17.2.
Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar va qo’shimcha mas’uliyatli
jamiyatlar.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) – a’zolari jamiyat majburiyatlari
bo‘yicha faqat o‘zlari qo‘shgan ulush doirasida javobgar bo‘ladigan jamiyat. U bir
yoki bir necha jismoniy yoxud yuridik shaxslarning kelishuviga ko‘ra tashkil etilib,
yuridik shaxs hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha
mas’uliyatli jamiyatlarning tuzilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi
sohasidagi munosabatlar 2001-yil 6-dekabrda qabul qilingan 310-II-sonli
“Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi
qonun asosida tartibga solinadi. Mazkur qonunning 3-moddasida: “Bir yoki bir
necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari
bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati mas’uliyati
cheklangan jamiyat deb hisoblanadi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning
ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar va jamiyat
faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar qiymati doirasida
javobgar bo‘ladilar.
Mas’uliyati cheklangan jamiyatning o‘z hissasini to‘la qo‘shmagan
ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha har bir ishtirokchi hissasining
to‘lanmagan qismining qiymati doirasida solidar javobgar bo‘ladilar” deb yozilgan.
Mazkur qonunning 4-moddasida: “Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis
etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlardagi
ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat deb
hisoblanadi. Bunday jamiyatning ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha
o‘ziga tegishli mol-mulklari bilan hamma uchun bir xil bo‘lgan va qo‘shgan
hissalari qiymatiga nisbatan jamiyatning ta’sis hujjatlarida belgilanadigan karrali
miqdorda solidar tarzda subsidiar javobgar bo‘ladilar” deb yozilgan.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat ustav fondi jamiyat a’zolarining ulushlarini
qo‘shish orqali shakllantiriladi. U eng kam ish haqining 40 barobaridan kam
bo‘lmagan miqdorda bo‘ladi. Jamiyat ishtirokchilari soni 50 nafardan oshmasligi
lozim. Agar ishtirokchilar soni belgilangan chegaradan oshib ketsa, jamiyatni
aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish kerak bo‘ladi.
Jamiyat a’zosi o‘z ulushini boshqa shaxsga faqat jamiyat roziligi bilan
o‘tkazishi va sotishi mumkin. Jamiyat qarzlari bo‘yicha ta’sischilar faqatgina
kompaniyaga kiritgan hissalari doirasida javobgar hisoblanadilar, xolos.
Jamiyat foydasi uning ishtirokchilari o‘rtasida ularning ustav fondidagi
ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi. O‘zbekiston Respublikasi
qonunchiligiga ko‘ra, ta’sischilarga e’lon qilingan dividend summalariga nisbatan
soliq hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |