Ergash Ochilov Rivoyatlar haftafahm



Download 101,5 Kb.
Sana12.04.2017
Hajmi101,5 Kb.
#6582
Ergash Ochilov

Rivoyatlar
HAFTAFAHM

Chingizxon o'ziga qarshi bosh ko'targan elatlarni yo'l-yo'lakay yakson qilib, o'rislar mamlakatining chegarasiga yetib kelganida, to'satdan qattiq qorbo'ron boshlanibdi-da, bir muddat to'xtashga majbur bo'libdi. Qahri qattiq qonxo'r xon bekor yotishdan zerikib, lashkariga: «Kim agar qordan odam yasasa, unga otning kallasidek oltin in'om etaman!» — deb jar soldiribdi. Hamma navkarlar qordan odam yasashga kirishib ketishibdi. Agar kimdir qordan odam yasagani haqida xonga xabar yetkazsa, xon o'sha zahoti borib, qor odamni qilichi bilan chopib tashlarkan, tamom-vassalom! Na biron gap aytarkan, na va'da qilingan in'omni berarkan. Navkarlar orasida yolg'iz o'g'li bilan yurgan bir chol bo'lib, u xonning kutilmaganda bunday ermakka ruju qo'yib qolganining ma'nosini o'ylay-o'ylay, o'zicha xon: «Navkarlarim yaqinroq o'ris ovulla-ridan odamlarni asir olib, ularni qorga ko'mib, qor odam yasarmikan», degan shum niyatda bo'lsa kerak, deb taxmin qilibdi. Biroq, bu taxminini hech kimga aytolmay jimgina yotaveribdi, Umri bino bo'lgandan beri kambag'allikdan boshi chiqmay yashagan qariya: «Yolg'iz o'g'limni qanday baxtli qilsam ekan?» deb ko'pdan beri bosh qotirarkan. Hech kim Chingizxonning ko'nglidagidek qor odam yasay olmayotganini ko'rgan chol, nihoyat, o'g'lini oldiga chaqirib:

— Bolam, biz yetti pushti ham qorni to'ymay o'sgan xalqning avlodimiz. Hech bo'lmaganda sendan keyin yashaydigan avlodlarimizning tashvishini qilsak bo'larmi-di, — debdi.

O'g'li ajablanib:

— Xo'sh, nima qil deysiz? — deb so'rabdi.

— Mening taxminimcha, Chingizxon nochor-notavon, kasalmandroq navkarlarning qor odamga aylantirilishini kutib yotganga o'xshaydi. Shuning uchun bugun tunda men dalaga chiqib sovuqda tik turay. Sen muzdek suvni olib kelib ustimdan quyaver. Qarabsanki, tarashadek qotib qolaman. Ertalabgacha qor yog'sa, ustimga yopishadi. Ana shunda sen Chingizxonning oldiga borasan-da, qordan odam yasadim, deb xabar qilasan. U senga otning kallasidek oltin beradi.

— Yo'g'-e, qo'ysangiz-chi, bunday qilib boyigandan... — achchig'lanibdi o'g'il.

— Yo'g'ing nimasi?! — debdi cholning ham jahli chiqib. — Baribir kunim bitib turibdi. Bugun bo'lmasa, ertaga o'lamam Meni ko'madigan siyog'ing ham yo'q. Otasining o'ligini ko'chada qoldirdi, deb odamlar sendan kulishadi. Meni qor odamga aylantirsang, ulug' xonning shartini bajarib, tuhfa olasan, boy bo'lasan. Otning kallasi-dek oltini bor odamning otasini hamma hurmat qilib, tobutini yelkasida ko'taradi. Men sho'rlik o'lib bo'lsayam mana men degan lashkarboshilarning yelkasiga minib, bir xumordan chiqay.

O'g'il o'ylanib qolibdi. Chol unga yalinib-yolvorib, o'g'lining boyib ketishiga sabab bo'lsa, bu dunyodan armonsiz ketajagini aytib, axiri ko'ndiribdi.

Shunday qilib, navkar otasini o'zi maslahat berganidek, qor odamga aylantiribdi-da, ertalab xon chodiriga xabar yetkazibdi. Chingizxon choshgohga yaqin lashkarboshilarini ergashtirib, qorodamni ko'rishga kelibdi. Qarasa, naq ko'nglidagidek ish. Xon bir norg'ul navkariga qor odamni qilich tig'idan o'tkazishni buyuribdi. Navkar qor odamga qulochkashlab qilich tortibdi. Qor odam ikkiga bo'linib qulaganida uning haqiqatan ham odamligini ko'rib, hamma dong qotib qolibdi.

— Yasha, shartimni ko'ngildagidek bajaribsan! Oltinni olishdan avval aytchi, bu qanday odam o'zi? — deb so'rabdi xon.

— Otam edi, — debdi yigit.

Chingizxon navkarning javobini eshitgan zahoti uni imlab ko'rsatib:

— Buning o'zi ham qilich tig'idan o'tkazilsin! — deb buyuribdi.

— Nega endi?! — deb so'rabdi yigit yig'lamsirab.

— Navkarlarimning aqli bo'lsa, yaqinroq ovullardagi orislarni olib kelib, mana shunday qor odamlar yasar, deb umid qilgan edim. Men seni fahm-farosatli navkar deb oltin bermoqchi edim. Otning kallasidek oltin uchun o'z otasini ayamagan sendek oqpadar erta bir kun dushmanlarim mushtdek oltin berib, «Shu oqshom lashkarlarning chodiriga o't qo'y» yo «Chingizxonni o'ldir» desa. tap tortmay bajaraverishing mumkin ekan. Sendek kalta-fahmning umri qisqaroq bo'lgani ma'qul, — debdi.



AMIR TEMUR VA ME'MOR

Bir kuni Amir Temur tez muddatda dunyo qoyil qoladigan madrasa qurib bitirishni niyat qilibdi. Mohir me'morni chaqirib, o'sha kuniyoq ish boshlatmoqchi bo'libdi. Me'mor bunday binoni shoshilinch qurib bo'lmasligini qancha aytsa ham Amir ko'nmabdi. Noiloj qolgan me'mor madrasaning joyini tayyorlab, poydevorini qo’ydirib, bir kechada g'oyib bo'lib ketibdi. Yer-ko’kni qidirib topisholmabdi. Oradan ikki yil o'tgach, haligi usta paydo bo'libdi-da, darg'azab Amirga:

— Siz istagan muddatda bu binoni qurib bitkazishim mumkin edi, ammo ming go'zal bo'lgani bilan uning umri uzoqqa bormasdi. O'ylanmay qilingan ishning oxiri voy. Siz aytgan binoni qurish uchun o'ylashga fursat kerak edi. Men ikki yil ko'rinmay ketgan davrimda shu haqda o'yladim. Qancha-qancha yurtlardagi qasri oliylarni ko'rib keldim. Ham boqiy, ham go'zal bo'lishi rejalarini tuzdim. Men bir bino yaratmoqchimanki, uning tepasida faqat osmon bo'ladi. Osmon xalaqit bermasa, uni yana ham balandroq ko'tarishim mumkin bo'lardi, — deb javob qilgan ekan.

MA'NAVIYATI YUKSAK XALQNI YENGIB BO'LMAYDI

Qadim zamonda bitta qudratli xon bizning xalqimizni o'ziga bo'ysundirishga ahd qilib, son-sanoqsiz askarlarini chegaramizga keltirib qo'yadi. So'ng bir necha ayg'oqchini qoshiga chorlab:

- Bilib kelinglar-chi, bizga qarshi turgan dushmanning qancha kuchi bor ekan? — deydi.

Ayg'oqchilar qaytgach, xon o'z huzuriga vazirlarini, sarkardalarini chaqirtiradi.

— Xo'sh, nima gap? Qani, boshlanglar! — deydi xon.

— Biz juda ko'p joylarda bo'ldik, — deydi ayg'oqchilardan biri. — Bir gal katta ziyofatning ustidan chiqib qoldik. Xalqning hukmdori ham o'sha yerda edi. Ziyofat avjga chiqqan paytda o'tovga do'mbira ushlagan o'n olti yoshlar chamasidagi o'smir kirib keldi. To'rda o'tirgan hukmdor nariroq siljib, anavi bolaga yonidan joy berdi. Biz bunday holdan hayron bo'lib: «Mishiqi bir bolaga namuncha izzat-ikrom ko'rsatilmasa?!» deb so'radik yonimizdagi sahroyilardan. «Axir, u bizning shoirimiz-ku!» deb g'urur bilan javob qaytarishdi.

— Agar ularning hukmdori shu darajada ahmoq bo'lsa, demak biz bu xalqni telpagimiz bilan urib yengishimiz mumkin! Olampanoh, ijozat bersangiz, hoziroq askarlarimni jangga tashlayman! — deydi sarkarda ko'zlari chaqnab.

Shu paytgacha miq etmay o'tirgan xon sarkardaga boshdan-oyoq sinchkov nazar tashlaydi-da:

— Yo'q! — deydi. — Askarlarni orqaga qaytaring! O'z shoirlarini, o'zining ma'naviy boyligini bu qadar e'zozlaydigan xalqni, madaniyati bu qadar yuksak taraqqiy etgan xalqni qirib yuborish mumkin, lekin aslo yengib bo'lmaydi!
SADAQANING FOYDASI

Podsholardan biri o'z fuqarolariga sadaqa qilishni taqiqlab qo'yibdi. «Agar kimda-kim sadaqa beradigan bo'lsa. Uning ikki qo'li kesib tashlansin!» — deb farmon chiqaribdi. Shundan keyin bu mamlakatda hech kirn birovga sadaqa bermaydigan bo'libdi.

Kunlardan bir kuni qorni och, o'zi yalang'och kishi bir eshikni taqillatib, sadaqa so'rabdi. Sohibjamol bir qiz chiqib, harchand:

— Bizda sadaqa bergan kishining qollarini kesib tashlaydilar, — demasin, haligi bechora:

— Xudo yo'lida so'rayman, iltimos, biror narsa ber, — deb turib olibdi.

Qizning unga rahmi kelib, ikkita non chiqarib beribdi. Bu xabar darhol podshoga yetib boribdi — qizning ikki qo'lini kesib tashlabdilar.

Oradan bir qancha vaqt o'tib, podsho onasiga:

— Men yana uylanmoqchiman, — debdi, — biror chiroyli qiz topsangiz.

— Yaqinimizda bir qiz bor — undan chiroylisini topib bo'lmaydi, — debdi onasi. — Faqat bir aybi bor-da...

— Qanaqa ayb ekan?

— Ikki qo'li kesilgan.

Podsho uni bir ko'rish istagini bildirgan ekan, onasi borib boshlab kelibdi. Podsho bir ko'rishdayoq oshiq bo'­lib, unga uylanibdi. Bu — gadoyga ikkita non sadaqa qilgani uchun qo'llari kesilgan o'sha qiz ekan. Podshoning undan ajralmay qolganini ko'rgan boshqa xotinlari hasad o'tida yonib, turli fisqu fasodlar tarqatishibdi, uni buzuqdan olib, buzuqqa solishibdi. Toqati toq bo'lgan podsho uni bolasi bilan bir biyobonga eltib tashlabdi.

Bolasini yelkasiga mindirib olgan bechora ayol biyobon bo'ylab boshi oqqan tomonga ketaveribdi. Yura-yura bir daryoning oldidan chiqib qolibdi-da, chanqog'ini qon-dirish uchun sohilga cho'kkalabdi. Suv ichaman deb engashgan ekan, yelkasidagi bolasi daryoga tushib ketibdi. U dodu faryod solgancha qolaveribdi.

Shu payt yonidan ikki kishi o'tib qolib, undan:

— Nega yig'layapsan? — deb so'rashibdi.

— Bolam yelkamda edi, suvga tushib ketdi — qutqarishga ojizman, — debdi yig'lab ayol.

— Bolangni olib chiqib beraylikmi?

— Jon derdim...

Ikkovlon Xudoyi taolodan so'rab, duo qilishgan ekan, shu lahzadayoq bola sog'-salomat suvdan chiqib kelibdi. Ular yana:

— Qo'llaringning avvalgi holiga qaytishini xohlaysan-mi? — deb so'rashgan ekan, ayol:

— Iloyo, murod-maqsadlaringga yetinglar! — deb duo qilibdi.

Ular allanima deb duo o'qishgan ekan, ayolning qo'llari ilgarigidan ham chiroyli bo'lib, o'z holiga qaytibdi. Shundan keyin haligi kishilar:

— Bizning kimligimizni bilasanmi? — deb so'rashibdi.

— Olloh biladi, — debdi ayol.

— Biz o'sha sen gadoyga sadaqa qilgan ikkita non bo'lamiz. Qilgan sadaqang qo'lingning kesilishiga sabab bo'lgan edi. Lekin shuni bilib qo'yki, birovga yaxshilik qilsang, hech qachon zoye ketmaydi, — degancha ko'zdan g'oyib bo'lishibdi.
ISTE'DODNI QO'LLASH KERAK

Bir podshoning nihoyatda xushxat va juda bilimdon kotibi bor edi. Bir kuni podsho nomidan qo'shni mamlakat hukmdoriga maktub bitar ekan, xizmatkori kirib «Un tugadi!» deb qoldi. Butun diqqatini muhim maktubga qaratgan kotibning xayollari to'zg'ib ketdi. Uning shu darajada asabi buzildiki, beixtiyor maktubga «Un tugadi» degan jumlani yozib yubordi. Maktubni tugatib, podshoga jo'natdi.

Podsho maktubni o'qib, hayron bo’ldi. Chunki bu jumla butunlay begona bo'lib, na o'zidan oldingi, na keyingi gapga bog'lanardi. Kotibni huzuriga chorlab, buning sirini so'radi. Kotib qattiq xijolat chekib, bo'lib o'tgan voqeani aytib berdi. Bu gapni eshitib, podsho nihoyatda ta'sirlandi.

— Bunda sening hech bir aybing yo'q, — dedi. — Aslida senga o'xshagan iste'dod egalarini muhtojlik domiga tashlab qo'ygan biz gunohkormiz.

Shundan keyin kotibni shu darajada ta'minlab qo'ydi-ki u umrining oxirigacha go'zal maktublar bitish va kitoblar ko'chirishdan boshqa narsani xayoliga ham keltirmadi.
BEHUDA SO'ZDAN SUKUT AFZAL

Behuda so'zlashdan ko'ra jim o'tirishlik afzal ekanligi haqida Rum qaysari, Hind rojasi, Chin1 hukmdori o'rtasida munozara bo'lib o'tgan edi. Ular o'zaro bir fikrga keldilar va bir ma'nodagi so'zlarni turlicha bayon ipiga tizdilar.

Rum qaysari shunday dedi:

— Aytgan ba'zi so'zlarimdan qattiq nadomat chekdim, ammo aytmagan so'zlarimdan hech pushaymon bo'lmadim!

Hind rojasi aql daryosidan noyob dur hozirlab, bayon ipiga terdi-yu, dedi:

— So'z o'qi bayon kamonidan hali otilmagan ekan, u mening qo'l ostimdadir. Yomon og'iz kamonidan otilib chiqsa. unda endi egalik qilolmayman!

U davom etib, dedi:

— Har so'z o'qi kamonidan uchsa va har kalima og'iz zindonidan ko'chsa, uni qaytarib olaman deyish xomxayollikdir!

Chin hukmdori so'z bo'stonidan guldasta hozirlab, tuhfa qilgan holda dedi:

— So'z qushi og'iz qafasida ekan, uning ixtiyori mening izmimdadir. Bordi-yu, u til oshyonasidan parvoz qilsa, hech qachon uni tutib bo'lmaydi. So'z kelini so'zlashuv pardasidan tashqari chiqmagan ekan, til mashshotasining-'ixtiyoridadir. Mashshota uni xohlasa bayon bog'iga olib kiradi, xohlasa parda orqasiga pinhon tuta oladi.


YUZ KISHILIK MAOSH

Bir podshoh bir odamga yuz kishilik maosh tayin etgandi." Buning uchun askarlar podshohdan norizo bo’ldilar. Podshoh o'ziga-o'zi: «Bir kun kelar, sizga ko'rsataman, o'shanda buning sababini tushunasizlar», — derdi. Jang kuni keldi. Askarlarning hammasi qochdi, yolg'iz u kishigina jang qildi. Podshoh:

— Mana shuning uchun men bu odamga ko'p pul berdim, — dedi.
LUQMONI HAKIM QISSASI

Luqmon Dovud alayhissalom davrida yashagan qora tanli bir qul edi. Rivoyat qilishlaricha, u 1600 yil umr ko'rgan. Olloh taolo farishtalarini yuborib, undan so'raydi:

— Ey Luqmon, xohlasang payg'ambarlik beraylik, xohlasang hikmatni.

— Menga hikmat kerak, — deydi u. — Chunki hikmatning ma'nosi to'g'ri va puxta ish qilish demakdir.

Shundan keyin Olloh taolo Luqmonga shunchalik ko'p hikmat bergan ekanki, barcha payg'ambarlar ham unga muhtoj bo’libdilar.
HAR KIM EKKANINI O'RADI

Bir kuni xojasi Luqmonga bug'doy ekishni buyuradi. U esa arpa ekadi.

— Nega bug'doy ek desam, arpa ekding? — deb xojasi unga zug'um qildi.

— Nima, arpa eksa, bug'doy unmaydimi? — o'zini go'llikka soldi Luqmon.

— Esing joyidami? — urishib ketdi xojasi. — Kim arpa ekib, bug'doy olibdi?

— Bo'lmasa sen ham yomonlik qilib, yaxshilik umid qilma! — deydi Luqmon.


HAR KIM NIYATIGA YARASHA

Luqmoni hakimning qo’li ochiqligi, so'raganga qarz berib, yozib qo'ymasligi, orqasini surishtirmasligini bilgan bir kishi yeb ketish niyati bilan undan ming oltin oldi. Yo'lda dam olgani o'tirib, pulni qizil rangli bir matoga o'rab qo'ydi. Bir qush uni go'sht xayol qilib olib qochdi va Luqmonning uyi ustidan uchib o'tayotganida tumshug'idan tushirib yubordi. Luqmon o'zi bergan oltinlarni tanib, olib qo'ydi. Haligi odam kelib, yana shu niyat bilan ming oltin oldi. Lekin anhordan kechib o'tayotganida uni suv olib ketdi. Anhor Luqmonning uyi yonidan o'tar edi. Luqmon oltinni tanib, yana olib qo'ydi. O'sha odam uchinchi marta ham qaytarmaslik niyatida ming oltin olib, uni ham bir sabab bilan yo'qotdi. To'rtinchi marta nihoyat savdo-sotiq bilan shug'ullanish va foyda ko'rsa, Luqmonga to'rt ming qilib qaytarish niyati bilan ming oltin so'radi. Bu gal foyda ko'rdi va Luqmonga to'rt ming oltin olib keldi, lekin Luqmon ming oltinni olib, qolganini qaytarib berdi.


O'ZLIGINGNI TANI

Suqrot o'rtoqlari bilan sayohat qilib yurib, umumyunon diniy markazi hisoblanmish Delfa shahriga boradi va u yerdagi mashhur Delfa ibodatxonasini ziyorat qiladi. Ibodatxonaning peshtoqiga «o'zligingni tani», deb yozib qo'yilgan ekan. Bu hikmat Suqrotga juda qattiq ta'sir qila­di — u ko'pdan beri izlayotgan narsasini topganday, ko'p jumboqlarni yechishga yordam beradigan kalitni qo'lga kirilganday xursand bo'ladi. Shundan keyin bu hikmatga qattiq amal qilib, o'zidagi fazilatlar va nuqsonlarni o'zidan izlab yashay boshladi. Shu asnoda Suqrot juda katta ahamiyatga ega bo'lgan ulug' kashfiyotlar qiladi.


BILMASLIK UYAT

Arastu nihoyatda qarib va bukchayib qolganda, hayotining gulzorida xazon mavsumi boshlanganda va o'lim elchisj xavfu xatar solib turganda musiqa ilmini o'rganishga kirishdi. Do'stlaridan biri unga:

— Go'ru kafan haqida o'ylash lozim bo'lgan bir paytda, tanbur chertishdan uyalmaysanmi? — dedi.

Hakim unga:

— Bilmaslik og'ir aybdir, ana shundan uyalish kerak, — dedi.
DONO VA NODON

Jolinus hakim ablah bir kimsaning donishmand bir zotning yoqasidan tutib, uni haqorat qilayotganini ko'rib, shunday dedi:

— Agar bu odam chindan ham dono bo'lganida uning bir nodon bilan ishi shu darajaga bormas edi.
SHE'R - GO'ZAL «YOLG'ON»

Anushervoni odil shoirlarni huzuriga chaqirib aytibdi:

— Bu ne betavflqlikki, siz shoirlar mendek odil shoh davronida yolg'on she'rlar yozasizlar? Hech zamonda oshiqning ohu fig'oni sahroga o't qo'yadimi? Qiz bolaning kiprigi o'q bo'lib, oshiq yigitning ko'kragiga sanchilarmishmi? Bu gapga kim ishonadi? Xullas, shu bugundan boshlab kim yolg’on she’r yozsa, boshi dorda, mulki talonda.

Shu farmondan keyin uzoq vaqt hech kim she'r yozmay qo'yibdi. Nihoyat, bir shoir she'r yozdi:

Tong otsa, yulduzlar so'nar osmonda, Xo'rozlar qichqirar Mozandaronda. Xalafda kechqurun quyosh botadi, Kechasi odamlar uxlab yotadi.

Anushervoni odil hech bir yolg'oni yo'q, boshidan-oxirigacha haqiqat bo'lgan ushbu she'rni o'qib, yelkasini qisdi, boshini qashladi va yana farmon berdi:

— Shoirlar o'sha o'zining yolg'onini yozaversin.
TAKRORDA GAP KO'P

Aytishlariga qaraganda, Arastuning «Jon haqida» asarining Abu Nasr mutolaa qilgan nusxasi topilgan. Ana shu kitobda Forobiy o'z qo'li bilan «Men shu kitobni yuz marta o'qidim» deb yozib qo'ygan ekan. Bu olim to'g'risida naql qilganlarning gapiga qaraganda, Abu Nasr Arastu­ning «Fizika» asarini qirq marta o'qidimu, lekin uni qayta o'qishim kerak, der ekan.



HAR SOHADA BENAZIR

Amir Sayfuddavla ibn Hamdon1 Abu Nasr bilan yaxshi munosabatda bo'lgan ekan.

Abu Nasr Damashqqa kelgach, Sayfuddavlaning huzu­riga kiradi. Amir, odatiga ko'ra, tevaragiga olimu fozillarni to'plab, suhbatlashib o'tirgan ekan. Abu Nasr amir dargohiga kirib kelganida u o'zining turk kiyimida bo'ladi, odati bo'yicha u doim shu kiyimda yurar edi. U asta ichkariga kirib keladi-da, amirga yuzlanib tippa-tik turib qoladi. Shunda amir unga qarab:

— O'tir! — deydi. Abu Nasr:

— Qaysi jo'yga — o'z darajamga qarabmi yo sen aytgan joygami? — deydi.

— O'z darajangga qarab o'tir, — deydi Sayfuddavla.

U dadil yurib, to'rga ravona bo'ladi, to'g'ri Sayfuddav­la o'tirgan kursi oldiga kelib to'xtaydi. Hatto amirning o'tirgan joyidan sal nariga surib ham yuboradi

Odatda, Sayfuddavlaning huzurida mamluklar — xizmatkorlari hoziru nozir bo'lguvchi edi. Amir bo'lsa, ko'pchilik odamlar oldida gapirib bo'lmaydigan bekitiqcha gaplarini o'zi va o'sha xizmatkorlari biladigan maxsus tilda gaplashardi. Bu tilni ulardan boshqa hech kim bilmas edi. Shunda amir o'sha tilda o'z odamlariga qarab:

— Qanday beodob chol ekan! Hay mayli, men undan ba'zi narsalarni so'rayman, agar to'g'ri javob berolma-sa, boplab adabini berib qo'yasizlar, — deydi.

Amir shunday deyishi bilan Abu Nasr o'sha tilda unga qarab:

— Ey amir, biroz sabr qil, chunki, har bir ishning oqibatiga qarab hukm chiqariladi, — deydi.

Abu Nasrning bu gapidan Sayfuddavla dahshatga tushadi. Keyin unga:

— Bu tilni bilasanmi? — deydi. Abu Nasr unga javoban:

— Ha, — deydi, — Men yetmishdan ortiq tilni bilaman. Abu Nasr shu gapni aytishi bilan amir unga boshqacha qaray boshladi va hozir bo'lgan olimlar bilan har xil fanlardan gaplashib ketdi. Shunda Abu Nasrning har jihatdan ustunligi ayon bo'ldi, bora-bora yig'ilganlarning ko'pchiligi suhbatni to'xtatib, jim qoladilar, faqat Abu Nasrgina suhbatni davom ettirar edi. Uning og'zidan chiqqan har bir gapni majlis ahli yozib olar edilar. Oxiri Sayfuddavla olimlarni jo'natib yuborib, Abu Nasr bilan yolg'iz qoladi. Amir o'z suhbatdoshiga qarab:

— Biror narsa yeyishga qalaysan? — deydi. Abu Nasr unga:

— Hech narsa yemayman, — deydi.

— Biror narsa ichishga-chi? — deydi amir.

— Yo'q, — deydi Abu Nasr.

— Bo'lmasa, biror kuy eshitishga rag'bating bormi? — deydi amir.

— Ha, bor, — deydi Abu Nasr. Sayfuddavla mutribu mashshoqlarni chaqirtiradi. Chorlagan mashshoqlar qaysi kuyni mashq qilsa, Abu Nasr sen falon joyda piston xatoga yo'l qo'yding, deb uning kamchiligini ko'rsatib turardi. Buni ko'rib, Sayfud­davla Abu Nasrdan:

— Bu san'atdan ham xabaring bormi, deyman, — deb so'raydi.

— Ha, — deydi Abu Nasr. U shunday dedi-yu, belidagi to'rvasini ochib, undan bir necha cho'pni olib, ularni bir-biriga uladi, so'ng chalib mashq qila boshlagan edi, davrada o'tirganlar o'zlarini tutolmay kula boshlashdi. Keyin olim o'sha cho'plarni boshqacha qilib biriktirib chalgan edi, yig'ilganlar piq-piq yig'lashga tushishdi. Olim cho'plarni boshqacha tartibga solib chalgan edi, amirdan tortib darvozabongacha hamma dong qotib uxlab qoldi.




SABAB

Abu Nasrning hikmat falsafasini o'qishiga bir kishi sabab bo'lgan ekan. O'sha kishi unga Arastuning bir necha kitobini, shu yerda tura tursin, keyin olib ketaman, deb qo'yib ketgani sabab bo'lgan, deyishadi. Ittifoqo, kitoblarga ko'zi tushib, ular Abu Nasrning ko'ngliga ma'qul bo'lib qoladi va o'qishga kirishadi, natijada yetuk faylasufga aylanadi.
Download 101,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish