Changlar kattaligi, ya`ni dispersligiga qarab 3 guruhga bo`linadi:
- kattaligi 10 mikrondan katta bo`lgan changlar;
- kattaligi 10 mikronda 0,25 mikrongacha bo`lgan changlar. Bu changlarni mayda changlar yoki mikroskopik changlar deb yuritiladi.
- kattaligi 0,25 mikrondan kichik bo`lgan changlar. Bu changlar ultramikroskopik changlar deb yuritilib, ular erga qo`nmay havoda uchib yuradi.
Ishlab chiqarish changining inson salomatligiga zararli ta`siri katta. Changning asosiy ta`siri, eng avvalo, nafas olganda yuzaga keladi. Bunday havo bilan nafas olish, asosan, nafas organlarini zararlantiradi: ya`ni bronxit, pnevmokonioz yoki umumiy allergik reaktsiyalar rivojlanishiga sabab bo`ladi. Changning o`pka yo`liga kirishi pnevmoniya, sil, o`pka rakining kelib chiqishiga sharoit yaratishi mumkin.
Kattaligi 4-5 mk bo`lgan changlar juda xavfli hisoblanadi. Yirik zarrachalar nafas olganda burun bo`shlig`ida ushlanib qoladi. Mayda zarrachalar esa o`pkaga o`tgach, changli «pnevmokonioz» kasalliklarini vujudga keltiradi. Kremniy oksidi changi ta`siridan «silikoz», ko`mir changidan «antrakoz», alyuminiy oksidi changi ta`siridan «alyuminoz», silikatlar ta`siridan «silikatoz» kabi kasallik turlari yuzaga keladi. Changning odam organizmiga ta`siri uning havodagi miqdoriga, kattaligiga va maydaligiga, elektrlanishiga bog`liq.
Chang zarralarining shakli sferik, yassi va boshqa ko`rinishda bo`ladi. Aerozollar hosil bo`lishida chang zarralari kondensatsiyasining ko`p qismi yumaloq shaklga ega bo`ladi. Zarrachalarning shakli aerozolning turg`unligiga va organizmdagi holatiga ta`sir etadi. Chetlari o`tkir qirrali chang zarralari o`pka to`qimalarini jarohatlaydi. Shisha–tola, asbest kabi chang turlari yuqori nafas yo`llarining hujayralarini mikrojarohatlashi, ko`zning shilliq qavatiga va teriga ta`sir ko`rsatishi ham mumkin.
Mehnat Kodeksiga asosan, ishchilar ishga kirishdan oldin tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi. O`pka sili, yuqori nafas yo`llari va bronxlar kasalligi, yurak-tomir xastaliklari yoki boshqa kasalliklar bilan og`rigan kishilar changli ishga qabul qilinmaydi. Xavfsiz va sog`lom mehnat sharoiti bilan ta`minlash uchun ishlab chiqarish zonalarida havo muhitining chang miqdori yo`l qo`yilishi mumkin bo`lgan miqdordan ortmasligi kerak. Changning hosil bo`lishi va tarqalishiga qarshi kurashda texnologik jarayonlarni avtomatik usullarga o`tkazilishi, shuningdek, jihozlarning zichligini oshirib, ma`lum masofadan turib boshqarish tizimlariga o`tish muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |