Klinikasi. Toshmali tifning yashirin davri 6 kundan 25 kungacha (o‘rtacha 12—14 kun) davom etadi. Kasallik odatda o‘tkir boshlanadi. Ba’zan 1—2 kun davomida bosh og‘rig‘i, et uvushishi va badan qaqshashi kuzatiladi. Shundan keyin tana harorati 39—40°C gacha ko‘tariladi. Tana harorati ko‘tarilishi bilan bir qatorda, boshqa intoksikatsiya belgilari ham rivojlanadi (kuchli bosh og‘rig‘i, ayrim paytlarda bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, holsizlik, uyqu buzilishi kabilar). Bemorda qo‘zg‘alish (ko‘p gapirish, harakatchanlik) kuzatiladi.
Bemorning tashqi ko‘rinishi, ya’ni yuzining shishganligi va qizarganligi, ko‘zlarining yarqirab turishi, sklera inyeksiyasi («quyon ko‘z», «qizil yuzda qizil ko‘zlar»), lablar qurishi, teri issiqligi va quruqlashishi kasallikning xarakterli belgilaridandir. Halqumda diffuz (tarqalgan) giperemiya, yumshoq tanglayda mayda qon quyilishlar kuzatiladi. 3—4-kuni konyunktivalarda mayda qon quyilishlar (petexiyalar) aniqlanadi. Bu ayniqsa ko‘zga 1—2 tomchi adrenalin (1:1000) eritmasidan tomizilganda yanada yaqqolroq ko‘rinadi. Bu tashxis belgisi Kiari-Avsin simptomi deb yuritiladi. Kaft terisi ba’zida sariq tusda bo‘ladi. Nafas olish odatda tezlashadi. Taxikardiya, gipotoniya, jigar va taloq kattalashishi kuzatiladi.
Kasallikning xarakterli belgilaridan biri — bu toshmadir. Tosh- malar polimorf (kattaligi va shakli har xil) bo‘ladi. Ular kasallikning
5-kunlari paydo bo‘ladi. Toshmalar odatda ko‘p miqdorda bo‘lib, ko‘pincha ko‘krak va qorinning yon tomonlari, qo‘lning bukiladigan yuzasi, kaft va panjalarda uchraydi.
Toshmalar rozeolez-petexial xarakterga ega: rozeolalar 2—4 mm diametrda bo‘lib, qirralari notekis bo‘ladi. Ular atrofida terida mayda qon quyilishlarni ko‘rish mumkin. Toshmalar 2—3 kun davomida toshadi, so‘ngra 7—8 kundan keyin asta-sekinlik bilan yo‘qoladi, bunda ancha vaqtgacha terida pigmentatsiya saqlanib turadi.
Toshmalar paydo bo‘lishi bilan bemorning ahvoli og‘irlashadi, intoksikatsiya juda kuchayadi. Miya pardalari ta’sirlanishi (menin- gizm) kuzatiladi. Og‘ir hollarda ongning xiralashishi, qo‘zg‘alish, alahsirash, gallyusinatsiya — status typhosus yuzaga keladi. Bemorlar vaqt va makon (fazo)ni to‘g‘ri anglay olmaydilar, o‘rinlaridan turib ketadilar, nimadandir qochishga harakat qiladilar; gaplari tushu- narsiz va bog‘lanmagan bo‘ladi. Ko‘ruv va ba’zi hollarda eshituv gallyusinatsiyasi aniqlanadi: bemor tekshirishga qarshilik qiladi, hatto tashlanishi va suisidal urinishlar qilishi mumkin. Toshmali tif ensefaliti (qo‘llar qaltirashi, nafas ritmining buzilishi va b.) kuzatilishi mumkin.
Qon aylanishining buzilishi kuchayadi. Puls tezlashadi, to‘laligi va tarangligi kamayadi, arterial bosim pasayadi, kollaps rivojlanishi mumkin: bemor ruhiy tushkunlikka tushadi, teri sovuq ter bilan qoplanadi, lablar ko‘karadi, nafas olish tezlashib, yuzaki bo‘ladi.
Og‘ir bemorlarda siyish va ich kelishi ixtiyorsiz bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda siydik tutiladi yoki paradoksal siydik ajralishi, ya’ni siydik pufagi siydik bilan to‘la bo‘lishiga qaramay, siydikning tomchilab ajralishi (siydik pufagi mushaklari va sfinkterining innervatsiyasi buzilishi natijasida) kuzatiladi.
Bemorning ishtahasi yomonlashadi. Og‘zi quriydi, ko‘p chan- qaydi. Tili karash bilan qoplangan bo‘lib, ba’zan yoriladi. Ayrim paytlarda bemor tilini oldingi tishlardan tashqariga chiqara olmaydi va uning silkinib harakatlanishi (Govorovo-Godele simptomi) qayd etiladi. Qorin odatdagi shaklda, jigar va taloq kattalashadi. Ich qotadi.
Kasallik odatdagiday kechganda tana harorati 12—15-kuni normallashadi. Bemorning ongi ravshanlashadi, toshmalar yo‘qo- ladi, ishtaha paydo bo‘ladi. Asta-sekinlik bilan arterial bosim normal- lashadi, uyqu tinch bo‘ladi, bemor kuchga kiradi, ichki a’zolar faoliyati yaxshilanadi.
Asoratlari har xil bo‘lishi mumkin: ilgari dumg‘aza, kurak va boshqa joylarda yotoq yaralar, burun uchi va panjalarda esa hatto gangrena, yiringli otit, parotit, venalar trombozi va o‘pka arte- riyalari emboliyalari juda ko‘p uchragan. O‘lim hollari 10—15% gacha uchragan. Kasallikdan keyin turg‘un immunitet hosil bo‘ladi.
Kasallik asoratsiz kechganda bemorlar shifoxonadan tana harorati normallashgandan keyin 12—14-kuni chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |