan odamlar ham badihago’ylik qila boshlashdi. Xon shunday bayt to’qidi:
Chanda go’yiki: Bigo’ joni kasi?
Rost go’yamki, tui xoni kase.
(Necha dersen: «Ayt, kimning jonisan?»
Rost so’zlay: «O’zing birov xonisan».)
Mana shu sinov baytidan ham u nechog’lik iqtidor egasi bo’lganligi ko’rinib turibdi».
Mazkur she’r ham Sulton Saidxonga nisbat berilgan:
Shukrilloh, holatim zohir bo’lubtur yorg’a,
Endi yor ollida o’zni ko’rsatay ag’yorg’a.
Sayr uchun kirsa guliston ichra ul sarvi ravon,
Banda bo’lsun sarvi ozod ul hadu raftorg’a.
Har saboh qon yig’lasam ayb aylamang man zorni,
Bas kela olmam netay bu diydai xunborga.
Shoh Mahmud mirzo Fozil Cho’ras (1626 – 1696 y.y.) “Tarixi Rashidiy-Zayil” (Cho’rasning bu asari “Tarixi Rashidiy” ning mantiqiy davomi hisoblanadi. Muallif asarini Muhammad Haydar Mirzoga taqlidan shunday atagan) asarida uning ushbu baytini keltiradi:
Ey Saidiy, ol yordin tanting murodingni tamom,
Barchasi bo’ldi muyassar shukr qil biru borga.
3. Abdurashidxon (1510 – 1569 y.y.). Sulton Saidxonning o’g’li, shoh (1533 – 1569 y.y.) va shoir, adabiy taxallusi Rashidiy. Shoir g’azalidan parcha:
Haq yo’lida jon chekib bir justujo’yi qilmadim,
Tavba suyidin tanimni shustushuyi qilmadim.
Vah, nechuk maqbuli bo’lg’ay, vah, namozimkim mening,
Chunki xunobi jigar birla vazuyi qilmadim.
Abdurashidxon ona tilidan tashqari, fors tilida ham ajoyib she’rlar yaratgan:
Gar qadatra sarvi guyam, sarvara raftor nest,
Gar labatra g’uncha xonam, g’unchara guftor nest.
«Tarixi Qashqar» asarida keltirilishicha, Abdurashidxon nihoyatda savodxon bo’lib, ona tilida va fors tillarida ajoyib she’rlar ijod qilgan. U har qanday zeru zabarsiz matnni yod olgandek o’qir edi.
4. Amannisaxon (1534 – 1567 y.y.). Nafisiy taxallusi bilan ijod qilgan. Abdurashidxonning quyi tabaqadan chiqqan ikkinchi xotini, shoira, hattot va iste’dodli san’atkor. Asarlari: «Devoni Nafisiy», «Qalblar sharhi», «Ahloqi Jamila» risolasi.
5. Mulla Yusuf Qodirxon Yorkendiy ( ? – 1571 y.y.). Amannisaxonning ustozi, Abdurashidxonning Bosh vaziri, mashhur musiqashunos, shoir. «Devoni Qodirxon» nomi bilan devon tartib bergan.
Uyg’ur olimlari ijodkorlar sifatida qayd qilishgan, biroq bizga ularning asarlari noma’lum bo’lgan Hanifiy, Ho’piqiy, Oxun Mulla Shahxo’ja, Mulla Habib, Mulla Atip, Baba xo’ja Oxun Xo’tandiy, Muhammad Emin Zehniy, Mirza Shah xo’ja, Mulla Juniy xo’janing ijodiy merosidan namunalarni qo’lga kiritish maqcadga muvofiq.
Mashrabga zamondosh bo’lgan Obid Qumuliy, Mulla Pozil, Muhammad Xarobotiy, Xirqatiy, Muhammad Siddiq Zaliliy, Navbatiy, Boboxo’ja Oxun Xo’tandiy, Ibrohim Mashhuriy, shuningdek, Siddiq Qashqariy, xoja Nasiroxun, Mavlono Hulqiy, Mirzo Mirak Chalishiy kabi shoir va san’atkorlar ham ijod qilganlarki, ularning asarlari bilan Mashrab she’rlarini qiyosiy-tanqidiy o’rganish, shu asosda o’tmish o’zbek adabiyotining tarqalish jug’rofiyasini va ta’sir doirasini aniqlash adabiyotshunoslar oldida turgan vazifalardan bo’lib, bunga oydinlik kiritish Markaziy Osiyo xalqlari adabiy aloqalarining ma’lum davrini yoritishga xizmat qiladi.
Hozirgi davrda yaratilgan ayrim tadqiqotlarda Arshiy degan shoir Mashrabga zamondosh sifatida keltiriladi. Gohida Arshiy degan shoir bo’lganu biroq uning qachon va qayerda yashagani noma’lumligi haqidagi fikrlar ham uchraydi. Bunga qo’shimcha tarzda Gumnom va Xirqatiyni alohida ijodkorlar sirasida bilish hollari ham yo’q emas.
Jahon xo’ja Yoqub (Arshiy taxallusi bilan devon tartib bergan). Taxminan 1724 – 1730 yillar oralig’ida Buxoro, Samarqand, Qo’qon madrasalarida o’qigan. Arshiy taxallusi bilan turkiy, fors va arab tillarida she’rlar ijod qilgan. Yorkent hokimi (1735 – 1759) bo’lgan. Arshiy har payshanba kuni «Oltin» madrasada talabalarga dars bergan. Ular orasida Qo’qon xonligidan bo’lgan talabalar ham tahsil olishgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Jahon xo’ja afsonaga aylangan uyg’ur qizi, Mahdumi A’zam avlodi Iparxon (15.09.1734. Yorkent – 19.04.1788. Pekin) ning xojasi bo’lgan.
1707 yil Qashqarda tug’ilgan tazkiranavis Muhammad Siddiq Rushdiy “Tazkirat ul–avliyoi turkiy” asarida unga ko’plab yaxshiliklar qilgan Mavlaviy Arshiy haqida so’z yuritadi:
Shohi jahon Mavlaviy Arshiy edi,
Nasabi aslida Qurayshiy edi.
Loyiq edi ruhi ravonim desam,
Arzir edi jismaro jonim desam.
Surma edi ko’zima bosqon yeri,
Shakkar edi komima shirin so’zi.
Tegdi samum ofati yo’ldoshima,
Tegdi firoq o’ti meni boshima.
Qildi bu o’t ichra samandar meni,
Ayladi olamda qalandar meni.
Muallif Mavlaviy Arshiy ajdodlarining nasabi asli Qurayshiy bo’lganligini aytmoqda. Bundan Arshiyning xo’ja-lar avlodidan ekanligini anglash mumkin. Biroq Rushdiyga aziz bo’lgan bu inson ochundan erta ko’z yumganligi sababli misralar muallifi ko’p aziyat chekkanligi ko’rinib turibdi. Davr va makon nuqtai nazaridan qaralsa Rushdiy madh qilayotgan kishi aynan Jahon xo’ja bo’lishi haqiqatga yaqin.
Rahimbobo Mashrab shaxsiyati va uning ijodiga xos xususiyatlarni aniq belgilash uchun unga zamondosh bo’lgan ayrim shoirlarning hayoti va ijodi haqida muxtasar fikr yuritamiz:
1. Obid Qumuliy. Asosan g’azal va ruboiy janrlarida ijod qilgan. Qumul shahri hokimi Ubaydulla G’ozibek homiyligida faoliyat olib borgan. XXR SUAR (Urumchi)dagi adabiyot muzeyida saqlanadigan «Bayoz»da shoirning 34 g’azali va 69 ruboiysi keltirilgan.
2. Mulla Pozil. Adabiy taxallusi «Kichik». 1653 yilda tug’ilgan. Shoirning Alisher Navoiy asari ta’sirida 1705 yili yozib tugatilgan «Layli va Majnun» dostoni bizgacha yetib kelgan. Asarning Alisher Navoiy «Layli va Majnun» dostonidan asosiy farqi, tilining soddaligi, el og’zaki ijodidagi tushunchalarning aks etishida ko’rinadi. Qo’lyozma 254 sahifadan, 5592 misradan tarkib topgan.
3. Muhammad Xarobotiy (tax. 1638 – 1730 y.y.). Muhammad binni Abdulla Xarobotiy 1638 yili Choqtal shahri Oqsuv tumanida tug’ilgan. Qashqar va Buxoro madrasalarida ta’lim olgan. Asosan diniy faoliyat bilan shug’ullangan. Abdulla Xarobotiy mahalliy hukmdor va diniy arboblar bilan har doim chiqisholmaganligi haqida o’zining “Masnaviyi Xarobotiy” asarida bir necha marta sha’ma qiladi va masnaviyning har bobi so’ngini quyidagi murojaat bilan tugallaydi:
“Man nechuk aylay ko’ngulni shodlar,
Qaysi bir g’amdin qilay faryodlar?”
Ayrim xitoylik turkiy adabiyotshunoslar fikricha, shoir bir qancha lirik va epik asarlar yozgan, biroq bizga uning faqat, «Kulliyoti masnaviyi Xarobotiy» asari ma’lum. Mazkur asar XVII asr birinchi choragida yaratilgan uyg’ur didaktik adabiyotining yirik namunasi hisoblanadi.
4. Muhammad Emin Xo’jamquli Xirqatiy (Gumnom) (1634 – 1724 y.y.). Xirqatiy 1634 yili Yangi Qashqarning Tazgun tumanidagi Bog’cha qo’rg’onida dunyoga keldi. U o’n olti yil mobaynida Qashqar madrasalarida ta’lim olib turkiy, arab va fors tillarini mukammal darajada egallagan. Qashqarda, Ofoq xo’ja dargohida Rahimbobo Mashrabga saboqdosh bo’lgan.
Xirqatiy ijodining cho’qqisi uning 1670 yilda yozilgan “Muhabbatnoma va Mehnatkam” nomli munozara janridagi dostoni hisoblanadi. Xirkatiy bu masnaviyi bilan turkiy tildagi dostonchilik mavzusini boyitib, an’anaviy ishqiy kechinmalar aks etgan muhabbat mavzusini mehnat mavzusi bilan omuxtalashtirishga erishadi. Dostonning asosiy g’oyasi bulbul va atirgul o’rtasidagi munozarada ochib boriladi. Asarda yana bir ijobiy obraz – Sabodan tashqari, yovuz kuchlar timsoli – Guliqahqah siymosi mavjud.
Shoirning to’qson yil umr ko’rganligi va kamida ellik yil badiiy ijod bilan shug’ullanganiga e’tiborga bersak, uning asarlari hajmi ancha katta bo’lishi kerak, biroq bizga faqat Xirqatiyning epik adabiy merosidan «Muhabbatnoma va Mehnatkam» dostoni ma’lum. Xirqatiyning ikkinchi taxallusi Gumnom. Uning «Devoni Gumnom» she’riy to’plami 109 sahifadan iborat bo’lib, 85 g’azal (1550 misra), 14 muxammas, 25 ruboiy, bir tarjibband va bir masnaviydan tarkib topgan. Gumnom Mashrabning:
Chiqsam ko’chaga shohsuvorim keladur
Gul g’unchasidek lola uzorim keladur.
Har yong’a boqib, kifrik o’qin xalqg’a otibon,
O’tlarni yoqib jonimg’a nigorim keladur.
Gulgun labidin ishq mayin elga sunibon,
O’z mastig’idin ko’zi xumorim keladur… —
g’azaliga nazira bog’lagan:
Chiqsam ko’chaga shahsuvarim keladur,
Gul g’unchasidek lola uzorim keladur.
Har yong’a baqib, kirpik o’qin eliga otib,
Jonimg’a yoqib o’tni nigorim keladur.
Maygun labidin ishq mayin yelga sunub,
O’z mastlig’idin ko’zi xumorim keladur…
Shuningdek, Mashrabning
Qofu nun – ko’zu labing, madd alifu madd – qoshing,
Ro’yi astoring boshingdin oyog’ing Qur’on qiz.-
kabi baytlarga monand misralar Gumnomning she’rlarida ham uchraydi:
Qofu nun ko’zi labing, madd alif qaddi qoshing,
Ro’yu asroring boshingdin oyog’ing qiran qiz .
Xirqatiy Gumnom taxallusini faqat she’rlarda qo’llagan. Muhabbatning faylasufona talqini aks etgan ushbu she’rda ham shoirning ikkinchi taxallusi qo’llangan:
Ishqning kavnu makon ichra makoni yo’qturur,
Lek boqsang jon ko’zida ishqsiz yo’qtur makon.
Bul havaslar binihayatdur qachon topqan xabar,
Ishq otin tutqan bila to bo’lmag’uncha bag’ri qon.
Ishq oti mashhur erur kim ko’rdi shaklu suratin,
Jonu dil ko’ymakdin o’zga kim oni ko’rdi ayon.
Anglagil Gumnom boqsang har taraf yo’q g’ayri ishk,
Foniy bilgan ko’z ko’rar hech til ani qilmas bayon.
5. Muhammad Siddiq Zaliliy (1676 – 1755 y.y.). Yorkent xonligidagi Saidiya shahrida tug’ilgan. Yorkentda, mashhur “Xonliq madrasa”sida tahsil ko’rgan. Ta’limni tugatgach, 40 yoshida ukasi Dalil va shoir do’sti mulla G’azal bilan Turkiston bo’ylab uzoq safarga otlanadi. Qashqar, Atush, Turfan, Xo’tan, Quchar, Qumul, Qarg’aliq kabi shaharlarda bo’lib, mahalliy xalqlarning turmushi bilan yaqindan tanishadi, aziz-avliyolarning qabrlarini ziyorat qiladi. Bu safarning taassurotlari zaminida Zaliliy “Safarnoma” (1718), “Tazkirai Chiltan” (1734), “Tazkirai xoja Muhammad Sharif” (1744) asarlarini yaratadi. Bundan tashqari, uning 196 turkiy, 56 forsiy g’azallari, 27 ruboiy, shuningdek, mustazod, qasida, soqiynomalari bizgacha yetib kelgan. 50 yoshga kirganda Yorkentdan Xo’tan shahriga ko’chib o’tadi va 1755 yili vafot etadi. Qabri Xo’tan shahridagi “Alg’un mozor” nomli qabristonda joylashgan.
Shuni alohida mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, tadqiqotchi Tursun Qurbon 2008 yili “Zaliliy hayoti va ijodiy merosi: manbalari, matniy tadqiqi mavzuida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiya ishini maydonga keltirdi.
Tursun Qurbon ilk marta Zaliliy hayoti va ijodini monografik yo’sinda tadqiq qildi. Unda shoir asarlari, jumladan, “Safarnoma”, “Tazkirai chiltan”, “Tazkirai Xoja Muhammad Sharif Buzrukvor” dostonlarining matnlari qiyosiy o’rganilib, umumlashma ilmiy–nazariy xulosaga kelindi. Bu kabi izlanishlari bilan Tursun Qurbon o’zbek va uyg’ur adabiyotlari tarixiga o’zining munosib hissasini qo’sha oldi.
