O‘ta xavfli infeksiyalarda o‘tkaziladigan tadbirlar
Umumiy tashkiliy masalalar. O‘lat, vabo, kontagioz gemorragik virusli isitmalar — GVI (Ebol, Lass, Marburg isitmalari) va maymunlar chechagi kasalliklariga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda va ularga klinik-epidemiologik ma’lumotlarga asoslangan dastlabki tashxis qo‘yilgandan so‘ng epidemiyaga qarshi birlamchi tadbirlar o‘tkaziladi. Yakuniy tashxis qo‘yilganda yuqorida sanab o‘tilgan infeksiyalar o‘choqlarini aniqlash va yo‘qotish bo‘yicha tadbirlar har bir kasallik turi bo‘yicha amaldagi buyruqlar va instruktiv-uslubiy ko‘rsatmalarga asosan amalga oshiriladi.
Barcha O‘XI uchun umumiy bo‘lgan epidemiyaga qarshi tadbir- larni tashkil qilish qoidalari quyidagicha: bemorni aniqlash;
unga tashxis qo‘yish, uni izolatsiya qilish, shifoxonaga yotqizish va davolash;
kuzatish, karantin va boshqa chegaralovchi tadbirlar o‘t- kazish;
bemor bilan aloqada bo‘lganlarni aniqlash, ularni izolatsiya qilish va shoshilinch profilaktika o‘tkazish;
o‘lgan bemorlarni aniqlash, o‘likni patologoanatomik yorish va laboratoriyaviy tekshirish (bakteriologik, virusologik ) uchun material olish, yuqumsizlantirish, to‘g‘ri transportirovka qilish va o‘likni ko‘mish. Yuqumlilik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan GVIdan o‘lganlar yorib tekshirilmaydi va ulardan laboratoriya tekshiruvlari uchun material olinmaydi;
dezinfeksiya tadbirlarini amalga oshirish, aholi orasida shoshilinch profilaktika o‘tkazish va ularni tibbiy kuzatuvlardan o‘tkazish;
tashqi muhitni sanitar nazorat qilish (infeksiya yuqishi mumkin bo‘lgan omillarni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish) va tushuntirish ishlarini olib borish.
Barcha davolash-profilaktik va sanitar-epidemiologik muassasalar quyidagi moddalar zahirasiga ega bo‘lishi kerak: etiotrop va pato- genetik davolashni tashkil qilish uchun yetarli miqdorda medi- kamentlar; bemorlar (o‘liklar) dan laboratoriyada tekshirish uchun olingan materiallarni joylashtirish vositalari; dezinfeksiya vositalari va xona (boks, palata)da bo‘lgan oyna, eshik va ventilyatsiya tirqishlarini mahkamlash (yopishtirish) uchun yetarlicha ley- koplastirlar to‘plami; shaxsiy gigiyena va individual himoya (o‘latga qarshi himoya kiyimi) vositalari.
O‘XI bilan og‘rigan bemorlar aniqlanganligi haqidagi birinchi xabar uch yo‘nalishda beriladi: davolash-profilaktika muassasi bosh vrachiga, tez tibbiy yordam tarmog‘iga va shu hududga tegishli Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi (DSENM) bosh vrachiga. DSENM bosh vrachi epidemiyaga qarshi tadbirlar rejasini amalga oshiradi, tegishli muassasalarni (o‘latga qarshi muassasalar bilan birga) kasallik haqida xabardor qiladi.
Vaboga gumon qilingan bemordan tekshirish uchun material bevosita tibbiyot xodimi tomonidan olinsa, o‘latga gumon qilin- ganda esa bemor aniqlangan muassasadagi DSENMning O‘XI bo‘limi mutaxassislari nazorati ostida olinadi. GVI da bemorlardan material olish uchun ular shifoxonaga yotqizilgandan keyin maz- kur tekshiruvlar ularni o‘tkazadigan laboratoriya xodimlari tomonidan o‘tkaziladi.
O‘lat, GVI yoki maymunlar chechagiga gumon qilingan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan tibbiyot xodimlari yakuniy tashxis aniqlangunga qadar yoki kasallikning yashirin davriga teng muddatda izolatsiya qilinadi. Vabo kasaliga chalingan bemorlar bilan bevosita aloqada bo‘lgan kishilar vrach-epidemiolog ko‘rsatmasi bo‘yicha izolatsiya qilinishlari yoki tibbiy kuzatuvda bo‘lishlari shart.
Keyingi tadbirlar amaldagi instruksiyalar va kompleks rejalarga muvofiq DSENMning o‘ta xavfli infeksiyalar bo‘limi va o‘latga qarshi muassasalar mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Davolash-profilaktika muassasalarida o‘tkaziladigan birlamchi tadbirlar.O‘lat, vabo, GVI yoki maymunlar chechagiga gumon qilingan bemor aniqlanganda poliklinikada yoki shifoxonada quyidagi birlamchi epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkaziladi: shifoxonaga yotqizilguniga qadar bemorni aniqlangan joyda izolatsiya qilish;
uni mazkur bemorlar uchun ajratilgan shifoxonaga trans- portirovka qilish;
tibbiy xodim bemor aniqlangan xonadan chiqmagan holda telefon yoki biror kishi orqali mazkur muassasa rahbarini aniq- langan bemor haqida xabardor qiladi, undan dori preparatlar, himoya kiyimlari, shaxsiy gigiyena vositalarini so‘raydi;
tibbiy muassasaga kirish va undan chiqish vaqtincha taqiq- lanadi;
qavatlar orasida aloqa to‘xtatiladi;
bemor yotgan xona (palata) da, poliklinika (bo‘lim)ga kirish eshigida va qavatlarda post tashkil qilinadi;
bemor aniqlangan bo‘lim ichida bemorlarning yurishi va bo‘limdan chiqishi man etiladi;
bemorlarni qabul qilish yoki shifoxonadan chiqarish vaqtin- cha to‘xtatiladi (yoki alohida binoda tashkil qilinadi); — Yuqumli kasalliklar ahvoli og‘ir bemorlar izolatsiyalangan binolarda qabul qilinadi;
bemor aniqlangan binoda deraza va eshiklar yopiladi, ventilyatsiya o‘chiriladi, ventilyatsiya tirqishlari leykoplastir bilan mustahkamlanadi;
aloqada bo‘lgan bemorlar alohida palata yoki boksga izolatsiya qilinadi;
tibbiyot xodimi himoya kiyimini olgunga qadar (o‘lat, GVI va maymunlar chechagiga gumon qilinganda) og‘iz va burunni sochiq yoki qo‘l ostida bo‘lgan bint, doka yoki paxtadan qilingan niqob bilan berkitishi zarur; zarurat tug‘ilganda tibbiy xodimga nisbatan shoshilinch profilaktika o‘tkaziladi;
himoya kiyimini olgandan keyin o‘z kiyimlarini yechmas- dan uni kiyadi;
og‘ir bemorlarga vrachlar brigadasi kelgunga qadar shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatiladi;
sinama olish uchun mo‘ljallangan maxsus vositalar yorda- mida evakuatsiya brigadasi kelgunga qadar bemorni aniqlagan tibbiyot xodimi bakteriologik tekshirish uchun materiallar oladi;
bemor aniqlangan xona (palata) da joriy dezinfeksiya o‘tkaziladi;
konsultantlar yoki evakuatsiya brigadasi kelganidan keyin bemorni aniqlagan tibbiyot xodimi vrach-epidemiolog ko‘rsat- malarini to‘liq bajaradi;
bemorni zudlik bilan shifoxonaga yotqizishga to‘g‘ri kelsa, uni aniqlagan tibbiy xodim uni maxsus statsionargacha kuzatib boradi va statsionardagi navbatchi vrach (infeksionist) ko‘rsat- malarini bajaradi. Vrach-epidemiolog konsultatsiyasidan keyin tibbiy xodim sanitar-tozalovdan o‘tishga yo‘llanadi, o‘latning o‘pkaga tegishli shaklida, GVI va maymunlar chechagida — izol- yatorga yuboriladi.
Himoya kiyimi, himoya kostyumini qo‘llash tartibi.O‘latga qarshi kostyum tibbiyot xodimini o‘lat, vabo, GVI, maymunlar chechagi va boshqa I—II guruh patogenlikdagi qo‘zg‘atuvchilardan himoya qiladi (20-rasm).