Egey madaniyati
Egey madaniyati, Kritmiken madaniyati —
Kiklad, Krit o., Yunonistonning materik
qismi va Kichik Osiyo (Gʻarbiy
Anadolu)dagi jez davri tamaddunining
umumiy nomi (miloddan avvalgi 3—
2ming yillik). Uning asosiy markazlari
Miken (G.Shliman) va Krit (A.Evans)dagi
qazishmalar natijasida ochilgan. Bir
qancha lokal arxeologik madaniyatlarga
ajratilgan: Kritdagi madaniyat, orolning
afsonaviy podshosi Minosning nomi
bilan Minoy madaniyati deb atalgan;
Yunoniston materik qismining turli
qismidagi madaniyatlar — fessaliya,
makedon, ellada madaniyatlari; Kichik
Osiyodagi — gʻarbiy anadolu madaniyati;
Kikladdagi — kiklad madaniyati deb nom
olgan. Egey madaniyati 3 davrga
boʻlinadi: ilk (ellada madaniyati uchun —
miloddan avvalgi 3000— 2100/1900
yillar, minoy madaniyati uchun —
miloddan avvalgi taxminan 3000—2200
yillar), oʻrta (tegishli ravishda, miloddan
avvalgi taxminan 2100/1900—1580 yil va
miloddan avvalgi taxminan 2200—1700
yillar), soʻnggi (tegishli ravishda,
miloddan avvalgi taxminan 1580— 1200
yillar va miloddan avvalgi taxminan 1700
— 1150 yillar). Gʻarbiy Anadolu va Oʻrta
Yunoniston madaniyatlari mahalliy neolit
davri madaniyati, Egey dengizi sharkiy
qismidagi orollar madaniyati asosida
vujudga kelgan va Troya madaniyati
taʼsirida taraqkiy etganlar. Egey
madaniyati notekis rivojlangan. Uning
markazlari turli davrda yuksalish va
tanazzul davrini kechirgan.
Ingliz arxeologi A. Evans Egey madaniyati
boʻyicha tadqiqot ishlari olib borib, koʻp
jildli ilmiy asarlar yaratgan. Egey
madaniyati ga oid piktografik yozuvlarni
oʻrgangan.
Egey madaniyatiga oid obidalar mahalliy
aholining Misr va Odd Osiyo bilan yaqin
aloqada boʻlganini koʻrsatadi (Misr va
Suriyada Egey sanʼati yodgorliklari, Krit
o.da esa Misr va Old Osiyo sanʼati
namunalari topilgan). Krit sanʼati oʻziga
xosligi bilan ajralib turadi. Egey
madaniyatining muhim markazlaridan
biri Knos shahridagi Hukmdorlar saroyi
(taxminan miloddan avvalgi 2000 yildan
soʻng) qoldiqlari saqlangan. Saroy
murakkab tarhli (16 ming m2ga yaqin
maydonini egallagan), koʻp marta qayta
qurilgan, 3 qavatli boʻlib, xonalar ustunli,
tor hovlili, yuqori qavatlarga
zinapoyalardan chiqilgan. Miloddan
avvalgi 2-ming yillikning 1-yarmiga
mansub kichik saroy, podsho villasi,
karvonsaroy, 2—3 qavatli turar joylar
qazib oʻrganilgan. Knos, AgiaTriadada
mineral boʻyoq bilan ishlangan freska
qoldiqlari topilgan, ularda akrobatika
oʻyinlari, suhbatlashayotgan ayollar,
hayvon, oʻsimliklar aks ettirilgan. Ayniqsa,
Krit vaza rassomligi diqqatga sazovor.
Suyak haykalchalar koʻp ishlangan.
Miloddan avvalgi 3-ming yillik va 2-ming
yillikning boshlarida Kikladda marmar
ayol haykalchalari ishlash, sopol idishlar
sanʼati rivojlangan. Tirinf akropoli —
mustahkamlangan tepalik (miloddan
avvalgi 2-ming yillikning oʻrtalari)da bino
qoldiqlari saqlangan; bu bino qadimiy
yunon ibodatxonalariga namuna boʻlgani
koʻrinadi. Devoriy rasmlarda jang
lavhalari aks ettirilgan. Mikenda relyef
bilan bezatilgan "Sherdor darvoza", usti
tuproq bilan gumbazsimon qilib yopilgan
maqbara saqlangan. Maqbaralardan
topilgan oltin va kumush bezak
buyumlari zargarlik rivojlanganligidan
darak beradi. Miloddan avvalgi 2-ming
yillikning oxirlarida doriy qabilalari hujumi
oqibatida Egey madaniyati markazlari
vayron qilingan. Egey sanʼati yunon
sanʼatiga samarali taʼsir koʻrsatgan.
Ko‘proq o‘rganish Ushbu maqolada
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-
2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan.
Soʻnggi tahrir 1 yil avval 146.198.9.8 tomonidan amalga oshirildi
Matndan CC BY-SA 3.0 litsenziyasi boʻyicha
foydalanish mumkin (agar aksi koʻrsatilmagan
boʻlsa).
Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib,
Vikipediyaga yordam berishingiz
mumkin.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak.
"
https://uz.wikipedia.org/w/inde
x.php?
title=Egey_madaniyati&oldid=2080
383
" dan olindi
Do'stlaringiz bilan baham: |