Tursun Qurbon Mashrab va Zaliliy she’rlaridagi o’xshashlik haqida shunday deydi: “Muhammad Siddiq Zaliliy ijodi manbalari haqida so’z yuritganda, Rahimbobo Mashrab devonidagi va “Zaliliy devoni”dagi ayrim g’azallarda o’xshashliklar uchrashini alohida ta’kidlash kerak” .
6. Navbatiy Xo’tandiy (1691 – 1760 y.y.). Uyg’ur adabiyotida iqtidorli lirik shoir sifatida nom qoldirgan. Navbatiy Xo’tanda tug’ilgan. Uning asarlari Qashqar madrasalarida Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlari bilan bir qatorda o’qitilgan. Navbatiy she’rlari to’plami 1954 yilda Kuchar shahrida topilgan. Majmuaga taxminan 1740 yilda tartib berilgan. Qo’lyozma 107 g’azal va 31 ruboiyni o’z ichiga oladi. Kitobga Huvaydoning 69 she’ri ham kiritilgan.
Qo’qon xoni Erdonabiy (1720 – 1764 y.y.) huzuriga 1760 yili kelgan Yorkentning taniqli adibi Muhammad Siddiq Rushdiy (tax.1708 – 1788 y.y.) 1780 yilda Farididdin Attorning «Tazkiratul avliyo» si zaminida “Tazkirat ul-avliyoi turkiy” asarini yaratdi. Bu tazkira Alisher Navoiyning mutasavvuf ijodkorlar haqidagi «Nasoyimul muhabbat» asaridan keyin turkiy tilda yaratilgan shu mazmundagi birinchi asar hisoblanadi. Unda to’qson besh mutasavvuf haqida qiziqarli ma’lumotlar keltiriladi.
O’zbek mumtoz adabiyoti Sintszyan adabiyoti taraqqiyotiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Agar o’zbek lirik she’riyati Yorkent xonligi davrida yangi sifat bilan mahalliy adabiyotga ta’sir qilgan bo’lsa, hudud epik she’riyati XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab ko’p jihati bilan o’zbek dostonlari an’analarida yaratildi. Birgina Abdurahim Nizoriyning (1770 – vafot yili noma’lum) Alisher Navoiy ijodidan ilhomlanib yaratgan «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» dostonlarining o’zi fikrimizni asoslaydi. Bu epik an’anani Noruzoxun Ziyayi va Turdi G’aribiy ham davom ettirishgan.
O’zbek lirikasining mumtoz an’analari shoir Oxun she’riyatida, XIX asrning ikkinchi yarmida ijod qilgan Sadir Polvon, Said Muhammad Koshiy, Mulla Shokir kabilarning asarlarida davom etdi.
Mahalliy adabiyotda g’azal janri XIX asrda yashagan yetuk shoir Bilol Nozim (1824 – 1899 y.y.) ijodida yuksak darajaga yetdi. Adibning “G’azaliyot” devonidagi muhabbat, ijtimoiy hayotga munosabat, didaktik g’oyalar aks etgan she’rlari sodda tilda va el ohangida yozilganligi bilan ajralib turadi.
Aynan shu davrda qo’qonlik ayrim ijodkorlar turli sabablar bilan Sintszyanga borishib, u yerning adabiy — madaniy hayotida faol qatnashishgan. Bunday ijodkorlar sirasiga Akmal Toshkandiy, G’iyosiddin Umar Marg’iloniy, Imom Ali Qunduziy, Pisandiy, tabib Hasan xo’ja kabilarni kiritish mumkin. XX asr boshlarida taniqli o’zbek shoiri, olimi va publitsisti Zokirjon Xolmuhammad o’g’li Furqat (1858 – 1909 y.y.) Qashqar va Yorkentda umrining so’nggiga qadar yashab ijod qildi.
Tarix sohasida ayniqsa, Shoh Mahmud mirza Fozil Cho’rasning faoliyatini alohida ta’kidlab o’tish joiz. Bu alloma Yorkent madrasalaridan birida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borib, umrining so’nggi yillarida «Anis at–tolibin” va “Tarixi Rashidiy-Zayil” deb nomlanuvchi tarixiy asarlarni yaratdi. Mazkur ikki asar Turkiston xalqlari tarixini o’rganishda hanuzgacha muhim manbalar bo’lib qolmoqda.
Yorkent xonligi va undan keyingi davrda hozirgi XXR SUAR hududida yaratilgan badiiy, ilmiy, tarixiy – memuar asarlar mahalliy el ma’naviy dunyoqarashining, badiiy – ilmiy tafakkuri doirasining, tarixiy hodisalarga va ijtimoiy hayotga bo’lgan munosabatining ko’zgusi sifatida ahamiyatlidir. Bu xil asarlarning yaratilishida o’zbek adabiyotining ta’siri katta bo’lgan.
Ilmiy risola va maqolalar
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida yevropaliklarning Markaziy Osiyo hududida yashovchi ellar hayoti, tarixi, adabiyotiga bo’lgan qiziqish kuchaydi. Rus sharqshunos olimlari Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur qatori Rahimbobo Mashrab faoliyati va adabiy merosini, ayniqsa, katta qiziqish bilan o’rgandilar. XIX asrning 90 yillaridan boshlab mahalliy va rus kundalik matbuotida Mashrabning tarjimai holi va ijodiga oid ma’lumotlar e’lon qilindi, asarlari rus tiliga tarjima qilindi. Shoir she’rlaridan ilk namunalar 1889 yil “Turkiston viloyatining gazeti”da (26, 28, 34, 39 – sonlar) berildi. “Devonai Mashrab” qissasi asosida yozilgan “Namanganlik Mashrab devonaning ahvoli bayoni” deb ataluvchi maqolada Mashrabning “O’rgandim”, “Kelur”, “Ko’rgil” she’rlari bosilib chiqdi. XIX asrning oxiri, XX asr boshlarida “Devonai Mashrab” va “Mabdai nur” kitoblari Toshkent va Kogon bosmaxonalarida litografik usulda chop etildi.
Asta-sekin chor hukumati matbuotida bid’at va zulmat kushandasi bo’lgan otashnafas shoir va uning ijodi bilan Rusiya fuqarolarini kengroq tanishtirish lozimligi haqidagi fikrlar paydo bo’la boshlaydi. Jumladan, professor Nikolay Ivanovich Veselovskiy (1848 – 1918 y.y.) o’zining 1895 yilda nashr etilgan “Vostochnыye zametki” (Sharqqa oid qaydlar) nomli kitobida: “Hajvguy va hozirjavob devona Mashrab O’rta Osiyoda juda mashhurdir, fikrimizcha turli diniy qarashlarda erkin fikrlilikni namoyon qilgan Mashrab chuqur dikqat bilan o’rganishga sazovor shaxs… Devona doimo ruhoniylar bilan munozara qilgan va ulardan ustun chiqqan”, deydi. Sharqshunos Nil Sergeyevich Likoshin (“Devonai Mashrab” tarjimasining kirish kismida N.I.Veselovskiy fikrini tasdiqlab “…U (Mashrab – E.M.) shunchalar mashhurki…, matbuotda bir necha marta bu o’rta osiyolik benazir mutafakkir bilan yaqindan tanishish istaklari paydo bo’ldi”, deydi .
N.S.Likoshin “Devonai Mashrab” qissasini rus tiliga tarjima qildi, unga so’z boshi yozib, Mashrab faoliyati, ustozlari — Bozor Oxun va Ofoq xo’ja haqida muhim ma’lumotlarni e’lon qildi. Olim Mashrab falsafasi va she’riyati haqida umumiy tushunchalar berib, tasavvufga oid izohtalab so’z va iboralarni sharhladi. N. S. Likoshin ixtiyorida «Devonai Mashrab» qissasining Toshkent bosmaxonasida 1896 va 1899 yillarda chop etilgan ikki nusxasi va Nikolay Petrovich Ostroumov (1846 – 1930 y.y.) tomonidan taqdim etilgan bir qo’lyozma nusxasi mavjud edi. Bularni jiddiy o’rganib chiqqan Likoshin izlanishlarini yanada davom ettirdi. «Bundan tashqari, – deydi olim, — men V. P. Nalivkin maslahatiga ko’ra, Mashrab qalamiga mansub bo’lgan «Mabdai nur» asari bilan tanishib chiqdim. Devona Mashrab tarjimai holiga doir ma’lumotlar to’plab berishni iltimos qilib, tanishim Namangan uyezdi Chust shahri qozisi domullo Mas’ud Muhammad Murod qozikalonga murojaat qildim. U o’g’li shayxulislom Nodim bilan meni qiziqtirgan Mashrab tarjimai holiga oid ma’lumotlarni yuborib turdi ». N. S. Likoshin Mashrab haqida bir talay ma’lumotlarga ega bo’lgach, shoirning ustozlari Bozor Oxun va Ofoq xo’ja haqida ma’lumot to’plashga kirishadi. Jumladan, u keyingi arbob haqida ma’lumot yig’ar ekan, Qashqarning bosh konsuli, sharqshunos Nikita Olegovich Petrovskiydan Marg’ilon viloyatida Ofoq xo’janing avlodi yashayotganligidan xabar topadi, u odam bilan, ya’ni Said Muhammad Hakimto’ra Kattato’ra bilan aloqa o’rnatib, undan Ofoq xo’ja haqidagi ma’lumotlarni olishga muvaffaq bo’ladi. Nihoyat, Likoshin kerakli manba va ma’lumotlarni qo’lga kiritgach, «Divana-i-Mashrab» asarini yozadi. Biroq N. S. Likoshin asarni nashr ettirishda to’siqlarga duch keladi. Jumladan, zarur mablag’ning bo’lmaganligi sababli, asar o’z vaqtida nashr etilmay qolib ketadi. Nihoyat, oradan o’n yil vaqt o’tgach, 1910 yilda “Divana-i-Mashrab” “Srednyaya Aziya” (O’rta Osiyo) jurnalida , 1915 yilda Samarqand viloyat statistika komitetida rus tilida bosilib chiqadi. Oradan 81 yil o’tgach, bu ajoyib asar Muhsin Zokirov sa’y-harakatlari bilan “Zvezda Vostoka” oynomasida qayta nashr etildi.
1899 – 1913 yillarda Pyotr Petrovich Semenov–Tyanь-Shanskiy muharrirligida nashr bo’lgan “Rusiya. Vatanimiz-ning to’liq jug’rofiy tafsifi” nomli 11 tomli asarning 1913 yili nashr bo’lgan “Turkiston o’lkasi: Sirdaryo viloyati, Amudaryo bo’limi, Zarafshon va Pomir bilan Farg’ona viloyati” deb nomlanuvchi 11- tomida Mashrab haqida muhim ma’lumot beriladi. Unda (tarjima bizniki – E. M.) “1640 yilda Namanganda tavallud topgan Devonai Mashrab Turkistonning eng mashhur mutasavvuf mualliflaridan biri sanaladi. Uning asarlari ko’pchilik mahalliy kishilarga tanish, ismi esa qat’iy barchaga ma’lum. Uning she’rlari (g’azallari) roviy va qo’shiqchilar tomonidan ijro etiladi” degan ma’lumot keltiriladi.
Sho’rolar davrida Mashrab haqida ilk maqolani 1923 yili arxeolog-sharqshunos Vasiliy Lavrentьevich Vyatkin (1869 – 1932 y.y.) “Turkiston Sharqshunoslik instituti to’plami” da e’lon qiladi. Unda Mashrab xalq ichida, xotin-qizlar orasida ancha mashhur bo’lganligi qayd qilinadi, ayrim she’rlari va ularning ma’nolari yoritiladi. V. L. Vyatkinning mulohazasiga ko’ra, “Mabdai nur”asarining muallifi o’zining asl ismini Shoh Mashrab taxallusi bilan o’zgartirgan.
Abdurauf Fitratning fikricha, V. L. Vyatkin ushbu maqolasida xatoga yo’l qo’yadi, ya’ni Rahimbobo Mashrabga taalluqli bo’lgan “Mabdai nur” asarini boshqa bir Mashrabga nisbat beradi. 1926 yilda Sadriddin Ayniyning “Namunai adabiyoti tojik” asarida Mashrabning tojik tilidagi ijodidan namunalar keltiriladi . S.Ayniy Abdulmutallib xo’ja Fahmiyning “Tazkirai Fahmiy” tazkirasiga suyangan holda Mashrab faoliyatiga quyidagicha tavsif beradi (tarjima matn): “Mashrabi Namangoniy – ismi Boborahimdir. Hijriy 1123 yili ulamolar fatvosi va Mahmudbiy Qatag’on hukmi bilan shahidlik topgan… Mashrabning turkiy devoni mavjud. Ulamo va zohidlarni qattiq tanqid qilgan. Qatlining sababi ham shudir.”
Abdurauf Fitratning 1930 yilda “Ilmiy fikr” oynomasida e’lon qilingan “Mashrab” nomli maqolasi o’zbek adabiyot¬shunosligida shoir hayoti va merosini o’rganish tarixiga debocha yasadi. A. Fitratning maqolasi ma’lum ma’noda V. L. Vyatkinning “Ferganskiy mistik Divana-i-Mashrab” nomli maqolasiga javob tarzida yozilgani sababli muallif Mashrab hayoti va ijodi aks etgan manbalarni sanab o’tishda rus sharqshunoslari asarlarini ham qayd qilib o’tadi. U shuningdek, Muhammad Bade’ Malehoning “Muzakkir-ul ashob”, Abdulmutallib xo’ja Fahmiy¬ning “Tazkirai Fahmiy”, Muhammad Hakimxon To’raning “Muntahab ut-tavorix”, Mirzo Olimning “Ansob us-salotin”, Majzub Namangoniyning “Tazkirat ul-avliyo” asarlari haqida ham ma’lumotlar beradi. Olim Rahimbobo Mashrab haqida, asosan, shu manbalarga tayanib fikr yuritgan.
1937 yil 17 martda “Qizil O’zbekiston” gazetasida I. Sulton va I.Ahmedovning “Asl Mashrab” nomli maqolasida 1939 yili Olim Sharafitdinov “15 yil ichida o’zbek sovet adabiyoti” to’plamida bosilgan maqolasida Mashrab haqida o’z mulohazalarini bildirgan.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda mashrab-shunoslikka oid qator sezilarli ishlar qilindi. Jumladan, “O’zbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi”da (Toshkent,1945 y.), “O’zbek adabiyoti” nomi bilan ataluvchi ko’p tomlik xresto-matiyaning uchinchi tomida (Toshkent,1959 y.), turli antolo-giyalarda Mashrab she’rlaridan namunalar berildi. 1958 yili Abduqodir Hayitmetov Porso Shamsiyev bilan hamkorlikda Mashrabning “Tanlangan asarlar”ini so’z boshi bilan nashrdan chiqarishdi. Bu to’plam Mashrab she’rlarining alohida nashrini tayyorlashdagi ilk tajriba bo’ldi. Kitob 1960 yili qayta nashr qilindi.
1959 yili G’afur G’ulomning mashhur “Ikki Mashrab” maqolasi e’lon qilindi. Unda davr ruhi aks etgani holda Rahimbobo Mashrab va Mashrabi Soniy asarlari qiyosiy tahlil qilindi, shoirlarning g’oyaviy dunyoqarashlari haqida qiziqarli mulohazalar keltirildi. 1963 yilda Abdurashid Abdug’afurov tomonidan shoirning tanlangan she’rlari to’plami e’lon qilindi. A. Abdug’afurov tayyorlagan Mashrab she’rlari to’plamining ushbu nashri, A. Hayitmetov va P. Shamsiyevlarning 1958 yilgi nashriga qaraganda shoir she’rlarini qariyb ikki marta ko’p qamrab olgan. 1979 yili nashr bo’lgan uchinchi to’plam uchta yangi g’azal va bitta yangi muxammas bilan to’ldirilgan. Oldingi nashrlardagi matniy xatolar tuzatilgan. Muallifning so’zboshisi va Mashrabning 106 g’azal, 11 mustazod, 2 murabba’, 12 muxammas, 1 musaddas va 1 musabba’sidan tashkil topgan bu to’plam 1971 va 1979 yillari yangi she’rlar bilan to’ldirilgan holda qayta nashrdan chiqarildi.
Tadqiqotchi Muhsin Zokiriy (Zokirov) Mashrab hayoti va ijodini ilmiy tadqiq qilib, nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. U 1966 yili e’lon qilgan “Mashrab” nomli adabiy – tanqidiy ocherkida shoir hayoti va merosini o’rganish tarixiga kengroq to’xtalib o’tdi . Tadqiqotchi Fitrat sanab o’tgan tazkiralar qatorida yana ikkita “Hidoyatnoma” va “Manoqibi xo’jai poshsho” asarlarini qo’shimcha manba sifatida keltiradi. U o’sha davr adabiyotshunoslik ilmiga noma’lum bo’lgan Ziyovuddin Bog’istoniyning “Tazkirai qalandaron” asarining ilmiy qimmatiga ham alohida to’xtaladi.
1971 yili Zaynal Rizayevning “Indiyskiy stilь v poezii na farsi kontsa XVI – XVII vv”. (XVI asr oxiri XVII asr fors she’riyatida hind uslubi) nomli kitobi chop etildi. Asar muallifi hind uslubida she’r bitgan shoirlar jumlasiga Rahimbobo Mashrabni ham kiritib, uni va ijodini Mashrab taxallusli boshqa shoirlar ijodi bilan taqqoslab o’rganadi, shoir falsafasi va dunyoqarashini ochib berishga harakat qiladi.
Mashrab faoliyati va adabiy merosini o’rganish tarixini tadqiq qilishda adabiyotshunos olimlar A. Abdug’afurov hamda A. Hayitmetovning xizmatlari katta. Professor A. Abdug’afurovning ikki ishi alohida e’tiborga molik. Ularning biri -1978 yilda nashr qilingan “O’zbek adabiyoti tarixi” besh tomligining uchinchi tomidan , ikkinchisi asa 1979 yil e’lon qilingan “Erk va ezgulik kuychilari” ilmiy-tanqidiy maqolalar to’plamidan o’rin olgan.
“O’zbek adabiyoti tarixi”ning uchinchi tomiga A. Abdug’afurov tomonidan yozilgan “Boborahim Mashrab” nomli bo’lim kiritilgan. Ushbu maqolada Mashrab haqida ancha keng va batafsil ma’lumot berilgan. Olim avval Rahimbobo Mashrabning adabiyot tarixida tutgan o’rni haqida so’z yuritib so’ngra Mashrab haqida manbalar, hayoti, faoliyati va ijodi, uni o’rganish tarixi haqida atroflicha fikr bildiradi.
1979 yilda nashr qilingan “Erk va ezgulik kuychilari” risolasi mashrabshunoslik ilmida yana bir siljish bo’lganligidan dalolatdir. Ushbu kitobning Mashrabga ajratilgan bo’limida A. Abdug’afurov akademik tadqiqotda keltirgan fikrlariga yana yangi ma’lumotlar qo’shdi. Mashrab tug’ilgan yili va joyi, shoirning vafot etgan sanasi to’g’risida ilmiy manbalarni qiyosiy o’rganish asosida ancha dadil fikrlarni o’rtaga tashladi.
Rahimbobo Mashrab hayoti va ijodi o’rganilishi tarixi haqida A. Hayitmetovning 1985 yili nashr qilingan “Meros va ixlos” kitobiga kirgan “Shoir tug’yoni” nomli maqolasida ham fikrlar bildirilgan. Bunda munaqqid Mashrab haqida ma’lumot beruvchi tazkiralarga to’xtalmay, to’g’ridan–to’g’ri o’zbek adabiyotshunoslari Abdurauf Fitrat, Izzat Sulton, G’afur G’ulom, Vohid Abdullayev shuningdek, rus olimlari N. Veselovskiy, N. Likoshin, V. Vyatkin kabi olimlar haqida to’xtalib, mashrabshunoslikdagi xizmatlari to’g’ri¬sida fikr yuritadi. Kitobda mashrabshunos olim Z. Rizayevning 1971 yilda nashr qilingan “XVI asr oxiri XVII asr fors she’riyatida hind uslubi” nomli tadqiqoti tanqid ostiga olinadi.
1980 yili akademik V. Abdullayevning oliy o’quv yurti talabalari uchun mo’ljallangan “O’zbek adabiyoti tarixi” nomli darsligi qayta nashr etildi. Unda muallif Mashrab faoliyati va adabiy merosini o’rganish tarixiga alohida kichik bo’lim ajratib, fanga noma’lum bo’lgan shoir zamondoshlari to’g’risida ham to’xtalib o’tadi.
Kitobda oldingi nashrda aytilgandek, Mashrab 1657 yili Andijonda emas, balki 1640 yilda Namanganda tug’ilganligi, 1711 yilda Mahmud Qatag’on tomonidan osib o’ldiril¬ganligi qayd qilinadi.
Yuqoridagi tadqiqotlarga, ilmiy risola va maqolalarga asoslanib aytish mumkinki, o’tgan asrning 80 yillari boshlariga kelib mashrabshunoslik ilmida muayyan siljishlar ro’y berga¬niga, shoir ijodi bir necha marta yangi so’zboshilar bilan nashr qilinganiga qaramay, Mashrab ijodiyotining anchagina qismi hali kitobxonlar qo’liga yetib bormagan edi.
1980 yili Vahob Rahmonov bilan Komiljon Isroilovlar Mashrab she’rlarini «Devon» shaklida e’lon qilishdi. Ushbu “Devon” ga qadar Mashrab she’rlari bu kabi to’liq holda nashr etilmagan edi. Kitobda mavjud bo’lgan matniy nuqsonlar, imkon qadar tuzatilib, majmuaga shoirning nafaqat yangi o’zbekcha asarlari, balki fors-tojik tilidagi she’rlari ham kiritilib, ularning o’zbekcha sharhi berilgan.
Ushbu “Devon”ga ayrim e’tirozlar ham yo’q emas. Birinchidan, to’plam devon talablariga javob bermaydi. Mashrab she’rlari devoni hozirga qadar topilmaganligi sababli, to’plamni “Devon” deb atash joiz emas. Ikkinchidan, noshirlar “Mashrab asarlarini saralab o’rganishda nusxalarning qadimiyligi va til xususiyatlariga e’tibor berildi” degan muhim gapni aytishadi-yu, lekin bu manbalar qayerda mavjudligi haqida ma’lumot berishmaydi. Uchinchidan, Mashrab tug’ilgan joy masalasini “uzil-kesil” hal qilishdan oldin haqiqatan ham Namanganda Andigon degan qishloq bor – yo’qligiga aniqlik kiritish maqsadga muvofiq.
1984 yili e’lon qilingan Muhsin Zokirovning «Erk va ma’rifat kuychilari» risolasi da mavjudligi noma’lum bo’lgan Ishoq Bog’istoniyning «Tazkirai qalandaron» asari haqida ma’lumot berilgan.
Yana bir tadqiqotchi Bahodir Sodiqovning 1989 yili yozilgan «Bir devon bahsida» nomli maqolasida, asosan, Mashrab asarlari, ularning keyingi 25 yil ichida bo’lgan olti nashri, bunda noshirlar A. Hayitmetov, A. Abdug’afurov, V. Rahmonov va K. Isroilovlarning samarali mehnatlari qayd etilgan.
1990 yil Rahimbobo Mashrab tavalludining 350 yilligini nishonlash uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Abdurashid Abdug’afurov, Muhsin Zokirov, Najmiddin Komilov, Jamol Kamol, Ergashali Shodiyev, Ismatulla Abdullayev kabi olimlar matbuot sahifalari, televideniye va radio orqali bir qancha chiqishlar qilishdi. Mashrab yubileyi bilan bog’liq tadbirlar, asosan, Toshkent va Namangan shaharlarida tantanali tarzda nishonlandi.
M. Zokirovning 1990 yil “Turkiston” gazetasida bosilgan “Mashrab oldidagi gunohim” nomli maqolasi o’sha davr mashrabshunosligida yangi sifat kasb etgan bir chiqish bo’ldi. Olim bu maqolada shunday deydi:”. Mashrab she’rlariga ko’pincha noto’g’ri talqin berilib, uni ashaddiy dahriy darajasiga ko’tarishgacha borib yetdik. Shu jumladan, o’zim ham 1966 va 1984 yillarda chop etilgan Mashrab haqidagi kitoblarimda bilib-bilmas shunday qo’pol xatoga yo’l qo’ydim. Yana mening ikkinchi bir kechirib bo’lmas gunohim, Mashrabdek ulug’ buzrukvor ijodiga nisbatan qilgan tuhmatim shu bo’ldiki, o’sha kitoblarimni tayyorlash pallasida zamonasozlik qilib Mashrabning “Mabdai nur” va “Kimyo”dek noyob falsafiy-ta’limiy dostonlariga qora rang chaplab, bu asarlar “Mashrab adabiy merosi uchun isnod” deyish darajasiga yetdim. Bilmadim, bunday gunohi azim uchun u ulug’ zoti sharifning ruhi meni kechiradimi-yo’qmi?”. M.Zokirovning ushbu ochiq iqrornomasi nafaqat uning o’ziga, balki ma’lum ma’noda Mashrab hayoti va ijodini o’sha davr mafkurasi ta’sirida tadqiq qilgan davr adabiyotshunoslari faoliyatiga ham tegishlidir.
M.Zokirovning 1990 yil e’lon qilingan “Men ham inson naslidan” nomli maqolasida Rahimbobo Mashrabning tug’ilgan joyi Andijon, deb ko’rsatiladi-yu, lekin fikrni durustroq tasdiqlaydigan biron dalil keltirilmaydi. O’sha yili “Sharq yulduzi” oynomasida M. Zokirov nashrga tayyorlagan va ko’plab tushunmovchiliklarni yuzaga keltirgan “Tazkirai qalandaron” nomli asar qisqartirilgan holda nashr etildi.
Sho’rolar davrida Mashrab faoliyati haqidagi tadqiqotlarga umumiy baho bermoqchi bo’lsak, quyidagi holatlar ko’zga tashlanadi:
1. Ayrim tadqiqotlarda Mashrab faoliyati haqida ma’lumot beruvchi tazkiralar to’g’risida gapirilganda ko’pincha, ularning faqat nomlari keltirilib o’tildi.
2. Rus sharqshunoslari nomlari qayta-qayta tilga olinaverdi, ularning asarlaridan olingan ko’chirmalar esa bir asardan ikkinchisiga deyarli o’zgarmagan shaklda o’tdi.
3. Rahimbobo Mashrabning chet ellardagi faoliyati haqida so’z yuritilmadi.
4. O’tgan asrning 60 yillarida qilingan tadqiqotlar ichida G’afur G’ulomning “Ikki Mashrab” nomli maqolasiga alohida urg’u berilgani holda, S. Ayniy va A. Fitratning mashrabshunoslikdagi xizmatlari deyarli tilga olinmadi. Shularga qaramay, Mashrab hayoti va adabiy merosini o’rganish buyicha jiddiy ishlar amalga oshirilgan va imkoniyatlar darajasida ilmiy qarashlar shakllangan, degan xulosaga kelish mumkin. Ta’kidlash joizki, bu davr adabiyotshunosligida Mashrab hayotini o’rganishga nisbatan uning lirik merosini tadqiq kilishga asosiy diqqat qaratildi. “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlari Rahimbobo Mashrabniki emas, deb topilib, ilmiy o’rganishdan chetda qoldi.
O’tgan asrning so’nggi yillarida mashrabshunoslik sohasida olib borilgan tadqiqotlar haqida fikr yuritganda Jaloliddin Yusupov, Ibrohim Haqqul va Ismatulla Abdullayevlarning izlanishlarini alohida qayd etish lozim. Ibrohim Haqqul Rahimbobo Mashrab adabiy merosi va uning o’ziga xos xususiyatlari, shoir ijodiga tasavvuf ta’limoti ta’siriga oid ilmiy izlanishlar olib borgan bo’lsa, Jaloliddin Yusupov shoir she’rlarining nashri bilan, Ismatulla Abdullayev «Mabdai nur» asari nashri va tadqiqi bilan shug’ullanib, bir qator muhim ishlarni amalga oshirdilar.
J.Yusupov tayyorlagan va 1990 yilda «Mehribonim qaydasan» nomi bilan nashr qilgan Mashrab she’rlarining to’plami o’sha davrga qadar yaratilgan to’plamlarning eng sarasi bo’ldi. Kitob G’aybulla Salomov va Najmiddin Komilovlar yozgan so’z boshidan, Mashrabning o’zbek tilidagi g’azal, mustazod, murabba’, muxammas, musaddas kabi she’rlaridan va bir musabba’sidan, muallifning so’ngso’zi va lug’atdan tashkil topgan .
Noshirning xizmati kuyidagilarda namoyon bo’ladi:
1. Mashrab she’rlarining aniqlashtirilgan matnda nashrga tayyorlashda “Devonai Mashrab” kitobining sakkiz qo’lyozma va toshbosma nusxalari, bir bayoz va ikki majmua, shuningdek, V. Rahmonov va K. Isroilovlar nashr qilgan to’plam qiyosiy va tanqidiy o’rganilgan. Nashrga jalb qilingan bu xil ko’plab qo’lyozma va toshbosma asarlardagi she’rlar hisobiga kitob hajmi 416 betdan iborat bo’lgan.
2. Kotib va noshirlar tomonidan yo’l qo’yilgan xatolarning asosiy qismi tuzatilgan. Shunga qaramay, Kibriyo Qahhorova o’zining “Matn azoblari” maqolasida J. Yusupov tuzgan Mashrab she’rlari to’plamini muvaffaqiyatli chiqqanligini ta’kidlab, she’r jumlalar yana matnida mavjud bo’lgan xatolarni ko’rsatib, ma’qul variantini yaratishga harakat qiladi. Lekin, bizningcha, matnda o’zgartirilishi lozim bo’lgan so’z va iboralar bor, jumladan, Mashrabning bir muxammasi quyidagicha boshlanadi:
Va’da qildi bir kelay deb ko’zga uyqu kelmadi,
Termulib yo’lida turdim, sho’xi badxo’ kelmadi .
Ushbu misralarni o’qigan o’quvchi she’r Alisher Navoiyning mashhur “Kelmadi” radifli g’azaliga nazira tarzida yozilganini qiynalmay bilib oladi. Mashrabning yuqoridagi bayti shoir to’plamlarining barchasida shu tartibda berilgan. Bizningcha, baytni o’zgartirib, quyidagi holatda keltirish maqsadga muvofiqdir:
Va’da qildi bir kelay deb sho’xi badxo’ kelmadi,
Termulib yo’lida turdim, ko’zga uyqu kelmadi.
Chunki mantiq nuqtai nazaridan, sabab va oqibat kategoriyalari talablaridan kelib chiqilsa, «Va’da qildi bir kelay deb» jumlasi «kim va’da qildi?» degan haqli savolni yuzaga keltiradi. Bu savolga «sho’xi badxo’»ning va’da berishi va va’dani bajarmasligi to’la munosib keladi. Ikkinchi misrada esa, yorining yo’lida termulib turishi natijasida oshiqning ko’ziga uyqu kelmaganligi izchillik talablariga mos tushadi. Shuningdek, she’r nazira tarzida yozilgan ekan, unga manba bo’lgan Navoiy g’azali bayti tuzilishi talablari ham fikrimizni ma’qullaydi. Mashrab baytining bu xil varianti shaxsiy kutubxonamizda saqlanuvchi, “Devonai Mashrab” kitobida ham bor.
“Mehribonim qaydasan” kitobi so’ngida keltirilgan lug’at va izohlar bo’limida ba’zi so’zlar talqini o’zgartirilishga muhtoj. Masalan, “Alif” harfi “Arab alfavitidagi tik to’g’ri chiziq shaklidagi harf” deb ko’rsatilgan. Bizningcha, izoh quyidagicha bo’lishi lozim: Alif
1. Arab alifbosidagi tik to’g’ri chiziq shaklidagi harf. Mumtoz adabiyotda yorning go’zal qomatini alif harfiga qiyoslashadi.
2. Alif harfi abjadda “Bir” ma’nosini bildirganligi sababli, Yaratuvchini ham nazarda tutishi mumkin.
Shuningdek, “Analhaq – men – haqman” degan izoh kengaytiri-lishga muhtoj. Fikrimizcha izoh ushbu tartibda berilsa, ma’qul bo’ladi: Analhaq – Men haqman, ya’ni xudoning zarrasiman. Bunda insonning maxluqotlar ichida eng buyuk mavjudot ekanligiga urg’u beriladi. Shuningdek, “Bol – Baland, yuqori”, ostida esa “Bolo – qanot” tarzida izohlangan. Aslida “Bol — qanot”, “Bolo – Baland, yuqori” deb yozilsa to’g’ri bo’ladi. “Maxmur: 1-Xumori. 2. Mastligi tamoman tarqalgan” izohi teskari keltirilgan. Izoh: “Maxmur 1. May xumorisi. 2. Mast holdagi kishi” mazmunida keltirilishi maqsadga muvofiq. Shukurki, J. Yusupov Mashrabning 2006 yil nashr qilgan “Devon”ida bu kabi noqis izohlar asosan o’zgartirilib, o’z ma’nolarida keltirildi.
Ulkan mehnat va zahmat evaziga yaratilgan bu majmuada J. Yusupov kam emas, ko’p emas naqd 23 qo’lyozma va toshbosma, nashr bo’lgan 4 manbani o’rganib, matnlarni solishtirib chiqdi. Ularning ko’p qismini “Devonai Mashrab” va “Mabdai nur” asarlari qo’lyozmalari tashkil qiladi. Kitobning boshida keltirilgan G’aybulla as–Salomning “Tillarda doston shoirim”, J.Yusupovning “Uni Devonai Mashrab derlar”, “Mashrab lirikasida “Hurufi Hijo”, Hurufi dalolat”, “Alif-lom san’ati”, Mashrabning badiiy meroslari”, “Haqqingga bir duo aylay” maqolalari Mashrab adabiy merosi va asarlari matnini o’rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
To’plamda boshqa shoirlarning bir – ikkita she’rlari ham keltiriladi. Jumladan:
“May bixo’r, mushaf bisuzu otash andar Ka’ba zan,
Sokini butxona boshu, mardum ozori makun… —
she’ri yanglish tarzda “Devon”dan o’rin olgan.
“Devonai Mashrab” asarida Rahimbobo qalmoq qizi Aboqning barcha shartlariga ko’nganligini aytib, yuqoridagi forscha misralar aks etgan she’rni o’qiydi, uning muallifi Sa’diy Sheroziy.
Mashrabshunos I. Abdullayev 1991 yil e’lon qilgan “Mashrab” va “Mabdai nur” maqolasida “Mabdai nur” asari tadqiqi tarixiga alohida to’xtalib o’tadi. Bunda asosiy e’tibor rus sharqshunoslari xizmatlariga va G’. G’ulomning 1959 yilda e’lon qilingan “Ikki Mashrab” maqolasiga qaratiladi. I. Abdullayev “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlari shuncha vaqt nisbat berib kelingan Hofiz Ro’ziboyga tegishli emasligini, balki ularning muallifi Rahimbobo Mashrab ekanligini manbalar asosida isbotlashga harakat qiladi. Maqolaning so’ngida muallif quyidagicha xulosaga keladi: “Shunday qilib, “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlarini to’la ishonch bilan Mashrabga qaytarib berdik, desak bo’ladi. Endigi vazifa bu asarlar tanqidiy matnini tayyorlash, hozirgi o’zbek imlosida chop etish va bu muhim ahloqiy-tarbiyaviy asarlardan xalqimizni bahramand qilishdir”. Ushbu istakni ko’p o’tmay tadqiqotchining o’zi amalga oshirdi. “Mabdai nur” asari I. Abdullayev tomonidan nashrga tayyorlanib, dastlab qisqargan holda 1992 yil “Sharq yulduzi” oynomasida ( 125 – 130 b.) e’lon qilindi. Noshir asardan uch hikoya va uch g’azal keltiradi, “Mabdai nur” haqida umumiy ma’lumot beradi. 1994 yilda I. Abdullayev asarni kitob holida nashr qildiki, bu ish so’zsiz mashrabshunoslikda katta voqea bo’ldi. Garchi, asar matnida xatolar, ayrim hikoyatlarning o’rni almashgan, tushib qolgan, so’zlarning asl ma’nosi buzib talqin qilingan bo’lsa-da, o’quvchi “Mabdai nur” haqida dastlabki ma’lumotga ega bo’ladi.
I.Abdullayev «Mabdai nur» asari matnini keltirishdan avval Mashrab va «Mabdai nur» bilan bog’liq qator masalalar ustida so’z yuritadi. Mazkur kichik tadqiqot bir qancha qismlarga bo’linib ularda Mashrab va uning “Mabdai nur” asari, tasavvuf haqida ma’lumot, “Mabdai nur”ning qo’lyozma va toshbosma nusxalari, asarning til xususiyatlariga oid ancha qiziqarli mulohazalar keltiriladi.
I.Abdullayev “Mabdai nur”ning muallifi Rahimbobo Mashrab ekanligini isbotlashga harakat qildi. Olimning nuqtai nazari P. Ravshanov, O. Ravshanov, M. Husenovlarning 1997 yilda nashr bo’lgan «Hofiz Ro’ziboy Mashrab» nomli risolalarida tahlil qilindi, «Mabdai nur» muallifi haqidagi bahs yana davom etdi. Tadqiqotchilar XIX asrning ikkinchi yarmida Qashqa vohasidan, Qamashi qishlog’idan yetishgan so’z san’atkori Hofiz Ro’ziboy Mashrab (Mashrabi soniy), uning hayoti, vatani, avlod-ajdodi va adabiy merosi haqida so’z yuritishdi. Hofiz Ro’ziboy Mashrabning fidoyi avlodlari ko’maklari bilan yaqin kelajakda adabiyotshunos olimlar shoir hayoti va merosi haqida yanada aniq va kengroq ma’lumotlarga ega bo’lishadi, degan umiddamiz.
“Devonai Mashrab” qissasining ikki nusxasi nashr etildi. Birinchisi — Mahmud Hasaniy tomonidan nashrga tayyorlanib, “Shoh Mashrab qissasi” nomi bilan 1991 yili e’lon qilindi. Asar 1886 yil 15 noyabrda Toshkentda chop etilgan nusxa asosida tayyorlangan. Kitob M. Hasaniy tomonidan yozilgan kichik muqaddima, qissa va Mahkam Mahmudov tuzgan lug’atdan iborat. Ikkinchi kitobni Sayfiddin Raf’iddin, Muhammad Yoqub Salim o’g’li, Sharofxon Jamolxon “Qissai Mashrab” nomi bilan 1992 yilda nashr ettirdilar.
Kitob so’zboshi va lug’atdan tashkil topgan. So’zboshi va lug’at mualliflari — M. Jo’rayev va S. Raf’iddin. Kitob hajmi, hikoyalar va she’rlarning ko’pligi sabab nusxaning qadimiyligidan dalolat beradi. Kitobda M. Hasaniy nashridan farqli o’laroq Mashrabga doir hikoyalar qisqartirilmasdan berilgan. Shoir g’azallari matla’ va maqta’lari bilan to’liq keltiriladi.
1995 yil mazkur monografiya muallifi «Rahimbobo Mashrab va uning badiiy adabiyotdagi talqini» mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladim. 2004 yilda Dilorom Hamroyeva Boborahim Mashrab g’azallari poetikasiga bag’ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Bunday tadqiqotlar nafaqat filologiya, balki boshqa ijtimoiy sohalarda ham olib borilmoqda. Jumladan, jizzaxlik Mo’min Hoshimxonov “Boborahim Mashrabning ijtimoiy – falsafiy qarashlari” mavzusida tadqiqot olib borib, 1995 yili falsafa fanlari nomzodlik disser-tatsiyasini yoqladi.
Mashrab hayoti va ijodini yoritish va o’rganishni quyidagicha davrlashtirish mumkin:
1. XVII – XIX asrlarda yaratilgan tazkira va manbalarda Mashrab to’g’risidagi ma’lumotlar;
2. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Mashrab haqidagi ilk tadqiqotlar;
3. Sho’rolar davrida Mashrab faoliyatining o’rganilishi;
4. Respublikamizning istiqlolga erishuvi natijasida yaratilayotgan yangi tadqiqotlar.
Hozirgi davr adabiyotida shoir timsoli
Sho’rolar davrida Rahimbobo Mashrab haqida ilmiy maqola, risolalar bilan birgalikda badiiy asarlar ham yaratildi. Ushbu asarlar ichida hajman salmoqli bo’lgan Hamid G’ulomning “Mashrab”asari ustida qisqacha to’xtalsak. Roman 1981 yilda “Sharq yulduzi” oynomasining uch sonida e’lon qilindi. Aftidan, asarning dastlabki nusxasi hajmi ancha katta bo’lgan, shu sababli roman muallif ta’kidlagandek, oynoma uchun maxsus qisqartirilgan variantda e’lon qilingan. Romanning oxirgi “Yigirma besh yil hikoyasi” deb ataluvchi bo’limi an’anaviy bayon uslubida emas, balki xronologik tartibda berilgan. Bu holat muallif tomonidan majburiy qisqartirishi oqibatida sodir bo’lgan bo’lishi ham mumkin. Romanni ko’zdan kechirish mobaynida shu narsa ayon bo’ldi-ki, Hamid G’ulom asarni yozishdan oldin jiddiy tayyorgarlik ko’rgan, Mashrab hayoti va faoliyati haqida ma’lumot beruvchi mavjud ilmiy adabiyotlarni o’rganib chiqqan. “Devonai Mashrab” qissasi va Mashrab haqida ma’lumot beruvchi tazkiralar bilan tanishgan. Lekin bu ilmiy maqola va risolalar, shuningdek tazkiralardagi ma’lumotlar asosida romandek katta hajmli asar yaratish ancha mushkul. Shu sababli romanga “Devonai Mashrab” qissasi asosiy manba bo’lib xizmat qilgan.
Hamid G’ulomning “Mashrab” romani tarixiy mavzudagi asardir. Unda aks etgan Mashrab hayot yo’li, faoliyati, asardagi asosiy qahramonlar asosan tarixiylik mezonidan kelib chiqib talqin etiladi. Lekin romanning badiiy quvvati va estetik ta’sirini oshirish, shuningdek Mashrab siymosini yorqin ifodalash uchun tarixiy omillarning o’zi kamlik qiladi. Shu sababli muallif romanga ayrim to’qima qahramonlar siymosini, voqea-hodisalarni kiritib, o’z o’rnida foydalandi. Asarning kompozitsion tuzilishi ko’pgina jihatlari bilan qissani eslatadi. Roman garchi qissadagidek, Mashrabning murg’aklik davridan boshlanmasa ham, lekin Rahimboboning Namangandagi hayoti, Bozor Oxun, so’ngra Qashqarda Ofoq xo’ja makonida ta’lim olishi, u yerdan chiqib sharq mamlakatlarini qalandarona kezishi va umri so’ngida Balx shahrida dorga osib o’ldirilishi qissa bayoni singari amalga oshadi. Romandagi Mashrab siymosi, uning tashqi qiyofasi va ruhiy dunyosi masalasiga kelsak, bunda qissadagi Mashrab siymosi va uning tarixiy qismlari o’rtasida ma’lum farqlar mavjudligi ko’zga tashlanadi.
Qissadagi va romandagi Mashrablarning zohiriy ko’rinishi, tashqi qiyofasi deyarli bir xil. Asarning avvalida o’spirin Mashrab qiyofasi quyidagicha ta’riflanadi: “Bo’yi baland, qad-qomati kelishgan, umrovi keng, qo’llari uzun, yelkasini qoplagan sochi patila-patila” yoki “(Mashrabning – E.M.) ozg’inligidan bo’lsa kerak, sal cho’zinchaqroq yuz suyaklari bo’rtib chiqqan, ko’z kosalari ich-ichiga kirgan, yirik qora ko’zlarida ichki bir sho»la, botiniy bir olov porlab turadi”. Demak, ayrim iboralarning o’rni almashib kelganligini hisobga olmasak, umuman ta’rif qissadagidek, farqi shuki, qissalarda Mashrab deyarli o’zgarmasdan “Shahlo chashm, payvasta abro’, sochlari patila-patila girdi kamariga tushg’on” holatida namoyon bo’lsa, H. G’ulom Mashrabning yoshiga qarab uning qiyofasini o’zgartirib boradi. Qissalarda sipo kiyimlardan o’zini nari olib yurgan Mashrab romanning ayrim joylarida amaldorlardan zarrin chopon va sovg’alar olishdan istihola qilmaydi.
Romandagi Mashrab botiniy dunyosi qissadagidan jiddiy farq qiladi. Oldin aytib o’tganimizdek qissalarda Mashrab siymosi butun moddiy istak va noz-ne’matlardan voz kechgan, faqatgina yaratuvchi yodi va ishqi bilan yashovchi valiy sifatida talqin etiladi. Lekin roman qahramoni Mashrab valiy yoki so’fiy sifatida emas, balki foniy dunyo lazzatlarini (qiz bilan nosha’riy uchrashuvi, gohida may ichishni) kanda qilmaydigan kishi sifatida tasvirlanadi-ki, bu hodisa qissadagi Mashrab va romandagi Mashrab siymosi o’rtasidagi asosiy farqni, ziddiyatni belgilaydi. Fikrimizcha, muallif Rahimbobo Mashrabni ham ruhan, ham jismonan baquvvat, o’z yoriga vafodor, turli diniy arboblar va amir — amaldorlarga qarshi kurashuvchi va oxir-oqibat o’z maqsadi yo’lida qurbon bo’luvchi qahramon sifatida talqin etmoqchi bo’lgan. Biroq Mashrab siymosining yaralishiga zamin bo’ladigan bu xil insoniy g’oyalar har vaqt ham kutilgan natijani bermagan. Mashrab Bozor Oxun dargohida tahsil olgan chog’ida ustozi tanbehlaridan tegishli xulosa chiqarish o’rniga u bilan ziddiyatga boradi, duoibad bo’lib murshid ostonasidan haydalgach, Bozor Oxun dargohini tark etadi hamda o’ziga yangi ustoz izlamay qo’yadi.
Umuman olganda Mashrabning o’z oldiga qo’ygan tayinli bir maqsadi yo’qdek. Sevgilisi To’tixon Ofoq xo’jaga nazr qilinib, Qashqarga jo’natilgach, Mashrab do’stlari bilan uni izlab yo’lga otlanadi. Ular Ofoq xo’ja dargohiga yetgach Mashrab shayxning xizmatiga kiradi va yetti yil shu yerda qolib ketadi. Yorini izlab borgan oshiq unga yordam berish o’rniga do’stlari bilan pirning turli xizmatlarini bajarib yuradi. Faqatgina Ofoq xo’janing katta xotini Malika xonim poshsha yordami bilan Mashrab To’tixon vasliga erishadi. Ikki yoshning uchrashuvi nosha’riy tarzda amalga oshadi. Qiziq bir hol, Mashrab To’tixon bilan uchrashganda, ularning qochib ketishiga hech narsa mone’lik qilmaydi. Oshiq-ma’shuqlar qochib ketish o’rniga, birlashishga intiladilar. Bu hol Mashrabning maqsadi yori bilan birga baxtli oila qurib yashash emas, balki shunchaki uchrashib yurish bo’lgandek taassurot qoldiradi. Mashrab pir dargohidan ikkinchi marta quvilgach, do’stlari bilan turli shaharlarni bemaqsad kezadi. Bizningcha, Mashrabning yorini izlab Qashqarga borishi va u yerdan haydalib hayotini tayinsiz o’tkazishi zo’rma-zo’rakilik asosida paydo bo’lgan holatdir. Chunki, sho’rolar siyosati davri adabiyotida Mashrabni chin e’tiqodli inson sifatida talqin etish, uning maqsad va intilishlarini aniq ochib berish mumkin emas edi. Mashrab asarning ijobiy qahramoni ekan, u faqat moddiy dunyo mavjudligi sababli uning manfaatlardan va nafsiy istaklardan to’la-to’kis voz kechishi mumkin emas. Shuning uchun asardagi bu xil holatlar shartli ravishda zamonasozlik nuqtai nazaridan paydo bo’lgan, degan xulosaga kelamiz.
Mashrab haqida yaratilgan ikkinchi yirik asar Mirkarim Osimning “Singan setor” qissasidir. Qissada Mashrab, shogirdi Shodavlat Pirmast, iti Qitmir bilan bog’liq voqealar yengil yumoristik holatda tasvirlanadi.
Keyingi avlod adibu munakqidlari ham Rahimbobo Mashrab siymosiga qayta-qayta murojaat qilishdi. Ushbu ma’noda Ibrohim G’ofurovning “Gala” va “Alif” nomli hikoyalarini keltirish mumkin. Avvalgi hikoyada Mashrab va shogirdi Pirmast bilan Ofoq xo’janing dargohidan ketganidan keyingi kunlari, Mashrabni yadachi deb yoqmoqchi bo’lgan daydi olomon haqida hikoya qilinsa, ikkinchisida “Alif” harfi ilohiy ma’nosi va uning ijtimoiy hayotidagi zuhuroti haqida so’z boradi.
Shoir haqida Aziz Tursunning “Mashrab” nomli lirik dramasi mavjud. Bunda Mashrabning Namangan, Qashqardagi hayoti va Balxdagi foje’ qismati badiiy vositalar bilan yoritiladi. Adib asar badiiy ta’sirini oshirish uchun tarixiy qahramonlar qatori to’qima siymolardan (Gulruh–Mashrabning sevgilisi, Mamat–Oxun – Ofoq xo’janing muridi, Darveshali – Mashrabning do’sti) unumli foydalanadi.
Umuman olganda, o’zbek adabiyoti nasrida Rahimbobo Mashrab siymosining yangi mazmundagi qiyofasini yaratishga urinishlar bo’lmoqda. Biroq bunday harakatlar faqatgina hayoliy uydirmalar zaminida emas, balki tarixiy asoslarda bo’lishi va ijodkorning Mashrab asarlaridan, uning dunyoqarashi, falsafasi, tarixiy sharoiti xususiyatlaridan kelib chiqish maqcadga muvofiqdir.
O’zbek she’riyatida Mashrab siymosining haqqoniy tasvirini yaratishda Jamol Kamol, Muhammad Ali kabi alloma shoirlarning xizmatlari katta. Ular boshlab bergan an’ana yoshlar tomonidan muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda. Ergash Yondoshning “Boborahim Mashrabning tug’ilgan joyi” , Yo.Ahmedjonovning “Boborahim Mashrab tafakkur iztirobi” , Sanobar Hasanovaning “Yor dardida” , “Shoirning hamyurt¬lari qoshiga peshvoz chiqishi” , “Shoir orzusi” , shuningdek, Ilhom Karimovning “Mashrab” va Mahmud Toirovning “Mashrab” (“O’zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1992 yil 19 iyunь) nomli she’rlari poetik ohangdorligi bilan kitobxonni o’ziga jalb qiladi.
Hozirgi erkinlik davrida Mashrab siymosining haqiqiy, milliy vakilini yaratmoq adibu olimlar, tadqiqotchilar oldida turgan vazifalardan biridir.
Biz ishimizning bu qismida Rahimbobo Mashrab hayoti va ijodi haqida yaratilgan tadqiqotlar, risola va maqolalar, shoir timsoli aks etgan zamonaviy asarlarning sifati va xususiyatlari to’g’risida muxtasar so’z yuritdik. Aslini olganda shoir siymosi yaratilgan badiiy asarlar soni kun sayin ortib bormoqdaki, ularning barchasi haqida bir kitob doirasida so’z yuritish mumkin emas. Ayrimlari balki alohida tadqiqot ishlari bo’lishini talab qilar.
Mashrabshunoslik tarixida o’ziga xos muammolar bo’lgan. Mashrab faoliyati va adabiy merosi haqida ma’lumot beruvchi dastlabki adabiy manbalarda aks etgan ayrim chalkashliklar (jumladan, Mashrab tug’ilgan yili va joyi xususida), mashrabshunoslik ilmiga ham o’z ta’sirini o’tkazmasdan qolmadi. Biz quyida Mashrab taxallusli shoirlar, shoir tug’ilgan yili, joyi, «Devonai Mashrab» qissasi bilan bog’liq masalalar haqida to’xtalib o’tamiz.
Mashrab taxallusli shoirlar
Mashrab taxallusi bilan she’r yozgan bir qancha ijodkorlar bo’lgan.
«Ma’lumki, Boborahim Mashrab, asosan o’zbek (turk) tilida, qisman fors va arab tillarida ham ijod qilgan. Ammo, shunday adabiy-tarixiy omillar ham ayonki, O’rta va Yaqin Sharqda, shuningdek, O’rta Osiyoda «Mashrab» taxallusi bilan ijod etgan o’nlab shoirlar bo’lib, ularning ba’zilari Boborahim Mashrabdan avval, yoki u bilan zamondosh, yoki undan keyin yashab ijod etganlar». -deb yozadi M. Zokiriy. Darhaqiqat, XV asrda yashab Mashrab taxallusi bilan ijod etgan shoir haqida Alisher Navoiyning «Majolis un nafois» asarida ma’lumot beriladi. Unda «Mavlono Mashrab Mashhadlikdur. Xushta’b yigitdur» deyilib, shoirning forscha bayti keltiriladi. M. Zokiriy o’zining «Mashrab» nomli risolasida ana shunday taxallus bilan ijod qilgan olti nafar shoirni sanab o’tadi: «Alisher Navoiyning zamondoshi Mashrab Mashhadiy, shuningdek, Abdurazzoq Mashrab (eronlik, XVII asr), Mirhusayn Mashrab (XVII asr oxirlari — Tabrizda vafot etgan), Mir Inoyatulla Mashrab (dehlilik bo’lib, XVI asr o’rtalarida tug’ilgan), Mirzo Ashraf Mashrab (1717 yilda Sherozda vafot etgan), Mashrab (shoirning ismi va nasabi ma’lum emas) XVII asr oxirlarida Hindistonda yashab o’tgan».
Akademik V.Abdullayev yetti ijodkor Mashrab taxallusi bilan o’tganligini ko’rsatadi. Birinchisi – isfahonlik shoir Hakim Abdurazzoq, ikkinchisi – tabrizlik shoir Mirhusayn, uchinchisi – Mir Inoyatullo, to’rtinchisi – Sherozda vafot etgan Mirzo Ashraf, beshinchisi – hindistonlik Mashrab, oltinchisi – Hofiz Ro’ziboy, yettinchisi – namanganlik Rahimbobo Mashrabdir. Bularning deyarli barchasi XVII – XVIII asrlarda yashab ijod qilishgan.
Z.Rizayev mazkur davrda Rahimbobo Mashrabdan tashqari Mashrab taxallusi bilan yetti shoir yashab o’tganligini qayd qiladi. Mashrab taxallusli shoirlarning yuqoridagi ro’yxatiga Nasrabodiyning tazkirasida (Tehron, 1939 y., 384 b.) ma’lumotlar keltirilgan, Sherozda tug’ilib ijod etgan shoir shoh Mas’um nomini ham kiritadi, V.Abdullayev qayd qilgan beshinchi – hindistonlik Mashrab shaxsiyatiga ayrim aniqliklar kiritib, uni Baxuriy Sitga nomi bilan bog’laydi. Hamda Astrabodda yashaganligi, fors tilida nasriy va nazmiy asarlar yaratganligi, Mirzo Haydarbekxon hukmronligi davrida vazir Shujo’u-Davla saroyida ijod qilib e’tibor topganligi va XVIII asr oxirida vafot etganligi haqida ma’lumot beradi. I. Abdullayev va J. Yusupov ham Mashrab taxallusi bilan ijod qilgan shoirlarga o’z munosabatlarini bildirishgan. Jumladan, I. Abdullayev o’zining «Mashrab va «Mabdai nur» nomli maqolasida akademik V. Abdullayev keltirgan Mashrablarni sanab, kengroq ma’lumotlar berishga harakat qiladi. Tadqiqotchi ro’yxatdan Hofiz Ro’ziboy nomini tushirib qoldirib, Mir Inoyatullohni « XVI asr oxirlarida vafot etgan» deb ta’kidlaydi.
J.Yusupov ham Mashrablarni asosan V.Abdullayev va I. Abdullayev fikrlari kabi keltiradi, ammo Mirzo Ashraf va Hofiz Ro’ziboy nomini ro’yxatdan tushirib qoldirib, o’rniga Z.Rizayev ko’rsatib o’tgan shoh Ma’sum Mashrab nomini kiritadi.
Umuman olganda adabiyotshunos olimlar ushbu Mashrab taxallusli shoirlar haqida asosan turk olimi Shamsiddin Somiy qalamiga mansub bo’lgan «Qomus a’lom» lug’atining oltinchi jildiga (Istambul, 1116 hijriy yili, 4288-4289 betlar) asoslanib holda fikr yuritishgan. Shoh Ma’sum Mashrab haqidagi ma’lumot esa Said Ali Hasanxonning «Subhi-gulshan» (toshbosma asari, Bombey, 1878 inv. № 3120. 414-bet) nomli kitobidan olingan. Shunday qilib yuqoridagi fikrlarni umumlashtirish asosida Mashrab taxallusli shoirlarni ushbu tartibda keltirish mumkin:
1. Mashrab Mashhadiy – XV asrda Mashhadda yashagan. Bu shoir haqida Alisher Navoiy o’zining «Majolisun nafois» asarida ma’lumot berib, uning bir bayt forscha she’rini keltiradi.
2. Mir Xusayn o’g’li Mashrab Koshoniy–Eron shohi Abbosning (1642 – 1666 y.y.) mulozimlaridan bo’lib, XVII asrning ikkinchi yarmida Tabrizda vafot etgan.
3. Hakim Abdurazzoq Mashrab Isfaxoniy – ko’pqirrali ijodkor bo’lib, she’r yozish bilan birga tabobat bilan ham shug’ullangan. Avrangzeb hukmronligi davrida (1659 – 1707) Abdurazzoq Hindistonda yashaydi va 1715 yili o’sha yerda vafot etadi.
4. Baxuriy Sitga Mashrab – asli Rajput nomli hind qavmidan. XVII asr ikkinchi yarmida yashagan Muhammad Muqim Kashmiriyning shogirdi bo’lgan. Vazir Shujo’ ud-davla saroyida nazmiy va nasriy asarlar yozib tanilgan. XVIII asr oxirida vafot etgan.
5. Mirzo Ashraf Mashrab – asli arab qavmidan bo’lib, Eron shohi Nodirshohning buyrug’i bilan ko’ziga mil tortib ko’r qilingan. XVIII asr oxirida Sherozda vafot etgan.
6. Mir Inoyatulloh Mashrab – nazmiy va nasriy asarlar muallifi. Dehlida yashab, ijod qilgan. Tug’ilgan va vafot etgan yillari aniq emas.
7. Shoh Ma’sum Mashrab. Sherozda tug’ilgan. Vafot etgan yili aniq emas.
8. Rahimbobo Mashrab – 1640 yilda Namanganda tug’ilib, 1711 yilda Balx shahrida qatl etilgan xalqimizning sevimli shoiri.
9. Mullo Ro’ziboy Oxun Mashrabi Soniy – XIX asrning ikkinchi yarmida yashab ijod qilgan qashqadaryolik so’fiy shoir.
Mashrab Mashhadiy va Mullo Ro’ziboy Oxun Mashrabi Soniydan boshqa shoirlar asosan Rahimbobo Mashrabga zamondosh hisoblanib, fors tilida ijod qilishgan.
Mashrabning umrini qisqartirishga hojat yo’q
Keyingi yillarda Rahimbobo Mashrabning tug’ilgan yiliga oid turlicha sanalar (asosan 1653, 1657 y.y.) ko’rsatilmoqda. Jumladan, Mashrab she’rlari tadqiqotchisi Jaloliddin Yusupov 2006 yil nashrga tayyorlagan Mashrab «Devoni»ga kirgan “Uni devonai Mashrab derlar” nomli maqolasida shunday fikr bildirdi: “Maleho Samarqandiy “Muzakkir ul-ashob” nomli tazkirasida Rahimbobo Mashrab bilan Samarqandda ikki daf’a uchrashganligini, birinchi marta shoirni o’spirinlik, ya’ni soqol mo’ylabi endi chiqa boshlaganida va ikkinchisi Samarqandga qalandar libosida, sochu soqoli barq urib o’sgan bir davrda kirib kelganini so’zlaydilar. Uning “maro” radifli forsiyda yozilgan she’ri namuna qilib keltiriladi. “Muzakkir ul-ashob”ning 1688 – 1692 yillar orasida yozilganligini nazarda tutsak, Malehoning Mashrab bilan ilk uchrashuvlari 1672 yilda, ikkinchi topqir uchrashuvlari esa 1690 yilda sodir bo’lgan. Yana bir dalil shuki, Ishoq Bog’istoniy o’zining “Tazkirai qalandaron” asarida: “Hazrati Shoh Mashrab mavtlari ayyominda umrlaridin 58 sana kechub erdi”, deydilar. Filologiya fanlari nomzodi Muhsin Zokirov dalil keltirgan ushbu tazkirani ko’rgan emasman. G’olibo bu fikr to’g’ri ko’rinadi…Bundan chiqadiki, shoh Mashrabning hayot yo’llari shunday: 1653 – 1711”
“Tazkirai qalandaron” asarining asl nusxasini aftidan, uni ilmiy muomalaga kiritgan Muhsin Zokirov ham ko’rmagan chiqar. Bu asar haqida M.Zokirov dastlab 1966 yili e’lon qilgan “Mashrab” nomli adabiy-tanqidiy ocherkida so’z yuritadi. Asar tazkira deb nomlansa ham, lekin tuzilishi jihatidan tazkirachilik andozalarga javob bermaydi. Asarning o’n bir bobi Mashrabning hayoti va ijodiga bag’ishlanganligi haqida ma’lumot beriladi-yu, lekin jamoatchilika faqat besh lavhasi havola qilinadi, qolgan qismlari haqida biror sabab bildirilmaydi. Shuningdek, noshir qo’lyozma egasi Odilxon Zobir o’g’li ushbu ko’lyozmani sotmagani, uni o’z huzurida ko’rib chiqishga ruxsat berganligini aytadi, lekin M.Zokirov asarni yo ko’chirib, yo fotonusxasini olgan-olmaganligi haqida ham aniq fikr bildirmaydi. Rahmatli ustozim professor Abdurashid Abdug’afurov bu masalaga uzil-kesil nuqta qo’yish va kitobning asl nusxasini ko’rish uchun Muhsin Zokirovning xonadoniga tashrif buyurganligi, biroq bu kitobning hech qanday nusxasini ko’ra olmaganligini aytgan edilar.
Mavjudligi noma’lum bo’lgan “Tazkirai qalandaron” asaridagi ma’lumotlar (xususan shoir tug’ilgan yili sanasida ham) to’g’ri bo’lsa, nima uchundir Muhsin Zokirov o’zining “kashfiyoti”ga o’zi ishonmay Mashrab tavalludi sanasini bir necha marta g’alat, bir-biriga zid tarzda keltiradi. Jumladan, u 1966 yil e’lon qilgan “Mashrab” adabiy-tanqidiy ocherkida “Shu tariqa shoirni 1657 – 58 yillarda tug’ilgan deb aniq aytish mumkin”,-deydi. Biroq, bu ma’lumot to’rt sahifa o’tgach, quyidagicha o’zgaradi: “U (Mashrab – E. M.) taxminan 24-25 yoshlarida, ya’ni 1670 – 1671 yillarda Qashqarga boradi”deb o’zining ma’lumotiga qarshi chiqadi. Chunki oddiy arifmetika bo’yicha (1670 – 24=1646) bu sana 1646 yilga to’g’ri keladi. M. Zokirovning 1990 yili e’lon qilingan “Men ham inson naslidan” maqolasida , bu sana yana bir karra o’zgaradi, unda “Mashrab shahid bo’lganda 70 yoshlardan oshgan edi. Xulosa, 1640 – 41 yillar uning tavallud yiliga to’g’ri keladi”, degan uchinchi xil, ammo haqqoniy sanani keltiradi. Muhsin Zokirovning o’zi ishonmagan “Tazkirai qalandaron” asariga va undagi ma’lumotlarga J. Yusupov ham asoslanishga botinolmay, o’rinli ravishda “ushbu tazkirani ko’rgan emasman” deb bu ma’lumotlarning haqqoniyligiga shubha qiladi. Darhaqiqat, shubhali, bor — yo’qligi noma’lum, “kashfiyot”chisi tongan asardagi sanalarga ishonish to’g’ri emas, albatta.
J.Yusupov asoslanayotgan Maleho Samarqandiy “Muzakkir ul-ashob” tazkirasida keltirilgandek, Rahimbobo Mashrab Samarqandga ikki marta kelgan, birinchi marta kelganida uning soqol-mo’ylabi sabza urayotgan bo’lgan. J. Yusupovning keltirishicha, Mashrab bilan Maleho shu vaqtda, ya’ni tadqiqotchi belgilagan 1672 yili uchrashgan ekan. Endi A. Fitratning mazkur ma’lumotiga ahamiyat bering: “ Maleho o’zining asl tazkirasini hijriy 1101 (mil. 1689) – nchi yilda bitirgan. Asl tazkirada Mashrab haqida hech narsa yozmaydilar. Ikki yil so’ngra, 1103/ 1691 da, tazkiraga bir ilova yozg’on, tazkira bitkandan keyin ko’rishkanlaridan shul ilovada ma’lumot beradir”. Anglashiladiki, Maleho 1689 yilgacha Mashrab haqida hech qanday xabar bermagan! Mashrab haqidagi ma’lumot keyinchalik paydo bo’lgandan so’ng u ilova tarzida 1691 yilda tazkiraga kiritilmoqda. Fitrat Mashrab¬ning navbatdagi marta Samarqandga kelish sanasini belgilashda ham ehtiyot bo’ladi: “Malehoning rivoyatiga ko’ra, Mashrab Namanganga 7 – 8 yil turg’ondan keyin (ba’d az sohibi mahosin shudan) Samarqandga kelg’on. Onda bir muddat qolg’on. So’ngra Namanganga qaytib, ondin Qashqar, Badaxshon Balx shaharlariga borg’on va shu safardan unga “pishiqliklar” hosil bo’lg’on, ya’ni she’r va tasavvuf kishisi bo’lib, qalandar qiyofasida yana Samarqandga qaytg’on. Maleho bu Samarqandga qaytishning qaysi yilda ekanini ochiq ko’rsatmaydir. Shunday bo’lsa ham, ba’zi 1689 – 91 yillar orasida bo’lg’onin gumon qilish mumkin”.
Endi tabiiy savol tug’iladi: Qaysi manbaga asoslanib domla J.Yusupov “Malehoning Mashrab bilan ilk uchrashuvlari 1672 yilda … sodir bo’lgan” degan ma’lumotni keltirmoqda? Asossiz keltirilayotgan ushbu birgina sanaga ishonib Mashrabning tug’ilgan yili sanasini 1640 yildan 1653 yilga o’zgartirishga hech hojat yo’q.
Akademik V.Abdullayev , N.Likoshin , A.Abdug’afurov , Sh. Zunnunlar Mashrab 1640 yilda tug’ilgan, degan fikrni ilgari surishadi. Zaynal Rizayev ham Muhsin Zokiriy kabi bu yillarni aniqlashda bir necha sanani ko’rsatadi. Z. Rizayev 1962 yilda yozgan “Qo’lyozmalarni varaqlaganda” nomli maqolasida shoir tug’ilgan yilni aniqlamay, vafotini 1700 yilgacha bo’lgan davrda deb belgilaydi. 1963 yil e’lon qilgan “Mashrab haqida yangi ma’lumotlar” maqolasida esa shoir yashagan davr 1670 – 1711 yillar deb, 1966 yil nashr etgan “Mashrab va uning izdoshlari” maqolasida bu sana 1636 – 1664 yillar deb o’zgartiriladi. Tadqiqotchining so’nggi ma’lumoti buyicha Mashrab 28 yil umr ko’rgan bo’lib chiqadi. Xo’sh, bu ma’lumotlarning qaysi biriga ishonish mumkin? Bizningcha, shoir tavalludining 1640 yil belgilangani har jihatdan to’g’ri va asosli. Fikrimizni quyidagicha izohlaymiz:
1. Ta’kidlaganimizdek, o’tmishda yaratilgan tazkira¬larda Mashrab tug’ilgan yili haqida aniq ma’lumot yo’q. Lekin “Tazkirai Fahmiy” kitobida uning qatl etilgan yili hijriy 1123 (1711) deb ko’rsatilgan.
Zaynal Rizayevning so’nggi ma’lumoticha Mashrab 1664 yili vafot etgan. Mashrab Bozor Oxun vafotiga bag’ishlab “Bulbul biraft az bog’i ilm” misrasi bilan ta’rix yozgan. Bu ta’rix abjad hisobida quyidagicha bo’ladi:
be alif g’ayn ayn lom mim = bog’i ilm
2 + 1 + 1000 + 70 + 30 + 40 1143
“Bulbul” (64) ning ilm bog’ini tark etganligi sababli 1143 dan 64 ni ayiramiz va Bozor Oxun vafot etgan sanaga ega bo’lamiz: 1079 hijriy = 1668 milodiy. Demak, Z. Rizayevning ko’rsatgan sanasi ilmiy asosga ega emas. Chunki Mashrab 1664 yil vafot etgan bo’lsa, u 1668 yil ustozi vafotiga bag’ishlab ta’rix she’r yozolmagan bo’lardi.
Ta’kidlaganimizdek, Jaloliddin Yusupov Rahimbobo Mashrabning tug’ilgan yilini 1653 deb belgilayapti. Mashrab yuqoridagi ta’rix she’rni yozganligida J. Yusupovning hisobi bo’yicha u 15 yosharli o’spirin bo’lib chiqayotir. Mashrabni 1657 yilda tug’ilgan deb o’ylovchi tadqiqotchilar hisobiga ko’ra Rahimbobo 11 yoshga kirgan bola bo’ladi. Bu yoshda Rahimboboning fors tilida, yana abjad hisob – kitoblari asosida ta’rix she’r yozishiga ishonish qiyin. Yana bir qiziq hol. Tadqiqotchi “Shariat ahkomlarini mukammal egallagan Rahimbobo endi pirlari mullo Bozor Oxundan tariqat yo’llarini o’rganishga kirishadilar. O’zlarida zohir bo’la boshlagan kashf-karomat hollarini she’rga solib bayon eta boshlaydilar. 1668 yil ilm istab Samarqandga keladilar. Zamonasining yetuk olimlari dargohida xizmatda bo’ladilar. O’sha yil oxirlarida pirlari Bozor Oxun vafot etadilar» degan ma’lumotni keltiradi. Bu ma’lumot tadqiqotchi Mashrab tug’ilgan sanasini 1653 yil deb belgilagach, 1668 yilda Bozor Oxun vafoti yiliga qadar yosh Rahimboboni yetuk shoir darajasiga yetkazishga urinish qilayotgandek tasavvur uyg’otadi. Agar Fitratning “Manqabaga ko’ra Mashrab Namanganda tug’ilg’on. Oilasi juda qashshoq bo’lg’on, onasi ip yigirib sotib oila ovqatini topar ekan, ota-onasi uni 15 yasharligida Oxun mulla Bozor ismli bir shayxning tarbiyasiga beradirlar» yoki “ Malehoning ko’rsatishiga ko’ra, Mashrabning yoshliqta Andijondan Namanganga o’qish uchun kelgani, afsonadagi «15 yasharlig’ida mulla Bozor Oxun tarbiyasiga kirgani» bilan ta’kid etiladir» , degan jumlalari asosida mulohaza yuritsak, yanada g’alati manzaraga guvoh bo’lamiz. Chunki Mashrab 1653 yili tug’ilgan bo’lsa, u 15 yoshida Bozor Oxun vafot etgan yili (1668 y.) uning dargohiga ilm olgani borgan bo’ladi. Bu esa Mashrabning Bozor Oxun dargohida Abdurauf Fitrat keltirgan 7 – 8 yillik ta’lim olgan davrini amalda yo’qqa chiqaradi.
2. Rahimbobo Mashrabning So’fi Olloyor bilan uchrashganligiga shubha qilmasa ham bo’ladi. So’fi Olloyor taxminan 1620 (1616, 1622 yillarda tug’ilgan degan taxmin ham bor) yilda tug’ilgan. Ikki shoir o’rtasida 34 yosh farq bo’lishi ularning qadrdon suhbatdosh bo’lganligini amalda inkor etadi.
3. “Devonai Mashrab” qissasida Mashrabning Abulg’oziy Bahodirxon bilan uchrashuvi haqida rivoyat keltirilgan. Abulg’oziy 1664 yilda 61 yoshda vafot etgan. Agar haqiqatan ham Mashrab Abulg’ozi bilan hattoki uning vafot yili uchrashgan bo’lsa, 1653 yil sanasi bo’yicha Rahimbobo endigina o’n yoshdan o’tgan bo’lib chiqadi.
4. Mashrab Buxoroga borganda mullolarning ulug’i Mavlono Sharif bilan bahsga kirishadi va u yerdagi zohidlarni ayovsiz tanqid qiladi. Nosiriddin to’ra (Ibn Amir Muzaffar)ning «Tuhfat uz-zoirin» (XIX asr) asarida ketirilishicha, Mavlono Sharif tarixiy shaxs bo’lgan. U 1617 (1026 hijr.) – yilda tug’ilib, taxminan 1688 (1100 hijr.) – yili vafot etgan. Ko’kaldosh madrasasi mudarrisi va hokim guruh vakillarining murshidi sifatida tanilgan. U bilan uchrashgan Mashrab 1653 yil tavallud topgan bo’lsa, unda Mashrab va Mavlono Sharif o’rtasidagi yosh farqi 36 yilni tashkil qiladi. Bunday yoshlar tafovuti qissa mantiqiga va bayon xronologiyasiga zid.
5. Mashrabning
Adashgan qari qulman, navha bo’ldi korimu borim.
Soqol oqardi, tish tushdi, sovuq bo’lganda bozorim.
misralaridagi shoir qiyofasi tasviri nisbatan ancha keksa yoshga ishora qilmoqda. Va yana dalil sifatida shoirning mashhur baytlarini keltirib o’tamiz:
Yoshi yetmish birga yetgan bandai raddi falak,
Moru kajdumlar bilan to’lgan diliga raybu shak.
Yoki:
Yetmish yillik toatu xayru saxovatlar bilan,
Ketsa mundin ro’siyo, man yig’lamay kim yig’lasun?
Nima sababdan Mashrabning bu misralariga “taxmin” deb, qarashimiz kerak? Allomalar akademik Vohid Abdullayev, davrimizning ulug’ mashrabshunosi Abdurashid Abdug’afurov-lar bu baytlarga “yopishib olib” taxmin qilishmagandir. Nima bo’lganda ham Mashrabning shunday she’rlari mavjud-ku! Agar buni inkor qiladigan biror asosli dalil bo’lsa, uni-da keltirish kerak edi.
6. Domla J.Yusupovning keltirishicha, “1672 yili (Mashrabning – E. M.) Qashqar safari boshlanadi. Zamonasining eng yirik avliyolaridan biri, Ofoq (dinning ufqi, osmoni) deb dong taratgan yirik tariqat olimi Hidoyatulloh Ofoq xojaga murid tushadilar”. 19 yashar Rahimboboning shunchalik qisqa vaqt ichida «avliyoi zamon» Ofoq xo’jaga murid bo’larlik darajaga erishishi o’z davri uchun martabali bir holat. Biroq biz qanchalik xohlamaylik Mashrabning 1672 yili yana 19 yoshida eshonga shogird tushishining aslo iloji yo’q edi! Ofoq xo’jani Qashqarga istab borgan kishi birinchidan, uni u yerdan topolmas edi, ikkinchidan pirni istagani uchun o’z hayotini xavf ostiga qo’yishi mumkin edi. Chunki Yorkent xoni Ismoilxon 1671 yil Hidoyatulloh xo’ja ibn Muhammad (Ofoq xo’ja)ni hokimiyat uchun kurash boshlagandan so’ng mamlakat hududidan chiqarib yuborgan edi. Hidoyatulloh xo’ja Tibetga – Dalay Lama V ning huzuriga borib bo’lib o’tgan voqealardan noligan bo’ladi. Dalay Lamaning topshirig’iga ko’ra Jung’oriya xuntayjisi (xitoycha: 皇太子, «Xan tay ji», boshqa nomi xuntayji – XIV asrdan boshlab qalmoq hukmdorlariga berilgan unvon – E. M.) buddaviy G’aldon Hidoyatulloh xo’ja bilan birgalikda Yorkent taxtini egallash uchun kurashga kirishib ketadi.
Dastlab 1679 yili , ikkinchi safar 1681 yilda Ofoq xo’ja G’aldon Boshoqtu qo’shini bilan Yorkent xonligi ustiga yurish qilishadi. Oxir-oqibat ma’naviy ko’makdan uzilib qolgan Yorkent 1681 yili G’aldon tomonidan bosib olinadi. Jung’oriya tasarrufidagi qo’g’irchoq hukumat tepasiga Ofoq xo’ja o’tiradi (Bu haqda keyingi “Mashrab haqidagi yangi ma’lumotlar” nomli monografiyamizda alohida to’xtalib o’tamiz). Aslida Mashrabning Qashqar safari quyidagicha bosqichlardan boshlansa durust bo’ladi:
1640 yil – Namangan shahridagi tavalludi;
1647 yil – Boshlang’ich ta’lim;
1655 yil – 15 yoshida Bozor Oxundan saboq olishning boshlanishi;
1662 yil – 22 yoshida Namangandagi tahsilning yakunlashi ;
1662 yil –22 yoshida Samarqandga birinchi marta kelishi;
1663 yil – 23 yoshida Qashqar safariga otlanishi;
1668 yil – Bozor Oxunning vafot etishi.
Agar Mashrab 1663 – 1670 yillar davomida Ofoq xo’ja dargohida bo’lganligini va u yerni tark qilgach, 1671 yilda Jung’oriya xonligiga qaragan Iliga borib, Xuntayjining qizi Aboq bilan munosabatga kirishish davrini e’tiborga olsak, aynan shu vaqtlarda Ofoq xo’ja ham Qashqardan chiqib ajab emaski, Tibetdan Iliga kelgan bo’lgan.
Hurmatli Jaloliddin Yusupov domlaning Mashrab she’rlarining nashri uchun qilgan mehnatlari, chekkan zahmatlari mislsiz ish bo’ldiki, u kishining bu sohadagi maqomi bilan ayni vaqtda hech kim tenglasholmasa kerak. Biroq ilmiy yangilikni keltirish asosli dalil-isbotni talab etadiki, ular nihoyatda o’jar bo’lib, bizning istak va xohishimizga bo’y egmaydilar. Turli farazlardan ko’ra, shoirning o’zi keltirgan ma’lumotlariga va tarixiy faktlarga asoslanib fikr yuritsak, maqsadga muvofiq bo’ladi. Biroq asosli bir ma’lumot bo’lmay, taxminlarga o’ralashib qolaversak, bu xil munozaraning yakunlanishi amri mahol. Rahimbobo Mashrab tug’ilgan sanasiga (1640 y.) oid boshqacha fikrda bo’lgan tadqiqotchilar bundan-da aniqroq va asosliroq bir dalilni keltirsalar va bu masalaga qaytmas darajada uzil-kesil hal qilolsalar edi, biz faqatgina xushnud bo’lar edik. Agar dalillar bo’lmasa, yaxshisi bu masala xususidagi bahsga yakun yasash va shoirning tug’ilgan yilini asosli tarzda 1640 yil, deb belgilash ilmiy nuqtai nazardan to’g’ri bo’ladi. Ayni paytda uni o’zgartirishga hech qanday bir asos yo’q.
Mashrabning tug’ilgan joyi
masalasiga doir
Adabiyotshunoslikda Mashrabning tug’ilgan joyi xususida munozalar mavjud. Shoir vatani deb uch joy: Namangan, Namangandagi Andugon qishlog’i va Andijon shahri ko’rsatildi. Bu munozaralarning paydo bo’lishiga albatta sabab bor. Chunki XVII – XIX asrlarda yaratilgan tazkiralar-da, qissalarda ham bu masalada chalkashliklar mavjud. Jumladan, Mashrab zamondoshi Maleho Samarqandiyning “Muzakkir ul-ashob” tazkirasida Mashrabning vatani Andijon ekanligi ko’rsatiladi: “Mashrab–taxallusi Rahimbobo qalandar ast. Asl az viloyati Andijon buda, dar ayyomi barahnaro’yi bakasbi fazilat va fazoyil baviloyati Namangon omada..”. (“Mashrab – qalandar Rahimboboning taxallusi. Asli Andijon viloyatidan bo’lib, yoshlik chog’larida ilm va fazilatlar kasb etish uchun Namangan viloyatiga borgan.”).
Ushbu ma’lumotning aksi o’laroq “Tazkirai Fahmiy” kitobida Mashrabning vatani Namangan ekanligi aytiladi: “Mavlono Mashrab Namangoniy az muridoni hazrati Xo’ja Hidoyatullo Ofoq xo’ja Qashqarist”. (Mavlono Mashrab Namangoniy hazrat Xo’ja Hidoyatullo Ofoq xo’ja Qashqa-riyning muridlaridandir)”. Mashrabning namanganlik ekanligi “Musavvadai Abdushukur Ziyo” , “Ansob us-Salotin” , “Muntaxab ut-tavorix” kabi kitoblarda ham keltiriladi.
Ushbu manbalardagi turli fikrlilik tufayli adabiyotshunoslar orasida Mashrabning asl vatani haqida bahs yuritildi. Fikrimizcha, bu behuda tortishuvlarga nuqta qo’yish vaqti keldi. Mashrabni Andijonda tug’ilgan, deb hisoblovchi A. Fitrat , A. Hayitmetov , G’. G’ulom , M. Zokiriylarga e’tirozlar yo’q emas. M. Zokirov “Men ham inson naslidan” deb nomlanuvchi maqolasida “Devonai Mashrab”ning barcha qadimiy va toshbosma nusxalarida, xalq og’zida yurgan rivoyatlarda Mashrab Andijonda tug’ilgan, deb tasdiq etiladi. Bu gaplar bejiz emasdir, axir!” deydi. M. Zokiriyning “Devonai Mashrab” qissasining qaysi nusxasiga asoslanib bunday xulosaga kelganligi bizga qorong’u. Ayrimlar esa Namangandagi Andugon qishlog’ini Rahimbobo Mashrabning vatani, deb bilishmoqda. Biroq ilmiy jamoat-chilikka ma’lum bo’lgan “Devonai Mashrab” qissalarining birontasida Mashrabning Andijonda yoki Andugon qishlog’ida tug’ilganligi haqida hech qanday ma’lumot yo’q!
Shu yerda adabiyotshunos olim Abdulla Jabborning quyidagi fikrlarini keltirib o’tish o’rinlidir: “Fitrat domlaning yozishicha, Maleho Samarqandiy asarini Mashrabni tanimasdan avval – 1689 yilda yozib bitirgan. “Mashrab qalandar Rahimboboning taxallusidir”, deb boshlanadigan matnni esa Maleho shoir bilan uchrashgach – 1691 yilda o’z asariga ilova tarzida yozib kiritgani ma’lum bo’ladi. Mashrabni “andugondan edi”, deb ma’lumot bergan ilk manba ham adashmasam, shu tazkira edi. Endi tasavvur qilaylik, o’zining ko’pgina she’rlarida “Namangon farzandiman” deb yozgan Mashrab yoshi ellikdan oshganda Malehoga andigonlik (andijonlik)man, deyishi mantiqqa ziddir” .
Darhaqiqat, «Devonai Mashrab» kitobining biz bilgan barcha nusxalarida “Shoh Mashrab vaqteki, onadin tavallud topib, vujudga keldilar, valiyi modarzod erdilar. Ammo Namangan shahridandurlar” qabilidagi ma’lumot keltirilib, Mashrabning namanganlik ekanligi aniq ko’rsatiladi. Rus sharqshunosi Nil Likoshin ham “Devonai Mashrab” kitobi tarjimasining kirish so’zida Namangan shahrida katta bozor yonidagi Maddohxon mahallasida joylashgan Bozor Oxun maqbarasidan 550 qadam narida Mashrab tug’ilgan uyining qoldiqlari mavjudligini aytib o’tgan. Qolaversa, o’tgan asrning boshlarida rus tadqiqot ishlarida ham Mashrabning Namanganda tug’ilganligi keltiriladi: “1640 yilda Namanganda tavallud topgan Devonai Mashrab Turkistonning eng mashhur mutasavvuf mualliflaridan biri sanaladi.” Bulardan tashqari, Mashrab “Namangandin ketar bo’lsam”, “Men tavalludi o’shal farzandi Namangoniman” kabi misralarida vatani qayer ekanligiga o’zi ishora etmoqda. Agar bu yerda xalq Mashrabga qo’ygan “Namangoniy” nisbasiga ham e’tibor bersak, hamda shaxsiy kutubxonamizda saqlanayotgan «Devonai Mashrab» qo’lyozmasidagi quyidagi ma’lumotlarga ishonadigan bo’lsak, unda Mashrabning vatani – Namangan ekanligiga hech qanday shubha qolmaydi: Alqissa hazrat eshon shoh Mashrab bul g’azalni tamom qilg’ondin keyin savdogarlar aydilarki: “Taqsiri shohim, qaydin kelursiz, va qayda borursiz”. Anda hazrat eshon shoh Mashrab aydilarki: “Man Namangondin kelurman, ziyorati xonai Ka’baga borurman dedilar. Anda savdogarlar: “Taqsir shohim, sizdin bizlarga ta’birga bir sura eshitsak” dedilar, hamalari iltijo qildilar…
Bir necha yo’l borguchilar hazrat eshon shoh Mashrabni ko’rub so’rdilarki: “Ey devona, qayda borursan”. Hazrat eshon shoh Mashrab aydilarki: “Man ham azbaroi ziyorati haj borurman”. Alar aydilarki: “Qaydin chiqding?”. Eshon shoh Mashrab aydilarki: “Namangondin kelurman..”.
Deb hazrat eshon shoh Mashrab bul g’azalni o’kug’ondin keyin Rum shahriga yettilar, ko’rdilarki ko’p xojalar ketib borurlar, ul yer ham Arabiston erdi… Alqissa, bir necha muddatdin keyin xabar keldiki, Namangon viloyatidin haj qilg’oni ko’p kishi kelibdurlar. Hama xaloyiq istiqbollariga chiqdilar. Eshon shoh Mashrab ham xojilar birla peshvoz chiqdilar. Eshon shoh Mashrab birla bir-bir ko’rushib so’rashdilar, go’yoki Mashrab o’lik erdilar, bularni ko’rib tirildilar. Xushvaqt bo’lub hazrat eshon shoh Mashrab anda xojalarga qarab ul g’azalni o’qudilar:
Namangan shahridin do’stlar meni yoronlarim keldi,
Ota birla onamni bilguvchi mehmonlarim keldi…
Deb eshon shoh Mashrab bul g’azalni o’qug’ondin so’ng, hama xaloyiq bildilarki devona shoh Mashrabni ham xeshu aqrabosi bor erkon .
“ Devonai Mashrab” asari haqida
Rahimbobo Mashrab hayoti va ijodiga oid asosiy asar “Devonai Mashrab” qissasi ekanligini yuqorida qayd qilib o’tdik. Asar xalq kitoblari shaklida tuzilgan bo’lib, unda Mashrab haqidagi hikoyalar va rivoyatlar nasriy yo’lda bir syujet chizig’ini hosil qilgan holda keltiriladi. Mashrabga nisbat beriluvchi she’rlar esa bu hikoyalar bilan qorishiq gohida voqea–hodisalarga qovushmagan holda uchraydi.
“Devonai Mashrab” asarining har-xil nusxalari mavjud bo’lib, ular xalq orasida saqlab kelingan. Ushbu nusxalar kotiblar, noshirlar va oddiy kitobxonlar tomonidan “Devonai Mashrab”, “Devoni Mashrab”, “Eshon Shoh Mashrabi devonai Namangoniy” , keyingi nashrlarda “Qissai Mashrab” kabi nomlar bilan atalib kelingan. Qissaning nusxalari garchi turli hajmda, voqealar tartibi o’zgargan, ba’zi syujetlar tushib qolgan va ko’chirgan hattot shevasining ta’siri natijasida hosil bo’lgan o’zgarishlarga qaramay, ular bir mantiqiy yaxlitlikni tashkil etadi. Kitoblarning deyarli barchasi “Ammo roviylar andog’ rivoyat qilibdurlarkim..”. deb boshlanib va “Holo hazrati Eshoni Shoh Mashrabning qabrlari Ishkonmishdadur, vollohi a’lam bissavob” misralari bilan tugaydi.
Kuzatishlar shuni ko’rsatadiki, “Devonai Mashrab” singari xalq kitoblari asosan, O’rta Osiyoning janubiy viloyatlarida paydo bo’lgan va tarqalgan. Adabiyotshunos olim Qobiljon Tohirovning xulosalariga qaraganda, bu xil kitoblarni yozish (yoki qissachilik) O’zbekistonning Surxondaryo, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlarida hamda Turkmanistonda dunyoga keldi va tarqaldi. Shu muzofotda XVII – XIX asrlarda yuzdan ortiq asarlar yozildi. Xalq kitoblari yozma adabiyot va xalq og’zaki ijodi o’rtasidagi oraliq janrdir. Uning o’ziga xos xususiyatlari mavjud. Xalq kitoblarining kompozitsion tuzilishi deyarli bir xil, hikoya-g’azal, hikoya-bayt, hikoya-to’rtlik, hikoya-mustazod… Ularning barchasi roviylarga murojaat qilish bilan boshlanadi. Badiiy adabiyot asarlari bilan xalq kitoblari qiyoslanganda, xalq kitoblarida xalkning jonli tiliga xos bo’lgan qisqalik va ixchamlik, kesatiq va qochiriqlardan ustalik bilan foydalanish bo’rtib ko’rinadi. Shuningdek, bu kitoblarda saviyasi past kotibning asarga erkin yondashishlari tufayli kirib qolgan g’aliz jumlalari, badiiy tasvirni ifodalashdagi no’noqlik va xiraliklar ham ko’zga tashlanib turadi.
Xalq kitoblarini paydo bo’lish sharoitiga qarab ikki katta guruhga ajratish mumkin:
1) mumtoz adabiyot ta’sirida paydo bo’lgan;
2) xalq og’zaki ijodi namunalari asos bo’lgan xalq kitoblari.
Tarixiy (“Shayboniyxon”, “To’lg’onoy”) yoki diniy (payg’ambar,chahoryor kabilarga bag’ishlangan) mavzuda yozilgan yoki ham tarixiy, ham diniy mavzuga bag’ishlangan (“Abu Muslim jangnomasi”, “Qissai Ibrohim Adham”, “Qissai Sayid Nasimiy”) kitoblarni birinchi guruhga mansub deb bilamiz, chunki asar syujeti xalq kitobi bo’lgunga qadar badiiy adabiyotda o’z ifodasini topgan.
Ikkinchi guruhga mansub xalq kitoblari dostonlar, deb ham atalib kelinmokda. Bunday bitiklarni odatda ma’lum mualliflar yaratadilar. Birok, asrlar davomida og’izdan-og’izga o’tish natijasida ularning birinchi ijrochisi unutilib, umumxalq ijodiga aylanib qoladi. “Alpomish”, “Ravshan”, “Oshiq G’arib va Shohsanam”, “Yusufbek bilan Ahmadbek” kabi dostonlarni shunday kitoblar turkumiga kiritish mumkin.
“Devonai Mashrab” qissasi xalq kitoblarining birinchi turkumiga mansubdir. Uning ilk nusxasi ma’lum bir kishi tomonidan yozilgan. El orasida Mashrab ijodiyotiga bo’lgan qiziqish sababli asar turli kotiblar tomonidan ko’chirila boshlandi. Kitob nusxalarini bu xil ko’paytirish XX asrning boshlarigacha davom etdi. Keyingi ko’chirilgan har nusxa ma’lum ma’noda tarixiylik mezonlaridan uzoqlashdi va badiiylashtirildi. Har bir kotib asarga o’zicha yondashib, unga uncha katta bo’lmagan syujet yoki rivoyatni kiritishi, ayni vaqtda olib tashlashi ham mumkin edi. Shunga qaramay, “Devonai Mashrab” kitobi mazmunan yaqin bo’lgan “Qissai Sayid Nasimiy” yoki “Qissai Ibrohim Adham” kabi kitoblardan jiddiy farqlanadi. Asar aniq tarixiy shaxs -XVII asrda yashab, ijod qilgan Rahimbobo Mashrabga bag’ishlangan. Ibrohim Adham va Imodiddin Nasimiy haqidagi qissalar ham tarixiy shaxslarga bag’ishlangan, lekin ulardagi voqealarning, syujet va obrazlarning juda ko’pchiligi rivoyat va afsonalarga asoslangan. “Devonai Mashrab” qissasining boshqa xalq kitoblariga nisbatan ikkita katta tarixiylik jihati bor:
1. Mashrabning tug’ilishidan to qatligacha bo’lgan hayot yo’li;
2. Asardagi asosiy qahramonlar.
Demak, “Devonai Mashrab” kitobi tuzilishi jihatidan xalq kitoblariga o’xshasa ham, lekin mazmuni jihatidan tarixiy manbalar asosida yaratilgan badiiy asardir. Ilmiy manbalarda kitob “Devonai Mashrab”dan tashqari “Devoni Mashrab” deb ham atalib kelinmoqda. Bilmadim, ne sababdan Jaloliddin Yusupov ham o’zining Mashrab she’rlar to’plamini “Devon” deb atabdi. Vaholanki, Mashrabning devoni yo’q. Devonlarda lirik she’rlar janr talablaridan kelib chiqib qat’iy tartibda (g’azal, mustazod, muxammas, musaddas, musammas va boshqalar.) joylashtiriladi. Radifdagi so’nggi harf arab alifbosidagi harflar tartibiga qarab, she’r o’rnini belgilaydi. Shuningdek, devonlarga qissadagi kabi nasriy hikoyalar kiritilmaydi.
Hozirgi tushunchalarga ko’ra, devona so’zi asosan hushdan ajralgan, aqldan ozgan savdoyilarga nisbatan ishlatiladi. Bunda kishi asab kasalligiga chalingan bo’ladi. Bu xil talqinni “devona” laqabi bilan ijod qilgan shoirlarga nisbatan qo’llash to’g’ri emas.
Mumtoz adabiyotda “devona” laqabi butun fikru xayoli ma’lum maqsadga, xususan yorga yetishish bilan band bo’lib, ko’rinishi g’arib, ammo ko’ngli pok, moddiy talab va istaklardan voz kechgan “zohiran-malomatangez, botinan — sog’u salomat” bo’lgan haqiqiy oshiqlarga nisbatan qo’llangan. Ushbu sifat “devona” laqabini olgan shoirlarga nisbatan ham ma’lum ma’noda to’g’ri keladi. Ular ijtimoiy muhitdan chetda bo’lmay, balki bid’at va zulmat, g’aflat va jaholatga qarshi murosasiz kurash olib borganlar. Mashrabga ham qissa, tazkiralar va xalq og’zaki ijodida “devona” laqabini shu nuqtai nazardan nisbat berib qo’llashgan. Mashrabning o’zi ham ko’pgina she’rlarida taxallusi bilan laqabini birga yoki alohida ishlatgan, gohida esa nafaqat o’zini, balki ustozi Bozor Oxunni ham “g’urur” bilan “devona” deb ataydi:
Ma’rifatning gulzori mullo Bozor devona,
Oshiqlarning sardori mullo Bozor devona…
Mashrab o’zi devona, ishq o’tig’a parvona,
Yo’l yurodur sarsona, mullo Bozor devona.
XV asrda yashab ijod etgan Mir Muflisiy, mavlono Muhammad Arab, Mir Haydar Majzub, XIX asr qalamkashlaridan Mutrib, Andalib, Rahimiy, Abdulmajid, Zufunun, Yahyo xo’ja kabilarning ismlariga ham “devona” laqabi qo’shib ishlatilganki, bunda ham ularning «chin oshiq», bo’lganliklariga urg’u berilmoqda.
Kitob devon bo’lmaganligi uchun “Devoni Mashrab” emas, balki shoirga nisbatan “devona” laqabi qo’llanilib, uni Mashrabi devona yoki devonai Mashrab nomi bilan atashgani sababli asarni “Devonai Mashrab”(ya’ni, “Haqiqiy oshiq Mashrab” ma’nosida) deb nomlash to’g’ri bo’lar edi. Zero, Mashrabning o’zi o’zini bir nechta she’rlarida “devona” deb atagan. Jumladan: “…Mane devona Mashrabg’a muhabbatdin bayon aylang”, “… Mani barcha xaloyiq deydilar: “Devona-devona..”
Ulug’ mutafakkir Alisher Navoiy bu masalada munozara bo’lishi oldindan karomat qilganlaridek, ushbu misralarni ijod qilganlar:
Ish anga junun, manzil anga mayxona,
Devon yasamoqni ne bilur devona.
G’afur G’ulom “Adabiy tanqidiy maqolalari”da “Devo-nai Mashrab” qissasining tuzuvchisi haqida quyidagi ma’lumotni keltiradi: “Bugun bizning qo’limizda mavjud mashhur “Mashrab devoni”, shoirning sevgilisi Mahvashxonim tomonidan to’plangan va tartibga solingandir. Shoiramiz Mahvashxonim o’zbek adabiyoti tarixi uchun qilgan bu azamat xizmati evaziga yana o’sha Namangan dindorlari tomonidan sochi qirqildi-gisuburida qilindi”. Jaloliddin Yusupov “Afsuski, bu ma’lumotlarni G’afur G’ulom qayerdan va qaysi manbalardan olganligi biz uchun ravshan emas” deb e’tiroz bildiradi. Darhaqiqat, bu xil jiddiy ma’lumotlarning asl manba¬lari keltirilishi maqsadga muvofiq. Agarda bordi-yu, G’afur G’ulom faqatgina mana shu keltirilgan ma’lumotlar asosida kitob muallifini aniqlamoqchi bo’lsa, unda bu ma’lumotlar yetarli emas. Mahvashbibi “Devonai Mashrab” qissasining muallifi bo’lolmaydi, chunki bu asarda Mashrabning chet eldagi, jumladan, Qashqardagi hayoti aniq tafsilotlarga boy tasvirlanadi. Mashrab bosib o’tgan yo’l hududiy izchillikka ega, bu yo’l asosida Mashrab qadami yetgan joylar xaritasini chizish mumkin. Bu qadar aniqlik esa bitik muallifidan Mashrab bilan kamida 10 – 15 yil birga shahar va qishloqlarni kezishni talab qiladi. Lekin bizga ma’lum bo’lgan manbalarning birontasida Mahvash¬bibi yoki boshqa bir ayol kishining Mashrab bilan birga dunyo kezganligi haqida ma’lumot berilmaydi.
Abdurauf Fitrat Majzubning “Tazkirai avliyo” asariga tayanib, Mahvash haqida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Mahvash” namanganlik bir xotun bo’lib, mullo Bozorning muxlislaridan ekani, mullo Bozorning Namangandagi go’rxonasi shul Mahvashbibining bog’i bo’lg’oni, Mazjubning “Tazkirat ul-avliyo”sida bor. Mazjubning so’ziga ko’ra, bu xotun Namanganning og’aliqlaridan bo’lgan. “Devoni Mashrab” kitobida Mashrabning onasi haqidagi marsiyalardan:
Nechun aylay oyo do’stlarki, jononimdan ayrildim,
Tiriklik boisi ul munisi-jonimdan ayrildim… bandi bilan boshlangan muxammas shul Mahvashbibining eri uchun aytg’oni marsiyadir. Bu dardli marsiya Mahvash bibini u zamondagi yaxshi shoirlar qatorida sanashga bizni majbur qiladir. Esizki, buning boshqa she’rlarini haligacha uchrata olmadik” .
Mahvashbibi aslida Mashrabning yori emas, balki uning Mahvash taxallusi bilan she’rlar yozgan Mohibadr ismli singlisi ekanligini Jaloliddin Yusupov qayd qiladi. Agar domla J. Yusupov shu fikrlarini ham manba orqali asoslaganda ma’qul bo’lar edi. Mahvashning “sevgi”lidan “singil”ga aylanib qolishi jiddiy da’vo. Balki domlaning keyingi ishlarida bu fikrning asosiga ham ega bo’larmiz.
Fikrimizcha, G’afur G’ulomning yuqoridagi mulohazasida keltirilgan asar muallifiga qo’shib “shoirning sevgilisi Mahvashxonim” degan ta’rifini inkor qilishdan oldin yana bir tekshirib ko’rish kerakka o’xshaydi. Chunki, Mashrab she’rlarida ayol kishining ismiga nisbat berish mumkin bo’lgan “moh”, “mahvash” so’zlarini singildan ko’ra sevgiliga mos keladigan tarzda ko’p keltiradi: “Qachon bo’lg’ayki ko’rgayman o’shandog’ mohi anqoni?”, “Ul moh chiqibon parda ko’tardi, boqa qoldim”. “Ey mohi tabon, zulfi parishon”, “O’rtada bir mahvashi siymin uzor istar ko’ngul…Jilva qilsa diydalarga ravzai mohi tobon”, “Zulayho dardini ul Mohi Kan’onimga yetkurgay”, “Ey mohi nozanin, Sani gul birlan yod etay”, “Ko’rmakka sani tun-kechalar uyg’onadurman, — Ey mohi jahonim” , “Ey moh, netay, ishqing o’ti ayladi rasvo – devona bo’lubman» , Jahonni mohi bo’lsa, norasog’a asli dil berma…
Hajringdadur qarong’u, ey moh, ro’zg’orim,
Rahm ayla siynam uzra dog’ uzra dog’ dilbar…
Holimni so’rmading hech, ey mahvashi shakarlar,
Ey mahvashi shakarlab, ey sho’xi, siym g’abg’ab.
Sansiz na qilay ushbu qarong’u jahon ichra, —
San-san manga mahvash,
Jonimni beray ayla qabul, ey mahi tobon, —
Jonim sanga qurbon…
Alvido, ey mohi rahmat, shahri g’ufron alvido!
Alvido, ey rahmati Haq, mohitobon, alvido!..
Bir ajab mahsan hama mahlar aro qurbing azim,
Qaysi moh san kabi sohib, xayri ehson alvido!
Biroq, nima uchun bu muallif asarni esdalik yoki holot tarzida emas, balki qissa shaklida yozganligi biroz taajjubli. Balki u shu janr imkoniyatlari orqali kitobxonlarni Mashrab she’rlaridan ham boxabar qilmoqni nazarda tutgandir.
“Devonai Mashrab” asarida Mashrabning yonida yurgan Pirmast Setoriy degan shogird maqomidagi yigit xususida ham so’z boradi, biroq uning bevosita biron asar yozganligini, jumladan, “Devonai Mashrab” asarining muallifi ekanligini tasdiqlovchi biron bir hujjatga ega emasmiz.
Ibrohim Haqqulning: “Sharqdagi ayrim so’fiylar va mutasavvuflar shon-shuhratdan qochib, yozgan asarlariga ismi shariflarini yozishmagan” degan fikri mazkur masalaga ham daxldor shekilli.
Rahimbobo Mashrab hayoti va ijodini o’rganish XIX asr boshlarida rus sharqshunos olimlari tomonidan amalga oshirildi. Sho’rolar davriga kelib shoir faoliyati va adabiy merosi ma’lum qolip asosida o’rganilib, asosiy e’tibor shoir she’rlarining nashriga qaratildi. “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlari zararli, deb topilib, muallifi Hofiz Ro’ziboy Mashrabi Soniy ekanligi “aniqlandi”! 90 yillarning boshlariga kelib Jaloliddin Yusupov, Ismatilla Abdullayev kabi tadqiqotchilar keltirilgan asarlarning muallifi Rahimbobo Mashrab ekanligini isbotlamoqchi bo’lishdi, biroq ular tomonidan bildirilgan mulohazalar asosli dalillarga muhtoj ekanligi Abdusattor Jumanazar kabi tadqiqotchilar maqolalarida qayd etildi. Demak, hozircha mazkur asarlar muallifi haqidagi masala ochiq qoladi. “Mabdai nur” haqidagi mulohazalarimiz keyingi “Rahimbobo Mashrab haqidagi yangi ma’lumotlar” nomli monografiyada keltiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |