Eksperimentlarni o’tkazish shart-sharoitlari va bosqichlari
Reja:
1. O’zgaruvchilar: mustaqil, tobe, idora qilsa bo’ladigan, tasodifiy.
2. Randomizatsiya. Aralashuvchi omillar.
3. Ichki validlikka xavf soluvchi omillar: fon, etilish, saralash, o’lim, testlash, statistik regressiya tushunchalari
1. O’zgaruvchilar: mustaqil, tobe, idora qilsa bo’ladigan, tasodifiy.
Har qanday eksperiment jarayonida o’zgaruvchi ko’rsatkichlar eksperiment natijalariga o’z ta`sirini o’tkazadi. Biz ushbu bobda aynan eksperiment o’tkazish shart-sharoitlari, umuman eksperiment jarayonida o’z ta`sriga ega bo’lgan o’zgaruvchilar xususida to’xtalib o’tamiz.
Eksperiment jarayoniga ta`sir etuvchi muhim ko’rsatkichlar
Tobe o’zgaruvchilar
Mustaqil o’zgaruvchilar
Idora qilsa bo’ladigan o’zgaruvchilar
Aralashuvchi o’zgaruvchilar
Tasodifiy o’zgaruvchilar
Eksperiment jarayoniga katta, intensiv ta`sir o’tkazadigan ko’rsatkichlarga mustaqil o’zgaruvchilar deb ataladi. Ushbu o’zgaruvchining muhim tomoni shundaki, bu ko’rsatkich ishtirokchilarning xulq-atvoriga bog`liq bo’lmaydi. Eksperementatorning o’zi mustaqil o’zgaruvchilarni boshqaradi va ikki va undan ortiq darajalarini belgilab beradi, ishtirokchilar esa bu jarayonni o’zgartira olmaydilar. Masalan, tasavvur qiling biz sinaluvchining muayyan intensiv chiroq yorug`ligi ko’rinishidagi signalga javob tarzda tugmachani bosishi uchun ketgan vaqtni aniqlashga urinyapmiz. Eksperiment davomida chiroq yorug`ligining intensivligini mustaqil o’zgaruvchi deb qabul qilsak, uning ikki darajasini: past va yuqori darajalarini ko’rsatishimiz mumkin va aynan shu o’zgaruvchi ta`sirida xulq-atvordagi boshqa o’zgarishlarni kuzatishimiz mumkin. Ikkitadan kam miqdordagi o’zgaruvchilar bilan eksperiment o’tkazish mumkin emas, biroq eksperimentatorning tashabbusi bilan bir qancha o’zgaruvchilar darajasini tanlash va ulardan faqat bittasini muhim sifatida ajratib olish mumkin.
Eksperimentator tomonidan mustaqil o’zgaruvchi tanlab olingandan so’ng ushbu manipulyativ o’zgaruvchiga nisbatan ishtirokchilarning javob reaksiya sini aniqlab olish ham muhimdir. Biz tomonimizdan o’rganish uchun tanlab olingan xulq-atvor ko’rsatkichi tobe o’zgaruvchi deb nomlanib, u ishtirokchilarning xatti-harakatlariga bog`liq bo’ladi. Masalan, yuqoridagi misolga ko’ra, chiroq yorug`ligi intensivligi va reaksiya vaqti orasida qanday bog`liqlik borligini aniqlash lozim. Bu erda signaldan so’ng tugmachani bosishga sarflangan vaqt oralig`i tobe o’zgaruvchini tashkil etadi. Ba`zida kutilayotgan bog`liqlik xarakteriga ko’ra ilmiy farazlarni shakllantirish maqsadga muvofiq bo’ladi. Bizning ushbu tajribamizning ilmiy farazini quyidagicha shakllantirish mumkin: chiroq yorug`ligini intensivligi javob reaksiyalarini tezligini ta`minlashi mumkin. Eksperiment natijasi esa ushbu ilmiy farazni tasdiqlab, uning ilmiy ahamiyatini yoritib beradi yoki aksincha, ilmiy faraz o’z tasdig`ini topmay yana boshqa ilmiy izlanishlarga xizmat qilishi mumkin.
Ba`zi hollarda ilmiy farazlar noaniq va mujmal ko’rinishga ega bo’lib, shunchaki, mustaqil o’zgaruvchilar ta`sirida xulq-atvor qanday o’zgarishi mumkinligiga javob berish holatiga o’xshab qoladi. Bunday vaziyatda ilmiy faraz qandaydir savolga javobga o’xshab qoladi. Ilmiy ahamiyatga ega bo’lgan ilmiy muammolarning echimiga qaratilgan savollargina ilmiy farazga aylanishi va amaliy qiymatga ega bo’lishi mumkin. Masalan, agar tadqiqotchi tig`iz vaqt agressivlikni keltirib chiqaruvchi omil bo’la olishi mumkin yoki mumkin emasligini aniqlashga urinsa va buni ilmiy jihatdan asoslab bera olsagina qo’yilgan muammo ilmiy farazga aylanishi mumkin.
Hozirga qadar biz eksperimentni manipulyatsiya, ya`ni boshqaradigan bittagina ko’rsatkich – mustaqil o’zgaruvchinigina ko’rib chiqdik. Biroq, eksperiment jarayoniga ta`sir etadigan boshqa shart-sharoitlarni ham hisobga olish kerak. Muhimi shundaki, eksperiment jarayoniga ta`sir etadigan sharoitlarni shunday yo’llar bilan nazorat qila olish kerakki, natijada ular idora qilsa bo’ladigan o’zgaruvchilarga aylanadi. Biz qachon o’zgaruvchilarni idora qila olamiz, qachonki, ularni o’rnatilgan darajasidan o’zgarmay qolishini nazorat qilsakkina bunga erishamiz. Biz Yuqorida keltirgan misolga ko’ra, tajriba vaqti davomida binodagi yorug`likni o’zgarmasligi, ishtirokchilar orasida chapaqaylarning bo’lmasligi, xona haroratining bir xilligi va boshqalarni idora qilsa bo’ladigan o’zgaruvchilarga kiritish mumkin. Ideal sharoitda eksperiment davomida hech bir ko’rsatkich mustaqil o’zgaruvchilar ta`sirida o’zgarmay, doimiy bo’lib qoladi. Bu bizga tobe o’zgaruvchidagi har qanday o’zgarishlar mustaqil o’zgaruvchi ta`sirida amalga oshishini ko’rsatib beradi.
Nazorat tushunchasi eksperiment uchun muhim bo’lib, uning boshqa tadqiqot ishlaridan farqini ko’rsatib beradi. Eksperiment davomida qator idora qilsa bo’ladigan o’zgaruvchilar aniqlab olinishi lozim. Eksperimentatorning vazifasi shundaki, u eksperiment davomida idora qilsa bo’ladigan barcha o’zgaruvchilarni ko’zdan qochirmasligi kerak. Nazorat qilish eksperiment metodining asosini tashkil etadi. Aynan shuning uchun ham psixologlar ovoz, yorug`lik va haroratni nazorat qilish uchun maxsus sharoitlarni yaratishga va reaktsiyani diqqat bilan o’rganishga yordam beradigan maxsus uskunalardan foydalanishga harakat qiladilar.
Eksperiment jarayonida barcha o’zgaruvchilarni idora qilinadigan o’zgaruvchilar toifasiga kiritish mumkin emas. Birinchidan, barcha ko’rsatkichlar nazorat qilinmaydi. Faqatgina genetik va ijtimoiy omillarnigina idora qilish mumkin emas, balki, eksperiment ishtirokchilari, sinaluvchilarga umumiy ustanovkalar berish, ularning ziyraklik darajasi, moddalar almashinuvi va boshqa situativ omillar bir xil deb bo’lmaydi.
Ikkinchidan, aslida eksperiment jarayonida barcha o’zgaruvchilarni nazorat qilmaymiz, chunki, bizning maqsadimiz vaziyatlarning o’ziga xos xususiyatlarini jamlashga e`tibor qaratish emas. Agar biz mustaqil o’zgaruvchilar ta`siridagi barcha ko’rsatkichlarni idora qila olsak, bunda eksperiment yordamida aniqlangan barcha qonuniyatlar kam sonli idora qilsa bo’ladigan o’zgaruvchili vaziyatlarga tegishli bo’lib qoladi. Boshqacha aytganda, biz eksperiment natijasini muayyan vaziyatdan boshqasiga qo’llay olmaymiz. Qoidaga binoan, eksperiment qanchalik nazorat qilinsa, natijalar shunchalik kam darajada umumlashtirilgan bo’ladi.
Tasavvur qiling, sizga AQSH havo-harbiy kuchlarining generallaridan biriga kelib shunday desa: “Mening eshitishimcha, siz reaksiya vaqti bo’yicha eksperiment o’tkazibsiz. Aytingchi, uchuvchilar yong`in vaqtida jadal ravishda reaksiya bildirishlari uchun binodagi signal chiroqlari qanchalik darajada yorug` bo’lishi darkor”. Yaxshi nazorat qilingan eksperiment o’tkazgan holda siz shunday javob berasiz: “Janob, agar siz uchuvchilar IQ si 115 ballga teng bo’lgan 19 yoshli ikkinchi kurs talabalari bo’lishini, ular 5x7 metrli konditsioneri bor xonada o’tirishini, ushbu xonada ularni chalg`ituvchi tovushlar bo’lmasligini, ular boshqa hech qanday ish bilan band bo’lmasligini va nihoyat, siz ogohlantiruvchi signalni xavf chiroqchalari yongunga qadar bosishga kafolat bersangiz men sizning savolingizga javob beraman”. Siz general bu vaziyatda qanday javob berishi mumkinligini tasavvur qila olasizmi. Ushbu vaziyatdan shuni anglab etish mumkin: agar siz eksperiment natijalarini umumlashtirmoqchi bo’lsangiz, barcha ko’rsatkichlarni nazorat qilmaslik kerak.
Eksperiment natijalarini umulashtirish, qolaversa, sabab va oqibat bog`lanishlari boshqa insonlar, vaziyat va vaqtning ta`sirida yuz bersa bu tashqi validlik hisoblanadi. Kuk va Kempellar validlikning bir qancha tiplari nomlarini fanga kiritganlar. Ular tomonidan qo’llanilgan validlik tushunchasi sabablar haqidagi eksperimental xulosalarni yaroqlilik diapozoniga tegishlidir. Tashqi validlikka tahdidlar qachonki tadqiqotchi muayyan cheklovlarga ega bo’lgan eksperimental to’plamda, masalan, talabalar guruhida tadqiqot o’tkazib, ulardan olingan natijalarni yoshi yoki intellektual salohiyatidan qatiy nazar barcha insonlarga nisbatan qo’llasa yuzaga kelishi mumkin. Boshqa misol keltiradigan bo’lsak, agar tadqiqotchi nazorat qilinadigan laboratoriya eksperimentidan olinadigan natijalarni real ishlab chiqarish sharoitiga, ya`ni sershovqin, issiq va tor joy, ishchilari esa katta tajribaga ega bo’lishlariga qaramay charchagan va ishtiyoqi past darajada ishlayotgan sharoitda qo’llasa tashqi validlikka xavf tug`iladi. Boshqacha aytganda, tadqiqotchi qanchalik eksperimentni nazorat qilsa, qolaversa,sharoitlarni qanchalik ko’p qismini idora qilinadigan o’zgaruvchilarga aylantirsa tashqi validlikka xavf darajasini ortish ehtimoli kuchayib ketadi.
Eksperiment davomidagi barcha sharoitlarni nazorat qilish maqsadga muvofiq emasligi aniqlangandan so’ng bir muammo yuzaga keladi: eksperiment jarayonidagi qolgan ko’rsatkichlarni nima qilish mumkin? Bunday vaziyatdagi echimlardan biri ularni o’zgarishlariga imkoniyat yaratishdir. Nima qilsak, ushbu ko’rsatkichlar o’zgargani bilan bizning eksperiment natijalari o’zgarmaydi? Buning echimi shundaki, ayrim ko’rsatkichlarga tasodifiy tarzda o’zgarishiga imkoniyat yaratish lozim. Bunday ko’rsatkichlar tasodifiy o’zgaruvchilar deb nomlanadi.
Tasodifiy o’zgaruvchilar nazorat etilmagan holda o’zgaradi, biroq eksperimentatorning bu ko’rsatkichlar mutloq tasodifiy tarzda o’zgarishiga ishonchi komil bo’lishi kerak. Tasodifiy o’zgarishlar ko’p marotaba takrorlangan sharoitda eksperiment natijalarining o’zgarmasligi ehtimoli kam bo’ladi. Masalan, aytaylik, siz televideniya orqali namoyish etilayotgan zo’ravonlik holatlarini boladagi agressivlikni shakllanishiga ta`sirini aniqlamoqchisiz. Siz taxminan 100 nafar 6-yoshli bolalarni tanlab olasiz va ularga zo’ravonlik elementlari aks etgan teleko’rsatuvlarni ko’rishni, taxminan 100 nafar 6-yoshli bolaga esa faqat tarbiyaviy ko’rsatuvlarni ko’rish topshiriqlarini berasiz. Siz tanlagan birinchi guruh bolalarining aksariyati ikkinchi guruh bolalaridan farqli ravishda yaxshi tarbiyalanmagan bolalar bilan o’qishi yoki ko’p shakar moddasini iste`mol qilishi, yoki zo’ravonlik elementlari mavjud bo’lgan oilada yashashi mumkinmi? Agar to’plam haqiqatdan ham tasodifiy tarzda to’plangan bo’lsa statistik jihatdan buning ehtimoli kam, chunki aksariyat to’plamlar asimmetrik harakterga ega bo’ladi. Tasavvur qiling, siz bolaga zo’ravonlik elementlari bo’lgan ko’rsatuvlarni yoki oddiy ko’rsatuvlarni ko’rishni tavsiya etyapsiz. Balki, birinchi guruh ishtirokchilarining aksariyatining uyida katta ekranli telivizor, ikkinchi guruh ishtirokchilarida esa kichkinagina televizor bo’lgan ma`quldir? Balki shundaydir, lekin buning ehtimoli kam: to’plamning tasodifiylik harakteri bu imkoniyatni ahamiyatlilik darajasini kamaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |