Bog'liq Energiya tejamkor qurilmalar ishini nazorat qiluvchi o’lchov axborot tizimini ishlab chiqish
Joriy vaziyat Bugunga kelib elektr energiya xaridi bo‘yicha jami 17 bitim imzolangan, bu esa energetika sohasi uchun raqobat muhitini yaratish borasida muhim bosqichdir. Energiyani mustaqil ishlab chiqaruvchilar qatorida Total Eren SA (Fransiya), Abu Dhabi Future Energy Company – Masdar (BAA), Aksa Enerji Üretim A.Ş. (Turkiya), ACWA Power (Saudiya Arabistoni) kabi kompaniyalar mavjud.
O‘zbekistonda qulay investitsiya iqlimi yaratilgani sharofati ila hukumat kafolati ostida kreditlar jalb etishga zarurat qolmadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yana-da rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Energetika vazirligi huzurida Loyiha ofisi tashkil qilingan bo‘lib, u xalqaro moliya tashkilotlari bilan ham ish yuritadi. Turli mamlakatlarning energetika sohalarini isloh qilish asnosida katta tajriba to‘plagan xalqaro ekspertlar jalb etilgan.
Ekspertlar tomonidan elektr energiyasining ulgurji raqobatdosh bozoriga izchil o‘tish nazarda tutilgan konsepsiya ishlab chiqilgan. Bunda uch bosqich 2021–2025 yillar davrida bosib o‘tiladi. Birinchi bosqichda elektr energiya korxonalarini erkinlashtirish va ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotishni ixtiyor etgan xususiy (mustaqil) ishlab chiqaruvchilar tomonidan litsenziyalar olish ko‘zda tutilgan. Ikkinchi bosqich davomida elektr energiyasini taqsimlash tizimining yagona operatori yaratiladi, elektr energiyani isteʼmolchilarga sotishga oid vazifalar esa asta-sekin yetkazib beruvchilarga o‘tkaziladi. Isteʼmolchilar elektr energiyani savdo onlayn-platformasi yoxud istalgan yetkazib beruvchi orqali xarid qilish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Uchinchi bosqich – “Kun ichi (soatbay) savdolar”. Unga binoan, rejali asosda savdo maydonchasida soatbay ishlab chiqarilgan va isteʼmol qilingan elektr energiyaning ortiqcha yoki tanqis hajmlarining onlayn oldi-sotdisi amalga oshiriladi.
Soha meʼyoriy-huquqiy negizini takomillashtirishga doir ishlar davom ettiriladi. Xususan, quyidagi loyihalar: O‘zbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonuni (bu borada Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda ishlar olib borildi), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energetikasi sohasini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Magistral elektr tarmoqlari kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ekspertizasi bo‘yicha ishlar faol kechmoqda.