Ijtimoiy hayotning qaysi sohasida sodir etilishi bilan bog‘liq holda ehtiyotsizlik oqibatida sodir etiladigan jinoyatchilik quyidagi qilmishlar oqibatida ro‘y beradi:
turmushdagi ehtiyotsizlik;
texnika xavfsizligi;
kasbiy ehtiyotsizlik;
mansab vazifasini bajarish yuzasidan kelib chiqadigan ehtiyot- sizliklar.
Xususan, ehtiyotsizlik orqasida sodir etiladigan jinoyatlar sifatida yo‘l- transport vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, ushbu jinoyatlarning oldini olishda ichki ishlar organlari yetakchi o‘rinni egallaganligi va jinoiy javobgarlikka tortiluvchi qilmishning mavjudligini e’tiborga olgan holda kengroq to‘xtalish maqsadga muvofiqdir.
Ma’lumki, yo‘l transportidan foydalanish qoidalarini buzish natijasida kelib chiqadigan jinoyatlar jinoyat qonunchiligida ko‘zda tutilgan aybli qilmishning sodir etilishi bilan uzviy bog‘liqdir. Yo‘l-transport hodisasi tufayli kelib chiqadigan oqibat esa jinoyat yoki nojo‘ya xatti-harakatning chegarasini bildiradi, ya’ni oqibat qanday yuzaga keldi (jinoyat qonunchiligida belgilangan holatmi yoki boshqa huquqiy normalar asosida belgilanganmi), shunga ko‘ra, qilmish jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sifatida baholanadi. Shuning uchun ham yo‘l harakati qoidalari buzilishining oldini olish ayni paytda yo‘l-transport vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish bo‘lib ham hisoblanadi.
Jinoyat statistikasi bo‘yicha yo‘l harakatlari qoidasining buzilishidagi faqat o‘lim bilan bog‘liq holatlar jinoyat-qidiruv yo‘nalishi bo‘yicha hisobga olinadi, qolgan barcha hodisalar esa tegishli xizmat sohalariga taalluqligi asosida hisobga olinadi. Statistika ma’lumotlarining tahlilidan ma’lum bo‘l- diki, har 10 ming transport vositasiga nisbatan olinganda yo‘l-transport bilan bog‘liq jinoyatlarning kamayayotganligini ko‘rish mumkin. Bu esa transport vositalarining ko‘payishi yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq holda kechmasligining ifodasidir1.
«Yo‘l-transport hodisasi» tushunchasi nafaqat jinoyat bilan bog‘liq hodisa sifatida, balki ichki tartibni buzish, ma’muriy yoki boshqa javob- garliklar bilan uzviy bog‘liqdir, shu bilan birga, hodisa yo‘l harakati qatnash- chilarining aybi bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda ham yuzaga kelishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi IIV tizimida yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq holatlarni ro‘yxatga olishning yagona tartibi mavjud bo‘lib, uning asosiy maqsadi avariya holatlarini, baxtsiz hodisalarni yuzaga keltiruvchi sabab va sharoitlarni tahlil etish hamda tegishli ravishda ushbu sabab va sharoitlarni bartaraf etishdan iboratdir.
Yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan holda haydov- chilar yo‘l qo‘yadigan qoidabuzarliklar jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin: belgilangan tezlikni oshirish; mast holda transport vositalarini boshqarish; qarama-qarshi harakat chizig‘idan o‘tib ketish va quvib yetish tartibini buzish; chorraha va boshqa o‘tish joylarida galma-gal o‘tish tartibini buzish; nosoz transport vositasi bilan yo‘lga chiqish; masofa saqlash tartibini buzish; tartibga solib turish signallariga bo‘ysunmaslik, yo‘l harakati bel- gilari talablarini bajarmaslik; odamlarni tashish qoidalarini buzish; piyodalar o‘tadigan joylardagi tartibga amal qilmaslik kabilar.
Agar ilgari haydovchilarning mastlik tufayli yo‘l-transport hodisalarini sodir etishi uchdan birni tashkil etgan bo‘lsa, 1999-yildan boshlab davlatimizning ko‘pchilik hududlarida bu ko‘rsatkich beshdan birni tashkil etgan. Buning o‘ziga xos ijobiy tomoni sifatida Ichki ishlar vazirligi tizimi- dagi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash xizmatining qayta tuzilishi va aholi o‘rtasida ichkilikbozlikka qarshi kurash bo‘yicha zarur talablarning targ‘ib qilinishi deb e’tirof etish mumkin.
Shunday bo‘lsa-da, mast holda transport vositalarini boshqarish holatlari keyingi uch yil mobaynida bir xil miqdorda qolmoqda va o‘ta muhim hamda dolzarb muammo bo‘lib hisoblanadi. Piyodalar sodir etadigan harakat qismi- ning belgilanmagan joyidan yo‘lni kesib o‘tish; kutilmaganda transport vositalari orasi, turli inshootlar, daraxtlar ostidan yo‘lga chiqib qolish va, eng xavflisi, mast holda yo‘lning harakat qismiga chiqib qolishlar yo‘l-transport hodisalarini keltirib chiqaruvchi omillardir.
Tadqiqotlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, umumiy miqdordagi yo‘l-transport vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar asosan qishloq joylarda ro‘y bermoqda va qariyb 53,6 % ni tashkil etadi. Shuningdek, bu kabi hodisalar o‘ziga xos og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi bilan ham ajralib turadi hamda uning shahar joydagi hodisalardan ikki barobar ko‘pligini ko‘rish mumkin.
Transport vositalarini boshqaruvchi kriminogen guruh sifatida asosan qishloq xo‘jalik texnikasi, jumladan traktor haydovchilarini ko‘rsatish mumkin. Shu kabi guruhga mansub haydovchilar aybi bilan tadqiqot olib borilgan bir yil davomida yetti mingga yaqin turli baxtsiz hodisalar aniqlangan hamda ushbu miqdorning har uchtadan biri mastlik holatida yuzaga kelgan.
Jinoyat-qidiruv yo‘nalishida tahlil etilganda, o‘lim bilan bog‘liq hollarni yuzaga keltirgan qoidabuzarliklar umumiy miqdorning 2 % ni tashkil etgan, shu bilan birga, boshqa xizmat sohasidagi tahlilga ko‘ra, barcha jinoyat- larning uchdan birini tashkil etgan.
Nazorat etiladigan hududlardagi yo‘l transporti bilan bog‘liq jinoyatlar umumiy jinoyatlarning 6 % ni tashkil etgan bo‘lsa, shahar joylardagi ko‘rsatkich 50 % ni tashkil etgan. Ko‘rinib turibdiki, yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlar o‘ziga xos sabab asosida va sharoitda sodir etiladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yo‘l harakati qoidalarining buzilishi bilan bog‘liq jinoyatlarni tadqiq qilishda asosan jinoyatchining shaxsini o‘rganish katta ahamiyatga egadir.
Yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etuvchilarning shaxsi, ularning kriminologik tavsifi
Ehtiyotsizlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etuvchilar, o‘ziga xos jihatlariga ko‘ra, qasddan jinoyat sodir etuvchilardan farq qiladi. Ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etuvchilar shaxsiga qasddan jinoyat sodir etuvchilar shaxsiga xos bo‘lgan kriminogen alomatlar xos emas. Shunday bo‘lsa-da, jamiyat manfaatlariga e’tiborsizlik, xavfsizlik qoidalariga befarq- lik, umumiy intizomsizlik kabi har ikki toifadagi jinoyatchilar uchun umumiy o‘ziga xoslikni ko‘rish mumkin.
Shu bois, ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etuvchilarning shaxsiga xos bo‘lgan jamiyat manfaatlariga qarshi turish xususiyatidan kelib chiqqan holda, ular kriminologiya nuqtai nazaridan mustaqil toifadagi jinoyatchilar shaxsi sifatida belgilanishi mumkin. Ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etuvchilar shaxsida jamiyat manfaatlariga qarshi turish va intizomsizlik hislari o‘ziga xos ravishda ajralib turadi. Ushbu toifadagi jinoyatchilarning shaxsiy xususiyatlaridagi salbiy o‘zgarishlar shunchalik kengki, shu bois, ularning ba’zilarini huquqqa itoatkor shaxslar safida ko‘rish mumkin va, shu bilan birga, ularning qolganlarini bevosita qasddan jinoyat sodir etuvchilar safiga kiritish mumkin.
Kriminologiya nuqtai nazaridan yo‘l-transport jinoyatlarini sodir etganlar- ning shaxsini farqlash, o‘ziga xos ravishda transport vositasini boshqarayot- ganlarni professional haydovchi yoki professional bo‘lmaganligi bilan o‘zaro bog‘langan holda amalga oshirishni taqozo etadi.
Tadqiqotlardan yaxshi ma’lumki, professional bo‘lmagan haydovchilar intellektual shaxslar bo‘lib, ma’lumoti jihatidan professional haydovchi- lardan yuqori turadi, shu bilan birga, professional haydovchilar kasbiy jihatdan transport vositalarini mohirlik bilan boshqarishlarini ko‘rish mumkin. Shuning uchun ham ehtiyotsizlik tufayli jinoyat sodir etuvchilar bilan profilaktika ishlarini olib borishda bunga alohida e’tibor berish talab etiladi.
Yo‘l harakati xavfsizligini va transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar o‘rtasida ko‘pchilikni transport vositalarini boshqarish uchun rasmiy huquqi bo‘lgan shaxslar tashkil etgani holda, ularning yo‘l harakati qoidalarini jinoiy tarzda buzgan- ligini ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, transport vositalaridan xususiy va shaxsiy maqsadlarda foydalanish doirasining kengayishi ham yo‘llarda avariya holatlarining ko‘payishiga olib kelmoqda. Jumladan, professional bo‘lmagan haydovchi- larning transport vositalarini boshqarishi natijasida kelib chiqadigan baxtsiz hodisalar umumiy miqdorning qariyb 60 % ni tashkil etmoqda.
Transportdan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etuvchilar tarkibining tahlilidan ma’lum bo‘ldiki, yo‘l harakati qoidalarini buzuvchi- larning 1,5 % ni ayollar tashkil etgan. Demak, ayollar bu kabi jinoyatlarda kamchilikni tashkil etgan. Buning asosiy sababi, haydovchilik kasbini asosan erkaklar egallaganidadir. Shu bilan birga, ayollarning transport vositalarini boshqarishida ehtiyotsizlikka e’tibor qaratiladi hamda yo‘l harakati qoida- larining bajarilishida intizomga amal qilinadi va qoida buzilmasligiga rioya qilinadi.
Yo‘l-transport jinoyatlarini sodir etuvchilar tarkibi yosh jihatdan tahlil etilganda, 18-24 yoshlilar to‘rtdan bir qismni tashkil etgan, 25-29 yoshdagilar ham taxminan shu miqdorda bo‘lgan. 30 va undan yuqori yoshdagilar esa yo‘l-transport jinoyatlarini sodir etgan shaxslarning qariyb yarmini tashkil etgan. Yo‘l-transport jinoyatlarini sodir etganlarning aksariyat ko‘p- chiligi ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanadilar, hech qayerda ishla- maydiganlar miqdori esa 3,5 % ni tashkil etgan.
Ushbu jinoyat bo‘yicha retsidiv holat kamchilikni, bor-yo‘g‘i 5 % ni tashkil etadi. Buning umumiy jinoyatchilikdagi mavjud retsidiv holatlardan juda pastligi diqqatga sazovordir. Shunday bo‘lsa-da, ayrim haydovchilar- ning yo‘l harakati qoidalarini buzishiga kelgusida yo‘l qo‘ymaslikka intilishining kamligini ham ko‘rish mumkin.
Yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq jinoyatlar va baxtsiz hodisalarning sabab hamda sharoitlari
Ma’lumki, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari tegishli normativlar asosida belgilangan. Shu bilan birga, «odam-avtomobil- yo‘l» kabi umumiy tarkibga kiruvchi yo‘l harakatining qanchalik mukam- malligi va bu harakatning qanchalik tartibga solinganligi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda katta ahamiyatga egadir. Ushbu tarkibga kiruvchi haydovchining tutgan o‘rni o‘ziga xosdir. Aynan haydovchining yuqori kasbiy tayyorgarligi, javobgarlik mas’uliyatini his etishi, yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilishi halokatlarning oldini olishdagi muhim omildir.
Statistika ma’lumotlari asosida ma’lum bo‘ldiki, ko‘pchilik yo‘l harakati hodisalari va shu bilan bog‘liq jinoyatlarni asosan uquvsiz, mas’uliyatsiz, intizomsiz haydovchilar sodir etadi va bunda ular belgilangan majburiyat- larni bila turib, qasddan buzadilar hamda shu orqali o‘z majburiyatlarini bajarmaydilar (ya’ni, qoidaga amal qilishni) yoki o‘z burchlariga sodiq bo‘lmay, yo‘llardagi mavjud vaziyatni yuzaki va e’tiborsizlarcha baholay- dilar.
Bunday qusurlar, ma’lum bir toifadagi haydovchilar shaxsida mavjud bo‘lgan yomon tarbiyaning oqibati ham bo‘lishi mumkin. Chunki shaxs yoshligidan boshlab intizomli bo‘lish, mas’uliyatni his qilish, atrofdagilarga hurmat ruhida shakllanishi lozim.
To‘g‘ri, ko‘pchilik haydovchilarda qonun normalariga hurmat bilan qarash, ularni aniq bilish va bajarishga doim tayyorligi hamda zarur vaziyatlarda yuqori bo‘lgan texnik malaka asosida ish tutishlarini ko‘rish mumkin. Biroq ma’naviy yetuk bo‘lmagan, ijtimoiy tarbiyasiz xususiyatlarga ega shaxsning yo‘l harakati qoidalarini bajarmaganligi uchun jazodan qutulib qolishining o‘ziyoq atrofdagilar uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishini ham unutmaslik zarur.
Avtomobil vositalarini boshqarishdagi majburiyatlarning bajarilishiga yuzaki - mensimaslik orqali qarash - o‘z ichiga yo‘ldagi mavjud sharoitni baholashdagi e’tiborsizligi, yo‘l harakati bilan bog‘liq vaziyatlarning o‘zga- rib turishini nazorat eta olmasligi, oqibatda uning yuzaga kelgan xavfga mos tarzda faoliyat ko‘rsata olmasligi kabilar orqali ifodalanadi. Shu kabi vaziyatlarda kech bo‘lsa-da, to‘g‘ri qarorga kelib, zarur choralar ko‘riladi va xavf bartaraf etiladi yoki noto‘g‘ri qarorga kelinadi, oqibatda qonun buziladi.
To‘g‘ri, yo‘l hodisalari bilan bog‘liq vaziyatlarni aniq va to‘g‘ri baholashga obyektiv tomondan vaqtning tig‘izligi, ob-havo ta’sirida ko‘rish masofasining kamligi kabilar ta’sir etishini ham misol tariqasida keltirish mumkin. Shuningdek, vaziyatni baholashda shaxsning ruhiy xususiyatlari va shaxsiy holati ham muayyan o‘rin tutishini bilish lozim. Yo‘ldagi mavjud qiyin vaziyatdan chiqib ketishda esa, avvalo, ushbu vaziyatni o‘z vaqtida va to‘g‘ri baholamaslik, ruhiyatdagi beqarorlik yoki aksincha boqibeg‘amlik tez va to‘g‘ri qaror qabul qilmaslik oqibati bo‘lishi mumkin.
Vaziyatni to‘g‘ri anglash va zarur qarorga kelishda shaxsning hayajon- lanishi, betobligi yoki charchaganligi ham salbiy ta’sir etishi mumkin. Piyodalar aybi bilan sodir bo‘lgan yo‘l-transporti jinoyatlari va boshqa hodisalarning subyektiv sabab va sharoitlari aynan haydovchilardagidek xususiyatlarga egadir.
Yo‘l-transport hodisalari va jinoyatlarining sodir bo‘lishiga texnik, tashkiliy-boshqaruv va tashkiliy-huquqiy mazmundagi ayrim obyektiv omil- lar ham ta’sir etadi. Yo‘l harakati hodisalarini texnik jihatdan salbiy ta’sir etuvchi sharoitlar jumlasiga avtomobil yo‘llarining talabga javob bermasligi va bunda avtomobilga bo‘lgan ehtiyojning o‘sayotganligi e’tiborga olinmas- ligi kabilarni ko‘rsatish mumkin.
Xususan, hozirgi kunda katta magistral ko‘chalarning transport vositalarini o‘tkazish quvvatining kamligi, yo‘l ustki qatlamining sifatsizligi, talab darajasida yoritilmaganligi turli baxtsiz hodisalarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yo‘lning sifati pastligi oqibatida yuzaga keladigan yo‘l- transport hodisalarining nisbati barcha yo‘l-transport hodisalarining 12,6 % ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, bir qator transport vositalari tuzilishiga ko‘ra kam- chiliklarga ham egadir va oqibatda ulardan foydalanishda xavfsizlikni to‘liq ta’minlash imkoniyati mavjud bo‘lmaydi, ya’ni bu kabi transport vositalari passiv xavfsizlik qurilmalari (xavfsizlik belbog‘i, amortizatsiya moslamasi kabilar) bilan jihozlangan emas.
Yo‘llarda harakatlanishni tashkil etishdagi salbiy holatlarni tashkiliy- boshqaruv sohasidagi omil sifatida tushunmoq lozim. Masalan, ba’zan hech bir zaruratsiz va kerak bo‘lmagan joylarda yo‘l belgilari o‘rnatilganligini ko‘rish mumkin. Avtotransport vositalariga texnik yordam ko‘rsatish va ularni ta’mirlashni tashkil etishdagi kamchiliklar esa transport vositasidan nosoz holda foydalanishga olib keladi. Bu esa yo‘llarda baxtsiz hodisalarning ko‘payishiga bevosita ta’sir etadi.
Shuningdek, professional haydovchilar safini tashkil etish va tayyor- lashda ham kamchiliklar mavjud ekanligini ko‘rish mumkin. Holbuki, hozirgi kunda transport vositalaridan foydalanishning keskin oshayotganligi bu sohada yetuk kasb egalari bo‘lishni talab etadi.
Yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy sharoit ham alohida e’tiborga loyiqdir. Bunda yo‘l harakatlari qatnashchilarining zarur tartib va qoidalarni o‘z vaqtida o‘rganmasliklari yoki umuman bilmasliklarini misol qilib ko‘rsatish mumkin.
Bayon etilganlar bilan bir qatorda, hozirgi kunda yo‘l harakatlarining tez sur’atlar bilan kengayayotganligi bu sohada nazorat va tartibga solish ishlarining yuqori darajada bo‘lishini talab etmoqda. Ayrim hollarda tezlikni oshirgan va mast holda transport vositalarini boshqargan shaxslar aniqlan- maydi va javobgarlikka tortilmaydi.
Tabiiyki, jazolanmaslik huquqbuzarlikning yanada rivojlanishiga olib kelishini unutmaslik lozim. Shu bois, yo‘l harakatlarini muvofiqlashtirib turuvchi normativ hujjatlarni doimiy ravishda takomillashtirishga ham ehtiyoj sezilayotganligini ko‘rish mumkin.
Yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishda profilaktik chora-tadbirlar
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash murakkab va ko‘p tarmoqli vazifadir. Shu bois, yo‘l harakati hodisalari va yo‘l-transport jinoyatlarining oldini olish o‘ziga xos ravishda atroflicha yondashuvni talab etadi. Ta’kidlash joizki, yo‘l harakati hodisalarining oldini olish faoliyati ayni paytda yo‘l-transport jinoyatlarining o‘sishi yoki kamayishi (dinamikasi)ga ta’sir etadi va o‘zaro uzviy bog‘lanishdadir.
Zotan, har ikki holatda ham asosiy farq ular o‘rtasidagi oqibat bilan belgilansa-da, qoidabuzarlik aslida aynan birdek bo‘lishi mumkin, shuning uchun ham yo‘l harakati hodisalarini va yo‘l-transport jinoyatlarining oldini olishdagi profilaktik chora-tadbirlar sifat jihatidan birdek bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash davlat tizimi asosida amalga oshirilmoqda va ko‘p tarmoqli holda davlat organlari, tashkilotlarning shakllangan tizimida ishtirok etuvchilarning har qaysisi o‘z vakolat doiralaridan kelib chiqqan holda, yo‘l-harakati hodisalarining oldini olish, qolaversa, ularning salbiy oqibatlarini kamaytirish borasida faoliyat ko‘rsatmoqdalar.
Ushbu tizimda esa eng mas’uliyatli organ ichki ishlar vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash xizmatidir. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining markaziy va joylardagi bo‘lim va bo‘lin- malari quyidagi vazifalarni bajaradilar: transport vositalari va piyodalar harakatlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish; yo‘l tarmoqlariga kiruvchi tarkibiy qismlarni ta’minlash va nazorat qilish; transport vositalarining texnik holatini nazorat etish; avtomototransport vositalarini ro‘yxatga olish va hiso- bini yuritish; yo‘l-transport hodisalarini hisobga olish va sabab hamda yuzaga keltirgan sharoitlarni tahlil etish va, shu bilan birga, bartaraf etilishini ta’minlash; qonunbuzarlarga nisbatan qonunda belgilangan tarzda chora ko‘rish; targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish va amalga oshirish kabilar.
Ushbu xizmat faoliyatini tavsiflash orqali aytish mumkinki, unga xos bo‘lgan barcha vazifalar, o‘z xususiyatlariga ko‘ra, boshidan oxirigacha profilaktika faoliyati bilan uzviy bog‘langandir, binobarin, bu xizmat sohasi- ning asosiy maqsadi ham birinchi navbatda harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgandir. O‘z faoliyatlari davomida yo‘l harakatlarini muvofiqlashtirish bilan bir qatorda, yo‘l harakati qoidasining buzilmasligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi va transport harakatining bir maromda ishlashiga imkon tug‘diriladi. Eng muhimi, har bir harakat qatnashchisining intizomga rioya etishi yo‘lga qo‘yiladi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash xizmati xodimlaridan qariyb 70 % yo‘l-patrul xizmatini (YPX) amalga oshiradilar va ularning asosiy vazifalari yo‘l harakatidagi tartibni muntazam nazorat etishdan iboratdir.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash xizmati faoliyatida amalga oshiri- ladigan profilaktika ishlaridan biri transport vositalarining texnik holatini nazorat qilishdir. Ushbu profilaktika ishlari esa quyidagi tadbirlarning amalga oshirilishi bilan uzviy bog‘liqdir, ya’ni: avtotransport korxonalari (shu jumladan, xususiy sektorda ham)da transport vositalarining texnik jihatdan talab darajasida bo‘lishini nazorat qilish; ko‘cha va yo‘llarda nazorat tariqasida u yoki bu transport vositasini texnik holatini tekshirish; transport vositalarining avariyasiz ishlashini ta’minlashni nazorat qilish, turli yo‘l- transport hodisalari va jinoyatlarning oldini olishni tashkil etish kabilar.
Ushbu xizmat sohasining yo‘llarning umumiy holatini nazorat etishi va sozligini ta’minlashi ham katta ahamiyatga ega. Chunki yo‘lning holatini ta’minlash turli hodisalar kelib chiqishining oldini olishdagi muhim omildir.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyatida yo‘l-transport hodisalarining hisobini yuritish va sabab hamda sharoitlarini tahlil etish katta ahamiyatga egadir. Agarda hisobga olish va tahlil etish qanchalik yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, profilaktika tadbirlarini o‘tkazish ham yaxshi samara berishini unutmaslik lozim.
Avariya holatlarining yuzaga kelishini yil vaqtlari va kunning qaysi paytlarida bo‘lishini; haftaning qaysi kunlari; qaysi joylarda bo‘lishi; qaysi avtotransport vositalari bilan bog‘liq hollarda yuzaga kelishini tahlil etish va bilish katta ahamiyatga egadir.
Aynan shu kabi tahlillar asosida nafaqat sabab va sharoitni bilish mumkin, balki aniq maqsad sari yo‘naltirilgan va samarali profilaktik chora- tadbirlarni ishlab chiqishga imkon yaratiladi. Shu o‘rinda alohida e’tibor yo‘l-transport hodisasidan jabrlanganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tahliliga qaratilishi ham talab etiladi. Bu ham zarur profilaktika ishlarini olib borishga yordam beradi.
Targ‘ibot-tashviqot va huquqiy tarbiya ishlari ham, o‘z xususiyatlariga ko‘ra, avtotransport vositalarining haydovchilari va keng aholi o‘rtasida o‘tkaziladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi: qonunchilikni tushuntirish, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha hukumat chiqargan hujjatlar bilan tanishtirish, fuqarolarni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari va jinoyatlarning sabab hamda sharoitlari va oqibatlari xususida xabardor qilish, shuningdek harakat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan qilingan va qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berish.
Bu kabi tadbirlar ommaviy axborot vositalari (gazeta, radio, te- levideniye) orqali berilishi yoki og‘zaki (ma’ruza, suhbat, maslahatlar uyush- tirish) tarzda tashkil etilishi mumkin, shuningdek ko‘rgazmali vositalar (plakat, eslatmalar, axborotnomalar) orqali ham aholiga yetkazilishi maqsadga muvofiqdir. Yo‘l harakati qatnashchilari (haydovchi, yo‘lovchi, piyo- dalar) o‘rtasida tarbiya-profilaktika ishlarini tashkil etishning o‘ziga xos shakllari bo‘lib, harakat xavfsizligi bo‘yicha ko‘rsatuvlar, maxsus operatsiya va reydlar, konkurs va kinofestivallar, tashviqotga bag‘ishlangan turli chiqishlarni tashkil etish hisoblanadi.
Yo‘l-transport hodisalari va jinoyatlarining oldini olishdagi tashkiliy, texnik va tarbiyaviy chora-tadbirlar bilan bir qatorda, huquqiy tadbirlarni amalga oshirish ham muhim o‘rin tutadi. Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash xizmatlariga harakat xavfsizligi qoidalari talablarini buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy-huquqiy choralarni qo‘llash vakolatlari ham berilgan. Qoidabuzarlarga nisbatan ma’muriy-huquqiy ta’sir choralarining qo‘llanishi yo‘l harakati qatnashchilarining (haydovchi, yo‘lovchi, piyo- da) har biriga, shu jumladan barcha aholi o‘rtasida uchraydigan tartib- buzarlarga ham profilaktik ta’sir o‘tkazishda katta yordam beradi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash xizmati olib boradigan profilaktika ishlarida jamoatchilikning ishtiroki ham katta ahamiyatga ega. Ushbu xizmat amalga oshiradigan yo‘l-transport hodisalari va jinoyatlarining oldini olishda xalq posbonlarining ishtirok etishini ta’minlash ham alohida ahamiyatga ega. Ular turli vazifalarni, masalan, Yo‘l harakatlari qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, ushbu Qoida talablarini targ‘ib qilish, profilaktik chora- tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etish, hodisa sodir bo‘lgan joydan qochib ketgan haydovchilarni qidirish, olib qochilgan transport vositalarini qidirish kabilarni bajarishlari mumkin.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash xizmati o‘z faoliyatini olib borishda ichki ishlar organlarining boshqa xizmat sohalari bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi. Xususan, jinoyat-qidiruv xizmati xodimlari va tergov organlari bilan birgalikda o‘g‘irlangan yoki olib qochilgan transport vositalarini qidirib topish choralari ko‘riladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yo‘l-transport hodisalari va jinoyatlarining oldini olishda tergov organlari o‘ziga xos hissa qo‘shadilar, ya’ni ular jinoyat-protsessual qonuni asosida berilgan vakolatlar doirasida muayyan jinoyat ishlari bo‘yicha aniqlangan sabab va sharoitlarni bartaraf etish uchun tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlariga tavsiyanomalar beradilar. Tergov organlarining aholi o‘rtasida ma’ruza va suhbatlar o‘tkazishlari ham muhim profilaktika chorasi bo‘lib hisoblanadi va shu orqali jinoyat qonunchiligi asosida yo‘l-transport jinoyatlari to‘g‘risida zarur tushunchalar bayon etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |