Ustozim akademik Botirxon VALIXO’JAEVning porloq xotirasiga bag’ishlayma
Jamiyatimizda sodir bo’layotgan ijobiy o’zgarishlar, o’tmish madaniyatining barcha sohalarini yangicha mazmunda talqin etish, mumtoz adabiyotimizga, uning vakillari faoliyati va asarlariga bo’lgan munosabatni haqqoniy qayta ko’rib chiqishni davr taqozosiga aylantirmoqda. Chalkash, ilmiy fikrlardan uzoq, noo’rin takrorlanuvchi muammolarga asl manba va ma’lumotlar asosida oydinlik kiritish, ularga xolisona ilmiy baho berish bugungi adabiyotshunoslikning muhim vazifalaridan bo’lib qoldi. Zotan, Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlanidek: “Biz ma’naviy qadriyatlarni tiklashni milliy o’zlikni anglashning o’sishidan, xalqning ma’naviy sarchashmalariga, uning ildizlariga qaytishdan iborat uzviy, tabiiy jarayon deb hisoblaymiz”. Davr talabi nuqtai nazaridan kelib chiqilgani holda elimizning sevimli farzandi, otashqalb shoir Valibobo o’g’li Rahimbobo (Asosan sho’rolar davridan boshlab Mashrabni Boborahim deb atash odat tusiga kirdi, bunday nomlanishda 1926 yilda nashr bo’lgan Sadriddin Ayniyning «Namunai adabiyoti tojik» asari muhim o’rin tutdi. Asar muallifi Mashrabning tojik tilidagi asarlarini keltiradi va shoirni «Mashrab Namangoniy – ismash Boborahim ast.” deb ataydi. Biroq shoir haqida ma’lumot beruvchi asosiy asar «Devonai Mashrab»ning barcha ma’lum nusxalarida unga Rahimbobo ismini berishgani aytilgan: «…bu go’dakni yetti kunlik bo’lganda beshikka soldilar. Otlarini Rahimbobo qo’ydilar.» Maleho Samarqandiyning “Muzakkir-ul ashob” tazkirasida ham shoir nomi Rahimbobo deb keltiriladi. Qolaversa, shoir “Chinu Namangon ichida yurdi Rahimbobo so’rab” kabi she’rlarida ham o’z ismini aniq keltirib o’tganki, biz Mashrabni shu nom bilan atashni lozim topdik.) Mashrab hayoti va ijodi haqidagi ikki qismlik tadqiqot ishi maydonga kelib, uning birinchi bo’limi mazkur monografiya ko’rinishida taqdim etilmoqda.
Rahimbobo Mashrab hayoti va faoliyati o’ziga xos, murakkab bir holatda kechgan. U bolaligidan yoshi ulug’ kishilarni shoshirib qo’yuvchi zukkoligi, o’tkir aqli va iste’dodi bilan tengdoshlaridan keskin ajralib turgan. Ma’naviy poklikni o’ziga shior qilib olgan Mashrab nafsoniy istaklardan to’la voz kechgan, oila va mol–dunyo qilmagan. Nohaqlikka murosasiz bo’lganligi, zolim amir–amaldorlar va riyokor zohidlarni tanqid qilganligi uchun qatl etilgan.
Sho’rolar davridagi hukmron mafkura ta’sirida shoir shaxsiyatiga, dunyoqarashi va ijodiy faoliyatiga bir tomonlama yondashildi, uni isyonkor, dahriy shoir sifatida ko’rsatishga, hayoti va faoliyatidan sun’iy ravishda ateistik mazmun-mohiyat qidirishga harakat qilindi. Faqatgina mustaqillik sharofati tufayligina bu kabi g’ayriilmiy munosabatlarga chek qo’yildi. Oqsoqol allomalar Vohid Abdullayev, Abdurashid Abdug’afurov, Abduqodir Hayitmetov, shuningdek, Ibrohim Haqqulov, Jaloliddin Yusupov, Sayfiddin Raf’iddin, Isomiddin Salohiddinov, Ismatilla Abdullayev kabi taniqli adabiyotshunoslar Mashrab adabiy faoliyatiga oid muhim, diqqatga molik tadqiqotlarni amalga oshirdilar-ki, mazkur izlanishlarni bugungi kun mashrabshu-nosligining eng muhim ishlari sifatida qayd qilish mumkin. Matnshunos Abdusattor Jumanazarning, adabiyotshunos olim Abdulla Jabborning keyingi yillarda Mashrab hayoti va faoliyatining turli qirralarini yorituvchi muhim izlanish-lari mashrabshunoslik ilmiga o’zgacha munosabat, yangicha ruh olib kirganini zo’r mamnuniyat bilan qayd qilamiz. Tarix, musiqa, falsafa, pedagogika sohalari vakillari ham Mashrab yashagan davr, uning maqom janri taraqqiyotida tutgan o’rni, ijtimoiy va pedagogik qarashlariga oid ma’lum tadqiqotlar yaratishmoqda.
Chet ellarda Mashrab hayoti va ijodiga bo’lgan qiziqish kun sayin ortib bormoqda. Xitoy Xalq Respublikasidagi Sintszyan universiteti professor-o’qituvchilari, taniqli shoir Bug’da Abdulla bilan bo’lgan suhbat asnosida Taklimakon degan joyda Mashrabning yashagan joyi, ovqat tayyorlagan o’chog’i hali ham borligi, o’sha yerda shoirning ko’plab muxlislarining mavjudligi va eng qiziq tomoni – Mashrabning Temurbek ismli o’g’li bo’lganligi, u o’z vaqtida mohir sarkarda sifatida tanilganligi, haq yo’lida ko’plab jangu jadallar olib borganligi, uning avlodlari hozirga qadar o’sha joyda yashayotganligi haqidagi ma’lumotga ega bo’ldik. Biroq keyingi fikrni tasdiqlovchi aniq manba bo’lmaganligi sababli uni bir rivoyat deb qabul qildik. Umuman olganda, Sintszyandagi ellar orasida shoirga bo’lgan qiziqish katta ekan. Rahimbobo Mashrabning she’rlari bilan aytiladigan maqomlar (Uyg’urlar muqom deyishadi). o’sha yerdagi mahalliy xalq orasida shuhrat qozongan bo’lib, o’zbekcha she’rlar uyg’urcha ohangda xirgoyi qilinadi. Mashhur “Uyg’ur o’n ikki muqomi” ( ئۇيغۇر ئون ئىككى مۇقامى) da ham shu shoirimizning g’azallari asosida yaratilgan qo’shiq (naxsha)lar bor. Jumladan, Mashrabning:
Setorim toriga jon rishtasidan tor eshib cholsam,
Ani xush nolasidin bevafoni ko’nglini olsam.
Maqom olib maqom uzra maqomin dilg’a jo qilsam,
Muhabbat sozig’a sozlab man oning oldida cholsam.
Maqomlarning atosini “Xusayniy”u “Ajam” derlar,
Bulardin ham yuqori pardayida “Chorgoh” cholsam.
“Bayod”i dilbarimni yodida cholsam payo–paykim,
Ki, ko’ngul benavo bo’lg’onidin aylab “Navo” cholsam…
g’azali “Uyg’ur o’n ikki muqomi” tarkibiga kirgan “Roq muqomi” matni misolida Rahimbobo Mashrabning uyg’ur musi-qasiga ko’rsatgan ta’sirini bilib olish mumkin:
Satarim tarig’a җan rishtisidin tar yeship salsam,
Aniңkim nalisidin benәvaniң kөңlini alsam.
Muqom ichrә muqom chalsam, muqomni dilg’a җa qilsam,
Ki ul mәһbub nәzәr qilsa aniң aldida mәn chalsam.
Muqomlarniң atasini “Һүsәyn”u һәm “Әҗәm” dәrlәr,
Ulardin yuqari pәrdәki – “Bayat”ini mәn chalsam.
Bayati ashnaniң yazida yeyitsam bayatiңni,
Kөңulүm, benәva bolg’anda bilsәm mәn “Nava” chalsam…
Mashrab adabiy faoliyatiga bo’lgan qiziqish nafaqat Markaziy Osiyo yoki Xitoy, balki Rossiya va Yevropa xalqlari orasida ham mavjud bo’lgan. Mojor sharqshunosi Herman Vamberi (1832 – 1913) va Germaniyalik arabshunos “Welt des Islams” (1912 – 1918) jurnalining asoschilaridan biri Martin Xartmann (1851 – 1918) tomonidan Mashrabning bir qancha she’rlari nemis tiliga tarjima kilingan. Olimning Yorkent xonligidagi ijtimoiy hayotga oid izlanishlari ham diqqatga molik. 2008 yili Frantsiyada Temuriylar davri tarixi va madaniyatini o’rganish Assotsiatsiyasining 20 yillik tantanalarida aktyor Dijon Fransua Shatto Alisher Navoiy, Nodirabegim va Rahimbobo Mashrab she’rlarini ham asliyatda, ham frantsuz tillaridagi tarjimalarda o’qigan.
Mazkur monografiyada Mashrab va u yashagan Yorkent xonligidagi adabiy muhit, mashrabshunoslik tarixi, Rahimbobo Mashrabning tug’ilgan yili va joyi, o’tmish qissalaridagi badiiy talqini bilan bog’liq muammolar, qalandariya tariqati va o’tmish ijodkorlarning shoir kamolotiga ko’rsatgan ta’siri xususida so’z boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |