Eng xavflisi bu axborot xurujidir
Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya vositalarining yuqori suratlarda rivojlanishi, jamiyat va davlat hayotida keskin ijobiy oʻzgarishlarning yuz berishiga sabab boʻlib insoniyat taraqqiyotini yangi bosqichlarga olib chiqdi.
Insoniyat axborot texnologiyalari yordamida maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash va uzatish bilan chegaralanmay, jamiyatda iqtisodiy, siyosiy, xarbiy va boshqa sohalarni boshqarish, ularga taʼsir etish va istiqbolini belgilash imkoniyatiga ham ega boʻlib bormoqda.
Bu jarayonlar negizida davlatlararo hamkorlik yangi bosqichga kiritib, oʻzaro munosabatlarning bir-biriga nisbatan bogʻliq holatlarni kuchaytirmoqda. Shu bois, axborot davlatning milliy boyligi, xalqaro maydonda esa strategik resursga aylangan. Ammo, zamonaviy axborot texnologiyalari jamiyat hayotida koʻplab qulaylik va imkoniyatlar yaratishi bilan birga, ayrim muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Aksariyat hollarda ushbu muammolar axborot kommunikatsiya vositalaridan va ularning imkoniyatlaridan gʻarazli maqsadlarda foydalanish oqibatida yuzaga chiqmokda. Bu esa axborot xurujlariga qarshi kurashning zarur yoʻnalishlarini ishlab chiqish, axborot xavfsizligini taʼminlashning yagona tizimini yaratish, atrofimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlarni har taraflama chuqur tahlil qilish va axborot sohasida ilmiy izlanishlar olib borish vazifasini qoʻyadi.
Oʻzbekiston Rspublikasida xavfsizlikni taʼminlashning ustuvor vazifalaridan biri axborot xujjatlarining ortishi sharoitida jahon axborot tizimiga integratsiyalashish, axborotni erkin olishning kafolatini yaratish va axborot tahdidlariga qarshi kurashishning samarali tizimini ishlab chiqishdir. Har bir davlatning axborot makoni shaxs, jamiyat va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda, ularga tegishli boʻlgan axborotni oʻzgartirish, ruxsatsiz tarqatish, maʼnaviy va ruhiy borligʻiga taʼsir koʻrsatish, konstituttsiyaviy tuzumga qarshi boʻlgan gʻoyalardan millatlararo va diniy konfessional, kuch ishlatish va boshqa koʻrinishdagi harakatlardan qonuniy ravishda himoyalangan.
Axborot xavsizligi milliy xavfsizlikning ajralmas qismi sifatida tarmoqlararo hususiyatga ega, yaʼni siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, harbiy, madaniy sohalarda ham axborot xavfsizligini taʼminlanganligi ushbu yoʻnalishlarning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Bizga maʼlumki, globallashuv davrida voqelik hech nima, aloqa esa hamma narsadan ustun. Tsivilizatsiyalarning taqlidi esa axborot yetkazib berish tezligiga bogʻliq hisoblanadi. Oʻz vaqtida axborotga va uni yetkazib berish, tarqatish texnologiyasiga ega boʻlgan davlat eng qudratlidir. Ayrim nazariyalarga koʻra davlatning qudrati moddiy boyliklar bilan emas, balki oʻzga davlatlar axborot hududi (oʻz hududining himoya qilinganligi) va fuqarolarning ongini egallaganligi bilan farqlanib turadi.
«Axborot urushi” atamasi ilk bor 1967 yil tilga olingan boʻlib, bu iboraning muallifi sobiq sovet Ittifoqiga qarshi boshlagan axborot urushining asoschilaridan biri Allen Dallesdir. Axborot urushi nazariyasining asoschilaridan yana biri Uinn Shvartou fikricha: «Zamonaviy jamiyat axborotga asoslanganligi sababli, ertami, kechmi, har kim axborot hurujining qurboniga aylanadi”,-deb taʼkidlaydi. Uinn Shvartou axborot urushini olib borishda barcha xatti-harakatlarning uchta subʼektga qaratilganligini taʼkidlaydi: shaxsga (individual holatda), tashkiliy tuzilmaga (tashkilot-muassasaga qaratilgan) va global koʻrinishda (davlatlar oʻrtasidagi ziddiyatga qaratilgan).
«Axborot xuruji” iborasi birinchi marta 1976 yil Tomas Ronning «Boeing” kompaniyasi uchun moʻljallangan «qurollar tuzumi va axborot urushi”
nomli hisobotida qayd etilgan. Tomas Ron AQSh iqtisodiyotida infratuzilma asosiy komponent boʻlib, keyinchalik uning harbiy, siyosiy sohalar kabi zaif nuqta boʻlib qolishini taʼkidlaydi. Axborot xurujining muhim jihati esa «qarshi davlatning-korxonalari rahbarlariga, aʼzolariga psixologik bosim oʻtkazib, ularni «kerakli” qarorlarni qabul qilishga majbur qila bilishdir” deydi.
Shunga koʻra «axborot xuruji” nima, degan savolga javob berish mumkin. Axborot xuruji bu raqib sanalgan shaxsga, jamiyatga va davlatga siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda qabul qilingan qarorlarga taʼsir koʻrsatish, ijtimoiy faktlar va jamoatchilik ongini oʻziga kerakli yoʻnalishda shakllantirishga urinishdir.
Axborot xurujlarining amalga oshirishda raqiblar asosan quyidagi usullardan foydalanadi:
— dezinformatsiya (yolgʻon axborot tarqatish) — psixologik taʼsir koʻrsatishning bir koʻrinishi boʻlib, raqib tarafni chalgʻitish maqsadida yolgʻon axborot tarqatiladi. Bunda haqiqiy axborot bilan yolgʻon axborot aralash koʻrinishida boʻladi;
— manipulyatsiya (omma ongini boshqarish) — omma ongini turli gʻoyalar, koʻrsatmalar, motivlar, stereotiplar, taqlid orqali subʼekt manfaatlariga moslashtirish. Voqelikni notoʻgʻri idrok qilish orqali soxta, yolgʻon tushuncha yoki tasavvur hosil qilinadi;
— targʻibot — omma ongida OAV yordamida maʼlum gʻoyalarni tarqatish va ommalashtirish;
— inqirozli holatlarni boshqarish — asosan iqtisodiy va siyosiy sohalarga qaratilgan boʻlib, maʼlum guruh yoki davlat qiziqishlarini koʻzlaydi. Avvaldan tanlab olingan shaxslarga yashirin koʻrinishida taʼsir koʻrsatiladi;
— igʻvogarlik — maʼlum guruhlar va shaxslar tomonidan davlatning konstitutsion tuzumiga yoki qonuniy asoslariga qarshi harakatlarni amalga oshirish;
— tuxmat (boʻhton) — biror obʼektni obroʻsizlantirish, shaʼnini bulgʻash maqsadida yolgʻon maʼlumotlarni tarqatish;
— diskreditatsiya (obroʻsizlantirish) — omma orasida davlat raxbarlari, jamoat tashkilotlari, ayrim shaxslar obroʻsini, siyosiy yechimlar, tadbirlar ahamiyatini tushuntirish va ularga salbiy taʼsir koʻrsatish;
— omma diqqatini jalb etish — biror voqea, hodisa, ish yuzasidan huquqiy maʼlumot panada qoldiriladi, shov-shuvga sabab boʻladigan tadbirlar amalga oshiriladi;
— mish-mish gaplarni tarqatish — mavjud boʻlmagan maʼlumotlarni tarqatish. Asosan davlat va jamiyadagi boʻshliq joylarga asosiy zarba beriladi hamda siyosiy va maʼnaviy yetuk boʻlmagan shaxslar obʼekt sifatida tanlab olinadi;
— fitna — maxsus axborot harakati boʻlib raqib muvaffaqiyatsizlikka (magʻlub boʻlish) olib boruvchi variantni tanlashga majburlanadi.
Demak, yuqorida keltirilgan usullar maʼlum amallar ketma-ketligidan iborat boʻlib, ularni amalga oshirishdan axborot xurujining obʼekti va subʼekti, kuch va vositalar, resurslar va vaqt omilini aniqlab olish muhim ahamiyat kasb etadi. Yuqori darajada axborot xurujidan koʻzlangan asosiy maqsad — raqib davlat axborot maydonini egallab olish, xalqaro maydonda davlat imidjini tushurish, jamiyat hayotini beqarorlashtirish, shaxsni obroʻsizlantirishga qaratilgan axborotlarni tarqatish kabilardir. Hozirgi bosqichda maqsadga erishish uchun asosiy vositalar sifatida OAV va axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalaniladi.
Hozirgi kunda biror davlatda axborot xurujlarini amalga oshirish usullariga qarshi yagona bir kompleks tadbirlar ketma-ketligi ishlab chiqilmagan. Bunga sabab qilib axborot-kommunikatsion texnologiyalarining juda tez surʼatlarda rivojlanib borayotganligi, tezkorligi, turlichaligi, chegara bilmasligi, millat tanlamasligi, yashirinligi (qanday va qay koʻrinishda yakunlanishining nomaʼlumligi) kabilarni keltirish mumkin.
Maʼlumki bugungi kunda axborot-kommunikatsion texnologiyalaridan jamiyat sohalarining barcha jabhalarida foydalanishning kengayib borilayotganligi axborotga boʻlgan ehtiyojning ortib borishi hamda axborot xurujlarining kuchayib borishi va ularning yopiq xarakterga ega ekanligini inobatga olib, u bizdan axborotga boʻlgan taqchillikning oldini olish (milliy axborot makonini rivojlantirish), sodir boʻlgan voqelikka toʻgʻri va xolis baho berish (amalga oshirilayotgan axborot hujumlarini tahlil qilish va bashoratlar berish), turli yot gʻoyalarga (qoʻporuvchilik ruhidagi) qarshi kurashish va bu sohada yetuk mutaxassislarni tayyorlashni talab qiladi.
Har bir axborotni qabul qilayotgan shaxslar uni haqiqat yoki yolgʻon ekanligini dastlabki oʻqishda ajratish darjasiga yetkazish talab qilinadi. Ushbu omillar shakllanganda turli destruktiv kuchlar tomonidan amalga oshirilayotgan targʻibot va qoʻporuvchilik harakatlariga barham berishimiz mumkin.
Eshtemir ISMATOV,
viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosari
Do'stlaringiz bilan baham: |