4.8. Olti yoshlilarning psixologik xususiyatlari
Bola olti yoshga to’lganda jismoniy rivojlanishi yanada tezlashadi. Mazkur yoshda bola ko’proq bo’yiga o’sadi, natijada bo’y bilan tana o’rtasida mutanosiblik buziladi. Bola g’ayratli, serharakat bo’la boshlaydi. Uning muomolasi, xatti-harakatlari tobora murakkablashib boradi. Samokat, velosiped uchishga juda mohir bo’ladi. Har narsaga qiziqish doirasi kengayadi olam va odam haqida kishini ba’zan hayratga soladigan murakkab savollarni ko’plab beradigan bo’ladi. Mustaqil harakat qilish istagi ko’payadi. Olti yoshli bolalar bolg’a, kurakcha, qaychi, pichoq singari mehnat qurollaridan bemalol foydalana oladilar. SHuningdek, ular rasm solishda oddiy qalam va mo’yqalamdan, bo’yoqlardan foydalanish uquviga ega bo’ladilar. Kattalar ishonchini qozonishga harakat qiladilar, ularning oldida javobgarlik hissini sezadilar. Ana shular evaziga topshiriqni o’z vaqtida va ko’ngildagidek bajarishga ishtiyoqli bo’ladilar.
Olti yoshli bolalarda nutq ham juda tez rivojlanadi. Ularning nutq boyligi 2500 taga yaqin so’zdan iborat bo’ladi. SHu sababdan ular gap tuzish, suhbat ko’rishni uddasidan chiqadilar. Til qoidalarini bilmasalarda, amalda ularni to’g’ri qo’llaydilar. Kattalarning gaplariga, suhbatlariga quloq soladilar. Kattalar bilan muloqotga kirishlari orqali ulardan nutqni o’qib olish qobiliyati tug’iladi. Kattalar nutqni o’qib olish ularda so’z boyligining ortib borishida muhim ahamiyatga ega.
Olti yoshlilarning ruhiy dunyosi o’sib borishda, takomillashuvida turli xildagi o’yinlar alohida rol o’ynaydi. Bolalarning yoshi ulg’aygan sari ular o’yinining mazmuni murakkablashib, turlari ham ortib boradi, o’ynash vaqti ham cho’ziladi. Ular o’zlarining syujetli o’yinlarida turmushdagi voqealarni namoyish qilishga urinadilar. Guruh bo’lib o’ynashda o’zaro bir-birlarini tushuna oladilar, o’yin shartiga tez moslashadilar.
Mazkur yoshdagi bolalarda atrofdagi narsa va hodisalarga qiziquvchanlik bilan idrok qilishi ortib, tabiat va turmush voqealarini kuzatishi rivojlanadi. Bu yoshdagi bolalar mayda-chuyda narsalargacha sinchkovlik bilan kuzatadilar. Kuzatuvchanlik qobiliyatining o’sib borishi bolalarda narsa va hodisalarni ixtiyoriy esda olib qolish faoliyatini takomillashtiradi. SHuning uchun ham bu yoshda bola o’rgangan hikoya, yodlagan she’rlarini butun vujudi bilan aytib berishga intiladi. Hap bir narsaning mantiqiy tomonini anglab olishga harakat qiladi. Katta yoshdagilarga qaraganda olti yoshli bolada u yoki bu narsani eslab qolish, esga tushirish, tanish xislati yuqori bo’ladi.
Olti yoshlilarda tasavvur doirasining kengayishi xayolning o’sishiga olib keladi. Xayol tasavvurlarining o’sganligi bolalarning rasm solishida, plastilin va loydan o’yinchoqlar yasashlarida, harakatli na syujetli o’yinlarida ko’zga tashlanadi. Bola xayolan turli qiyofaga kirishi mumkin. SHuningdek, bu yoshdagi bolalarda kattalarning xatti-harakatlariga aynan taqlid qilishga urinish kuchli bo’ladi. Ular o’yinlar orqali turli kasb egalarining xususiyatlarini o’zlarida mujassamlashtirishga harakat qiladilar. O’z xayollarida vrach bo’lib, bemorlar dardini davolash, o’qituvchi sifatida insonga bilim berish, ziyo tarqatish, kosmonavt bo’lib fazoga parvoz qilib, koinot sirlarini ochish, shofyor bo’lib kishilar manzilini yaqin qilish, o’quvchi bo’lib, ko’k yuzini quchish istaklarining tug’yon urishi bunga yaqqol misol bo’la oladi.
SHuni aytish kerakki, bolalarning turli o’yinlarida yoki chizgan rasmlarida biror elementning yoki chiziqning xayoliy obrazlari kengayib boradi, ayrim alomatlar fantaziya tariqasida ma’lum syujetni keltirib chiqaradi. SHuning uchun kattalar bolalarga "quyonning rasmini chiz", "kubiklardan uy yasa", "cho’plardan shakllar bunyod qil","ertaklar asosida rasmlar chizgin" deb ularni turli mashg’ulotlarga jalb qilishlari lozim. SHuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, bolalar chizgan rasmlari yoki yasagan o’yinchoqlarini ko’pincha mavhum allaqanday jonivorlarga yoki predmetlarga qiyoslaydilar. Ko’pincha ular chizgan narsa o’zlari qiyoslangan yoki "men falon narsani chizdim" deb isbotlashga harakat qilayotgan narsadan ancha yiroq bo’lishi mumkin. Lekin bola o’z so’zida turib oladi. SHu daqiqalarda uning tajribasizligini nazarga olish bilan birga bolada fantaziya ham ishlayotganini unutmaslik kerak. Bunday hollarda kattalar kichkintoylarga e’tiborliroq bo’lganlari, yordam berganlari, tushuntirishlari, lozim bo’lsa ko’nglini ko’targanlari ma’qul. By bolaning mushohada etish, odam va atrof-muhitni o’z qalb ko’zi bilan ko’rishida zada qilib qo’ymaydi, aksincha ilhomlantiradi. SHuningdek, bu yoshda bolalar uzoq ellar to’g’risida, moviy dengiz, poyonsiz o’rmonlar haqida, u yerdagi ajoyibotlar to’g’risida ertaklar, yodgorliklar, urush qahramonlari, qahramon dengizchilar, qutb tadqiqodchilari, tabiatni o’zlashtirish yuzasidan hikoyalar eshitishni yaxshi ko’radilar. Ertak va hikoyalar eshitish jarayonida bolalar shirin xayol og’ushiga toladilar, orzular quchog’iga cho’madilar, o’sha qahramonlar o’rnida o’zlarini qo’yib ko’radilar. Goh sexrgar chol Ibn Xattob, goh Gulliver bo’lgilari keladi, "uchar gilamlar"da sayohat qilishni xayol qiladilar. Bolalarga ertak aytayotganda eng muhimi, kerakli o’rinlarda: "Mana, buni qara", "Falon narsaga qulok sol", "Bu joyni ko’zdan kechir", "Endi sen javob ber" deb ularni mustaqil fikr yuritishga o’rgatib borish zarur. Bolalar amalga oshirishi lozim bo’lgan kelajak ishlari, rejalari to’g’risida ham ijodiy xayol suradilar. Osmonga uzoq sayyoralarga xayolan parvoz qiladilar "bir zumda" har qanday manzilga olib boradigan texnika haqida o’ylaydilar. Bularning barchasi bolalarning bilim doirasini kengaytiradi, texnik qobiliyatini o’stiradi, uning mantiqiy fikr yuritingini mustahkamlaydi, aqlni peshlash mashqlari rolini bajaradi. SHuning uchun ota-onalar, o’qituvchilar bolalarning xayoliy parvozlariga alohida e’tibor berishlari lozim. Eng muhimi, har bir o’qituvchi, ota-ona bolaning qobiliyatini nimalarga qiziqishini, fikrlashini yaxshi bilib olishlari zarur. Bolaning har bir narsa va hodisaga qiziquvchanlik bilan qarashi, uning mulohaza yuritishini, ya’ni tafakkurini rivojlantiradi. Zero, olamdagi narsa va hodisalar to’g’risida fikr yuritish ruhiy dunyomizning murakkab jarayonlaridan biri hisoblanadi. Tafakkur orqali bola tevarak-atrofdagi borliq o’rtasida mavjud muhim bog’lanishlar ichki qonuniyatlar va munosabatlarni ongida aks ettiradi. Fikr yuritish faqat so’z vositasi bilan vujudga keladi. Bola narsalarning tashqi ko’rinishi bilan qiziqibgina qolmasdan, balki ularning ichki xossa va xususiyatlari bilan tanishishga ham oshiqadi, hamma narsani bilishga qiziqadi. SHu sababdan ularda "Bu nima?", "Nega bunaqa?", "Qayerdan kelgan?", "Nega kerak?", "Kim yasagan?", "Nima uchun yuradi?", "Qanday qilib uchadi?","Nega biz uchmaymiz?", "Odam nima uchun kuladi?" kabi savollar tug’iladi. Bunday savollarning vujudga kelishi bolaning olam va odam haqida fikr yuritish jarayonining tobora rivojlanib borayotganligidan dalolat beradi. SHu narsani unutmaslik kerakki, bolaning bergan savollariga o’qituvchilar ota-onalar va tarbiyachilar e’tiborsiz bo’lmay, o’z vaqtida va imkon qadar to’liq hamda asosli javob berishlari zarur. Beparvolik hamisha bolaga salbiy ta’sir qiladi. Agar bola mazkur savollarga o’rinli javob olmasa, kattalar ularga yetarli ahamiyat bermasalar, u holda bolaning qiziquvchanligi, intiluvchanligi, faolligi asta-sekin so’na boradi. SHuning uchun kattalar iloji boricha, uning talab va ehtiyojini qondirishi maqsadga muvofiqdir.
"Qanday paytda bolalar fikr yuritadilar?" degan savol tug’ilishi tabiiy. Biron-bir narsaga tushuna olmagan taqdirda yoki narsa va hodisalar taajjublantirsa, hayratga solsa, u holda bolalar fikr yurita boshlaydilar. Ko’pincha o’qituvchilar, tarbiyachilar, ota-onalar bola me’yoridan ortiqroq savol bersa, dunyo ajoyibotlarini bilishga qiziqsa: "Ko’p mahmadonalik qilma", "Ko’p qaqajon bo’lma", "Bunday gaplarni senga kim o’rgatdi?", "Nega kerak bo’lib qoldi?", deya urishib, tanbeh beradilar. Bu uning ruhiy dunyosiga ta’sir qilmay qolmaydi, albatta.
SHuningdek, olti yoshli bolada ixtiyoriy diqqat o’sib boradi. SHuning uchun o’ziga yangi, notanish bo’lgan bilimlar axborotlardan iborat bo’lgan mashg’ulotlarga diqqat-e’tibor qilib o’tiradi. Kattalarning xatti-harakatlarini, ular bajarayotgan ishni boshqarish imkoniyatiga ega bo’ladi. Uning o’z maqsadi sari intilishi, mustaqilligi, jasoratliligi bolaning iroda kuchidan kechinmalar rivojlangan bo’ladi. Ayni paytda bolaning yaxshi yoki yomon xatti-harakatlarning sezishi, go’zallikning idrok qilishi katta odamlarnikidan sifat va maqsad jihatdan farq qiladi. Ayniqsa, uning aqliy hislari mazmunan sayoz, davomiylik jihatdan beqarordir.
Olti yoshlilarda irodaviy xislatlarning o’sib borishi bola shaxsi shakllanishi, tarkib topishi jarayonida unda ijtimoiy-axloqiy qoidalari o’zlashtirib boriladi. Axloq qoidalari va maqomlarining bola tomonidan o’zlashtirib borilishi natijasida unda xarakter xislatlari shakllana boshlaydi.
Olti yoshlilarning tarbiyasi oddiy o’quv va mehnat ko’nikmalari, malakalari, ixtiyoriy diqqat idrok va tajriba, mantiqiy esda qolish fikr yuritish, so’z boyligi, iroda sifatlari, yuksak insoniy xislatlar qamrab oladi. Boladagi mazkur ruhiy jarayonlar, shaxs sifatlari, maxsus tashkil qilingan o’yinlar, ta’limiy mashg’ulotlar asosidagina bir tekis rivojlanishi mumkin. Bu narsa o’qituvchilar, tarbiyachilar va ota-onalar olti yoshli bola ustidan qat’iy nazorat qilishni va o’z vaqtida unga yordam berib turishni taqozo etadi. Buning uchun barcha olti yoshlilarning psixologik xususiyatlarini to’la o’rganishlari zarur.
Faol, muloqotga tez kirishuvchi, har narsani bilishga qiziquvchi bola maktab ta’limiga mustahkam poydevor bilan kirib boradi. Tajribalardan shu narsa ma’lumki, ko’pincha tortinchoq tabiatli bola savol berishdan o’zini olib qochadi. SHuning uchun bunday xarakterli bolani o’qituvchi, tarbiyachi, ota-onalar ko’proq har xil sohaga taalluqli mashg’ulotlarga tortishlari, turli joylarga sayohatlarga olib chiqishi bola faolligini oshiradi. Natijada bunday toifadagi bola mustaqil savol berish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Bolalarning turmush tajribalari kengayishi ma’qul qolipdagi narsa va hodisalarning ichki bog’lanishlari, goho taraqqiyot sabablarini tushunishga olib keladi, ularning fikr yuritish doirasi o’sadi, tartibli bilim olishga to’g’ri tayyorlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |