Maurya, Kushonlar va Guptalar davrida Hindiston
1. Maurya davlatining tashkil topishi va kuchayishi. Miloddan avvalgi 325-yilda Iskandar Hind vohasida uncha katta bo`lmagan qo`shin qoldirib, Hindistonni tark etdi. Iskandar ketgach, ko`p o`tmay, hind qabilalari yunon-makedon asoratiga qarshi ozodlik urushini boshlab yubordilar. Bu harakatga mashhur hind sarkardasi Chandragupta boshchilik qiladi. Miloddan avvalgi 317-yili yunon-makedon qo`shinlari Hind vohasidan butunlay quvib chiqariladi.
Rivoyatlarga qaraganda Chandragupta aslzodalardan bolmay, eng past shudra yoki kshatriyalardan kelib chiqqan ekan. U yoshligida Nand sulolasi podsholariga xizmat qilgan ekan. U podsho bilan chiqisha olmay Panjobga, Iskandar huzuriga kelib unga xizmat qilgan. Chandragupta lskandarni Nandlar shohi ustiga qo`shin tortishga undagan.
Yunon-makedonlar Panjobdan quvilgach, Chandragupta katta qo`shin bilan Magadxaga qaytib, Nand shohi qo`shinlarini yengib, taxtni egallaydi. U Maurya podsholigiga asos solib, miloddan avvalgi 317–298-yillarda hokimiyatni boshqaradi. Chandragupta Patalaputra shahrini davlat poytaxtiga aylantiradi. U butun Shimoliy Hindistonni birlashtirib Maurya saltanatini kuchaytiradi. Miloddan avvalgi 305-yili Chandragupta bilan Salavka qo`shinlari o`rtasida qattiq jang bo`lib, salavkiylar qo`shini mag`lubiyatga uchraydi. Chandragupta bilan Salavka o`rtasida sulh tuzilib, Sharqiy Eron va Belujiston Maurya davlati tarkibiga qo`shib olinadi. Chandragupta Salavkaga 500 jangovar fil in`om qiladi va uning qiziga uylanadi.
Chandraguptaning vorislari Bindusara (miloddan avvalgi 293– 268-yillar) va Ashoka (miloddan avvalgi 268–231-yillar) davrlarida Maurya davlatining chegaralari kengayib, qudratli davlatga aylanadi. Ashoka davlatni boshqarish, din, madaniyat va xo`jalik sohalarida islohotlar o`tkazadi. Ashoka davrida Maurya davlati o`z kuch-qudratining cho`qqisiga ko`tariladi.
2. Maurya davlatining qulashi va Hindistonning mayda dav-latlarga bo`linib ketishi. Ashoka vafotidan so`ng mamlakatda toj-taxt uchun sulolaviy janglar ayj oladi. Shimoli-g`arbdan Panjobga Yunon-Baqtriya qo`shinlari bostirib kiradilar. Miloddan avvalgi 180-yilda Maurya sulolasining so`nggi podshosi taxtdan ag`darib tashlanadi va o`ldiriladi. Shu yili taxtni shunglar sulolasiga mansub kishilar egallaydilar. Bu davrda Maurya davlatining chegaralari Gang vohasi bilan kifoyalangan edi. Shunglar davlati uzoq yillar davomida Yunon-Baqtriya va mayda Hind davlatchalari bilan urushlar olib borganlar. Shu davrda Panjobda Yunon-Hind podsholigi tashkil topgan.
Shu davrlarda Panjobga yunon, sak va parfiya qo`shinlari tez-tez hujumlar qilib turishgan. Shunglar sulolasi mamlakatni miloddan avvalgi 180-yil bilan 68-yillar orasida boshqarganlar. Miloddan avvalgi 68-yili Magadxada navbatdagi davlat to`ntarishi bo`lib, taxtni Kanva sulolasiga mansub kishilar egallaydilar. Ular Magadxa qo`l ostidagi mamlakatni 45 yil boshqaradilar. O`zaro urush-janjallar tufayli bu davlat ham yemiriladi. Hindiston yana mayda davlatlarga bo`linib ketadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |