3.8. Maktabgacha yosh davrida o’yinning takomillashuvi.
Psixologiyada qabul qilingandek, rolli o’yin faoliyati syujet va mazmundan tashkil topadi. Odatda syujet deganda, o’yin faoliyatida bolalar aks ettiradigan voqelikning doirasi tushuniladi. O’yin syujeti turli davrga, sinfiy xususiyatga, oilaviy turmush tarziga, geografik va ishlab chiqarish sharoitlariga bog’liq holda yaratiladi. Bola munosabatga kirishadigan voqelik doirasi qanchalik tor, cheklangan bo’lsa, o’yinning syujeti shunchalik xira va bir xil ekanligini aks ettiradi.
O’yinlarning syujeti xilma-xilligiga qaramay, ularni maxsus guruhlarga biriktirish imkoniyati mavjuddir. Masalan, yirik psixolog ye.A.Arkin o’yinlarning quyidagi tasnifini tavsiya qiladi: 1) ishlab chiqarishga (texnikaga): sanoat, qishloq xo’jaligi, qurilish, kasb-hunarga oid o’yinlar; 2) maishiyro’zg’or va ijtimoiy-siyosiy: bog’cha, maktab, kundalik turmushga oid o’yinlar; 3) harbiy: urush-urush o’yinlari; 4) dramalashtirilgan: kino, spektakl va boshqalarga oid o’yinlar. Biz shu tasnif haqida L.S.Vigotskiy, A.N.Leontev, D.B.Elkonin singari psixologlarning tanqidiy mulohazalariga to’la qo’shilamiz, chunki harbiy va dramalashtirilgan o’yinlarni ham ijtimoiy-siyosiy guruhga kiritish mumkin. Bizningcha, D.B.Elkoninning tasnifi ma’quldir. U maktabgacha yoshdagi bolalarga xos rolli o’yinlarning syujetiga ko’ra uchta guruhga ajratishni tavsiya qiladi: 1) maishiy mavzu syujetiga oid o’yinlar; 2) ishlab chiqarish syujetiga taalluqli o’yinlar; 3) ijtimoiy-siyosiy syujetli o’yinlar. Muallif ayrim o’yin turlari maktabgacha yoshdagi bolalarning barcha bo’g’inlariga mosligini, syujetlar maishiydan ishlab chiqarishga qarab va undan ijtimoiy-siyosiy voqealarni aks ettirishga qarab rivojlanishini alohida uqtiradi. Uning fikricha, o’yin syujetidagi bunday izchillik bolaning bilim saviyasi, turmush tajribasi kengayishi uning katta yoshdagi odamlar turmushiga chuqurroq kirib borishi bilan bog’liqdir. Darhaqiqat, o’yin syujetining o’sishi turmushning tobora yangi qirralarini aks ettirish bilan cheklanib qolmay, muayyan syujetning o’ziga xos boshqa ko’rinishlari bilan boyishi sababli ham amalga oshadi.
Bolalarga tarbiyaviy ta’sir ko’rsatish jarayonini to’g’ri tashkil qilish orqali o’yin syujetlarining ko’lamini rejali kengaytirish mumkin. Ontogenez psixologiyasi fanida qat’iy ifodalanganidek, bola bog’chaga kelganda uning o’yin syujeti faqat oilaviy turmushdagi voqealarni aks ettirsa, sayrlarga olib borish, tabiatni kuzatish natijasida o’yinning turlari ko’payib boradi: bog’cha, hayvonot bog’i, oshxona, poyezd, paroxod, sartarosh, sotuvchi kabi o’yinlar qo’shiladi. Bolaning yoshi ulg’aya borishi bilan o’yinning muddati ham uzayib boradi. Mazkur jarayonni tadqiq qilgan A.P.Usovaning ma’lumotiga ko’ra, 3−4 yoshli bolalarning o’yin faoliyati 10−15 daqiqa, 4−5 yoshli bolalarning o’yin faoliyati 40−50 daqiqa, katta maktabgacha yoshidagilarning o’yin faoliyati bir necha soatgacha cho’zilishi mumkin. Hatto, bir turdagi uyinlarning syujetlari butun kun bo’yi, qolaversa, undan ham ortiq vaqt davom etadi. Bu hol bola o’yin faoliyati jarayonida hayot faoliyatning u yoki bu qirrasini muhim jihatini alohida ifodalab ijro etadi, deyishga hech qanday asos bo’la olmaydi. CHunki psixologiya fanida hozirgacha to’plangan ilmiy ma’lumotlar bunday muammolarga javob bera olmaydi.
D.B.Elkonin o’z tadqiqotida rolli o’yinning syujeti bilan bir qatorda uning mazmuni ham mavjud ekanligini yozadi. Uning fikricha, o’yinda bola kattalar faoliyatining asosiy jihati (tomoni)ni aniqroq aks ettirishi o’yinning mazmunini tashkil qiladi.
L.S.Slavina to’plagan ma’lumotlarga qaraganda, maishiy turmushga aloqador bir xil syujetli o’yin, maktabgacha yoshdagi bolalarning yosh xususiyatiga qarab (kichik, o’rta, katta) turlicha yo’sinda amalga oshirilgan. Kichik maktabgacha yoshdagi bolalar bir xil o’yinchoqlar bilan bir necha marta takroriy yoki ortiqcha harakat qiladilar. Ularning o’yin mazmunini o’yinchoq bilan bajarishi kattalarning harakatlarini takrorlashdir. Agar ular “Mehmon-mehmon” o’ynayotgan bo’lsalar, barcha harakatlarni (mehmonni kutib olish, dasturxon yozish, hol-ahvol so’rash va hokazolarni) buyumlar bilan izchil bajaradilar. Harakatlarni so’z bilan qisqartirish hollari bolalar faoliyatida kam uchraydi. O’yinning mazmuni asosan o’yinchoqlar bilan bajariladigan harakatlarda o’z ifodasini topadi, rolni ijro etish hamkorlikda emas, balki yonma-yon, bir-birini to’ldirishdan ancha yiroq tarzda amalga oshadi.
Katta maktabgacha yoshdagi bolalarda o’yin faoliyati mutlaqo boshqacha o’tadi, chunonchi bir harakat ikkinchi harakat bilan uzluksiz bog’lanib ketadi, ba’zi bir harakatlar esa so’z yordamida qisqartiriladi (“keling, xush ko’rdik” harakat bilan emas, balki so’z orqali ifodalanadi) va umumlashtiriladi. Rolli o’yin bolalarning hamkorlikdagi faoliyati mahsuli tariqasida vujudga keladi. Bu yoshda rol tanlashda ishtirokchilar o’rtasidagi nizolar, tortishuvlar kamayadi, rolga o’zini loyiq deb bilish o’zidagi mavjud buyumlardan kelib chiqmaydi (masalan, qalam − o’qituvchi, qaychi − tikuvchi rolini olish uchun asos bo’la olmaydi), balki o’yinning mazmunidan, hamkorlikdagi faoliyat nuqtai nazaridan kelib chiqadi. Natijada ular kichik maktabgacha yoshdagilarga o’xshab rolni almashtirish, bir buyumdan boshqasiga bir obrazdan ikkinchisiga o’tishdek beqaror harakatlar qilmaydilar.
O’rta maktabgacha yoshdagi bolalarda rolni taqsimlash yoki uni tanlash o’yin faoliyatiga kirishishdan ancha ilgari amalga oshiriladi, bunga shu guruh boshlig’i bevosita rahbarlik qiladi. SHuning uchun kim qanday rolga munosibligi uzoq tortishuvlarga sabab bo’ladi. Tortishuvlar va bahslar katta yoshli odamlarning aralashuvi natijasida adolatli hal qilinadi. Bolalar o’rtasidagi va asar qahramonlarining bir-biriga munosabati o’yin faoliyatida bosh masalaga aylanadi. Ular amalga oshiradigan xatti-harakatlar umumlashgan bo’lsa ham, o’yinning mazmuni (ona va bola, pattachi va yo’lovchi, sotuvchi va xaridor, tarbiyachi va tarbiyalanuvchi kabi) shaxslararo munosabatlarni aks ettirishga ko’chadi.
Katta maktabgacha yoshdagi bolalarning o’yin faoliyati negizida va mazmunini ular o’z zimmasiga olgan rolning mohiyatidan kelib chiqib o’yinning barcha qoidalariga rioya qilish tashkil etadi. Tengqurlar orasidagi bahs va tortishuvlar o’yin qoidalari va talablari qanchalik to’g’ri bajarilayotgani haqida bo’ladi.
O’yin mazmunining rivojlanishi bolaning kattalar hayoti va faoliyatining mohiyatiga chuqurroq kirib borishida, atrofdagi voqealarga munosabati o’zgarishida, shuningdek, o’yin mazmuni hamda syujeti ijtimoiy shart-sharoit va jamiyat a’zolari turmushining tobora to’g’ri aks ettirishida ko’rinadi. SHuning uchun bolalarda rolli o’yin qobiliyatining o’sishi o’z-o’zicha yuzaga kelmaydi, balki kattalarning, tarbiyachilarning ta’siri natijasi, atrof-muhit bilan tanishish, sayrlar uyushtirish, shaxslararo munosabatlarning mohiyatini tushunish va hokazolar natijasida amalga oshadi.
A.P.Usovaning tadqiqotida ta’kidlanishicha, rolli o’yin ishtirokchilarining safi yosh ulg’ayishiga qarab, jinsiy tafovutlarga binoan kengayib boradi: a) uch yoshli bolalar 2−3 tadan guruhga birlashib 3−5 daqiqa birga o’ynay oladilar; 2) 4−5 yoshlilar guruhi 2−5 ishtirokchidan iborat bo’lib, ularning hamkorlikdagi faoliyati 40−50 daqiqa davom etadi, o’yin davomida qatnashchilar soni ortib ham boradi; 3) 6−7 yoshli bolalarda rolli o’yinni guruh yoki jamoa bo’lib birga o’ynash istagi vujudga keladi, natijada avval rollar taqsimlanadi, o’yinning qoidalari va shartlari tushuntiriladi (o’yin davomida bolalar bir-birlarining harakatini qattiq nazorat qiladilar).
Qator ilmiy tadqiqotlarda isbotlanishicha, o’yinda tarbiyaviy ta’sir jamoasi to’g’ri uyushtirilsa, bolalar hayotida juda murakkab, nozik psixologik mexanizm paydo bo’ladi va shaxslararo munosabat boshqacharoq tus oladi. Bolalar jamoasidagi o’zaro munosabatlar, muloqotlar o’yinning mazmunini boyitadi, syujetning ko’lamini kengaytiradi, rollardagi g’oyalar barqarorlashib boradi. Guruh va jamoa bo’lib o’ynash orqali bolalarda jamoa harakati qoidalari, axloq normalari, o’zaro yordam ko’nikmalari va boshqa umuminsoniy qadriyat, ma’naviyat va ruhiyatning tarkibiy qismlari shakllanadi. SHuning uchun o’yin faoliyatida jamoa a’zolarining qoidaga muvofiq harakat qilishlari alohida ahamiyat kasb etadi, o’yin davomida rollarni bajaruvchilar o’zlarining aloqalari orqali bir-birlari bilan uzviy bog’lanishlarini, o’yinni muvaffaqiyat bilan yakunlash, oxiriga yetkazish uchun birgalikdagi harakat qanchalik zarurligini anglay boshlaydilar.
D.B.Elkonin va uning shogirdlari to’plagan ma’lumotlarga, shaxsiy kuzatishlarimizga ko’ra, bola biror rolni o’ynashni o’z zimmasiga olishining eng zarur sharti unda kattalar faoliyatining muhim xususiyat va belgilarini aniq ifodalash uquvining unda mavjud bo’lishidir. O’yin faoliyatida bola o’z xatti-harakatini real harakatlar mantiqiga moslashtiradi, o’yin talablariga to’la bo’ysundiradi. Binobarin, u mazkur jarayonda voqelikdan uzoqlashmaydi, aksincha, unga yanada yaqinlashadi, o’yindan tashqari holatda qurbi yetmaydigan mohiyat ichiga chuqur kirib boradi.
D.B.Elkonin harakatli o’yinning qoidalari mazmuni o’zaro bog’liqligidan kelib chiqib ularni besh guruhga ajratadi: 1) harakatga taqlid qilish: taqlidiy-protsessual o’yinlar; 2) muayyan syujetni dramalashtirgan o’yinlar; 3) syujeti oddiy o’yinlar; 4) syujetsiz qoidali o’yinlar; 5) aniq maqsadga qaratilgan mashqlardan iborat sport o’yinlari.
Bolani o’yinga undagan omil uning katta yoshdagi odamlarning borliq to’g’risidagi va shaxslararo munosabati haqidagi tasavvuri va ularni o’z shaxsiy faoliyatida sinab ko’rish istagidir, shuningdek, jamoa bo’lib o’ynayotgan tengqurlari bilan bevosita muloqotga kirishish ishtiyoqidir. Ontogenez psixologiyasi fanida to’plangan ma’lumotlar tahliliga asoslanib, mazkur yosh davri bo’yicha quyidagi xulosani chiqarish mumkin: 1) o’yin faoliyatida bola turli harakatlarni to’laligicha namoyish etishga, ularni bajarish usullarini ko’rsatishga ishtiyoqmand bo’ladi; 2) keyinchalik esa barcha xatti-harakatlarni umumlashtirib aks ettirishga urinadi.
Bola o’sib borgan sayin narsalar va o’yinchoqlarniig nomini o’zgartirish, yangi nom bilan atash yengillashadi. SHuningdek, faqat yangi vaziyatda jismlar nomini o’zgartirish bilan kifoyalanib qolmay, ularni yangi nomga muvofiq qo’llash imkoniyati ham vujudga keladi. O’yin faoliyatida foydalaniladigan narsalarii yangicha nomlash qator muammoli vaziyatlarni vujudga keltiradi.
O’yin faoliyatida narsalar nomini o’zgartirish o’zining psixologik mohiyati bilan murakkab holat hisoblanadi. Ayniqsa, so’z bilan predmetning o’zaro munosabatida ularga uzviy bog’liq harakatlar alohida ahamiyat kasb etadi.
YUqoridagi mulohazalar asosida aytish mumkinki, katta kishilar hayoti va faoliyatining o’rnini bosuvchi ashyolar ularning harakatini umumlashgan holda ifodalashning moddiy tayanchi hisoblanadi. SHunday ekan, o’yin faoliyatida bola harakatining rivojlanishi o’yin mazmuniga ko’proq bog’liqdir. CHunki bolaning xatti-harakati qanchalik ixcham va umumlashgan bo’lsa, u kattalarning faoliyati mazmunini aks ettirishdan shunchalik yiroqlashadi. Binobarin, u odamlarning narsalarga va bir-biriga munosabatini amalda bajarishga o’tadi va shuning uchun narsalar bilan harakat qilishda kattalarning ijtimoiy munosabatlarini to’g’ri ifodalashga intiladi.
Har qanday o’yinning va o’yin faoliyatining markazida bola katta kishilarning faoliyati va o’zaro munosabatini, muomalasini o’ziga xos tarzda aks ettirishi, takrorlashi imkoniyati turadi. SHunga ko’ra o’yin ijtimoiy ahamiyat kasb etib, bola insoniyat tomonidan asrlar davomida yaratilgan qimmatli bilimlar, amaliy ko’nikmalar, malakalar va odatlarni o’rganishiga imkon yaratadi, oqibatda uni shaxslararo muloqotning mohiyatiga olib kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |